XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · O‘zbekiston tarixi · 3-§

Movarounnahrda Shayboniy hukmronligining o‘rnatilishi

XV ASRNING OXIRI – XVI ASRNING BOSHLARIDA TURONDA SIYOSIY VAZIYAT

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Nima deb o‘ylaysiz, Movarounnahrda yuzaga kelgan vaziyatda Bobur o‘z hukmronligini saqlab qolishi mumkinmidi?
Savollar: 2. Abulxayrxon Turonda yuz berayotgan siyosiy vaziyatdan qanday foydalangan edi? Siz Abulxayrxonning o‘rnida bo‘lganingizda qanday yo‘l tutgan bo‘lar edingiz?
Savollar: 3. Boburning Samarqandni tark etishi Shayboniyxonga qanday imkoniyatlar bergan? Fikringizni asoslang.

Muhammad Shayboniyning

O‘zbek ulusi hukmdori Abulxayrxonning o‘g‘illaridan biri Shohbudog‘ Sulton to‘ng‘ich o‘g‘liga Sulton Muhammad Shayboniy deb ism qo‘ygan. Uning taxallusi esa “Shohbaxt” edi. Muhammad Shayboniy otasining erta vafotidan so‘ng bobosining qaramog‘ida qolgan. Ukasi Sulton Muhammad bilan birga Boyshayx otalig‘ida voyaga yetgan.

Abulxayrxon tuzgan O‘zbek ulusi davlati 1468-yilda qulaydi. Shayboniyxon esa bobosining davlatini 1480-yilda qayta tiklaydi. O‘zaro kurashlar va ichki nizolar tufayli tobora zaiflashib borayotgan temuriylar hududi bo‘lgan Movarounnahrda ham o‘z hukmronligini o‘rnatish uchun harakat boshlaydi. 1499-yilda Jizzax va Samarqand orqali Qarshi va Shahrisabzgacha bosib boradi va katta o‘lja bilan Qipchoq dashtiga qaytadi.

Muhammad Shayboniyning

1500-yil Sulton Ali Mirzo kaltabinlik bilan Samarqandni Shayboniyxonga jangsiz topshiradi. Shu yiliyoq Buxoro ham zabt etiladi. Biroq Zahiriddin Muhammad Bobur 1500-yili Samarqandni qaytarib olishga muvaffaq bo‘ladi. Qisqa vaqt ichida Samarqandning barcha tumanlari, Qarshi va G‘uzor shaharlarida Bobur hokimiyati e’tirof etiladi.

Lekin 1501-yil aprelda Zarafshon bo‘yidagi Saripul qishlog‘i yaqinida bo‘lgan jangda Bobur qo‘shini yengiladi. Bir necha oylik qamaldan so‘ng Samarqand yana Muhammad Shayboniyxon qo‘liga o‘tadi.

1503-yilda Shayboniyxon Toshkent xoni Mahmudxon, Bobur va qalmoqlarning birlashgan qo‘shinini Sirdaryo bo‘yida tor-mor qiladi.

Muhammad Shayboniyning

Shayboniyxon 1505–1507-yillar ichida Urganch, Balx, Hirotda ham o‘z hokimiyatini o‘rnatadi. Keyingi ikki yil ichida Xurosonning boshqa hududlari, jumladan, Damg‘on, Astrobod, Mashhadni ham egallaydi. Shu tariqa, Abu Saiddan so‘ng birorta temuriy bajara olmagan ishni Muhammad Shayboniyxon eplaydi – shimolda Sirdaryodan janubda Qandahorgacha, sharqda Xitoygacha, g‘arbda Kaspiy dengizigacha bo‘lgan hududlarni yagona davlatga birlashtirishga muvaffaq bo‘ladi.

Bu esa, o‘z o‘rnida, uning siyosiy, iqtisodiy qudratini yuksaltirib yuboradi. U Eron sari harakatlanib, hukmron sulola – safaviylar bilan to‘qnashishni rejalashtiradi.

1451-1469 1457-1469

Muhammad Shayboniy portreti. Musavvir

Biroq 1510-yili Marv yaqinida Ismoil Safaviy qo‘shini bilan yuz bergan jangda Muhammad Shayboniyxon yengiladi va halok bo‘ladi.

Muhammad Shayboniyxon vafotidan so‘ng Afg‘onistonda mustaqil davlat qurishga kirishgan Bobur qulay vaziyatni qo‘ldan boy bermay, 1511-yilda shoh Ismoil bilan harbiy-siyosiy ittifoq tuzadi. Shu yilning bahorida Hisorni, yozida Buxoroni, kuzga borib Samarqandni yana qo‘lga kiritadi. Lekin Boburning shia mazhabidagi eroniylar bilan ish tutishi mahalliy aholida norozilik uyg‘otadi. 1512-yil 28-aprelda Ko‘li Malik jangida shayboniy Ubaydulla Sulton boshliq qo‘shindan yengiladi va Hisor tomon ketishga majbur bo‘ladi.

1451-1469 1457-1469

1512-yil kuzida Bobur shoh Ismoil yuborgan Najmi Soniy laqabli lashkarboshi bilan Balxda uchrashib, Amudaryodan kechib o‘tadi. Avval Huzar (G‘uzor) qal’asini egallaydi, so‘ng Qarshiga yurish qiladi, shahar uzoq muddatli qamaldan so‘ng taslim bo‘ladi.

1512-yil noyabrida esa G‘ijduvon jangida Bobur shayboniylardan yana yengilib, Kobulga qaytishga majbur bo‘ladi. Shu tariqa Bobur Movarounnahrni egallash ilinjidan uzil-kesil umidini uzadi va butun e’tiborini Hindistonga qaratadi.

Manbalarda

“Biz saf tortib chiqqach, g‘anim ham ro‘parada saflanib, paydo bo‘ldi. Saflar yaqinlashgach, g‘animning o‘ng qanotining uchi bizning orqamiz sari burildi. Men ham olg‘a qarab, ular sari yurdim. Shu darajaga yetdiki, g‘animning ba’zi qari ulug‘lari Shayboqxonga: “Yurish kerak, to‘xtab turmoqning vaqti o‘tdi” deyishdi. G‘animning o‘ng qanoti bizning chap qanotimizni bosib orqaga aylandi. Bizga ko‘makka kelgan mo‘g‘ul lashkarining urushga toqatlari yo‘q edi. Urushmoqni qo‘yib, o‘zimizning elniyoq talab, otdan tushirishga kirishdilar. O‘zbakning urushda bir ulug‘ hunari ushbu to‘lg‘amadir, ya’ni jangga tinimsiz askar solib turishdir. Men bilan o‘n-o‘n ikki kishi qolib edi. Ko‘hak daryosi yaqin edi. O‘ng qanotning uchi daryoga to‘qinib edi. Daryo tomonga yo‘naldik. Ko‘hak daryosining eng to‘lib oqadigan payti edi. Daryoga yetishimiz bilan zirhlangan holatimizda suvga kirdik”.

Manbalarda

Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asaridan

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Nima uchun Samarqand aholisi Boburning shoh Ismoil bilan tuzgan harbiy-siyosiy ittifoqidan norozi bo‘lgan edi?
Savollar: 2. Siz Boburning o‘rnida nima qilgan bo‘lardingiz? 3. Shayboniyxonning o‘limi voqealarning keyingi yo‘nalishiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

Tarix saboqlari

Keyingi shayboniylar Ko‘chkunchixon, Abu Saidxon davrlarida markaziy hokimiyat kuchli salohiyatga ega emas edi. 1533-yildan davlatni boshqara boshlagan Ubaydullaxon ichki kelishmovchiliklarga barham bergani, ikki marta Hirotni eronliklardan tortib olgani bilan mashhurdir.

Ubaydullaxon 1533-yilda davlat poytaxtini Samarqanddan Buxoro shahriga ko‘chiradi. Shu yildan boshlab shayboniylar davlati Buxoro xonligi deb ataladigan bo‘ldi.

Ammo uning o‘limidan so‘ng yuz bergan siyosiy parokandalik oqibatida markaziy hokimiyatning parchalanish jarayoni boshlanadi. Qo‘shhokimiyatchilik vujudga keladi. Oqibatda Buxoroda taxtga Abdulazizxon o‘tirgan bo‘lsa, Samarqandda oliy hukmdor sifatida Ko‘chkunchixonning o‘g‘illari – avval Abdullaxon I, so‘ngra Abdullatifxon hukmronlik qilishadi.

Tarix saboqlari

Ikkihokimiyatchilik viloyat hokimlarining boshboshdoqligini kuchaytirib yuborishi tabiiy edi. Ushbu holat Abdullaxon II zamonigacha davom etadi. O‘z siyosiy yuksalishini 1557-yilda Buxoroni qo‘lga kiritishdan boshlagan shayboniy shahzoda Balx, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona, Badaxshon, Ko‘lob, Xuroson, Xorazm ustidan ham o‘z hukmronligini o‘rnatib, mamlakatni birlashtirishga, markazlashgan davlat boshqaruvini tiklashga erishadi.

Abdullaxon II ning vafotidan (1598) so‘ng taxtga chiqqan o‘g‘li Abdulmo‘minxon olti oy hukmronlik qiladi xolos. Amakisi Pir Muhammadxon II esa tarixda shayboniylar sulolasining so‘nggi vakili sifatida nom qoldiradi.

Tarix saboqlari

Abdullaxon kalxat bilan ovda. 1618-yilda ishlangan miniatyura

Abdullaxon II ning o‘zi ham iste’dodli shoir bo‘lib, “Xon” taxallusi bilan o‘zbek va fors tillarida she’rlar yozgan.

Bilasizmi?

Shayboniylar davrida Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” (“Sharafnomayi shohiy”) (1584– 1589), Amin Ahmad Roziyning “Haft iqlim” (1593–1594), Mutribiyning dunyo xaritasi ilova qilingan “Tazkirati shuaro” (taxminan 1593–1595) va boshqa ilmiy asarlar yaratilgan. Buxoroda mashhur Abdullaxon madrasasi qurilgan. Hasanxo‘ja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” asari Abdullaxon II ga bag‘ishlangan.

Mustaqil faoliyat

Savollar: 1. Bobur va Shayboniyxon to‘qnashuvlarining sabablari nimada edi? 2. 1501-yilda Boburni Samarqandni tashlab chiqishga nima majbur qiladi? Agar Bobur Samarqandni tark etmaganida Shayboniyxon shaharni egallarmidi?
Savollar: 3. Shayboniyxonning siyosiy, iqtisodiy qudrati yuksalishiga nimalar sabab bo‘ldi?

4. Muhammad Shayboniyxon birlashtirgan hududlarni zamonaviy xaritadan ko‘rsating.

Savollar: 5. Shayboniylar hukmronligi qaysi davrni o‘z ichiga oladi?

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Temuriylar davri davlat boshqaruvini eslang. Nima deb o‘ylaysiz, shayboniylar temuriylar davridagi davlat boshqaruvining qaysi jihatlarini olganlar?
Savollar: 2. Temuriylar davrida davlat boshqaruvida hokimiyat qanday an’analarga asoslangan edi? 3. Turon tarixida qaysi sulola davrida hokimiyat avloddan avlodga o‘tmasdan oliy hukmdor saylab qo‘yilgan?
Savollar: 4. Bo‘lajak hukmdorni oq kigizda ko‘tarish orqali amalga oshirilgan tadbir qaysi xalqning udumi bo‘lgan?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Abulxayrxon tuzgan O‘zbek ulusi davlati qaysi yilda qulagan?
  1. 1457-yilda
  2. 1480-yilda
  3. 1468-yilda
  4. 1499-yilda

To‘g‘ri javob: 1468-yilda. Abulxayrxon tuzgan O‘zbek ulusi davlati 1468-yilda qulagan.

Shayboniyxon bobosi Abulxayrxonning davlatini qaysi yilda qayta tiklagan?
  1. 1499-yilda
  2. 1480-yilda
  3. 1500-yilda
  4. 1468-yilda

To‘g‘ri javob: 1480-yilda. Shayboniyxon bobosining davlatini 1480-yilda qayta tiklagan.

Shayboniyxon qaysi yilda Jizzax va Samarqand orqali Qarshi va Shahrisabzgacha bosib borib, katta o‘lja bilan Qipchoq dashtiga qaytgan?
  1. 1503-yilda
  2. 1480-yilda
  3. 1501-yilda
  4. 1499-yilda

To‘g‘ri javob: 1499-yilda. Shayboniyxon 1499-yilda Movarounnahrga bostirib kirib, katta o‘lja bilan Qipchoq dashtiga qaytgan.

Muhammad Shayboniyning taxallusi qanday edi?
  1. “Xon”
  2. “Shohrux”
  3. “Shohbaxt”
  4. “Humoyun”

To‘g‘ri javob: “Shohbaxt”. Matnga ko‘ra uning taxallusi “Shohbaxt” bo‘lgan.

Muhammad Shayboniy bobosi Abulxayrxonning davlatini qaysi yilda qayta tikladi?
  1. 1480-yilda
  2. 1468-yilda
  3. 1499-yilda
  4. 1500-yilda

To‘g‘ri javob: 1480-yilda. Shayboniyxon bobosining davlatini 1480-yilda qayta tiklagan.

Abulxayrxon tuzgan O‘zbek ulusi davlati qulagach, necha yildan keyin Muhammad Shayboniy bobosining davlatini qayta tikladi?
  1. 12 yildan keyin
  2. 10 yildan keyin
  3. 14 yildan keyin
  4. 22 yildan keyin

To‘g‘ri javob: 12 yildan keyin. O‘zbek ulusi 1468-yilda qulagan, Shayboniyxon uni 1480-yilda tiklagan; 1480 − 1468 = 12 yil.

Sulton Ali Mirzo kaltabinlik bilan Samarqandni Shayboniyxonga jangsiz qaysi yili topshirgan?
  1. 1503-yil
  2. 1499-yil
  3. 1497-yil
  4. 1500-yil

To‘g‘ri javob: 1500-yil. Sulton Ali Mirzo 1500-yil Samarqandni Shayboniyxonga jangsiz topshirgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur Samarqandni Shayboniyxondan qaytarib olishga qaysi yili muvaffaq bo‘lgan?
  1. 1511-yili
  2. 1497-yili
  3. 1504-yili
  4. 1500-yili

To‘g‘ri javob: 1500-yili. Bobur 1500-yili Samarqandni qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiQipchoq dashti va Movarounnahrdagi siyosiy vaziyatKeyingi →Shayboniylar davrida davlat boshqaruvi