Aylanmadan olinadigan soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash · To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxslarga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Maxsus Qism
461-modda. Soliq to‘lovchilar
Aylanmadan olinadigan soliqni to‘lovchilar (bundan buyon ushbu bo‘limda soliq to‘lovchilar deb yuritiladi) deb quyidagilar e’tirof etiladi:
- 1) soliq davrida jami daromadi bir milliard so‘mdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari (bundan buyon ushbu bo‘limda yuridik shaxslar deb yuritiladi);
- 2) soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi bir milliard so‘mdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar.
Aylanmadan olinadigan soliq quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
- 1) O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirishni (importni) amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga;
- 2) aksiz solig‘i to‘lanadigan tovarlarni (xizmatlarni) ishlab chiqaruvchi va foydali qazilmalarni kavlab olishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga;
- 3) yuridik shaxslar — qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga, basharti ularda yigirma besh gektar va undan ortiq sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekin maydoni mavjud bo‘lsa;
- 4) benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga;
- 5) lotoreyalarni tashkil etish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga;
- 6) oddiy shirkat ishlarini yuritish o‘z zimmasiga yuklatilgan ishonchli shaxsga — oddiy shirkat shartnomasi doirasida amalga oshirilayotgan faoliyat bo‘yicha, bundan islomiy moliya operatsiyalari bo‘yicha banklar va mikromoliya tashkilotlari bilan tuzilgan oddiy shirkat shartnomasi doirasida amalga oshirilayotgan faoliyat mustasno;
461-modda. Soliq to‘lovchilar (davomi)
- 7) bo‘sh turgan binolar, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar va qurilishi tugallanmagan obyektlar, shuningdek foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdori bo‘lgan yuridik shaxslarga, ulardan samarasiz foydalanilayotganligi bo‘yicha qonunda belgilangan tartibda xulosa kiritilganda;
- 8) markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalari hisobidan obyektlarni (joriy va kapital ta’mirlash bundan mustasno) qurishni bajaruvchi yuridik shaxslarga;
- 9) alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivoni chakana sotish bo‘yicha turg‘un savdo shoxobchalariga;
- 10) bozorlarga va savdo komplekslariga;
- 11) soliq maslahatchilarining tashkilotlariga;
- 12) auditorlik tashkilotlariga;
- 13) notijorat tashkilotlariga, shu jumladan budjet tashkilotlariga;
- 14) dori vositalari, tibbiy buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga va (yoki) tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga;
- 15) zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va (yoki) ularni sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga.
462-modda. Aylanmadan olinadigan soliqni qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari
Ushbu Kodeksning 461-moddasi birinchi qismi 1-bandida ko‘rsatilgan soliq to‘lovchilar qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini to‘lash o‘rniga aylanmadan olinadigan soliq (bundan buyon ushbu bo‘limda soliq deb yuritiladi) to‘lashni nazarda tutadigan maxsus soliq rejimini tanlashga haqli.
Ushbu Kodeksning 461-moddasi birinchi qismi 1-bandida ko‘rsatilgan soliq to‘lovchilar aylanmadan olinadigan soliq to‘lashga navbatdagi soliq davridan boshlab o‘tishga haqli. Aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga o‘tish uchun soliq to‘lovchilar aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga o‘tishi to‘g‘risida soliq hisobida turgan joyidagi soliq organini O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan shaklda, biroq aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga o‘tilayotgan navbatdagi soliq davri boshlanishiga qadar o‘n kundan kechiktirmay xabardor qiladi.
Ushbu Kodeks 461-moddasi birinchi qismining 2-bandida ko‘rsatilgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar aylanmadan olinadigan soliqni to‘lash o‘rniga qo‘shilgan qiymat solig‘ini va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tishga haqli.
Yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan e’tiboran tadbirkorlik faoliyati subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish chog‘ida tanlangan soliq solish tartibini ko‘rsatish orqali aylanmadan olinadigan soliqni to‘lash tartibini tanlash huquqiga ega.
Yuridik shaxslar aylanmadan olinadigan soliqni qo‘llashni ushbu Kodeksning 237-moddasiga muvofiq qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun va bir vaqtning o‘zida aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashni rad etishga doir ariza berilgan oydan keyingi oyning 1-sanasidan boshlab ixtiyoriy ravishda rad etishga haqli.
462-modda. Aylanmadan olinadigan soliqni qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Qo‘shilgan qiymat solig‘ini va foyda solig‘ini to‘lashga ixtiyoriy ravishda o‘tgan soliq to‘lovchilar, basharti joriy soliq davri yakunlari bo‘yicha tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan jami daromadlari bir milliard so‘mdan oshmagan bo‘lsa, aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga kamida o‘n ikki oydan keyin qayta o‘tishga haqli.
Soliq davri davomida jami daromadi bir milliard so‘mdan oshgan soliq to‘lovchilar, shu jumladan yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar va yangi ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar jami daromadi ko‘rsatilgan miqdorga yetgan kundan e’tiboran qo‘shilgan qiymat solig‘ini va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
Agar yangi tashkil etilgan yuridik shaxsning jami daromad summasi, yangi ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorda yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxsda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromad summasi bir milliard so‘m uch yuz oltmish beshga bo‘lingan va soliq to‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgan sanadan to kalendar yil tugaguniga qadar bo‘lgan kunlar soniga ko‘paytirilgandagi summadan oshsa, u holda bunday shaxslar ro‘yxatdan o‘tilgan yildan keyingi yildan e’tiboran qo‘shilgan qiymat solig‘ini va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
Vositachilik, topshiriq shartnomasi va vositachilik xizmatlari ko‘rsatishga oid boshqa shartnomalar bo‘yicha vositachilik xizmatlari ko‘rsatuvchi soliq to‘lovchilar, shu jumladan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadni realizatsiya qilish bo‘yicha umumiy aylanmadan (bitim summalaridan) kelib chiqqan holda aniqlaydi.
462-modda. Aylanmadan olinadigan soliqni qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Bo‘sh turgan binolar, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar va qurilishi tugallanmagan obyektlar, shuningdek foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdori bo‘lgan yuridik shaxslar, ularni samarasiz foydalanayotganligi bo‘yicha xulosa chiqarilgan oydan keyingi oyning sanasidan e’tiboran qo‘shilgan qiymat solig‘ini va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
Qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdorlari bo‘lgan yuridik shaxslar, investitsion loyihaning amalga oshirilmaganligi to‘g‘risida xulosa berishga vakolati bo‘lgan vakolatli organning xulosasi chiqarilgan sanadan e’tiboran qo‘shilgan qiymat solig‘ini va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
Moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari hisobidan obyektlar qurilishini (bundan joriy va kapital ta’mirlash mustasno) bajaruvchi yuridik shaxslar bunday qurilishga doir shartnoma tuzilgan sanadan e’tiboran qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirishni (importni) amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qaysi sana oldinroq kelishiga qarab import shartnomasi tuzilgan yoki tovarlar olib kirilgan (import qilingan) sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini hamda foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
Ushbu Kodeks 461-moddasi ikkinchi qismining 2, 4, 5, 9 va 11-bandlarida nazarda tutilgan shaxslar tegishli ruxsatnomalarni (litsenziyalarni) olgan yoki o‘z faoliyatini boshlaganligi to‘g‘risida vakolatli organni xabardor qilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini hamda foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
462-modda. Aylanmadan olinadigan soliqni qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Qishloq xo‘jaligi tovarlarini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarda yigirma besh gektar va undan ortiq sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari mavjud bo‘lgan taqdirda, ular ko‘rsatilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni yoki ushbu yer uchastkasining maydoni o‘zgarganligini tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
Oddiy shirkat ishlarini yuritish o‘z zimmasiga yuklatilgan ishonchli shaxs bo‘lgan oddiy shirkat ishtirokchisi oddiy shirkat shartnomasi doirasida amalga oshirilayotgan faoliyat bo‘yicha oddiy sheriklik shartnomasi tuzilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
Bozorlar va savdo komplekslari, notijorat tashkilotlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran, budjet tashkilotlari esa tashkil topgan sanadan e’tiboran qo‘shilgan qiymat solig‘ini va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
Auditorlik tashkilotlari auditorlik xizmatlari ko‘rsatish uchun shartnoma tuzilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini hamda foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
Soliqni to‘lash soliq to‘lovchini quyidagilardan ozod etmaydi:
ushbu Kodeks bilan uning zimmasiga yuklatilgan soliq agentining majburiyatlarini bajarishdan;
agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, hisobvaraq-faktura taqdim etish, xaridlarni hisobga olish kitobini va sotishlarni hisobga olish kitobini yuritish majburiyatidan.
462-modda. Aylanmadan olinadigan soliqni qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadi bir milliard so‘mdan oshgan yoki qo‘shilgan qiymat solig‘ini va foyda solig‘ini to‘lashga ixtiyoriy tartibda o‘tganidan e’tiboran soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno) ushbu Kodeksga muvofiq yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda to‘laydi.
463-modda. Soliq solish obyekti
Ushbu Kodeksning 43-bobiga muvofiq aniqlanadigan jami daromad soliq solish obyektidir, bundan ushbu Kodeksning 304-moddasiga muvofiq, ushbu moddada nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda soliq solish chog‘ida inobatga olinmaydigan daromadlar mustasno.
Soliq solish maqsadida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromad deganda quyidagilar tushuniladi:
qurilish, qurilish-montaj, ta’mirlash-qurilish, ishga tushirish-sozlash, loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari uchun — o‘z kuchlari bilan bajarilgan, tegishincha qurilish, qurilish-montaj, ta’mirlash-qurilish, ishga tushirish-sozlash, loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlarini realizatsiya qilishdan olingan daromadlar. Bunda, agar yuqorida qayd etilgan xizmatlarni materiallar bilan ta’minlash majburiyati shartnomaga binoan buyurtmachining zimmasida bo‘lsa, ushbu materiallarga bo‘lgan mulk huquqi buyurtmachining o‘zida saqlanib qolgan taqdirda, o‘z kuchlari bilan bajarilgan xizmatlarni realizatsiya qilishdan olinadigan daromadlar bajarilgan hamda tasdiqlangan xizmatlarning buyurtmachi materiallarining qiymati kiritilmagan holdagi daromadi sifatida belgilanadi;
mol-mulkni moliyaviy ijaraga (lizingga) beruvchi yuridik shaxslar uchun — moliyaviy ijara (lizing) bo‘yicha foizli daromad summasi;
vositachilik va topshiriq shartnomalari hamda vositachilik xizmatlari ko‘rsatishga oid boshqa shartnomalar bo‘yicha vositachilik xizmatlari ko‘rsatadigan yuridik shaxslar uchun — ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq summasi;
463-modda. Soliq solish obyekti (davomi)
tovarlarni (xizmatlarni) tekin beruvchi yuridik shaxslar uchun — agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarlarning (xizmatlarning) tannarxi yoki ularni olish bahosi (tovarni olish bilan bog‘liq xarajatlarni hisobga olgan holda). Mazkur norma ekologiya, sog‘lomlashtirish hamda xayriya jamg‘armalariga, madaniyat, sog‘liqni saqlash, mehnat, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport, ta’lim muassasalariga bepul beriladigan tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan tatbiq etilmaydi.
Soliq solish obyekti bo‘lib quyidagilar ham hisoblanadi:
- 1) tovarlarni (xizmatlarni) quyidagilarga:
- a) ishtirokchilar tarkibidan ishtirokchi chiqqan (chiqib ketgan) taqdirda yoxud uning yuridik shaxsdagi ulushi kamaytirilganda yoki yuridik shaxs tomonidan ishtirokchidan uning ushbu yuridik shaxsda ishtirok etish ulushi (ulushning qismi) qaytarib sotib olinganda ushbu ishtirokchiga berish;
- b) yuridik shaxs bo‘lgan emitent tomonidan aksiyadordan ushbu emitent chiqargan aksiyalar qaytarib sotib olinganda aksiyadorga berish;
- v) yuridik shaxs tugatilganda aksiyadorga yoki ishtirokchiga berish;
- 2) tovarlarni (xizmatlarni) jismoniy shaxs mehnatiga haq to‘lash hisobidan yoki dividend to‘lash hisobidan berish;
- 3) tovarlarni yoki boshqa mol-mulkni qayta ishlab berish uchun berish, agar tovarlar va (yoki) mulk qayta ishlash mahsuloti sifatida shartnomada belgilangan muddatda qaytarilmagan bo‘lsa;
463-modda. Soliq solish obyekti (davomi)
- 4) ko‘p marta aylanadigan, sotuvchiga qaytarilishi shart bo‘lgan idishlarni, agar idish mahsulotni shunday idishda yetkazib berish shartnomasida belgilangan muddatda qaytarilmagan bo‘lsa, berish.
Tovarlarni (xizmatlarni) olish huquqini taqdim etuvchi vaucherlarni realizatsiya qilish yoki bepul berish mazkur tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish deb e’tirof etiladi.
Uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha daromadlar ushbu Kodeksning 303-moddasida nazarda tutilgan tartibda jami daromad tarkibiga kiritiladi.
Balansning valyuta hisobvaraqlarini qayta baholash chog‘ida kursdagi ijobiy va salbiy farqlar o‘rtasidagi saldo soliq solish obyekti deb e’tirof etiladi. Kursdagi salbiy farqning summasi kursdagi ijobiy farq summasidan ortiq bo‘lgan taqdirda oshib ketgan summa aylanmadan olinadigan soliqni hisoblab chiqarishda soliq bazasini kamaytirmaydi.
Soliq to‘lovchilar tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoxud qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i to‘lash davrida aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga o‘tguniga qadar olingan daromadlar jami daromadga kiritilmaydi.
464-modda. Soliq bazasi
Ushbu Kodeksning 463-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan jami daromad soliq bazasi deb e’tirof etiladi, bundan quyidagilar mustasno:
- 1) O‘zbekiston Respublikasining davlat obligatsiyalari va boshqa davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha daromadlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarning xalqaro obligatsiyalari bo‘yicha daromadlar;
- 2) soliq agentida soliq solinishi lozim bo‘lgan dividendlar;
- 3) qaytariladigan ko‘p marta aylanadigan tara qiymati, agar uning qiymati ilgari tovarlarni (xizmatlarni) sotishdan olinadigan daromadga kiritilgan bo‘lsa;
- 4) amortizatsiya qilinadigan aktivlarni tugatishda ularni qo‘shimcha baholashda olingan, oldingi narxni tushirishlardagi summadan ortiqcha summa hisobidan olingan daromadlar;
- 5) hisobot yilida aniqlangan o‘tgan yillardagi daromadlar. Mazkur daromadlarga ular shakllangan davrdagi qonunchilikka muvofiq soliqlar bo‘yicha qayta hisob-kitob o‘tkazilganligi inobatga olingan holda soliq solinadi.
Soliq solinadigan baza ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan chegirmalardan tashqari quyidagilar uchun kamaytiriladi:
- 1) brokerlik tashkilotlari uchun — bitim summasidan birjaga o‘tkaziladigan vositachilik yig‘imi summasiga;
- 2) komissiya shartnomasi bo‘yicha vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar uchun — tovarlarni import qilishda to‘langan bojxona to‘lovlari summasiga realizatsiya qilingan tovar ulushida;
464-modda. Soliq bazasi (davomi)
- 3) turizm faoliyati subyektlari uchun — turistik xizmatlarni onlayn bronlashtirish va sotish uchun yaratilgan dasturiy mahsulotlarni hamda axborot tizimlarini joriy etishga yo‘naltirilgan mablag‘lar summasiga.
- 4) tadbirkorlik subyektlari uchun — tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlarining 0,5 foizidan oshmagan miqdorda o‘z xodimlariga va ularning yaqin qarindoshlariga ommaviy-madaniy hamda konsert-tomosha tadbirlariga borishi uchun chiptalar xarid qilishga doir xarajatlar summasiga;
465-modda. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari
Yakka tartibdagi tadbirkorlarning va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning soliq bazasi bo‘lib, ularning tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan, ushbu Kodeksning 463-moddasiga muvofiq hisoblab chiqilgan jami daromadi hisoblanadi.
Jismoniy shaxs o‘z tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bitimlarni tuzishda o‘zining yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyat ko‘rsatayotganligini, agar bu bitimlarni tuzish holatining o‘zidan yaqqol kelib chiqmasa, ko‘rsatishi shart.
Soliq solishda yakka tartibdagi tadbirkorning yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinadigan, uning tadbirkorlikni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy (oilaviy) mol-mulkini sotishdan olingan daromadlari hisobga olinmaydi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarning va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning to‘lov tashkilotlarining raqamli platformalari orqali tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan bir milliard so‘mgacha bo‘lgan daromadlari bo‘yicha to‘lov tashkilotlari soliq agenti deb e’tirof etiladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha yuridik shaxslardan olgan bir milliard so‘mgacha bo‘lgan daromadlari bo‘yicha ushbu yuridik shaxslar soliq agenti deb e’tirof etiladi. Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘lashi lozim bo‘lgan soliq yuridik shaxslar tomonidan soliq organlarining xabarnomasi asosida to‘lov manbaida ushlab qolinadi.
465-modda. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Ushbu moddaning to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilganidan boshqa hollarda, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha soliqlarni to‘lash va hisobotlarni taqdim etish ishlari ushbu Kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarning va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mol-mulkini ijaraga berishdan olingan daromadlariga nisbatan ushbu Kodeks 381-moddasining birinchi qismida belgilangan stavkada jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinadi.
466-modda. Daromadlarga tuzatish kiritish
Hisobot soliq davrida soliq bazasini ko‘paytirish yoki kamaytirish daromadlarga tuzatish kiritish deb e’tirof etiladi.
Daromadlarga quyidagi hollarda tuzatish kiritiladi:
- 1) tovarlar to‘liq yoki qisman qaytarilganda;
- 2) bitim shartlari o‘zgarganda;
- 3) narxlar o‘zgarganda, sotib oluvchi siylovlardan foydalanganda;
- 4) ko‘rsatilgan xizmatlardan voz kechilganda.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan daromadlarga tuzatish kiritish bir yillik muddat doirasida, kafolat muddati belgilangan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha esa kafolat muddati doirasida amalga oshiriladi.
Ushbu moddaga muvofiq daromadlarga tuzatish kiritish ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hollar yuz berganligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Bunda tovarni (xizmatlarni) sotuvchi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadga tuzatish kiritishni ushbu Kodeksning 257-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiradi.
Daromadlarga ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda tuzatish kiritish ko‘rsatilgan hollar yuz bergan soliq davrida amalga oshiriladi.
Daromadlarga tuzatish kiritish soliq to‘lovchi umumbelgilangan soliq solish tartibidan aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga o‘tgan hollarda ham amalga oshiriladi, bundan tuzatish kiritiladigan daromadlar bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash hollari mustasno.
467-modda. Soliq stavkalari
Soliq stavkalari quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
T/r
Soliq to‘lovchilar
Soliq stavkalari, foizlarda
1.
Iqtisodiyotning barcha tarmoqlaridagi soliq to‘lovchilar, bundan 2 — 5-bandlarda nazarda tutilganlar mustasno
4
2.
Chakana savdo sohasidagi soliq to‘lovchilar
2.1.
joylashgan joyiga qarab:
aholisi soni yuz ming nafar va undan ko‘p kishidan iborat shaharlarda
4
boshqa aholi punktlarida
2
borish qiyin bo‘lgan va tog‘li tumanlarda
1
2.2.
joylashgan joyidan qat’i nazar, tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilishdan tovar aylanmasi bo‘yicha
4
3.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib oluvchi, saralovchi, saqlovchi va qadoqlovchi tayyorlov tashkilotlari
tovar aylanmasining 4 yoki yalpi daromadning 25
4.
Yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari, “Nuroniy” jamg‘armasi va “O‘zbekiston Chernobilchilari” assotsiatsiyasi bo‘lgan, umumiy sonida nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va 1941 — 1945-yillardagi mehnat fronti veteranlari 50 foizdan kam bo‘lmagan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va 1941 — 1945-yillardagi mehnat fronti veteranlarining mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga haq to‘lash fondining 50 foizidan kam bo‘lmagan soliq to‘lovchilar
0
5.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar
1
Ushbu modda ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarining qoidalari 2026-yil 1-yanvardan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.
468-modda. Alohida-alohida hisob yuritish
Turli soliq solish obyektlari va (yoki) soliq stavkalari belgilangan bir necha faoliyat turi bilan shug‘ullanadigan soliq to‘lovchilar bunday faoliyat turlari bo‘yicha alohida-alohida hisob yuritishi hamda soliq to‘lovchilarning tegishli toifalari uchun belgilangan stavkalar bo‘yicha soliqni to‘lashi shart.
Ushbu modda birinchi qismining qoidalari chakana savdo sohasidagi mustaqil yuridik shaxs bo‘lmagan turli aholi punktlarida joylashgan bir qancha savdo nuqtalariga ega soliq to‘lovchilarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Ushbu Kodeks 297-moddasi uchinchi qismining 5, 6, 10, 11, 12, 13, 14, 17, 18, 21, 22, 23, 25 va 27-bandlarida ko‘rsatilgan daromadlarga, shuningdek foizlar tarzidagi daromadlarga soliq to‘lovchining hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha umumiy jami daromadlaridagi ulushi ustunlik qiladigan faoliyat turi uchun belgilangan soliq stavkalari bo‘yicha soliq solinadi.
Hisobot (soliq) davrida ushbu Kodeks 467-moddasining 2 — 5-bandlarida ko‘rsatilgan faoliyat turlari mavjud bo‘lmaganda, ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan daromadlarga ushbu Kodeks 467-moddasining 1-bandida belgilangan soliq stavkasi bo‘yicha soliq solinadi.
469-modda. Soliq davri. Hisobot davri
Kalendar yil soliq davridir.
Bir oy hisobot davridir.
470-modda. Soliqni hisoblab chiqarish, soliq hisobotlarini taqdim etish va soliqni to‘lash tartibi
Hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha soliq summasi soliq to‘lovchi tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadi.
Agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, hisobot davri yakunlari bo‘yicha soliq summasi soliq davri boshidan ortib boruvchi yakun bilan soliq bazasining mos soliq stavkasiga foiz ulushi sifatida hisoblab chiqariladi.
Soliq hisoboti soliq to‘lovchi (soliq agenti) tomonidan soliq hisobida turgan joyidagi soliq organiga quyidagi muddatlarda taqdim etiladi:
- 1) hisobot davri yakunlari bo‘yicha — hisobot davridan keyingi oyning o‘n beshinchi kunidan kechiktirmay;
- 2) soliq davri yakunlari bo‘yicha — soliq davridan keyingi davrning 15-fevralidan kechiktirmay.
Ushbu Kodeks 465-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlari bo‘yicha soliq hisobotlari soliq agentlari tomonidan har bir yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs kesimida taqdim etiladi. Bunda hisoblangan va to‘langan soliq hisobi yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs soliq to‘lovchi sifatida hisobda turgan joydagi soliq organidagi soliq to‘lovchining shaxsiy hisobvarag‘ida yuritiladi.
Hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha soliqni to‘lash tegishli hisobot (soliq) davri uchun soliq to‘lovchi (soliq agenti) tomonidan soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
470-modda. Soliqni hisoblab chiqarish, soliq hisobotlarini taqdim etish va soliqni to‘lash tartibi (davomi)
XXI BO‘LIM.
SOLIQ TO‘LOVCHILARNING AYRIM TOIFALARIGA VA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM HUDUDLARIDA SOLIQ SOLISHNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
471-modda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxslarga soliq solish shartlari
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy chet el investitsiyalarini jalb etgan holda tashkil etilgan va qonunchilikda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar uchun ayrim soliqlar bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari nazarda tutiladi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy chet el investitsiyalari deganda chet davlatning fuqarolari bo‘lgan jismoniy shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek chet ellik nodavlat yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining kafolatini taqdim etmasdan amalga oshiriladigan investitsiyalar tushuniladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan yuridik shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan belgilanadigan muddatga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy chet el investitsiyalari hajmiga qarab, yer solig‘ini va mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod etish tarzidagi soliq imtiyozlari beriladi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa soliq imtiyozlardan foydalanishga haqli.
472-modda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxslar tomonidan soliq imtiyozlarini qo‘llash tartibi
Ushbu Kodeksning 471-moddasida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari quyidagi shartlar bajarilgan taqdirda qo‘llaniladi:
- 1) yuridik shaxslar qonunchilikda belgilanadigan hududlarga joylashtirilganda;
- 2) chet ellik investorlar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy chet el investitsiyalari O‘zbekiston Respublikasining kafolati berilmagan holda amalga oshirilganda;
- 3) yuridik shaxslarning ustav fondida (ustav kapitalida) chet ellik ishtirokchilarning ulushi kamida 33 foiz, aksiyadorlik jamiyatlari uchun esa kamida 15 foiz bo‘lganda;
- 4) chet el investitsiyalari erkin ayirboshlanadigan valyuta yoki yangi zamonaviy texnologik asbob-uskuna tarzida kiritilganda;
- 5) ushbu Kodeksning 471-moddasida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari berilganligi natijasida ularning qo‘llanilishi muddati mobaynida olingan daromadlarning kamida 50 foizi ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish maqsadida reinvestitsiyaga yo‘naltirilganda.
Ushbu Kodeksning 471-moddasida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini olgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxs imtiyozlar berilgan muddat o‘tganidan keyin bir yil o‘tmasidan oldin faoliyatini tugatgan taqdirda, chet ellik investorning foydasini o‘z mamlakatiga o‘tkazish va kapitalini xorijga olib chiqib ketish faqat berilgan soliq imtiyozlari summalarining o‘rni budjetga qoplanganidan keyin amalga oshiriladi.
Ushbu bobda nazarda tutilgan shartlarga nomuvofiqlik aniqlangan taqdirda, ushbu Kodeksning 471-moddasida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini olgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxs belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmagan davr uchun soliqlar ushbu Kodeksning VIII bo‘limida nazarda tutilgan penyalar qo‘llanilgan holda, umumbelgilangan tartibda to‘lanadi.
Bilimingizni sinang
Aylanmadan olinadigan soliqni to‘lovchi O‘zbekiston yuridik shaxslari uchun soliq davrida jami daromad chegarasi qancha?
- bir milliard so‘mdan oshmagan
- ikki milliard so‘mdan oshmagan
- besh yuz million so‘mdan oshmagan
- uch milliard so‘mdan oshmagan
To‘g‘ri javob: bir milliard so‘mdan oshmagan. Soliq davrida jami daromadi bir milliard so‘mdan oshmagan yuridik shaxslar aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari hisoblanadi.
Soliq kodeksiga ko‘ra, aylanmadan olinadigan soliqni to‘lovchi yuridik shaxslar uchun soliq davrida jami daromad chegarasi qanday belgilangan?
- Bir milliard so‘mdan oshmagan bo‘lishi kerak
- Ikki milliard so‘mdan oshmagan bo‘lishi kerak
- Besh yuz million so‘mdan oshmagan bo‘lishi kerak
- Uch milliard so‘mdan oshmagan bo‘lishi kerak
To‘g‘ri javob: Bir milliard so‘mdan oshmagan bo‘lishi kerak. 461-moddaga ko‘ra, soliq davrida jami daromadi bir milliard so‘mdan oshmagan yuridik shaxslar soliq to‘lovchi hisoblanadi.
Aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga o‘tmoqchi soliq to‘lovchi navbatdagi soliq davri boshlanishiga qadar kamida qancha muddat oldin soliq organini xabardor qilishi shart?
- o‘n besh kundan
- o‘n kundan
- besh kundan
- o‘ttiz kundan
To‘g‘ri javob: o‘n kundan. Aylanmadan olinadigan soliqqa o‘tish haqida soliq organi navbatdagi soliq davri boshlanishiga qadar o‘n kundan kechiktirmay xabardor qilinadi.
Yuridik shaxs aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga o‘tmoqchi bo‘lsa, soliq organini navbatdagi soliq davri boshlanishiga qadar qancha muddatdan kechiktirmay xabardor qilishi shart?
- Besh kundan kechiktirmay
- O‘n besh kundan kechiktirmay
- O‘n kundan kechiktirmay
- O‘ttiz kundan kechiktirmay
To‘g‘ri javob: O‘n kundan kechiktirmay. 462-moddaga ko‘ra, xabardor qilish navbatdagi soliq davri boshlanishiga qadar o‘n kundan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini to‘lashga ixtiyoriy o‘tgan soliq to‘lovchi (jami daromadi bir milliard so‘mdan oshmagan bo‘lsa) aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga qaytib o‘tish uchun kamida qancha muddat o‘tishi kerak?
- Yigirma oy
- O‘n besh oy
- O‘n uch oy
- O‘n ikki oy
To‘g‘ri javob: O‘n ikki oy. 462-moddaga ko‘ra, qayta o‘tish kamida o‘n ikki oydan keyin mumkin.
«Baraka» MChJ aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchisi. 2025-yil 12-sentyabrda yil boshidan jami daromadi bir milliard so‘mga yetdi. Soliq kodeksiga ko‘ra, u qachondan qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi?
- Jami daromad bir milliard so‘mga yetgan kundan e’tiboran
- Keyingi yilning 1-yanvaridan
- Daromad yetgan oydan keyingi oyning 1-sanasidan
- Soliq davri tugagach, hisobot topshirilgan kundan
To‘g‘ri javob: Jami daromad bir milliard so‘mga yetgan kundan e’tiboran. 462-moddaga ko‘ra, jami daromad ko‘rsatilgan miqdorga yetgan kundan e’tiboran QQS va foyda solig‘iga o‘tiladi.
Aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchisi «Orzu savdo» MChJ 3-martda xorijdan tovar olib kirish shartnomasini tuzdi, tovarlar esa 20-martda bojxona chegarasidan olib kirildi. Soliq kodeksiga ko‘ra, u qaysi sanadan QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi?
- 20-martdan, ya’ni tovarlar olib kirilgan sanadan
- 3-martdan, ya’ni import shartnomasi tuzilgan sanadan
- 1-aprel kuni, ya’ni keyingi oyning birinchi sanasidan
- Keyingi yilning 1-yanvaridan
To‘g‘ri javob: 3-martdan, ya’ni import shartnomasi tuzilgan sanadan. 462-moddaga ko‘ra, import shartnomasi tuzilgan yoki tovar olib kirilgan sanalardan qaysi biri oldinroq kelsa, o‘sha sanadan o‘tiladi.
Qishloq xo‘jaligi tovarlarini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarda qancha sug‘oriladigan ekin maydoni bo‘lsa, ular QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi?
- o‘n besh gektar
- yigirma gektar
- yigirma besh gektar
- o‘ttiz gektar
To‘g‘ri javob: yigirma besh gektar. Yigirma besh gektar va undan ortiq sug‘oriladigan ekin maydoni bo‘lsa, yuridik shaxs QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash