XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Tabiatni muhofaza qilish» qonuni · 51–61-m.

Tabiatni muhofaza qilishga doir qonunchilikni buzish oqibatida zarar y … (5/5)

Moddalar

51-modda. Tabiatni muhofaza qilishga doir qonunchilikni buzish oqibatida zarar yetkazilishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar va boshqa xodimlarning javobgarligi

Korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalarning atrof tabiiy muhitga, inson salomatligi va odamlarning mol-mulkiga, xalq xo‘jaligiga yetkazilgan zararni qoplash yuzasidan chiqimdor bo‘lishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar va boshqa xodimlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan moddiy javobgar bo‘ladilar.

52-modda. Ekologiya nuqtai nazaridan zararli faoliyatni to‘xtatish xususidagi da’vo talablari

Yuridik va jismoniy shaxslar atrof tabiiy muhitga, inson salomatligi va odamlarning mol-mulkiga, xalq xo‘jaligiga ziyon yetkazayotgan ekologiya jihatidan zararli faoliyatni to‘xtatish to‘g‘risida sudga da’vo bilan murojaat qilishga haqlidirlar.

Sudning ekologiya nuqtai nazaridan zararli faoliyatni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarori aytib o‘tilgan faoliyatni pul bilan ta’minlashni to‘xtatish uchun asos bo‘ladi.

53-modda. Tabiatni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro shartnomalar

Basharti, O‘zbekiston Respublikasi tuzgan xalqaro shartnomada ushbu Qonundagidan yoki O‘zbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilishga doir boshqa qonun hujjatidagidan o‘zga qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi, O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida birmuncha qattiqroq talablar belgilangan hollar bundan mustasno.

XII. EKOLOGIYA, ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISH VA TABIATDAN FOYDALANISH SOHASIDAGI HUQUQBUZARLIKLARNI SODIR ETGANLIK UCHUN MOLIYAVIY SANKSIYALAR

54-modda. Daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzganlik

Daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitga yetkazilgan zararning uch baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.

55-modda. Suvlarni ifloslantirganlik, shuningdek suv obyektlariga oqova suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari to‘g‘risidagi talablarni buzganlik

Suvlarni ifloslantirganlik, shuningdek suv obyektlariga oqova suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari to‘g‘risidagi talablarni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovining o‘n baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.

56-modda. Daraxtlarni va butalarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik, shuningdek ularni muhofaza qilish choralarini ko‘rmaganlik

Daraxtlarni va butalarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitga yetkazilgan zararning besh baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.

Yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yoki ularga biriktirilgan hududdagi daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitga yetkazilgan zararning besh baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan harakatlarni daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlariga nisbatan sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitga yetkazilgan zararning o‘n baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.

57-modda. Ifloslantiruvchi moddalarni yo‘l qo‘yiladigan normativdan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarib tashlaganlik

Ifloslantiruvchi moddalarni yo‘l qo‘yiladigan normativdan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarib tashlaganlik uchun atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning IV toifasiga mansub yuridik shaxslarga nisbatan — atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovining ikki baravari, III toifasiga mansub yuridik shaxslarga nisbatan — to‘rt baravari, II toifasiga mansub yuridik shaxslarga nisbatan — olti baravari, I toifasiga mansub yuridik shaxslarga nisbatan — o‘n baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.

58-modda. Qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaslik

O‘lchami besh yuz kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida, unga tutash bo‘lgan hududda hamda undan chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzganlik yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovining uch baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.

59-modda. Yoqilg‘ini, moddalarni, materiallarni va chiqindilarni yoqishda atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaslik

Yoqish uchun mo‘ljallanmagan joylarda va (yoki) qurilmalarda yoqilg‘ini, yoqilg‘i sifatida foydalaniladigan moddalarni yoki moddalar aralashmasini, yoqilg‘i hisoblanmaydigan materiallarni va chiqindilarni ochiq alanga oldirib yoqqanlik, shuningdek issiqxonalarda, ishlab chiqarish binolarida, yondirish uskunalarida yoki boshqa obyektlarda yoqilg‘i sifatida shinalarni, bitumni, mazutni, plyonkani, sintetik kartonni, rezinani, jun tolasini yoqqanlik va shunga o‘xshash komponentlarni o‘z ichiga olgan chiqindilarni yoqqanlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovining besh baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.

60-modda. Sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik

Sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan chiqindilar joylashtirilganligi uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovining besh baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.

61-modda. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llash tartibi

Ushbu Qonunning 54 — 60-moddalarida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar yuridik shaxslarga nisbatan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi davlat ekologik nazoratini amalga oshirish doirasida o‘tkaziladigan nazorat tadbirlari asosida qo‘llaniladi.

Yuridik shaxslar ushbu Qonunning 54 — 60-moddalarida nazarda tutilgan, sodir etilgan huquqbuzarliklardagi aybini tan olgan taqdirda, moliyaviy sanksiya O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan qo‘llaniladi, nizo mavjud bo‘lgan taqdirda yoki yuridik shaxs O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan moliyaviy sanksiya qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy muddatda moliyaviy sanksiya summasini ixtiyoriy ravishda to‘lamagan hollarda, moliyaviy sanksiya qo‘llash to‘g‘risidagi masala sud tartibida hal etiladi.

Moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilgan ayni bir huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1992-yil 9-dekabr,

754-XII-son

Bilimingizni sinang

Korxona atrof tabiiy muhitga, inson salomatligiga va odamlarning mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash yuzasidan chiqimdor bo‘lishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar qanday javobgar bo‘ladilar?
  1. Moddiy javobgar bo‘ladilar
  2. Faqat intizomiy javobgar bo‘ladilar
  3. Javobgarlikdan ozod etiladilar
  4. Faqat jinoiy javobgar bo‘ladilar

To‘g‘ri javob: Moddiy javobgar bo‘ladilar. 51-moddaga ko‘ra, aybdor mansabdor shaxslar va boshqa xodimlar qonunchilikka binoan moddiy javobgar bo‘ladilar.

Daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari tartibini buzgan yuridik shaxsga yetkazilgan zararning necha baravari miqdorida jarima solinadi?
  1. O‘n baravari
  2. Besh baravari
  3. Uch baravari
  4. Ikki baravari

To‘g‘ri javob: Uch baravari. Bunday qoidabuzarlik uchun yetkazilgan zararning uch baravari miqdorida moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi.

Daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzgan yuridik shaxsga qanday moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi?
  1. Atrof-muhitga yetkazilgan zararning uch baravari miqdorida jarima
  2. Atrof-muhitga yetkazilgan zararning besh baravari miqdorida jarima
  3. Kompensatsiya to‘lovining o‘n baravari miqdorida jarima
  4. Faqat ogohlantirish

To‘g‘ri javob: Atrof-muhitga yetkazilgan zararning uch baravari miqdorida jarima. 54-moddaga ko‘ra, jarima yetkazilgan zararning uch baravari miqdorida.

Suvni ifloslantirgan yoki oqova suvlarni oqizish shartlarini buzgan yuridik shaxsga kompensatsiya to‘lovining necha baravari miqdorida jarima solinadi?
  1. Ikki baravari
  2. O‘n baravari
  3. Uch baravari
  4. Besh baravari

To‘g‘ri javob: O‘n baravari. Suvni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovining o‘n baravari miqdorida moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi.

Daraxt va butalarni qonunga xilof ravishda kesgan yuridik shaxsga yetkazilgan zararning necha baravari miqdorida jarima solinadi?
  1. O‘n baravari
  2. Besh baravari
  3. Uch baravari
  4. Ikki baravari

To‘g‘ri javob: Besh baravari. Daraxt va butalarni noqonuniy kesganlik uchun yetkazilgan zararning besh baravari miqdorida sanksiya qo‘llanadi.

Ifloslantiruvchi moddalarni normativdan ortiq atmosfera havosiga chiqargan IV toifaga mansub yuridik shaxsga kompensatsiya to‘lovining necha baravari miqdorida jarima solinadi?
  1. To‘rt baravari
  2. Olti baravari
  3. Ikki baravari
  4. O‘n baravari

To‘g‘ri javob: Ikki baravari. IV toifaga mansub yuridik shaxslarga kompensatsiya to‘lovining ikki baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Maydoni besh yuz kvadrat metr va undan ortiq qurilish maydonida chang va qum havoga ko‘tarilishini bartaraf etish talablarini buzgan yuridik shaxsga kompensatsiya to‘lovining necha baravari miqdorida jarima solinadi?
  1. Ikki baravari
  2. O‘n baravari
  3. Uch baravari
  4. Besh baravari

To‘g‘ri javob: Uch baravari. Qurilish maydonidagi chang talablarini buzganlik uchun kompensatsiya to‘lovining uch baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Yoqilg‘i sifatida shina, mazut, bitum yoki rezina yoqqan yuridik shaxsga kompensatsiya to‘lovining necha baravari miqdorida jarima solinadi?
  1. Besh baravari
  2. Uch baravari
  3. O‘n baravari
  4. Ikki baravari

To‘g‘ri javob: Besh baravari. Shina, bitum, mazut, rezina kabilarni yoqish uchun kompensatsiya to‘lovining besh baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiEkologiya nuqtai nazaridan xavf tug‘diradigan vaziyatlar (4/5)