Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i
Maxsus Qism
418-modda. Soliq to‘lovchilar
Mulkida ushbu Kodeksning 419-moddasiga muvofiq soliq solish obyekti deb tan olinadigan mol-mulki bo‘lgan jismoniy shaxslar, shu jumladan chet el fuqarolari, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, shuningdek yuridik shaxs tashkil etgan holdagi yoki etmagan holdagi dehqon xo‘jaliklari jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ining soliq to‘lovchilari (bundan buyon ushbu bobda soliq to‘lovchilar deb yuritiladi) deb e’tirof etiladi.
Agar mol-mulk mulkdorining joylashgan yerini aniqlash imkoni bo‘lmasa, shuningdek ko‘chmas mulk mulkdori vafot etgan taqdirda, bu mulk qaysi shaxsning egaligida va (yoki) foydalanishida bo‘lsa, o‘sha shaxs soliq to‘lovchi deb e’tirof etiladi.
419-modda. Soliq solish obyekti
O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan quyidagi mol-mulk jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ining (bundan buyon ushbu bobda soliq deb yuritiladi) soliq solish obyekti hisoblanadi.
- 1) uy-joylar, kvartiralar, dala hovli imoratlari;
- 2) tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun mo‘ljallangan yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk obyektlari;
- 3) qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo‘ljallanmagan obyektlar.
Qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo‘ljallanmagan obyektlarga ushbu obyektni qurishga doir loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan normativ muddatda qurilishi tugallanmagan obyektlar, agar qurilishning normativ muddati belgilanmagan bo‘lsa, ushbu obyektning qurilishiga vakolatli bo‘lgan organning ruxsatnomasi olingan oydan e’tiboran yigirma to‘rt oy ichida qurilishi tugallanmagan obyektlar kiradi;
- 4) ko‘p kvartirali uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan avtomashina turar joylari, shuningdek boshqa imoratlar, binolar va inshootlar.
420-modda. Soliq bazasi
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ tomonidan belgilanadigan soliq solish obyektlarining kadastr qiymati soliq bazasi hisoblanadi.
Soliqni hisoblab chiqarish maqsadida soliq bazasi:
ushbu Kodeks 419-moddasining 1, 3 va 4-bandlarida nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha — qirq ikki million so‘mdan kam bo‘lishi mumkin emas;
ushbu Kodeks 419-moddasining 2-bandida nazarda tutilgan obyektlarning 1 kv. metri bo‘yicha — ushbu Kodeks 412-moddasi birinchi qismi 1-bandining to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilarida belgilangan eng kam qiymatdan past bo‘lishi mumkin emas. Bunda ushbu Kodeks 412-moddasi birinchi qismi 1-bandining yettinchi, sakkizinchi va to‘qqizinchi xatboshilari qoidalari ushbu Kodeks 419-moddasining 2-bandida nazarda tutilgan obyektlarga nisbatan ham tatbiq etiladi;
davlat ko‘chmas mulk obyektini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan xaridorga mol-mulk solig‘i, agar mazkur obyekt uchun unga “tasarruf etish huquqisiz” belgisini qo‘ygan holda davlat orderi berilgan bo‘lsa, obyektning xaridor tomonidan mazkur obyekt bo‘yicha sotib olish to‘lovlarining to‘langan qismiga mutanosib ravishdagi ulushga (foizga) teng o‘rtacha yillik qoldiq qiymati.
Bunda soliqlar davlat ko‘chmas mulk obyekti bo‘yicha sotib olish to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash grafigiga amal qilgan holda undiriladi. Ushbu grafik Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Soliq qo‘mitasiga axborot tizimlari orqali taqdim etiladi.
420-modda. Soliq bazasi (davomi)
Ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi qoidalari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va saqlash, shuningdek ipak qurti yetishtirish uchun berilgan ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Jismoniy shaxslarning mol-mulkini baholash bo‘yicha vakolatli organ tomonidan aniqlangan soliq solish obyektining bahosi mavjud bo‘lmagan taqdirda, mol-mulkning shartli qiymati Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek viloyat markazlarida — ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan summaning besh baravari miqdorida, boshqa shaharlarda va qishloq joylarda esa — ikki baravari miqdorida soliq bazasi hisoblanadi.
Bitta jismoniy shaxs bir nechta soliq solish obyekti bo‘yicha soliq to‘lovchi bo‘lgan taqdirda, soliq bazasi har bir obyekt bo‘yicha alohida hisoblab chiqiladi.
421-modda. Soliq imtiyozlari
Quyidagilarning mulkida bo‘lgan mol-mulk soliq solishdan ozod etiladi:
- 1) “O‘zbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo‘lgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolarning.
Mazkur imtiyoz tegishincha “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni daftarchalari, orden daftarchasi yoki mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limning ma’lumotnomasi asosida beriladi;
- 2) urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan, ularga tenglashtirilgan shaxslar.
Ushbu imtiyoz urush nogironining (qatnashchisining) tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limning yoxud boshqa vakolatli organning ma’lumotnomasi asosida, nogironligi bo‘lgan boshqa shaxslarga (qatnashchilarga) nogironligi bo‘lgan shaxsning (qatnashchining) imtiyozlarga bo‘lgan huquqi to‘g‘risidagi guvohnomasi asosida beriladi.
- 3) sobiq SSSRni, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoxud harbiy xizmatning yoki ichki ishlar organlaridagi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chog‘ida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida yoxud frontda bo‘lish bilan bog‘liq kasallik tufayli halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning hamda ichki ishlar organlari va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining ota-onalari hamda beva xotinlari (beva erlari).
421-modda. Soliq imtiyozlari (davomi)
Ushbu imtiyoz “Halok bo‘lgan askarning beva xotini (beva eri, onasi, otasi)” yoki “Ichki ishlar organlari halok bo‘lgan xodimining beva xotini (beva eri, onasi, otasi)”, “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi halok bo‘lgan xodimining beva xotini (beva eri, onasi, otasi)” shtampi qo‘yilgan yoxud pensiya guvohnomasini bergan muassasa rahbarining imzosi va ushbu muassasa muhri bilan tasdiqlangan tegishli yozuvli pensiya guvohnomasi asosida beriladi.
Agar mazkur shaxslar pensioner bo‘lmasa, soliq imtiyozi ularga sobiq SSSR Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik qo‘mitasi yoki Ichki ishlar vazirligining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining tegishli organlari va harbiy xizmat nazarda tutilgan boshqa idoralar tomonidan berilgan harbiy xizmatchining yoki ichki ishlar organlari va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimining halok bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma asosida beriladi.
Tegishincha sobiq SSSRni, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoki harbiy xizmatning yoxud ichki ishlar organlaridagi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chog‘ida yoxud frontda bo‘lish bilan bog‘liq kasallik tufayli halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yoki ichki ishlar organlari va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining beva xotinlariga (beva erlariga) soliq imtiyozi faqat ular yangi nikohdan o‘tmagan taqdirda beriladi.
421-modda. Soliq imtiyozlari (davomi)
- 5) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar. Mazkur imtiyoz yetim bolalarga va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga davlat tomonidan ajratiladigan uy-joy uchun ular yigirma uch yoshga to‘lguniga qadar amal qiladi.
Quyidagi jismoniy shaxslarning mulkida bo‘lgan mol-mulk oltmish kvadrat metr doirasida soliq solishdan ozod qilinadi:
- 1) o‘n nafar va undan ortiq bolalari bor ota-onalaridan birining. Mazkur imtiyoz fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining bolalar borligini tasdiqlovchi ma’lumotnomasi asosida beriladi;
- 2) pensionerlarning. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi asosida beriladi;
- 3) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi;
Uy-joy fondining ko‘chmas mulk obyektlarida umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar uchun soliq summasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatilgan oydan e’tiboran uch yil davomida, quyosh panellari quvvatidan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini to‘plash tizimi mavjud bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilganda esa mazkur panellar foydalanishga topshirilgan oydan e’tiboran o‘n yil davomida bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan oshmaydigan summaga kamaytiriladi. Ushbu imtiyoz energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan jismoniy shaxsning qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishi to‘g‘risida berilgan ma’lumotnomaga asosan uy-joy fondining bitta ko‘chmas mulk obyektiga nisbatan faqat bir marotaba taqdim etiladi va jismoniy shaxs tomonidan umumiy quvvati 1 kVtdan ortiq bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari o‘rnatilgan taqdirda qo‘llaniladi.
421-modda. Soliq imtiyozlari (davomi)
Ushbu moddada ko‘rsatib o‘tilgan soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan shaxslar soliq imtiyozini olishga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni soliq solish obyekti joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadi.
Ushbu moddada belgilangan soliq imtiyozlari mulkdorning tanloviga ko‘ra faqat bitta yashash uchun mo‘ljallangan ko‘chmas mulk obyektiga tatbiq etiladi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar mustasno.
422-modda. Soliq stavkalari. Soliq davri
Soliq stavkalari quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
T/r
Soliq solish obyektlari
Soliq stavkalari, foizlarda
1.
Uy-joylar va kvartiralar, dala hovli imoratlari (umumiy maydoni 200 kv.m gacha bo‘lganlarini qo‘shib hisoblaganda), ko‘p kvartirali uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan avtomashina turar joylari, shuningdek boshqa imoratlar, binolar va inshootlar
0,36
2.
Shaharlarda joylashgan uy-joylar va kvartiralar, umumiy maydoni:
200 kv.m dan ortiq va 500 kv.m gacha bo‘lgan
0,48
500 kv.m dan ortiq bo‘lgan
0,64
3.
Boshqa aholi punktlarida joylashgan, umumiy maydoni 200 kv.m dan ortiq bo‘lgan uy-joylar va kvartiralar, dala hovli imoratlari
0,48
4.
Tadbirkorlik faoliyati uchun yoxud yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga berishda foydalaniladigan soliq solish obyektlari, shuningdek tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromadlar olish uchun mo‘ljallangan, yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk obyektlari
1,5
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlar tomonidan ro‘yxatga olinmagan yangi qurilgan uy-joylarga nisbatan soliq stavkasi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlar tomonidan taqdim etilgan axborot asosida mulkning shartli qiymatiga nisbatan ikki baravar miqdorida qo‘llaniladi.
Hududlarning va faoliyat amalga oshiriladigan joylarning xususiyatlarini hisobga olgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari o‘rnatilgan soliq stavkalariga 0,7 dan 1,3 gacha bo‘lgan oraliqdagi kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar belgilashga haqli.
422-modda. Soliq stavkalari. Soliq davri (davomi)
Jismoniy shaxs yoki oilaviy korxona turar joydan unda istiqomat qilish bilan bir vaqtda tovarlar ishlab chiqarish (xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalangan taqdirda, soliq ushbu modda birinchi qismining 1 — 3-bandlarida belgilangan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lanadi.
Normativ muddatda qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo‘ljallanmagan obyektlarga nisbatan soliq stavkasi 3 foiz miqdorida belgilanadi.
Kalendar yil soliq davridir.
423-modda. Soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi
Soliqni hisoblab chiqarish soliq solish obyekti joylashgan yerdagi soliq organlari tomonidan:
ushbu Kodeks 419-moddasining 1, 3 va 4-bandlarida nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha — ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organning ma’lumotlari asosida;
ushbu Kodeks 419-moddasining 2-bandida nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha — ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organning ma’lumotlari hamda ushbu Kodeks 420-moddasi ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi va uchinchi qismi asosida amalga oshiriladi.
Soliq summasi 1-yanvar holatiga ko‘ra ushbu Kodeksning 420-moddasiga muvofiq aniqlangan soliq bazasidan va belgilangan soliq stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Soliq to‘lovchi tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun mo‘ljallangan, yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan yerdagi soliq organlariga baholovchi tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan, shu jumladan o‘tgan ikki yil ichida o‘tkazilgan mustaqil baholash natijalarini (mavjud bo‘lgan taqdirda), shuningdek qonunchilikda belgilangan eng kam qiymat tatbiq etilmaydigan ko‘chmas mulk obyektlari ro‘yxatini taqdim etishga haqli.
Bir necha mulkdorlarining umumiy ulushli mulki bo‘lgan imoratlar, binolar va inshootlar uchun soliq har bir mulkdor tomonidan ularning ushbu imoratlar, binolar va inshootlardagi ulushiga mutanosib ravishda to‘lanadi.
423-modda. Soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi (davomi)
Mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi kalendar yil mobaynida bir mulkdordan boshqasiga o‘tgan taqdirda, soliq avvalgi mulkdor tomonidan shu yilning 1-yanvaridan e’tiboran u mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqini yo‘qotgan oyning boshlanishiga qadar, yangi mulkdor tomonidan esa, unda mulk huquqi vujudga kelgan oydan e’tiboran to‘lanadi.
Yangi imoratlar, binolar va inshootlar bo‘yicha soliq mulk huquqi yuzaga kelgan oydan e’tiboran to‘lanadi.
Meros bo‘yicha o‘tgan mol-mulk uchun soliq merosxo‘rda mulk huquqi vujudga kelgan oydan e’tiboran to‘lanadi.
Soliq solish obyekti yo‘q qilingan, vayron bo‘lgan yoki buzib tashlangan taqdirda, soliqni undirish mol-mulk yo‘q qilingan, vayron bo‘lgan yoki buzib tashlangan oydan e’tiboran tugatiladi. Soliq summasini qayta hisob-kitob qilish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan yo‘q qilinganlik, vayron bo‘lganlik yoki buzib tashlanganlik faktini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, amalga oshiriladi.
Kalendar yil mobaynida imtiyozlarga bo‘lgan huquq vujudga kelgan (tugagan) taqdirda, soliqni qayta hisob-kitob qilish ushbu huquq vujudga kelgan (tugagan) oydan e’tiboran amalga oshiriladi.
Soliqni to‘lash to‘g‘risidagi to‘lov xabarnomasi soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchilarga imzo qo‘ydirilgan holda yoki mavjud bo‘lgan taqdirda, soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga elektron tarzda, soliq to‘lovchining nomiga rasmiylashtirilgan uyali telefon raqamiga va soliq organlarining maxsus mobil ilovasiga SMS-xabarnoma tarzida, shuningdek to‘lov xabarnomasi olinganligini va olingan sanani tasdiqlovchi boshqa usulda har yili 1-martdan kechiktirmay topshiriladi.
423-modda. Soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi (davomi)
Soliq davri uchun soliqni to‘lash teng ulushlarda 15-aprelga va 15-oktabrga qadar amalga oshiriladi.
XVI BO‘LIM.
YER SOLIG‘I
Bilimingizni sinang
Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ining soliq to‘lovchilari qatoriga quyidagilardan qaysi biri kiradi?
- Faqat yuridik shaxs tashkil etgan holdagi dehqon xo‘jaliklari
- Yuridik shaxs tashkil etgan yoki etmagan holdagi dehqon xo‘jaliklari
- Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan fermer xo‘jaliklari va kooperativlar
- Mol-mulkka egalik qilmaydigan davlat budjet tashkilotlari xodimlari
To‘g‘ri javob: Yuridik shaxs tashkil etgan yoki etmagan holdagi dehqon xo‘jaliklari. 418-moddaga ko‘ra chet el fuqarolari hamda yuridik shaxs tashkil etgan yoki etmagan dehqon xo‘jaliklari ham soliq to‘lovchilar hisoblanadi.
Uy-joy mulkdori vafot etdi, merosxo‘rlar hali huquqlarni rasmiylashtirmagan. Mol-mulk solig‘ini kim to‘laydi?
- Merosxo‘rlar huquqlarni rasmiylashtirgunga qadar mol-mulk solig‘i to‘lanmaydi
- Mol-mulk solig‘ini faqat huquqlarni rasmiylashtirgan merosxo‘rlar to‘laydi
- Mol-mulk qaysi shaxsning egaligida va (yoki) foydalanishida bo‘lsa, o‘sha shaxs
- Soliqni hudud hokimligi budjet mablag‘lari hisobidan vaqtincha to‘laydi
To‘g‘ri javob: Mol-mulk qaysi shaxsning egaligida va (yoki) foydalanishida bo‘lsa, o‘sha shaxs. 418-moddaga ko‘ra mulkdor vafot etganda mulk kimning egaligida yoki foydalanishida bo‘lsa, o‘sha shaxs soliq to‘lovchi bo‘ladi.
Jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘ida qurilishning normativ muddati belgilanmagan bo‘lsa, ruxsatnoma olingan oydan e’tiboran necha oy ichida tugallanmagan yashash uchun mo‘ljallanmagan obyektlar qurilishi tugallanmagan obyekt hisoblanadi?
- O‘n sakkiz oy
- Yigirma to‘rt oy
- O‘n ikki oy
- O‘ttiz olti oy
To‘g‘ri javob: Yigirma to‘rt oy. Normativ muddat belgilanmagan bo‘lsa, ruxsatnoma olingan oydan yigirma to‘rt oy ichida tugallanmagan obyektlar qurilishi tugallanmagan sanaladi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i bo‘yicha quyidagilardan qaysi biri soliq solish obyekti hisoblanadi?
- Ko‘p kvartirali uylarga uzviy bog‘liq avtomashina turar joylari
- Umumiy foydalanishdagi shahar avtomobil yo‘llari va ko‘chalar
- Yuridik shaxslarning balansidagi ishlab chiqarish binolari va omborlar
- Davlat byudjeti hisobidan qurilgan jamoat transporti bekatlari
To‘g‘ri javob: Ko‘p kvartirali uylarga uzviy bog‘liq avtomashina turar joylari. 419-moddaning 4-bandiga ko‘ra ko‘p kvartirali uylarga uzviy bog‘liq avtomashina turar joylari soliq solish obyektidir.
Jismoniy shaxslar mol-mulk solig‘ida uy-joylar, qurilishi tugallanmagan obyektlar va ko‘p kvartirali uylarga bog‘liq inshootlar bo‘yicha soliq bazasi eng kamida qancha so‘mdan kam bo‘lishi mumkin emas?
- Oltmish million
- Qirq ikki million
- Yigirma bir million
- O‘ttiz million
To‘g‘ri javob: Qirq ikki million. Kodeksning 419-moddasi 1, 3 va 4-bandlaridagi obyektlar bo‘yicha soliq bazasi qirq ikki million so‘mdan kam bo‘lishi mumkin emas.
Soliqni hisoblash maqsadida uy-joylar, kvartiralar va dala hovli imoratlari bo‘yicha soliq bazasi qancha summadan kam bo‘lishi mumkin emas?
- Yigirma million so‘mdan
- O‘ttiz million so‘mdan
- Ellik million so‘mdan
- Qirq ikki million so‘mdan
To‘g‘ri javob: Qirq ikki million so‘mdan. 420-moddaga ko‘ra 419-moddaning 1, 3 va 4-bandlaridagi obyektlar bo‘yicha baza qirq ikki million so‘mdan kam bo‘lishi mumkin emas.
Jismoniy shaxslar mol-mulkini baholash bo‘yicha baho mavjud bo‘lmaganda, Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida mol-mulkning shartli qiymati belgilangan eng kam summaning necha baravari miqdorida soliq bazasi hisoblanadi?
- Yetti baravari
- Uch baravari
- Ikki baravari
- Besh baravari
To‘g‘ri javob: Besh baravari. Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida shartli qiymat belgilangan summaning besh baravari, boshqa shahar va qishloqlarda ikki baravari miqdorida olinadi.
Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyat markazlarida jismoniy shaxslarning mol-mulkini baholash bo‘yicha vakolatli organ bahosi mavjud bo‘lmasa, shartli qiymat qanday hisoblanadi?
- Soliq bazasi (qirq ikki million) summaning uch baravari miqdorida
- Soliq bazasi (qirq ikki million) summaning besh baravari miqdorida
- Soliq bazasi (qirq ikki million) summaning ikki baravari miqdorida
- Soliq bazasi (qirq ikki million) summaning o‘n baravari miqdorida
To‘g‘ri javob: Soliq bazasi (qirq ikki million) summaning besh baravari miqdorida. 420-moddaga ko‘ra Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida shartli qiymat ko‘rsatilgan summaning besh baravari; boshqa shaharlar va qishloqlarda ikki baravari.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash