XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · O‘zbekiston tarixi · 1–2-§

Qipchoq dashti va Movarounnahrdagi siyosiy vaziyat

XV ASRNING OXIRI – XVI ASRNING BOSHLARIDA TURONDA SIYOSIY VAZIYAT

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Qipchoq dashtiga qaysi hududlar kirganligini bilasizmi? 2. Sulton Husayn Mirzo hukmronligining so‘nggi yillarida Xurosonda siyosiy vaziyat qanday edi? 3. Badiuzzamon va Sulton Husayn Boyqaro o‘rtasida kelib chiqqan nizo Shayboniyxonga qanday imkoniyat beradi?
Savollar: 4. Zahiriddin Muhammad Bobur haqida nimalarni bilasiz?

Tarix saboqlari

Abulxayrxon Qipchoq dashtidagi turk-mo‘g‘ul qabilalarining 200 dan ortiq sarkardalarining qo‘llab-quvvatlashi natijasida Sharqiy Qipchoq dashtini birlashtiradi. Abulxayrxon Chingizxonning katta o‘g‘li Jo‘jixonning beshinchi o‘g‘li Shaybonning avlodi bo‘lib, shayboniylar sulolasining atalishi ham shu jihat bilan bog‘liqdir. Abulxayrxonning katta buvasi Po‘lat Sulton esa shayboniylar avlodiga mansub bo‘lgan. 1428-yilda Sibir g‘arbidagi Tura shahrini bosib oladi va uni davlat poytaxtiga aylantiradi. Abulxayrxon o‘z davlatini Oltin O‘rdadan mustaqil deb e’lon qiladi. 1430-yilda Xorazmni ishg‘ol qilgach, “Ulug‘ xon” unvonini qabul qiladi. Ammo tez orada Xorazmni tark etishga majbur bo‘ladi.

Tarix saboqlari

1446-yilda temuriylarga qarashli Sirdaryoning o‘rta oqimida joylashgan Sig‘noq, Oqqo‘rg‘on, Arquq va O‘zgan shaharlarini bosib oladi. Poytaxtini Turadan Sig‘noqqa ko‘chiradi. Shu tariqa Abulxayrxon Temuriylar davlatining qo‘shnisiga aylanadi. Shahzodalarning taxt uchun kurashida goh unisini, goh bunisini qo‘llab, Temuriylar davlatining siyosiy hayotiga aralasha boshlaydi.

Abulxayrxon o‘zining raqiblarini turli yo‘llar bilan mag‘lub etadi. Oqibatda Oltin O‘rda xoni Baroqxonning o‘g‘illari Girayxon va Jonibekxonlar Mo‘g‘uliston xoni Isobug‘axon (Eson Buqo) huzuriga qochib boradilar. Xon ularga G‘arbiy Mo‘g‘uliston deb hisoblanuvchi hududlardan Chu vodiysi va Yettisuv o‘lkalarining bir qismini beradi. Bu joy keyinchalik Abulxayrxon ta’qibidan qochgan sultonlar uchun boshpanaga aylanadi va ular 1465–1466-yillarda Qozoq xonligiga asos soladilar.

Bilasizmi?

Amir Temur davrida o‘zbek davlatiga bo‘ysundirilgan Jo‘ji ulusidagi siyosiy hayot nazorati keyingi temuriylar hukmronligi yillarida qo‘ldan chiqib ketadi.

XV asr o‘rtalariga kelib esa, mazkur hudud, xususan, Yoyiq (Ural) daryosidan Balxash ko‘ligacha, Sirdaryo quyi oqimlaridan Tobol va Irtish daryolarigacha bo‘lgan hududda hukmronlik qilayotgan Abulxayrxon Turonda kechayotgan siyosiy jarayonga aralasha boshlaydi.

Volga

Balxash k.

Manbalarda

Abulxayrxon 1412-yilda tug‘ilgan. Erta yetim qolib, Shayboniy avlodlarining boshqa bir vakili Jumadulxonga xizmat qilishi va uning dashtlarda hokimiyat uchun kurashida qatnashishiga to‘g‘ri keladi. 16 yoshida Abulxayr-o‘g‘lon asir tushadi, lekin mang‘it beylarining qarori bilan ozod qilinadi. Jumadulxonning o‘limidan so‘ng u tezda o‘zbek ulusining ko‘plab qabilalari sardorlari qo‘llab-quvvatlashiga erishadi.

1428-yil Turada (G‘arbiy Sibir) Abulxayr xon deb e’lon qilinadi. Abulxayrxonni saylashda qatnashganlar orasida nafaqat sultonlar, qabilalar va urug‘larning rahnamolari, bahodirlar, balki musulmon ulamolarining vakillari ham bor edi...

Manbalarda

Abulxayrxon ayni paytda o‘zbek ulusining siyosiy hayotida muhim rol o‘ynagan Mang‘it amirlariga ham tayangan. Agar Mang‘it amiri Yedigeyning o‘g‘li Mansur Baroqxon voqealarida faol ishtirok etgan bo‘lsa, Abulxayrning yuksalishida o‘sha Yedigeyning nabirasi Vaqqosbey muhim rol o‘ynadi.

Yosh xon dastlab Nuriddinning o‘g‘li Vaqqosbey bilan qalin do‘st edi.

Mas’ud bin Usmoniy Kuhistoniyning “Abulxayrxon tarixi” asaridan

O‘ylab ko‘ring

Quyi sinflarda olgan bilimlaringizga tayanib quyidagi vazifalarni bajaring: 1. Abulxayrxon davlati tarkibiga Turk xoqonligining qaysi hududlari kirganini aniqlang. Mazkur har ikki davlat hududini zamonaviy xaritadan ko‘rsating.

Savollar: 2. Temuriylar imperiyasining qaysi hududlari Abulxayrxon davlati tarkibiga kirgan? 3. Abulxayrxon qanday qilib Turonda yuz berayotgan siyosiy vaziyatlarga tortilgan?

Tarix saboqlari

Ulug‘bek fojiasidan so‘ng taxtga chiqqan Abdullatif o‘ldirilgach, Samarqandda Ulug‘bekning kuyovi Abdulloh Mirzo, Buxoroda esa Mironshohning nabirasi Sulton Abu Saidlar podshoh qilib ko‘tariladi. Abdulloh Mirzo mamlakat barqarorligini tiklash uchun barcha choralarni ko‘radi, ammo temuriylar taxtida uzoq vaqt o‘tira olmaydi.

Avval u amakivachchasi Abu Said bilan kurashadi. O‘zaro janglarning birida Abdulloh Mirzo halok bo‘ladi. Abu Said esa Abulxayrxon yordamida Samarqand taxtini egallaydi. Shu tariqa Movarounnahr hukmdoriga aylanadi.

Temuriylar mulkining Xuroson qismi bu davrda Shohruxning nabirasi Abulqosim Bobur tasarrufida edi. 1457-yilda Abulqosim Bobur vafot etgach, Abu Said Hirot shahrini egallab, saltanatning har ikki qismini birlashtiradi. Bu davrda Sulton Husayn Boyqaro (Umarshayx Mirzoning chevarasi) Xorazmni egallab oladi.

Tarix saboqlari

1469-yilda esa Husayn Boyqaro Hirot taxtini egallaydi. Natijada Temuriylar davlati ikki mustaqil qismga bo‘linib ketadi.

Movarounnahrda birin-ketin Abu Saidning o‘g‘illari Sulton Ahmad Mirzo, Sulton Mahmud Mirzo va Sulton Ali Mirzolar hukmronlik qiladilar.

1494-yilda Farg‘ona hokimi Umarshayx Mirzo 39 yoshida vafot etadi. 12 yoshli o‘g‘li Bobur valiahd sifatida taxtga o‘tqaziladi. Shu davrdan boshlab Bobur uchun bolalikning sho‘xliklari, erkaliklari ortda qoladi. Davlatni boshqarish, uni turli ichki va tashqi dushmanlardan himoya qilish endi Boburning zimmasiga tushadi.

Boburning siyosiy maqsadi Amir Temur saltanatini qayta tiklash edi.

Tarix saboqlari

Umarshayx Mirzoga tobe bir necha bek va hokimlar yosh Boburga bo‘ysunishdan bosh tortadilar.

Ularning ayrimlari Boburning ukalarini yoqlasa, ba’zilari mustaqillik da’vosini qiladilar. Yana boshqa birlari esa Boburning amaki va tog‘alariga qo‘shilib, uni jismonan yo‘q qilish payiga tushishadi.

Bobur o‘z hukmronligining dastlabki yillarida amakisi Sulton Ahmad Mirzo va tog‘asi Sulton

Mahmudxonning xurujlarini daf qilib, mavqeyini mustahkamlash, bek va amaldorlar bilan o‘zaro munosabatni yaxshilash, qo‘shinni tartibga keltirish, davlat ishlarida intizom o‘rnatish kabi muhim chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Ikki marta Samarqandni egallash uchun qilgan harakati muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Nihoyat 1497-yilning kuzida 7 oylik qamaldan keyin Bobur Samarqandni egallaydi.

Tarix saboqlari

Ammo qamal natijasida sovuq va ochlikdan Bobur qo‘shinining ahvoli tanglashadi. Natijada ko‘pgina navkarlar Boburni tashlab ketadilar. Andijonda qolgan beklar Boburga qarshi isyon ko‘taradilar. Bobur esa Samarqandni tashlab Andijonga yo‘l olishga majbur bo‘ladi. Ikki yillik kurashdan so‘ng Andijonni qaytarib oladi.

Temuriylarning o‘zaro kurashlari kuchaygan kezlarda Shayboniyxon Movarounnahrni istilo qilishga kirishadi. 1501-yil aprelida Zarafshon bo‘yidagi Saripul qishlog‘i yaqinida Shayboniyxon bilan bo‘lgan jangda Bobur qo‘shini yengiladi va Samarqandga chekinadi.

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Voqealarni tahlil qiling. Nima uchun temuriyzodalar Shayboniyxonga qarshi kurashda o‘zaro kelisha olmadilar? Fikringizni asoslash uchun 3 ta dalil keltiring.
Savollar: 2. Nima deb o‘ylaysiz, Bobur Andijonni qaytarib olganidan so‘ng uning hokimiyati mustahkamlandimi?
Savollar: 3. Ushbu matnni diqqat bilan o‘qing. “...qamal natijasida sovuq va ochlikdan Bobur qo‘shinining ahvoli tanglashadi. Natijada ko‘pgina navkarlar Boburni tashlab ketadilar”. Bobur qo‘shinining iqtisodiy ahvoliga baho bering va buning sabablarini taxmin qiling. Nima uchun Boburning qo‘shini tang bo‘lib qoldi?

Temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, Hindistonda boburiylar sulolasi asoschisidir.

O‘ylab ko‘ring

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483-yil 14-fevralda Andijonda, Farg‘ona viloyati hokimi Umarshayx Mirzo xonadonida tavallud topgan. Onasi Qutlug‘ Nigorxonim Toshkent hokimi Yunusxonning qizi edi.

Tarix saboqlari

Shahar Shayboniyxon tomonidan yana to‘rt oy qamal qilinadi. Qamalda qolgan shahar aholisining ochlikdan tinkasi quriydi. Oqibatda Bobur 1501-yilning ikkinchi yarmida Samarqandni tark etadi.

Bobur Shayboniyxonga qarshi bir necha yil davomida muttasil kurash olib borsa-da, ammo mamlakatda hukm surgan og‘ir siyosiy parokandalik tufayli maqsadiga erisha olmaydi.

O‘ylab ko‘ring

Savollar: Nima deb o‘ylaysiz, siyosiy parokandalik mamlakat iqtisodiga ta’sir ko‘rsatadimi? Nima uchun? Fikringizni asoslang.

Tarix saboqlari

Bobur Samarqand taxti uchun kurashayotgan paytda uning eng ishongan beklaridan biriga aylangan harbiy amaldor Ahmad Tanbal Andijonni egallab oladi. 1501–1504-yillarda Boburning Farg‘ona mulkini qaytarib olish uchun olib borgan kurashi muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi. Temuriylarning to‘xtovsiz janglari va og‘ir soliqlaridan toliqqan xalq Boburni qo‘llamaydi. Bobur 1504-yilda Movarounnahrni tark etishga majbur bo‘ladi. Bobur 200–300 navkari bilan Hisor tog‘lari orqali Afg‘onistonga o‘tadi va u yerdagi ichki nizolardan foydalanib G‘azna va Kobulni egallaydi. Kobulni egallagach, mustaqil davlat tuzishga jadal kirishadi. Qo‘shinni tartibga keltiradi va qattiq ichki intizom o‘rnatadi.

Tarix saboqlari

“Boburnoma”

Bobur nomini dunyoga mashhur qilgan shoh asari

“Boburnoma”ni 1518–1519-yillarda yoza boshlagan.

Manbalarda

1519-yil bahoriga kelib Bobur Hindistonni zabt etish rejalarini amalga oshirishga kirishadi va keyingi 5–6 yil davomida bir necha yurishlar uyushtiradi. 1526-yil aprelda Panipatda asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning yuz ming kishilik qo‘shinini 12 ming kishilik qo‘shin bilan tor-mor qiladi hamda Dehlini egallaydi.

Bobur bilan Alisher Navoiy o‘rtasida yozishmalar bo‘lgan. Davlat arbobi va ko‘p vaqti jang-u jadallarda o‘tgan sarkarda sifatida ijtimoiy faoliyatining eng qizg‘in davrida ham, shaxsiy hayoti va davlati nihoyatda murakkab va xatarli sharoitda qolgan chog‘larida ham Bobur ijodiy ishga vaqt topa bilgan. San’at, ijod va ilm ahlini o‘z atrofiga to‘plab, homiylik qilgan, ularni rag‘batlantirgan. Hozirda uning 119 ta g‘azali, bir masnu’ (ham gorizontal, ham vertikal tomonidan o‘qish mumkin bo‘lgan janr) she’ri, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq va qit’alari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibidan umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham o‘rin olgan. 1521-yil Hindistonga yurishlari davrida Bobur valiahd Humoyun va Komron Mirzolarga dasturulamal sifatida mo‘ljallangan “Mubayyin” asarini yaratgan. Masnaviy tarzida yozilgan, islom huquqshunosligi va shariat aqidalariga bag‘ishlangan bu asarda Movarounnahr va Hindistonga oid o‘sha davr ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar ham jamlangan.

Manbalarda

Uzoqdan qorasi ko‘ringan Sulton Ibrohimning qo‘shini hech yerda to‘xtamay tezlik bilan bizga qarab kelaverdi. Yaqinroq kelgach, ularga qoramiz ko‘rindi. Bizning saf tortib, jangga shay turganimizni ko‘rib, ular nima qilishlarini bilmay taraddudlanib qoldilar. Esankirab, turishni ham, kelishni ham bilmay, na joyida turoldi, na avvalgidek tezlik bilan to‘xtamasdan ilgarilashni o‘yladi. To‘lg‘amaga tayinlangan askarlarga o‘ng va chap qo‘ldan dushmanning orqa tomoniga o‘tib, o‘q otib urush boshlashlari, o‘ng va chap qanotlardagilar ham dushman bilan olishishlari uchun farmon bo‘ldi. To‘lg‘amadagilar dushman orqasiga o‘tib, o‘q ota boshladilar. Chap qanotdagi Mahdiy Xoja jangni hammadan oldin boshlab yubordi. Mahdiy Xojaga qarshi bir to‘da askar bir fil bilan bostirib keldi. Mahdiy Xojaning odamlari ko‘p o‘q yog‘dirib, ularni chekinishga majbur qildi. Chap qanotga markazdan Ahmadiy parvonachi, Turdibek Qo‘chbek va Muhib Ali xalifa yordamga yuborildi.

Manbalarda

O‘ng qanotda ham jang boshlanib ketdi. Muhammad Ali ko‘kaldosh, Shoh Mansur barlos, Yusuf Ali va Abdulloga markaz qo‘shini oldida turib jang boshlash buyurildi. Ustod Aliquli ham markaz qo‘shini oldida turib farangidan otdi. Mustafo to‘pchi ham markaziy qo‘shinning chap qanotidagi arava ustidagi zarbzandan (to‘pga o‘xshash qurol) yaxshi zarbalar berdi. O‘ng qanot, chap qanot, markaz va to‘lg‘amadagilar dushmanni har tarafdan o‘rab olib, ustiga o‘q yog‘dirib, jangni astoydil qizitdilar. Dushman o‘ng va chap qanotlarga bir-ikki marta qisqa-qisqa hamlalar ham qildi. Bizning jangchilarimiz ularning ustiga o‘q yog‘dirib, yana markaz tomonga siqib keldilar. Dushmanning o‘ng va chap qanoti bir yerga to‘planib qolib, shu darajada tiqilinchlik hosil bo‘ldiki, na oldinga yurishga, na orqaga qochishga yo‘l topoldilar. Oftob bir nayza bo‘yi ko‘tarilganda urushni tezlashtirishga chaqirildi.

Manbalarda

Tushgacha jang davom etdi. Kun tushga yetganida dushman yengildi va yakson qilindi. Tangri taolo fazl-u karami bilan bunday qiyin ishni bizga oson qildi va shu qadar ko‘psonli lashkarni yarim kunda yer bilan yakson qildi.

Zahiriddin Muhammad Boburning

“Boburnoma” asaridan

“Boburnoma”ga ishlangan miniatyura

Loyiha ishi

Savollar: 1. Siz Boburning o‘rnida bo‘lganingizda qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz? Har bir harakatingizni asoslang.
Savollar: 2. Bobur Shayboniyxondan yengilib, Samarqandni tashlab chiqadi, lekin u tarixda mohir sarkarda sifatida tilga olinadi. Buning sababi nimada? Fikr bildirishdan avval “Boburnoma”dan Panipat jangi tafsilotlarini o‘qing.
Savollar: 3. Bobur hayotidagi muhim voqealar tarixini infografikada aks ettiring. 4. Bobur har bir siyosiy va harbiy harakatlarini amalga oshirgan paytidagi yoshini aniqlang. 5. Qaysi jarayonda Bobur sizning yoshingizda bo‘lgan? 6. Jahon tarixidan olgan bilimlaringizga tayanib “Bobur – mohir sarkarda”, “Hindistonda Boburiylar imperiyasi” kabi mavzularda taqdimot tayyorlang.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Abulxayrxon Sibir g‘arbidagi Tura shahrini qaysi yilda bosib olib, uni davlat poytaxtiga aylantirgan?
  1. 1435-yilda
  2. 1428-yilda
  3. 1424-yilda
  4. 1446-yilda

To‘g‘ri javob: 1428-yilda. Abulxayrxon 1428-yilda Sibir g‘arbidagi Tura shahrini bosib oladi va uni davlat poytaxtiga aylantiradi.

Abulxayrxon Xorazmni qaysi yilda ishg‘ol qilgan?
  1. 1430-yilda
  2. 1428-yilda
  3. 1412-yilda
  4. 1446-yilda

To‘g‘ri javob: 1430-yilda. Abulxayrxon 1430-yilda Xorazmni ishg‘ol qilgan, ammo tez orada uni tark etishga majbur bo‘lgan.

Abulxayrxon Xorazmni ishg‘ol qilgach, qanday unvonni qabul qilgan?
  1. Buyuk sulton
  2. Amir ul-umaro
  3. Ulug‘ xon
  4. Sohibqiron

To‘g‘ri javob: Ulug‘ xon. Xorazmni ishg‘ol qilgach, Abulxayrxon “Ulug‘ xon” unvonini qabul qilgan.

Abulxayrxon Sharqiy Qipchoq dashtini birlashtirishda necha sarkardaning qo‘llab-quvvatlashiga tayangan?
  1. 200 dan ortiq
  2. 50 dan ortiq
  3. 100 ga yaqin
  4. 500 dan ortiq

To‘g‘ri javob: 200 dan ortiq. Turk-mo‘g‘ul qabilalarining 200 dan ortiq sarkardasi uni qo‘llab-quvvatlagan.

Shayboniylar sulolasi nomi Jo‘jixonning beshinchi o‘g‘li bo‘lgan qaysi shaxs nomi bilan bog‘liq?
  1. Berkexon
  2. Shaybon
  3. Batuxon
  4. O‘rdaxon

To‘g‘ri javob: Shaybon. Abulxayrxon Jo‘jixonning beshinchi o‘g‘li Shaybonning avlodi bo‘lgan.

Abulxayrxon 1428-yilda qaysi shaharni bosib olib, davlat poytaxtiga aylantirgan?
  1. Sig‘noqni
  2. Xorazmni
  3. Turani
  4. Urganchni

To‘g‘ri javob: Turani. U Sibir g‘arbidagi Tura shahrini poytaxt qilgan.

Abulxayrxon 1430-yilda Xorazmni ishg‘ol qilgach, qanday unvonni qabul qilgan?
  1. “Sohibqiron”
  2. “Amir ul-umaro”
  3. “Xoqon”
  4. “Ulug‘ xon”

To‘g‘ri javob: “Ulug‘ xon”. 1430-yilda Xorazmni olgach, “Ulug‘ xon” unvonini qabul qilgan.

Abulxayrxon Sharqiy Qipchoq dashtini birlashtirishida qaysi omil hal qiluvchi bo‘ldi?
  1. Temuriylar hukmdorining 200 dan ortiq jangchi yuborib, unga harbiy yordam bergani
  2. Turk-mo‘g‘ul qabilalarining 200 dan ortiq sarkardasi uni qo‘llab-quvvatlagani
  3. Oltin O‘rda xonining unga hokimiyatni ixtiyoriy topshirib, qo‘shinini bergani
  4. Xorazmdan olingan boyliklar hisobiga yollanma katta qo‘shin yig‘ib olgani

To‘g‘ri javob: Turk-mo‘g‘ul qabilalarining 200 dan ortiq sarkardasi uni qo‘llab-quvvatlagani. Matnga ko‘ra, Abulxayrxon dashtni 200 dan ortiq sarkardaning qo‘llab-quvvatlashi natijasida birlashtirgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
Keyingi →Movarounnahrda Shayboniy hukmronligining o‘rnatilishi