XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Sudlar to‘g‘risida» qonun · 58–62-m.

Sudyalarning maqomi, ularning huquq va majburiyatlari

Moddalar

58-modda. Sudyalar

O‘zbekiston Respublikasida sudyalar qonunga muvofiq odil sudlovni amalga oshirishga vakolat berilgan shaxslardir.

O‘zbekiston Respublikasida barcha sudyalar bir xil maqomga ega.

Sudlar raislari, rais o‘rinbosarlari ayni vaqtda sudyalardir.

Sudyalarga malaka darajalari beriladi. Sudyalarga malaka darajalarini belgilash va berish tartibi ushbu Qonun bilan tasdiqlanadigan nizomda aniqlanadi.

59-modda. Xalq maslahatchilari

O‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yig‘ilishida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.

Haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan, saylov kunida o‘ttiz besh yoshga to‘lgan, harbiy qismlar harbiy xizmatchilarining yig‘ilishlarida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi harbiy sudning xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.

Har bir sud uchun xalq maslahatchilari soni sudyalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan belgilanadi.

Xalq maslahatchilari odil sudlovni amalga oshirishda sudyaning huquqlaridan foydalanadi.

Xalq maslahatchilari sudlardagi o‘z vazifalarini bajarishga bir yilda ko‘pi bilan ikki haftaga navbatma-navbat chaqiriladi, bundan ularning ishtirokida boshlangan sud ishini ko‘rishni tugallash zarurati bu muddatni uzaytirishni taqozo etgan hollar mustasno. Shu davrda ularning ish joyidagi o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.

60-modda. Sudyaning qasamyodi

Ilk bor sudyalik lavozimiga saylangan yoki tayinlangan shaxs quyidagi mazmunda qasamyod qiladi:

Zimmamga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga bo‘ysungan holda amalga oshirishga, sudyalik burchim va vijdonim buyurganidek beg‘araz, xolis va adolatli bo‘lishga tantanali qasamyod qilaman.

Sudya O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i oldida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat bayrog‘i oldida ham tantanali vaziyatda qasamyod qiladi.

Sudyalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi majlisida qasamyod qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlarining sudyalari tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi rayosati majlisida qasamyod qiladi.

Ilk bor lavozimga saylangan yoki tayinlangan sudya o‘z vakolatlarini amalga oshirishga qasamyod qilganidan keyin kirishadi.

61-modda. Sudyaning huquqlari

Sudya quyidagi huquqlarga ega:

mansabdor shaxslar va fuqarolardan odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan o‘z farmoyishlarining bajarilishini talab qilish;

mansabdor va boshqa shaxslardan odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborotni olish;

odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlaridan bepul asosda olish hamda shaxsga doir ma’lumotlar mavjud axborot tizimlaridan foydalanish, shu jumladan masofadan turib foydalanish;

davlat organlarining, shuningdek boshqa tashkilotlarning axborot tizimlaridan odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlarni fuqarolarning yozma roziligisiz bepul asosda olish;

sudyalar hamjamiyati organlarini shakllantirishda va ular faoliyatida ishtirok etish;

uyushmalarga birlashish.

Sudya qonunga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar sudyaning odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan talablari hamda farmoyishlarini so‘zsiz bajarishi shart. Sudyaning talablari va farmoyishlarini bajarmaslik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

62-modda. Sudyaning majburiyatlari

Sudya:

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga og‘ishmay rioya etishi;

fuqarolarning huquq va erkinliklari, sha’ni, qadr-qimmati hamda mol-mulki, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashi;

o‘z vakolatlarini amalga oshirishda, shuningdek xizmatdan tashqari munosabatlarda Sudyalik odobi kodeksi talablariga rioya etishi, sud hokimiyati obro‘sini, sudyaning sha’ni va qadr-qimmatini tushirishi yoki uning beg‘arazligi, xolisligi va adolatliligiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatdan o‘zini tiyishi;

korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga va odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatiga g‘ayriqonuniy aralashishga urinishlarga qarshilik ko‘rsatishi hamda bunday holatlar aniqlangan taqdirda bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga xabar qilishi;

sud protsessi ishtirokchilarini hurmat qilishi;

o‘z malakasini sudyalik vakolatlarini bajarish uchun zarur bo‘lgan darajada saqlab turishi;

manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda o‘zini o‘zi rad qilishi va sud protsessi ishtirokchilarini xabardor qilishi shart.

Sudya:

sudyalar maslahatlashuvi sirini va yopiq sud majlislarini o‘tkazish chog‘ida olingan ma’lumotlarni oshkor qilishga;

senator, davlat hokimiyati vakillik organlari deputati bo‘lishga;

siyosiy partiya a’zosi bo‘lishga, uni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga, siyosiy partiyalarning tadbirlarida ishtirok etishga, boshqa siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishga;

62-modda. Sudyaning majburiyatlari (davomi)

haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga, bundan sudyaning vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilmaydigan pedagogik, ilmiy va boshqa ijodiy faoliyat mustasno;

shaxsan yoki ishonchli shaxslar orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, shu jumladan xo‘jalik yurituvchi subyektni boshqarishda, uning tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, ishtirok etishga;

O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan chet el banklarida hisobvaraqlar (omonatlar) ochishga va ularga ega bo‘lishga, naqd pul mablag‘larini hamda qimmatliklarni saqlashga. Bunday cheklov sudyaning eriga (xotiniga) va voyaga yetmagan farzandlariga nisbatan ham amal qiladi;

jismoniy yoki yuridik shaxslarning ishlari bo‘yicha sudda vakil bo‘lishga (qonuniy vakillik hollari bundan mustasno);

sudda ko‘rib chiqilayotgan masala yuzasidan sud hujjati qonuniy kuchga kirgunga qadar oshkora mulohazalar bildirishga;

qonunga muvofiq maxfiy axborot jumlasiga kiritilgan, sudyalik vakolatlarini amalga oshirishi munosabati bilan o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni sudyalik vakolatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda oshkor qilishga yoki foydalanishga haqli emas.

Sudyaning zimmasida qonunga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

Bilimingizni sinang

«Sudlar to‘g‘risida» qonun — 58-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Sudyaning daxlsizligi
  2. Sudyalar
  3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisi
  4. Sudyaga hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlik

To‘g‘ri javob: Sudyalar. 58-modda: Sudyalar.

«Sudlar to‘g‘risida» qonun: «Sudyalar» qaysi moddada belgilangan?
  1. 65-modda
  2. 64-modda
  3. 52-modda
  4. 58-modda

To‘g‘ri javob: 58-modda. 58-modda: Sudyalar.

«Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, sudyalar kimlar?
  1. Ijro etuvchi hokimiyat tomonidan odil sudlovga tayinlangan shaxslar
  2. Qonunga muvofiq odil sudlovni amalga oshirishga vakolat berilgan shaxslar
  3. Qonunga muvofiq prokuratura nazoratini amalga oshirishga vakolat berilgan shaxslar
  4. Qonunga muvofiq tergovni amalga oshirishga vakolat berilgan shaxslar

To‘g‘ri javob: Qonunga muvofiq odil sudlovni amalga oshirishga vakolat berilgan shaxslar. 58-moddaga ko‘ra sudyalar qonunga muvofiq odil sudlovni amalga oshirishga vakolat berilgan shaxslardir.

Sudyalarning maqomiga oid qaysi hukm to‘g‘ri?
  1. Sudlar raislari va rais o‘rinbosarlari yuqori maqomga ega, boshqa sudyalar esa bir xil maqomga ega
  2. Oliy sud sudyalari alohida maqomga ega, boshqa sudyalar esa bir xil maqomga ega bo‘ladi
  3. Barcha sudyalar bir xil maqomga ega, sudlar raislari va rais o‘rinbosarlari ayni vaqtda sudyalardir
  4. Maqom sudlarning instansiyasiga qarab farqlanadi, sudlar raislari va rais o‘rinbosarlari ayni vaqtda sudya emas

To‘g‘ri javob: Barcha sudyalar bir xil maqomga ega, sudlar raislari va rais o‘rinbosarlari ayni vaqtda sudyalardir. 58-moddaga ko‘ra barcha sudyalar bir xil maqomga ega, rais va o‘rinbosarlar ayni vaqtda sudyalardir.

Sudyalarga malaka darajalarini belgilash va berish tartibi qayerda aniqlanadi?
  1. Prezident farmoni bilan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi
  2. Sudyalar oliy kengashi qarori bilan tasdiqlanadigan nizomda
  3. Oliy sud Plenumi tomonidan qabul qilinadigan yo‘riqnomada
  4. «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonun bilan tasdiqlanadigan nizomda

To‘g‘ri javob: «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonun bilan tasdiqlanadigan nizomda. 58-moddaga ko‘ra tartib Qonun bilan tasdiqlanadigan nizomda aniqlanadi.

Xalq maslahatchisi bo‘la oladigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi necha yoshdan kichik bo‘lmasligi kerak?
  1. yigirma besh yoshdan
  2. o‘ttiz yoshdan
  3. qirq yoshdan
  4. o‘ttiz besh yoshdan

To‘g‘ri javob: o‘ttiz besh yoshdan. O‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, yig‘ilishda ochiq ovoz berish bilan saylangan fuqaro xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.

«Sudlar to‘g‘risida» qonun — 59-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Sudyaning daxlsizligi
  2. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi
  3. Xalq maslahatchilari
  4. Tumanlararo ma’muriy sudning tarkibi

To‘g‘ri javob: Xalq maslahatchilari. 59-modda: Xalq maslahatchilari.

«Sudlar to‘g‘risida» qonun: «Xalq maslahatchilari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 64-modda
  2. 59-modda
  3. 54-modda
  4. 66-modda

To‘g‘ri javob: 59-modda. 59-modda: Xalq maslahatchilari.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiTumanlararo ma’muriy sudKeyingi →Sudyalar mustaqilligining asosiy kafolatlari