Soliqni hisoblab chiqarish, soliq hisobotini taqdim etish va to‘lash tartibi
Maxsus Qism
385-modda. Umumiy qoidalar
Soliq quyidagilar tomonidan hisoblab chiqariladi va to‘lanadi:
- 1) soliq to‘lovchiga daromad to‘laydigan soliq agentlari tomonidan;
- 2) soliq to‘lovchi tomonidan mustaqil ravishda.
Soliq to‘lovchilarning alohida toifalari soliqni ushbu Kodeksning 397-moddasida belgilangan tartibda jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida to‘lashni tanlashga haqli.
Ushbu moddaning ikkinchi qismidagi qoidalar quyidagi toifadagi soliq to‘lovchilarga tatbiq etiladi:
- 3) yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklida faoliyatni amalga oshirayotgan oila a’zolariga;
- 4) “Hunarmand” uyushmasi a’zolari bo‘lgan hunarmandchilik faoliyati subyektlariga.
Ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan soliq to‘lovchilar soliq to‘lash tartibini quyidagilar orqali tanlashga haqli:
- 1) tadbirkorlik subyektining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi chog‘ida tanlangan soliq to‘lash tartibini ko‘rsatish;
- 2) doimiy yashash joyi bo‘yicha soliq organlariga joriy yilning 25-yanvaridan kechiktirmasdan tanlangan soliq to‘lash tartibi to‘g‘risida bildirish xati taqdim etish.
Ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan soliq to‘lovchi tomonidan bildirish xati ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan muddatlarda taqdim etilmasligi uning aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga roziligini bildiradi.
Soliq ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda soliq organi tomonidan ham hisoblab chiqarilishi mumkin.
Hisoblab chiqarilgan soliq summasi qonunchilikda belgilangan tartibda hisoblangan jismoniy shaxslarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga o‘tkaziladigan majburiy oylik badallar summasiga kamaytiriladi.
385-modda. Umumiy qoidalar (davomi)
Ushbu modda birinchi qismining 1-bandiga muvofiq yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslardan olinadigan soliq soliq agenti tomonidan hisoblab chiqariladi va to‘lov manbaida ushlab qolinadi.
386-modda. Soliq agentlarining majburiyati va javobgarligi
Soliqni to‘lov manbaida hisoblab chiqarish, ushlab qolish va budjetga o‘tkazish majburiyati soliq to‘lovchiga daromad to‘laydigan va soliq agentlari deb e’tirof etilgan quyidagi shaxslarning zimmasiga yuklatiladi:
- 1) O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslariga;
- 2) yakka tartibdagi tadbirkorlarga;
- 3) O‘zbekiston Respublikasida faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshiradigan O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lgan yuridik shaxslarga;
- 4) O‘zbekiston Respublikasi norezidenti bo‘lgan yuridik shaxslarning vakolatxonalariga;
- 5) ushbu Kodeks 351-moddasi ikkinchi qismining 5-bandida ko‘rsatilgan mol-mulkni sotib olgan jismoniy shaxslarga;
- 6) soliq to‘lovchining mol-mulkini ishonchli boshqarishni amalga oshiruvchi ishonchli boshqaruvchiga.
Ushbu modda birinchi qismining 5-bandida ko‘rsatilgan shaxslar mazkur Kodeksning 356-moddasida nazarda tutilgan tartibda soliqni hisoblab chiqarish, ushlab qolish va budjetga o‘tkazishni amalga oshiradi.
Soliq summasi ushlab qolinmagan taqdirda, soliq agenti ushlab qolinmagan summani va u bilan bog‘liq penyani ushbu Kodeksga muvofiq budjetga o‘tkazishi shart.
Soliq agentlari jismoniy shaxsning talabiga binoan unga daromadlarining summalari va turlari haqida, shuningdek jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan summasi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan shaklda ma’lumotnoma berishi shart.
387-modda. Soliq agentlarida soliq solinadigan daromadlar
Soliq agentida soliq solinadigan daromadlarga quyidagilar kiradi:
- 1) ushbu Kodeksning 371-moddasiga muvofiq jismoniy shaxslarning mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari;
- 2) ushbu Kodeksning 376-moddasiga muvofiq moddiy naf tarzidagi daromadlar;
- 3) ushbu Kodeksning 375-moddasiga muvofiq mulkiy daromadlar;
- 4) ushbu Kodeksning 377-moddasiga muvofiq boshqa daromadlar.
O‘zi bilan mehnatga oid munosabatlarda bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxsga moddiy naf tarzida daromad to‘lovchi soliq agenti jismoniy shaxsning yozma arizasi asosida soliqni ushlab qolmaslikka haqli. Bunda soliq to‘lovchi moddiy naf tarzidagi daromad bo‘yicha ushbu Kodeksning 393-moddasiga muvofiq soliqni to‘lashi shart.
388-modda. Soliq agentlari tomonidan soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish tartibi
Soliq agentlari soliq hisobining registrlarida jismoniy shaxslarning ulardan soliq davrida olgan daromadlari, jismoniy shaxslarga to‘lov manbaida qo‘llanilgan soliq imtiyozlari, hisoblab chiqarilgan va ushlab qolingan soliqlar hisobini yuritadi.
Soliq hisobi registrlarining shakllari, ularda soliq hisobining tahliliy ma’lumotlarini hamda birlamchi hisobga olish hujjatlari ma’lumotlarini aks ettirish tartibi soliq agenti tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqiladi. Mazkur shakllarda soliq to‘lovchini identifikatsiya qilish imkonini beradigan ma’lumotlar, soliq to‘lovchilarga to‘lanadigan daromad turlari va to‘lov manbaida unga qo‘llanilgan soliq imtiyozlari, ularni to‘lash sanasi, soliq to‘lovchining maqomi, soliqni ushlab qolish va to‘lash sanasi ko‘rsatilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlarga soliq solish soliq agentlari tomonidan soliq bazasi hamda belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Soliq agentlari soliq to‘lovchining ushbu Kodeksning 387-moddasida ko‘rsatilgan daromadlaridan hisoblangan soliq summasini ushlab qolishi shart.
Soliqning hisoblangan summasini soliq to‘lovchidan ushlab qolish, soliq agenti soliq to‘lovchiga to‘layotgan har qanday pul mablag‘lari hisobidan, bu pul mablag‘lari soliq to‘lovchiga yoki uning topshirig‘iga binoan uchinchi shaxslarga to‘lanayotganda amalga oshiriladi.
388-modda. Soliq agentlari tomonidan soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish tartibi (davomi)
Soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish ushbu bo‘limda belgilangan soliq bazasi hamda soliq stavkalaridan kelib chiqqan holda, daromad hisoblanishiga qarab, yil boshidan e’tiboran har oyda ortib boruvchi yakun bilan soliq to‘lovchining ish joyi bo‘yicha soliq agenti tomonidan amalga oshiriladi.
Asosiy bo‘lmagan ish joyidan yoki boshqa soliq agentlaridan sovg‘a, moddiy yordam va boshqa turlardagi yordam olgan jismoniy shaxslarning soliq summasini qayta hisob-kitob qilish jismoniy shaxs yillik jami daromadi to‘g‘risida deklaratsiya topshirganda soliq organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Yil mobaynida asosiy ish (xizmat, o‘qish) joyi o‘zgargan taqdirda, soliq to‘lovchi joriy yilda o‘ziga to‘langan daromadlar va ushlab qolingan soliq summalari to‘g‘risidagi ma’lumotnomani yangi asosiy ish (xizmat, o‘qish) joyidagi soliq agentiga dastlabki ish haqi hisoblanguniga qadar taqdim etishi shart. Ilgarigi ish (xizmat, o‘qish) joyidan ma’lumotnoma taqdim etilmagan yoki soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami taqdim etilmagan taqdirda, soliq ushbu Kodeks 378-moddasi 1-bandining uchinchi xatboshisida va 380-moddasida nazarda tutilgan imtiyozlar qo‘llanilmagan holda ushlab qolinadi. Ma’lumotnoma va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami taqdim etilgan taqdirda, soliq summasi ilgari asosiy ish (xizmat, o‘qish) joyida olingan daromadlar inobatga olingan holda qayta hisob-kitob qilinadi.
388-modda. Soliq agentlari tomonidan soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish tartibi (davomi)
Yangi asosiy ish (xizmat, o‘qish) joyida soliqni hisoblab chiqarish kalendar yil boshidan e’tiboran ilgarigi va yangi asosiy ish (xizmat, o‘qish) joylaridan olingan jami daromaddan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Mehnat shartnomasi (kontrakt) bekor qilingandan keyin xodimga ilgarigi ish joyidan to‘lov amalga oshirilganda, bunday to‘lovlar ushbu Kodeks 378-moddasi 1-bandining uchinchi xatboshisida va 380-moddasida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari qo‘llanilmagan holda soliqqa tortiladi.
Jismoniy shaxslarning asosiy bo‘lmagan ish joyidan olgan daromadlaridan soliqning yakuniy summasi jami yillik daromad to‘g‘risida taqdim etilgan deklaratsiyaning ma’lumotlari bo‘yicha soliq organi tomonidan hisoblab chiqariladi.
389-modda. Soliq hisobotini taqdim etish tartibi va muddatlari
Soliq agentlari o‘zlarining soliq bo‘yicha hisobda turgan joydagi soliq organiga quyidagilarni taqdim etishi shart:
- 1) soliq davri tugaganidan keyin o‘ttiz kun ichida — soliq organlariga to‘lov manbaidan soliq solinmagan moddiy naf tarzida daromadlar olgan jismoniy shaxslar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan shakldagi ma’lumotnomani;
- 2) har oyda, hisobot davridan keyingi oyning o‘n beshinchi kunidan kechiktirmay, yil yakunlari bo‘yicha esa — keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay;
O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari bo‘lgan, xodimlari 25 nafardan ortiq bo‘lgan alohida bo‘linmalarga va (yoki) filiallarga ega soliq agentlari, ushbu alohida bo‘linmalar va (yoki) filiallar xodimlariga nisbatan mazkur moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan soliq hisobotini — alohida bo‘linmalar va (yoki) filiallar hisobda turgan joydagi soliq organiga taqdim etadi.
Yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan soliq agentlari, agar ushbu Kodeksning 57-bobida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘zlarining yollanma xodimlariga oid mazkur moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan soliq hisobotini o‘zi soliq bo‘yicha hisobda turgan joydagi soliq organiga taqdim etadi.
390-modda. Soliqni to‘lash tartibi
To‘lov manbaida hisoblab chiqarilgan soliq summasi soliq to‘lovchiga daromadlarni to‘lash bilan bir vaqtda, lekin soliq hisobotini taqdim etish muddatlaridan kechiktirmay soliq agenti tomonidan to‘lanadi.
Daromadlar natura shaklida amalga oshirilganda soliq natura tarzidagi to‘lov amalga oshirilgan oy tugaganidan keyin besh kun ichida to‘lanadi.
391-modda. Ortiqcha ushlangan soliq summasini qaytarish tartibi
Agar ushbu bobda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq agenti tomonidan soliq to‘lovchining daromadidan ortiqcha ushlangan soliq summasi soliq to‘lovchining yozma arizasiga asosan qaytarilishi lozim.
Soliq agenti tomonidan bir soliq davri ichida ortiqcha ushlangan soliq summasi qaytariladi.
Soliq to‘lovchiga ortiqcha ushlangan soliq summasini qaytarish daromadlaridan bunday soliq agenti tomonidan ushlab qolinadigan soliq to‘lovchi bo‘yicha ham, boshqa soliq to‘lovchilar bo‘yicha ham kelgusi to‘lovlar hisobidan budjet tizimiga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan ushbu soliq summasi hisobidan, soliq agenti soliq to‘lovchining tegishli arizasini olgan kundan e’tiboran uch oy ichida soliq agenti tomonidan amalga oshiriladi.
Soliq to‘lovchiga ortiqcha ushlangan soliq summasini qaytarish soliq agenti tomonidan soliq to‘lovchining arizasida ko‘rsatilgan bankdagi hisobvarag‘iga pul mablag‘larini o‘tkazish yo‘li bilan naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi.
Soliq agenti bo‘lmaganda yoxud ushbu bandning ikkinchi qismida belgilangan soliq davri tugaganda, soliq to‘lovchi soliq davrining yakuniga ko‘ra soliq deklaratsiyasini bir vaqtning o‘zida taqdim etgan holda, ilgari soliq agenti tomonidan ortiqcha ushlangan va budjet tizimiga o‘tkazilgan soliq summasini qaytarish to‘g‘risida soliq organiga ariza berishga haqli.
Soliq davrida O‘zbekiston Respublikasining rezidenti maqomini olgan soliq to‘lovchi ushbu soliq davrida norezident maqomida to‘lagan soliq summasini qayta hisob-kitob qilishga va qaytarib olishga haqli. Soliq summasini soliq to‘lovchiga qaytarish soliq to‘lovchi ushbu Kodeksning 397-moddasida belgilangan tartibda ko‘rsatilgan soliq davri yakuniga ko‘ra soliq deklaratsiyasini taqdim etgan taqdirda yashash joyi (turgan joyi) bo‘yicha hisobga qo‘yilgan soliq organi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu deklaratsiyaga mazkur soliq davrida O‘zbekiston Respublikasining rezidenti maqomini tasdiqlaydigan hujjatlar ilova qilinishi kerak.
Bilimingizni sinang
Soliq kodeksiga ko‘ra, quyidagilardan qaysi biri soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash subyektlaridan biri hisoblanadi?
- Soliq to‘lovchiga xizmat ko‘rsatuvchi soliq maslahatchilari
- Soliq to‘lovchiga daromad to‘laydigan soliq agentlari
- Soliqni to‘lashga kafil bo‘luvchi uchinchi shaxslar
- Soliq organlarining ro‘yxatga oluvchi mas’ul xodimlari
To‘g‘ri javob: Soliq to‘lovchiga daromad to‘laydigan soliq agentlari. 385-moddaga ko‘ra soliq soliq agentlari yoki soliq to‘lovchining o‘zi tomonidan hisoblab chiqariladi va to‘lanadi.
Soliq kodeksiga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi oila a’zolari tanlangan soliq to‘lash tartibi to‘g‘risida bildirish xatini doimiy yashash joyi bo‘yicha soliq organiga qachongacha taqdim etishi kerak?
- Joriy yilning 1-martigacha
- Joriy yilning 25-yanvaridan kechiktirmasdan
- Joriy yilning 15-fevralidan kechiktirmasdan
- Joriy yilning 1-yanvaridan kechiktirmasdan
To‘g‘ri javob: Joriy yilning 25-yanvaridan kechiktirmasdan. 385-modda ikkinchi qismi 2-bandiga ko‘ra bildirish xati joriy yilning 25-yanvaridan kechiktirmasdan taqdim etiladi.
Oilaviy tadbirkorlik shaklida faoliyat yuritayotgan Dilnoza soliq to‘lash tartibini tanlash bo‘yicha belgilangan muddatda bildirish xati taqdim etmadi. Qaysi huquqiy xulosa to‘g‘ri?
- Dilnoza soliq to‘lashdan ozod etiladi
- Dilnoza jami yillik daromad deklaratsiyasi asosida soliq to‘lashni tanlagan hisoblanadi
- Dilnoza aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga roziligini bildirgan hisoblanadi
- Dilnozaning faoliyati to‘xtatiladi
To‘g‘ri javob: Dilnoza aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga roziligini bildirgan hisoblanadi. Bildirish xati muddatida taqdim etilmasligi aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga rozilikni bildiradi.
Soliq kodeksiga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslardan olinadigan soliq qanday hisoblab chiqariladi?
- Soliq to‘lovchi tomonidan mustaqil hisoblab chiqariladi va deklaratsiya asosida to‘lanadi
- Soliq organi tomonidan hisoblab chiqariladi va yilning oxirida undiriladi
- Soliq agenti tomonidan hisoblab chiqariladi va to‘lov manbaida ushlab qolinadi
- Tadbirkor tomonidan hisoblab chiqariladi va banklar orqali yig‘ma tarzda to‘lanadi
To‘g‘ri javob: Soliq agenti tomonidan hisoblab chiqariladi va to‘lov manbaida ushlab qolinadi. 385-modda birinchi qismining 1-bandiga muvofiq bunday soliq soliq agenti tomonidan hisoblanib, to‘lov manbaida ushlab qolinadi.
Soliq kodeksining 386-moddasiga ko‘ra, quyidagilardan qaysi biri soliq agenti deb e’tirof etiladi?
- Daromad to‘lamaydigan soliq to‘lovchi bilan shartnoma tuzgan yuridik shaxs vakolatxonalari
- Faqat tijorat banklarining O‘zbekistondagi filiallari va ularning vakolatxonalari
- Norezident jismoniy shaxslarning O‘zbekistondagi vakillari va yordamchilari
- O‘zbekiston Respublikasi norezidenti bo‘lgan yuridik shaxslarning vakolatxonalari
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi norezidenti bo‘lgan yuridik shaxslarning vakolatxonalari. 386-modda birinchi qismining 4-bandida norezident yuridik shaxslarning vakolatxonalari soliq agenti sifatida ko‘rsatilgan.
“Navro‘z” MChJ xodimi Karimning daromad solig‘ini ish haqidan ushlab qolishni unutdi va soliq to‘lovchidan soliq ushlanmadi. Qaysi huquqiy xulosa to‘g‘ri?
- Soliq agenti ushlab qolinmagan summani va u bilan bog‘liq penyani budjetga o‘tkazishi shart
- Soliq agenti ushlab qolinmagan summani budjetga o‘tkazmaydi, uni soliq to‘lovchining o‘zi to‘laydi
- Soliq agenti faqat ushlab qolinmagan summani budjetga o‘tkazadi, penya hisoblanmaydi
- Soliq agenti ushlab qolinmagan summani to‘lamaydi, buning o‘rniga faqat jarima to‘laydi
To‘g‘ri javob: Soliq agenti ushlab qolinmagan summani va u bilan bog‘liq penyani budjetga o‘tkazishi shart. 386-moddaga ko‘ra ushlab qolinmagan taqdirda agent ushlab qolinmagan summani va unga oid penyani budjetga o‘tkazishi shart.
O‘zi bilan mehnatga oid munosabatlarda bo‘lmagan rezident Anvarga kompaniya moddiy naf tarzida daromad to‘ladi. Anvar yozma ariza bilan soliq ushlanmasligini so‘radi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Kompaniya soliqni ushlab qolishga majbur, chunki jismoniy shaxsning arizasi soliq ushlashni bekor qila olmaydi
- Kompaniya soliqni ushlab qolmaslikka haqli, bunda soliqni kompaniya o‘zi keyingi yil davomida to‘laydi
- Kompaniya soliqni ushlab qolmaslikka haqli, bunda Anvar soliqni 393-moddaga muvofiq o‘zi to‘laydi
- Kompaniya soliqni ushlab qolmaslikka haqli emas, faqat soliq organining ruxsati bilan ushlamasligi mumkin
To‘g‘ri javob: Kompaniya soliqni ushlab qolmaslikka haqli, bunda Anvar soliqni 393-moddaga muvofiq o‘zi to‘laydi. 387-moddaga ko‘ra agent yozma ariza asosida ushlamaslikka haqli, soliq to‘lovchi esa 393-moddaga muvofiq o‘zi to‘laydi.
Soliq kodeksining 388-moddasiga ko‘ra, soliq hisobi registrlarining shakllarini kim ishlab chiqadi?
- Soliq agentining o‘zi mustaqil ravishda
- Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi
- Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi
- Auditorlik tashkiloti tomonidan tuziladi
To‘g‘ri javob: Soliq agentining o‘zi mustaqil ravishda. 388-moddaga ko‘ra registrlarning shakllari soliq agenti tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqiladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash