Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari · Mahsulot taqsimotiga oid bitim doirasida amalga oshiriladigan faoliyatga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari …
Maxsus Qism
473-modda. Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga soliq solish shartlari
Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab, mol-mulk solig‘idan va yer solig‘idan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilangan muddatga ozod qilish tarzida soliq imtiyozlari beriladi.
Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari foyda solig‘ini to‘lashdan o‘zi kiritgan investitsiyalar hajmiga qarab:
3 million AQSH dollaridan 5 million AQSH dollarigacha bo‘lgan miqdordagi investitsiyalar uchun — 3 yil muddatga;
5 million AQSH dollaridan 15 million AQSH dollarigacha bo‘lgan miqdordagi investitsiyalar uchun — 5 yil muddatga;
15 million AQSH dollari va undan yuqori miqdordagi investitsiyalar uchun — 10 yil muddatga ozod etiladi.
2026-yil 1-apreldan e’tiboran maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini olgan soliq to‘lovchilarga nisbatan foyda solig‘i bo‘yicha imtiyoz ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan, kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab belgilanadigan muddatga amortizatsiya qilinadigan asosiy vositalarni tezlashtirilgan amortizatsiya qilish huquqi tarzida qo‘llaniladi.
Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida ko‘rsatilgan soliq imtiyozlari faqat investor (investorlar) va Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi o‘rtasida tuzilgan Maxsus iqtisodiy zona hududiga investitsiya kiritish to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutilgan maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining faoliyati turlariga nisbatan tatbiq etiladi.
473-modda. Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga soliq solish shartlari (davomi)
Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari qo‘shilgan qiymat solig‘i va boshqa soliqlar bo‘yicha imtiyozlardan ushbu Kodeksga muvofiq foydalaniladilar.
474-modda. Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan soliq imtiyozlarini qo‘llash tartibi
Ushbu Kodeks 473-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarining amal qilish muddati maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining guvohnomasi olingan kundan e’tiboran hisoblab chiqariladi.
Ushbu Kodeks 473-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlarning amal qilish muddati maxsus iqtisodiy zona hududida ishlab chiqarish (xizmatlar ko‘rsatish) obyekti foydalanishga qabul qilingan sanadan e’tiboran hisoblanadi.
Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi maqomidan mahrum etilganda tadbirkorlik subyekti maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilariga beriladigan soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalardan maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomidan mahrum etilgan oyning birinchi kunidan e’tiboran foydalanishga haqli emas.
Agar maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi investitsiyalar hajmini soliq imtiyozlarining uzoqroq amal qilish muddatini nazarda tutadigan miqdorgacha oshirsa, u investitsiyalarning haqiqiy hajmiga muvofiq soliq imtiyozlarining amal qilish muddatini uzaytirishga haqli. Bunda, agar investitsiyalar hajmining oshishi imtiyozlarning avvalgi amal qilish muddati tugaganidan keyin amalga oshirilsa, soliq imtiyozlari imtiyozlarning uzoqroq amal qilish muddatiga bo‘lgan huquq yuzaga kelgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan e’tiboran qo‘llaniladi.
475-modda. Umumiy qoidalar
Mahsulot taqsimotiga oid bitim shartnoma bo‘lib, bu shartnomaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi haq olish asosida hamda muayyan muddatga chet ellik investorga bitimda ko‘rsatilgan yer qa’ri uchastkasida konlarni aniqlash, qidirish va foydali qazilmalarni kavlab olish uchun mutlaq huquqlar beradi.
Mahsulot taqsimotiga oid bitimda quyidagilar nazarda tutiladi:
hisob yuritish va hisobot berish tartibi;
soliq solish va boshqa to‘lovlarni to‘lash shartlari;
chet ellik investorning ulushini olib chiqish tartibi.
476-modda. Mahsulot taqsimotiga oid bitim doirasida amalga oshiriladigan faoliyatga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Chet ellik investor, bundan mahsulot taqsimotiga oid bitimlar to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno, mahsulot taqsimotiga oid bitimning amal qilish muddati mobaynida ushbu Kodeksning 17-moddasida nazarda tutilgan soliqlarni to‘laydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan soliqlar, agar mahsulot taqsimotiga oid bitimda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari uchun belgilangan stavkalar bo‘yicha undiriladi.
Chet ellik investorga soliq solish quyidagi o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi:
- 1) foyda solig‘i mahsulot taqsimotiga oid bitim bo‘yicha ishlarni bajarish chog‘ida olingan daromad bo‘yicha va faoliyatning boshqa turlari bo‘yicha olingan daromad bo‘yicha alohida-alohida to‘lanadi. Bitim shartlariga binoan chet ellik investorga tegishli bo‘lgan, chegirmalar qilinmagan holda foydaga qolgan mahsulotning qiymati mahsulot taqsimotiga oid bitim bo‘yicha ishlarni bajarish chog‘ida olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i solish obyektidir;
- 2) mineral xom ashyoni kavlab olish hajmiga yoki ishlab chiqarilgan mahsulot qiymatiga nisbatan foizli nisbatda mahsulot taqsimotiga oid bitim shartlariga muvofiq belgilanadigan va pul shaklida yoki kavlab olingan mineral xom ashyoning bir qismi tarzida to‘lanadigan yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq.
Agar yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan yuridik shaxslar birlashmasi investor sifatida ish yuritayotgan bo‘lsa, bunday birlashmaning ishtirokchilaridan biri yoki mahsulot taqsimotiga oid bitim bo‘yicha ishlarni bajaruvchi operator soliq majburiyatlarini bajaruvchi bo‘ladi. Bunda yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi ruxsatnoma olgan investor bir oylik muddatda soliq organini mazkur birlashmadan soliq majburiyatini bajaruvchi bo‘lib ish yuritadigan ishtirokchi to‘g‘risida xabardor etishi shart.
477-modda. Advokatlarga soliq solish
Advokatlar hay’ati, advokatlik firmalari va advokatlik byurolari faoliyatning notijorat tashkilotlar sifatida advokatlar tomonidan huquqiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq qismi bo‘yicha soliqlar va yig‘imlar to‘lashdan ozod qilinadi, bundan quyidagilar mustasno:
bojxona to‘lovlari;
ijtimoiy soliq;
to‘lov manbaida ushlab qolinadigan soliqlar.
Advokatlar hay’ati, advokatlik firmalari va advokatlik byurolari tomonidan tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilganda (yuridik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lmagan) soliqlar va yig‘imlar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda to‘lanadi.
478-modda. Advokatlar daromadlariga soliq solish
Advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatganlik uchun olinadigan gonorarlar summalariga ushbu moddada nazarda tutilgan xususiyatlar hisobga olingan holda, mazkur Kodeksning XIII bo‘limida belgilangan tartibda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinadi.
Advokatning daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solish obyektidir.
Advokatning daromadi advokat tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilganligi uchun olingan summa bilan advokatlar hay’atlarini, advokatlik firmalarini va advokatlik byurolarini saqlab turish uchun o‘tkaziladigan mablag‘lar summasi o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
Soliq bazasi advokatning daromadidan uning daromadida hisobga olinadigan ijtimoiy to‘lov chegirib tashlangan holda aniqlanadi.
Bilimingizni sinang
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi foyda solig‘ini to‘lashdan 3 yil muddatga ozod etilishi uchun kiritgan investitsiyalari hajmi qanday bo‘lishi kerak?
- 15 million AQSH dollari va undan yuqori
- 1 million dan 3 million AQSH dollarigacha
- 3 million dan 5 million AQSH dollarigacha
- 5 million dan 15 million AQSH dollarigacha
To‘g‘ri javob: 3 million dan 5 million AQSH dollarigacha. 3 million dan 5 million AQSH dollarigacha investitsiya uchun 3 yil, 5–15 million uchun 5 yil, 15 million va undan ko‘p uchun 10 yil ozod etiladi.
Soliq kodeksiga ko‘ra, maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi 15 million AQSH dollari va undan yuqori miqdorda investitsiya kiritgan bo‘lsa, foyda solig‘ini to‘lashdan qancha muddatga ozod etiladi?
- 10 yil muddatga
- 3 yil muddatga
- 5 yil muddatga
- 7 yil muddatga
To‘g‘ri javob: 10 yil muddatga. 473-moddaga ko‘ra, 15 million AQSH dollari va undan yuqori investitsiyalar uchun foyda solig‘idan 10 yil muddatga ozod etiladi.
Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi «Silk Pharm» MChJ zonada 8 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritdi. Soliq kodeksiga ko‘ra, u foyda solig‘idan qancha muddatga ozod etiladi (2026-yil 1-aprelgacha maqom olgan deb faraz qiling)?
- 3 yil muddatga
- 5 yil muddatga
- 10 yil muddatga
- Bir yil muddatga
To‘g‘ri javob: 5 yil muddatga. 473-moddaga ko‘ra, 5 million dollardan 15 million dollargacha investitsiyalar uchun foyda solig‘idan 5 yil muddatga ozod etiladi.
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisiga beriladigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i imtiyozlarining amal qilish muddati qaysi sanadan hisoblanadi?
- Investitsiya to‘g‘risidagi bitim tuzilgan kundan
- Ishlab chiqarish obyekti foydalanishga qabul qilingan sanadan
- Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining guvohnomasi olingan kundan
- Birinchi foyda olingan kundan
To‘g‘ri javob: Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining guvohnomasi olingan kundan. 474-moddaga ko‘ra, 473-moddaning birinchi qismidagi imtiyozlar muddati guvohnoma olingan kundan hisoblanadi.
Maxsus iqtisodiy zonada foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlarning amal qilish muddati qaysi sanadan hisoblanadi?
- Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanadan
- Ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) obyekti qurilishi boshlangan sanadan
- Ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) bo‘yicha birinchi foyda olingan yil boshidan
- Ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) obyekti foydalanishga qabul qilingan sanadan
To‘g‘ri javob: Ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) obyekti foydalanishga qabul qilingan sanadan. 474-moddaga ko‘ra, foyda solig‘i imtiyozlari muddati obyekt foydalanishga qabul qilingan sanadan hisoblanadi.
Tadbirkorlik subyekti 2026-yil 17-mayda maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomidan mahrum etildi. Soliq kodeksiga ko‘ra, u zona imtiyozlaridan qaysi sanadan boshlab foydalanishga haqli emas?
- Maqomdan mahrum etilgan oyning birinchi kunidan, ya’ni 1-maydan
- Maqomdan mahrum etilgan oydan keyingi oydan, ya’ni 1-iyundan
- Maqomdan mahrum etilgan kundan, ya’ni 17-maydan e’tiboran
- Maqomdan mahrum etilgan yilning birinchi kunidan, ya’ni 1-yanvardan
To‘g‘ri javob: Maqomdan mahrum etilgan oyning birinchi kunidan, ya’ni 1-maydan. 474-moddaga ko‘ra, maqomdan mahrum etilgan oyning birinchi kunidan e’tiboran imtiyozlardan foydalanishga haqli emas.
Mahsulot taqsimotiga oid bitimda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan birlashma investor bo‘lsa, ruxsatnoma olgan investor soliq majburiyatini bajaruvchi ishtirokchi haqida soliq organini qancha muddatda xabardor etishi shart?
- bir oylik
- o‘n kunlik
- olti oylik
- uch oylik
To‘g‘ri javob: bir oylik. Ruxsatnoma olgan investor soliq majburiyatini bajaruvchi ishtirokchi to‘g‘risida soliq organini bir oylik muddatda xabardor etishi shart.
Advokatlar hay’ati, advokatlik firmalari va advokatlik byurolari huquqiy yordam ko‘rsatish qismi bo‘yicha soliqlar va yig‘imlardan ozod qilinadi. Quyidagilardan qaysi biri bu ozodlikka kirmaydi?
- Mol-mulk solig‘i
- Yer solig‘i
- Ijtimoiy soliq
- Foyda solig‘i
To‘g‘ri javob: Ijtimoiy soliq. 477-moddaga ko‘ra, bojxona to‘lovlari, ijtimoiy soliq va to‘lov manbaida ushlab qolinadigan soliqlar ozodlikdan mustasno.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash