XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Tabiatni muhofaza qilish» qonuni · 40–50¹-m.

Ekologiya nuqtai nazaridan xavf tug‘diradigan vaziyatlar (4/5)

Moddalar

40-modda. Ekologiya nuqtai nazaridan xavf tug‘diradigan vaziyatlar

Ekologiya nuqtai nazaridan xavf tug‘diradigan vaziyatlar deganda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan birinchi darajali xavfli moddalar jumlasiga kiritilgan o‘ta zaharli, kuchli ta’sir etuvchi zaharli moddalar, radioaktiv va boshqa moddalarni saqlash, tashish va ulardan foydalanish chog‘ida atrof tabiiy muhitning ortiqcha darajada ifloslanishi, tabiat tizimlarining shikast topishi, inson salomatligi va hayotiga ziyon yetishi tahdidi bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyatlar tushuniladi.

Ekologiya nuqtai nazaridan xavf tug‘diradigan vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining idoralari tegishli ishlab chiqarish obyektlari atrofida, transport magistral yo‘llari bo‘ylab alohida huquqiy tartib o‘rnatadilar.

X. XO‘JALIK FAOLIYATI VA BOSHQA YO‘SINDAGI FAOLIYATGA DOIR EKOLOGIYA TALABLARI

41-modda. Korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish, rekonstruksiyalash, ulardan foydalanish va ularni tugatishga doir ekologiya talablari

Korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish, rekonstruksiyalash, kengaytirish va texnika bilan qayta uskunalash, ulardan foydalanish va ularni tugatish chog‘ida ekologiya xavfsizligi talablari bajarilmog‘i, tabiatni muhofaza qilish chora-tadbirlari nazarda tutilmog‘i lozim.

Korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, ayrim shaxslar chiqitsiz va kamchiqit texnologiyalarni joriy etishlari, chiqindilarning hosil bo‘lishini kamaytirishlari, ularni zararsizlantirishlari va qayta ishlashlari, chiqindilarni navlarga ajratish, to‘plash, ko‘mib tashlash va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etishlari shart.

Faoliyati atrof tabiiy muhitga ancha zararli ekologik ta’sir etishi mumkin bo‘lgan yirik xalq xo‘jalik obyektlarini rivojlantirish va joylashtirish to‘g‘risidagi qarorlar davlat ekologiya ekspertizasi xulosasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.

Ekologiya talablariga javob bermaydigan obyektlarni foydalanishga topshirish man etiladi.

42-modda. Radioaktiv va kimyoviy moddalarni ishlatish paytidagi ekologiya talablari

Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ayrim fuqarolar radioaktiv va kimyoviy moddalarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish, qo‘llash, zararsizlantirish hamda ko‘mib tashlash chog‘ida ekologiya talablariga, belgilangan normativlar va qoidalarga rioya qilishlari, ularni qo‘llashning zararli oqibatlari oldini olish va bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rishlari, mazkur normativlardan oshib ketilgani taqdirda radiatsiya va kimyoviy xavfsizlikni ta’minlash idoralarini darhol xabardor etishlari shart.

Radioaktiv chiqindilarni va kimyoviy moddalarni ko‘mib tashlashga davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi bo‘lganda, davlat sanitariya va konchilik nazorati organlari bilan kelishilganda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

43-modda. Tabiatni shovqin, tebranish, elektrmagnit maydonlari va boshqa zararli fizik ta’sirlardan muhofaza qilish

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, ayrim shaxslar zararli ishlab chiqarish shovqinlari, tebranish, elektrmagnit maydonlarining va zararli fizik ta’sirlar ko‘rsatuvchi boshqa omillarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishlari shart.

44-modda. Tabiatni nazorat etilmaydigan va zararli biologik ta’sirlardan muhofaza qilish

Tabiatga zararli biologik ta’sir o‘tkazayotgan yoki o‘tkazishi mumkin bo‘lgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar bunday ta’sir oqibatlarining oldini olish va ularni bartaraf etish tadbirlarini amalga oshirishlari shart.

Yangi mikroorganizmlar, viruslar va shakllar hosil qilishga va foydalanishga, shuningdek ularni O‘zbekiston Respublikasiga olib kelishga faqat davlat sanitariya nazorati organlarining ijobiy xulosasi bo‘lganidagina ruxsat etiladi.

45-modda. Tabiatni chiqindilar bilan ifloslanishdan muhofaza qilish

Chiqindilarni aholi punktlari yerlarida, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlarda, moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan yerlarda, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, shuningdek tabiatni muhofaza qilish obyektlariga hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zarar yetkazish tahdidi kelib chiqishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda saqlash va bunday joylarga ko‘mib tashlash taqiqlanadi.

Alohida hollarda, maxsus tadqiqotlar natijalariga ko‘ra fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i, atrof muhit xavfsizligini, tabiiy resurslar saqlanishini ta’minlash talablariga rioya etgan holda chiqindilarni yer ostiga ko‘mib tashlashga yo‘l qo‘yiladi.

Chiqindilarni qayta ishlash, ularni poligonlarda ko‘mib tashlash va saqlash davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.

46-modda. Ekologik sertifikatlash

Ekologik yoki gigiyenik sertifikatlarga ega bo‘lmagan, shuningdek ularda belgilangan talab ko‘rsatkichlaridan chetlangan holda xom ashyo va materiallardan foydalanish, texnologiya jarayonlarini joriy etish hamda tayyor mahsulotlar (shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlari) chiqarish taqiqlanadi. Ekologik sertifikatlash qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ham o‘tkaziladi.

Ekologik sertifikatlash tartibini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.

XI. TABIATNI MUHOFAZA QILISHGA DOIR QONUNCHILIKNI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK, TABIATNI MUHOFAZA QILISHGA OID NIZOLARNI HAL QILISH

47-modda. Tabiatni muhofaza qilishga doir qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Tubandagi hollarda:

tabiatni muhofaza qilishning standartlari, normalari, qoidalari va boshqa normativ-texnik talablarini buzishda, shu jumladan korxonalar, inshootlar, transport vositalari va boshqa obyektlarni rejalashtirish, qurish, rekonstruksiyalash, ulardan foydalanish yoki ularni tugatish chog‘ida, ekologiya nuqtai nazaridan xavfli mahsulotlarni chet ellarga chiqarish va chet ellardan olib kelishda hududning belgilab qo‘yilgan ekologiya sig‘imini, ekologiya normalari, qoidalarini buzishda;

tabiiy boyliklardan o‘zboshimchalik bilan foydalanishda, davlat ekologiya ekspertizasi talablarini bajarmaganlikda;

tabiiy resurslardan foydalanganlik uchun belgilangan to‘lovni, shuningdek atrof muhitni ifloslantirganlik va unga zararli ta’sir ko‘rsatishning boshqa turlari uchun kompensatsiya to‘lovlari to‘lashdan bosh tortganlikda;

tabiatni muhofaza qilish obyektlarini qurish rejalarini, tabiatni muhofaza qilishga doir boshqa tadbirlarni bajarmaslikda;

atrof tabiiy muhitni tiklash, unga bo‘ladigan zararli ta’sir oqibatlarini bartaraf etish va tabiiy resurslarni takror ishlab chiqarish choralarini ko‘rmaganlikda;

tabiatni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirayotgan idoralarning ko‘rsatmalarini bajarmaganlikda;

tabiatni muhofaza qilish obyektlari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning huquqiy rejimini buzganlikda;

atrof tabiiy muhitga zararli ta’sirni hisobga olish qoidalarini buzganlikda;

47-modda. Tabiatni muhofaza qilishga doir qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik (davomi)

chiqindilarni, kimyolashtirish vositalarini, shuningdek radioaktiv va zararli kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan foydalanish, ularni zararsizlantirish va ko‘mib yuborish vaqtida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlikda;

atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning obyektlarga borishiga, ayrim shaxslar va tabiatni muhofaza qilish jamoat tashkilotlariga esa o‘z huquq va vazifalarini ro‘yobga chiqarishlariga to‘sqinlik qilganlikda;

atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasidan foydalanish talablarini buzganlikda;

atrof tabiiy muhitning holati va uning resurslaridan foydalanish to‘g‘risida o‘z vaqtida va to‘g‘ri axborot berishdan bosh tortganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga binoan intizomiy, ma’muriy, jinoiy va boshqa yo‘sindagi javobgarlikka tortiladilar.

48-modda. Atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatayotgan obyektlar faoliyatini cheklash, to‘xtatib qo‘yish, tugatish va o‘zgartirish

Korxonalar, tashkilotlar, inshootlar va boshqa obyektlarning inson salomatligiga yoki yashash sharoitiga, tabiiy resurslarga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zararli ta’sir etgan yoki bunday ta’sir etish xavfi tug‘ilgan taqdirda ularning faoliyati cheklanishi, to‘xtatib qo‘yilishi, zararli ta’sir etish sabablarini bartaraf etishning imkoni bo‘lmagan taqdirda esa tugatilishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.

Bunday obyektlarning faoliyatini cheklash, to‘xtatib qo‘yish, tugatish yoki o‘zgartirish hamda ayni vaqtda ularni pul bilan ta’minlashni to‘xtatish xususidagi qarorlarni davlat hokimiyati organlari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, o‘z vakolatlariga muvofiq ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari chiqaradilar. Ko‘rsatilgan choralar tadbirkorlik subyektlariga nisbatan sud tartibida qo‘llaniladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘iga atrof tabiiy muhitning normativdan ortiq darajada ifloslanishi bilan bog‘liq xavf yuzaga kelishining oldini olish maqsadida faoliyatni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib qo‘yish hollari mustasno.

49-modda. Tabiatni muhofaza qilish qonunchiligini buzish oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash majburiyati

Atrof tabiiy muhitga zarar yetkazgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ayrim shaxslar yetkazgan zararni, shu jumladan boy berilgan foyda o‘rnini qonunchilikka muvofiq qoplashlari shart.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilik talablarini buzganlikda ayblanayotganlarning ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi, shuningdek ushbu sohadagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi ularni atrof tabiiy muhitga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash majburiyatidan ozod etmaydi.

50-modda. Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Tabiatdan maxsus ravishda foydalanishni oqilona amalga oshirmaganlik, atrof tabiiy muhitga ifloslantiruvchi moddalar chiqarish va oqizishni, chiqindilarni joylashtirishni normativ va limitlarda belgilanganidan ko‘paytirib yuborganlik uchun korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ayrim shaxslarga O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq oshirilgan soliq solinishi kerak.

Tegishli hollarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlarining qaroriga muvofiq aytib o‘tilgan qoidabuzarliklarning sabablariga barham berilgunga qadar yuridik va jismoniy shaxslarning xo‘jalik faoliyatini pul bilan ta’minlash to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. Ko‘rsatilgan chora tadbirkorlik subyektlariga nisbatan sud tartibida qo‘llaniladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘iga atrof tabiiy muhitning normativdan ortiq darajada ifloslanishi bilan bog‘liq xavf yuzaga kelishining oldini olish maqsadida xo‘jalik faoliyatini moliyalashtirishni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib qo‘yish hollari mustasno.

50¹-modda. Atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasidan foydalanish talablarini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar

Atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga ma’lumotlarni kiritmaganlik, to‘liq kiritmaganlik yoki noto‘g‘ri ma’lumot kiritganlik uchun atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima tarzida moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiya yuridik shaxslar aniqlangan huquqbuzarliklardagi aybini tan olganda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan qo‘llaniladi, nizo mavjud bo‘lgan hollarda yoki yuridik shaxs O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining qarorini olgan kundan e’tiboran bir oy ichida moliyaviy sanksiya summasini ixtiyoriy ravishda to‘lamagan hollarda, moliyaviy sanksiyani qo‘llash to‘g‘risidagi masala sud tomonidan hal etiladi.

Bilimingizni sinang

«Tabiatni muhofaza qilish» to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, ekologiya nuqtai nazaridan xavf tug‘diradigan vaziyatlar deganda qaysi moddalar bilan bog‘liq vaziyatlar tushuniladi?
  1. Vazirlik tomonidan birinchi darajali xavfli moddalar jumlasiga kiritilgan o‘ta zaharli, kuchli ta’sir etuvchi zaharli, radioaktiv va boshqa moddalar
  2. Vazirlik tomonidan birinchi darajali xavfli moddalar jumlasiga kiritilgan o‘ta zaharli, portlovchi, yonuvchi va boshqa tez alangalanuvchi moddalar
  3. Mahalliy hokimlik tomonidan ikkinchi darajali xavfli moddalar jumlasiga kiritilgan o‘rta zaharli, radioaktiv va boshqa kimyoviy moddalar
  4. Vazirlik tomonidan uchinchi darajali xavfli moddalar jumlasiga kiritilgan kam zaharli, kuchsiz ta’sir etuvchi va boshqa kundalik moddalar

To‘g‘ri javob: Vazirlik tomonidan birinchi darajali xavfli moddalar jumlasiga kiritilgan o‘ta zaharli, kuchli ta’sir etuvchi zaharli, radioaktiv va boshqa moddalar. 40-moddaga ko‘ra, bunday vaziyatlar birinchi darajali xavfli moddalarni saqlash, tashish va ishlatish bilan bog‘liq.

Kimyo zavodining omborida saqlanayotgan kimyoviy moddalar miqdori belgilangan normativdan oshib ketdi. Qonunga ko‘ra, zavod nima qilishi shart?
  1. Radiatsiya va kimyoviy xavfsizlikni ta’minlash idoralarini darhol xabardor etishi shart
  2. Atrof-muhit holatini mustaqil kuzatib borib, ekologiya organiga yil yakunida hisobot beradi
  3. Faqat korxona rahbariyatini va ishchilarni xabardor etishi, boshqa idoralarni emas, shart
  4. Moddalar miqdorini kamaytirgunga qadar hech kimni xabardor qilmasdan ishlashni davom ettirishi shart

To‘g‘ri javob: Radiatsiya va kimyoviy xavfsizlikni ta’minlash idoralarini darhol xabardor etishi shart. 42-moddaga ko‘ra, normativlardan oshib ketilganda idoralar darhol xabardor qilinadi.

Chiqindilarni qayta ishlash, ularni poligonlarda ko‘mib tashlash va saqlash qanday shart bajarilganda amalga oshiriladi?
  1. Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi bo‘lgan taqdirda
  2. Mahalliy hokimlikning yozma ruxsati va shartnomasi bo‘lgan taqdirda
  3. Davlat ekologik ekspertizasining salbiy xulosasi bo‘lmagan taqdirda
  4. Qo‘shni korxonalar roziligi va jamoatchilik fikri bo‘lgan taqdirda

To‘g‘ri javob: Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi bo‘lgan taqdirda. 45-moddaga ko‘ra, bu ishlar davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.

Atrof tabiiy muhitga zarar yetkazgan korxona yetkazilgan zararni qanday hajmda qoplashi shart?
  1. Zararni, shu jumladan boy berilgan foyda o‘rnini ham qonunchilikka muvofiq qoplashi shart
  2. Faqat real zararni, boy berilgan foyda o‘rnini qoplamasdan, qonunchilikka muvofiq qoplashi shart
  3. Zararning faqat yarmini, shu jumladan jarima o‘rnini qonunchilikka muvofiq qoplashi shart
  4. Zararni, shu jumladan ma’naviy zarar o‘rnini ham faqat sudning qarori bo‘lgandagina qoplashi shart

To‘g‘ri javob: Zararni, shu jumladan boy berilgan foyda o‘rnini ham qonunchilikka muvofiq qoplashi shart. 49-moddaga ko‘ra, zarar boy berilgan foyda bilan birga qoplanadi va javobgarlik uni qoplashdan ozod etmaydi.

Aholi hayoti va sog‘lig‘iga ekologik xavf yuzaga kelishining oldini olish maqsadida xo‘jalik faoliyatini moliyalashtirishni sudsiz to‘xtatib qo‘yish qancha muddatdan oshmasligi kerak?
  1. O‘n besh ish kunidan
  2. O‘n ish kunidan
  3. Besh ish kunidan
  4. Bir oydan

To‘g‘ri javob: O‘n ish kunidan. Favqulodda vaziyat va ekologik xavfning oldini olishda moliyalashtirish o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatilishi mumkin.

Atrof-muhit davlat monitoringi geoaxborot bazasiga ma’lumot kiritmagan I va II toifa yuridik shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining qancha baravaridan uch yuz baravarigacha jarima solinadi?
  1. Besh yuz baravaridan
  2. Ikki yuz baravaridan
  3. Ellik baravaridan
  4. Yuz baravaridan

To‘g‘ri javob: Yuz baravaridan. Bunday huquqbuzarlik uchun jarima bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha belgilangan.

Tabiatni muhofaza qilish qonuniga ko‘ra, yangi mikroorganizmlar va viruslarni O‘zbekistonga olib kelishga qaysi organ ijobiy xulosasi bo‘lganidagina ruxsat etiladi?
  1. Davlat sanitariya nazorati organlari
  2. Davlat bojxona qo‘mitasi organlari
  3. Davlat soliq xizmati organlari
  4. Davlat statistika qo‘mitasi organlari

To‘g‘ri javob: Davlat sanitariya nazorati organlari. Bunday ruxsat faqat davlat sanitariya nazorati organlarining ijobiy xulosasi bo‘lganda beriladi.

Radioaktiv chiqindilarni ko‘mib tashlash uchun ekologik ekspertiza xulosasi va nazorat organlari kelishuvidan tashqari yana kimning roziligi kerak?
  1. Prezident Administratsiyasi va Qonunchilik palatasi qo‘mitalari
  2. Vazirlar Mahkamasi va Oliy Majlis Senati kengashi
  3. Davlat xavfsizlik xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligi
  4. Jo‘qorg‘i Kenges, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari

To‘g‘ri javob: Jo‘qorg‘i Kenges, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari. Ko‘mib tashlashga Jo‘qorg‘i Kenges, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiJamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasi (3/5)Keyingi →Tabiatni muhofaza qilishga doir qonunchilikni buzish oqibatida zarar y … (5/5)