XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Vijdon erkinligi» qonuni · 14–19-m.

Diniy tashkilotni ro‘yxatdan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi (1/2)

Moddalar

14-modda. Diniy tashkilotning ta’sis hujjati

Diniy tashkilotni tashkil etish tashabbuskorlari (ta’sischilari) tomonidan tasdiqlangan ustav diniy tashkilotning ta’sis hujjatidir.

Diniy tashkilotning ustavida quyidagilar nazarda tutiladi:

diniy tashkilotning nomi, turi, ta’limot asoslari to‘g‘risidagi axborot va unga mos keladigan diniy faoliyat haqidagi ma’lumotlar, uning tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), o‘z faoliyatini qaysi hudud doirasida amalga oshirsa, o‘sha hudud;

maqsadi, vazifalari va faoliyatining asosiy turlari;

diniy tashkilotning tuzilishi va rahbar organlari;

diniy tashkilotning rahbar organlarining vakolat doirasi va ushbu organlarni shakllantirish tartibi, ularning vakolatlari muddatlari, doimiy asosda faoliyat ko‘rsatadigan rahbar organning joylashgan yeri (pochta manzili);

pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni shakllantirish manbalari, diniy tashkilotning hamda uning tarkibiy bo‘linmalarining mol-mulkni boshqarishga doir huquqlari;

diniy tashkilotni qayta tashkil etish va tugatish tartibi, shuningdek diniy tashkilot tugatilgan taqdirda uning mol-mulkini tasarruf etish tartibi;

ustavga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tartibi.

Ustavda diniy tashkilotning qonunchilikka zid bo‘lmagan faoliyatiga taalluqli boshqa qoidalar ham nazarda tutilishi mumkin.

Diniy tashkilot ustavining talablari diniy tashkilotning o‘zi, uni tuzish tashabbuskorlari (ta’sischilari) uchun majburiydir.

Markaziy boshqaruv organlariga ega bo‘lgan diniy tashkilotlarning ustavlari ushbu organlar bilan kelishilgan bo‘lishi kerak.

15-modda. Diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) chog‘ida davlat xizmatlari ko‘rsatish

Davlat xizmatlari, shu jumladan diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda (qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda) xizmatlar adliya organlarining elektron tizimi orqali ko‘rsatiladi.

Elektron tizimga kirish elektron raqamli imzo yoki shaxsni identifikatsiyalash imkonini beruvchi boshqa usullar orqali amalga oshiriladi.

Murojaat qiluvchi elektron tizimga kirganidan keyin o‘zining shaxsiy kabinetidagi tegishli murojaat turini tanlaydi, ma’lumotlarni bosqichma-bosqich kiritadi va hujjatlarni elektron tizim orqali yuboradi.

Elektron tizimda shakllantirilgan yoki adliya organlari tomonidan yuborilgan elektron hujjatlarda matritsali shtrix kod (QR-kod) va identifikatsiyalangan raqamlar mavjud bo‘ladi. Bunda elektron hujjatda ko‘rsatilgan identifikatsiyalangan raqamni elektron tizimning maxsus bo‘limiga kiritish orqali elektron hujjat to‘g‘risidagi axborotni olish uchun imkoniyat yaratiladi.

Elektron tizimning ishlash tartibi, ma’lumotlarning turlari va shakllari, shuningdek elektron hujjatlarning namunalari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

16-modda. Diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish

Diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish adliya organlari (bundan buyon matnda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.

Markaziy boshqaruv organlarini va diniy ta’lim muassasalarini ro‘yxatdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan, mahalliy diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish esa tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi diniy tashkilotlarning chet el fuqarolari bo‘lgan xodimlarini (rahbarlarini), shuningdek ularning o‘z qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zolarini akkreditatsiya qilishni amalga oshiradi.

Diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazganlik, diniy tashkilotlarning chet el fuqarolari bo‘lgan xodimlarini, shuningdek ularning o‘z qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zolarini akkreditatsiya qilganlik uchun “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.

Diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazgan organ ushbu tashkilot faoliyatining ustav maqsadlariga va qonunchilikka muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

17-modda. Diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab qilinadigan hujjatlar

Diniy tashkilotni tashkil etish bo‘yicha ta’sis yig‘ilishi (konferensiyasi) o‘tkazilgan kundan e’tiboran olti oy ichida uni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi elektron murojaat ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga yuboriladi.

Markaziy boshqaruv organini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi elektron murojaatga quyidagi hujjatlarning elektron ko‘chirma nusxalari ilova qilinadi:

ta’sis yig‘ilishining (konferensiyasining) markaziy boshqaruv organini tashkil etish, uning ustavini tasdiqlash va boshqaruv organlarini saylash to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan qarorining;

markaziy boshqaruv organining davlat tilidagi ustavining;

joylashgan yeridan diniy tashkilotning pochta manzili sifatida foydalanilishi mo‘ljallanayotgan ko‘chmas mulkka egalik qilish yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatning;

markaziy boshqaruv organining ta’sischilari va uning rahbar organi a’zolari to‘g‘risidagi hujjatlarning;

markaziy boshqaruv organining rahbarida diniy professional ma’lumot mavjudligini tasdiqlovchi hujjatning, bundan ta’limoti diniy professional ta’lim tizimini nazarda tutmaydigan konfessiyalar mustasno;

vakolatli organ xulosasining.

Diniy ta’lim muassasasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi elektron murojaatga quyidagi hujjatlarning elektron ko‘chirma nusxalari ilova qilinadi:

markaziy boshqaruv organining diniy ta’lim muassasasini tashkil etish, uning ustavini tasdiqlash va rahbar organlarini saylash (tayinlash) bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan qarorining;

17-modda. Diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab qilinadigan hujjatlar (davomi)

diniy ta’lim muassasasining davlat tilidagi ustavining;

diniy ta’lim muassasasining rahbar organi a’zolari to‘g‘risidagi hujjatlarning;

vakolatli organ xulosasining.

Mahalliy diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi elektron murojaatga quyidagi hujjatlarning elektron ko‘chirma nusxalari ilova qilinadi:

mahalliy diniy tashkilotni o‘z tashabbusiga ko‘ra tuzayotgan, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ellik nafardan kam bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari imzolarini o‘z ichiga olgan hujjatning;

ta’sis yig‘ilishining mahalliy diniy tashkilotni tashkil etish, uning ustavini tasdiqlash va rahbar organlarini saylash to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan qarorining;

mahalliy diniy tashkilotning davlat tilidagi ustavining;

mahalliy diniy tashkilotni tashkil etish tashabbuskorlari to‘g‘risidagi va uning rahbar organi a’zolari haqidagi hujjatlarning;

mahalliy diniy tashkilotning rahbarida diniy professional ma’lumot mavjudligi to‘g‘risidagi hujjatning, bundan ta’limoti diniy professional ta’lim tizimini nazarda tutmaydigan konfessiyalar mustasno;

vakolatli organ xulosasining;

mahalliy diniy tashkilotning pochta manzili sifatida foydalanilishi mo‘ljallanayotgan ko‘chmas mulkning shaharsozlik normalari talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosalar ilova qilingan holda mahalliy ijroiya hokimiyati organi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari) xulosasining.

18-modda. Qayta tashkil etish yo‘li bilan tashkil etilgan diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab qilinadigan hujjatlar

Qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish yoki o‘zgartirish shaklida qayta tashkil etish yo‘li bilan tashkil etilgan diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi elektron murojaatga ushbu Qonunning 17-moddasida nazarda tutilgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda quyidagi hujjatlarning elektron ko‘chirma nusxalari ilova qilinadi:

qayta tashkil etilayotgan diniy tashkilotga ma’lum bo‘lgan barcha kreditorlar yozma ravishda xabardor qilinganligi va ommaviy axborot vositalarida qayta tashkil etish haqidagi xabar e’lon qilinganligi tasdiqnomasining;

qayta tashkil etilayotgan diniy tashkilotning barcha kreditorlari va qarzdorlariga nisbatan ushbu tashkilotning barcha majburiyatlari, shu jumladan taraflar nizolashayotgan majburiyatlar bo‘yicha huquqiy vorislik to‘g‘risidagi qoidalarni o‘z ichiga olgan topshirish dalolatnomasining (qo‘shib yuborish va o‘zgartirish chog‘ida) yoki taqsimlash balansining (bo‘lish va ajratib chiqarish chog‘ida);

qayta tashkil etilayotgan diniy tashkilotning muhri va shtampi yo‘q qilinganligi haqidagi dalolatnomaning.

19-modda. Diniy tashkilot ustaviga o‘zgartish va (yoki) qo‘shimchalar kiritilganda uni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish

Diniy tashkilotning ustaviga o‘zgartishlar va (yoki) qo‘shimchalar kiritilgan taqdirda, ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.

Diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi talablar diniy tashkilotni qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga nisbatan tatbiq etiladi.

Diniy tashkilotni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi elektron murojaat ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga diniy tashkilot ustaviga o‘zgartishlar va (yoki) qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida diniy tashkilotning rahbar organi tomonidan qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida yuboriladi.

Diniy tashkilotni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi elektron murojaatga quyidagi hujjatlarning elektron ko‘chirma nusxalari ilova qilinadi:

ustavga kiritiladigan o‘zgartishlar va (yoki) qo‘shimchalar matnining yoki ustav yangi tahririning;

diniy tashkilot rahbar organining ustavga o‘zgartish va (yoki) qo‘shimchalar kiritish haqidagi qarorining;

diniy tashkilotning nomi yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ o‘zgargan taqdirda — diniy tashkilotning muhri va shtampi yo‘q qilinganligi to‘g‘risidagi dalolatnomaning.

Diniy tashkilot qayta tashkil etilganligi (ajratib chiqarilganligi yoki qo‘shib olinganligi) munosabati bilan qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan taqdirda ushbu moddada nazarda tutilgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda quyidagi hujjatlarning elektron ko‘chirma nusxalari ilova qilinadi:

qayta tashkil etilayotgan diniy tashkilotga ma’lum bo‘lgan barcha kreditorlar yozma ravishda xabardor qilinganligi va ommaviy axborot vositalarida qayta tashkil etish to‘g‘risidagi xabar e’lon qilinganligi tasdiqnomasining;

19-modda. Diniy tashkilot ustaviga o‘zgartish va (yoki) qo‘shimchalar kiritilganda uni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish (davomi)

qayta tashkil etilayotgan diniy tashkilotning barcha kreditorlari va qarzdorlariga nisbatan ushbu tashkilotning barcha majburiyatlari, shu jumladan taraflar nizolashayotgan majburiyatlar bo‘yicha huquqiy vorislik haqidagi qoidalarni o‘z ichiga olgan topshirish dalolatnomasining yoki taqsimlash balansining;

qayta tashkil etilayotgan diniy tashkilotning muhri va shtampi yo‘q qilinganligi to‘g‘risidagi dalolatnomaning.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ o‘zgargan taqdirda, diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshiruvchi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ilgari diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshirgan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organdan tashkilotning ro‘yxatdan o‘tkazilishi bilan bog‘liq hujjatlarni elektron tizim orqali so‘rab oladi.

Pochta manzili, bank rekvizitlari yoki rahbar organning tarkibi o‘zgargan taqdirda, diniy tashkilot ushbu masalalar bo‘yicha qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir oylik muddat ichida elektron tizim orqali tegishli qarorlarni ilova qilgan holda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni bu haqda xabardor qiladi.

Bilimingizni sinang

«Vijdon erkinligi» qonuni — 14-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Qayta tashkil etish yo‘li bilan tashkil etilgan diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab qilinadigan hujjatlar
  2. Diniy tashkilotning ta’sis hujjati
  3. Diniy tashkilot ustaviga o‘zgartish va (yoki) qo‘shimchalar kiritilganda uni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish
  4. Ta’lim tizimi va din

To‘g‘ri javob: Diniy tashkilotning ta’sis hujjati. 14-modda: Diniy tashkilotning ta’sis hujjati.

«Vijdon erkinligi» qonuni: «Diniy tashkilotning ta’sis hujjati» qaysi moddada belgilangan?
  1. 19-modda
  2. 18-modda
  3. 8-modda
  4. 14-modda

To‘g‘ri javob: 14-modda. 14-modda: Diniy tashkilotning ta’sis hujjati.

«Vijdon erkinligi to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, diniy tashkilotning ta’sis hujjati nima?
  1. Tashabbuskorlar (ta’sischilar) tomonidan tasdiqlangan ustav
  2. Ta’sis yig‘ilishida qabul qilingan shartnoma va bayonnoma
  3. Adliya organi beradigan ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi
  4. Hokim tomonidan beriladigan faoliyat yuritishga ruxsatnoma

To‘g‘ri javob: Tashabbuskorlar (ta’sischilar) tomonidan tasdiqlangan ustav. 14-moddaga ko‘ra, ta’sischilar tomonidan tasdiqlangan ustav diniy tashkilotning ta’sis hujjatidir.

Quyidagilardan qaysi biri diniy tashkilot ustavida nazarda tutilishi kerak?
  1. Tashkilot rahbarining shaxsiy mol-mulki ro‘yxati hamda uning oilaviy daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tartibi
  2. Tashkilot a’zolari tomonidan soliq to‘lash tartibi hamda ularning davlat budjetiga badallari miqdori
  3. Tashkilotni qayta tashkil etish va tugatish tartibi hamda tugatilganda mol-mulkni tasarruf etish tartibi
  4. Davlat organlari vakolatlarini belgilash va ularni tayinlash tartibi hamda ularning mol-mulkini tasarruf etish tartibi

To‘g‘ri javob: Tashkilotni qayta tashkil etish va tugatish tartibi hamda tugatilganda mol-mulkni tasarruf etish tartibi. 14-moddaga ko‘ra, ustavda qayta tashkil etish va tugatish tartibi hamda mol-mulkni tasarruf etish tartibi nazarda tutiladi.

Diniy tashkilot ustavining talablari kimlar uchun majburiydir?
  1. Faqat diniy tashkilot rahbari hamda uning o‘rinbosarlari va ichki nazorat xodimlari uchun
  2. Faqat ro‘yxatdan o‘tkazuvchi adliya organlari hamda ularning mahalliy bo‘linmalari uchun
  3. Diniy tashkilotning o‘zi hamda uni tuzish tashabbuskorlari (ta’sischilari) uchun
  4. Faqat hokimlik hamda diniy tashkilot joylashgan hududdagi mahalla fuqarolar yig‘ini uchun

To‘g‘ri javob: Diniy tashkilotning o‘zi hamda uni tuzish tashabbuskorlari (ta’sischilari) uchun. 14-moddaga ko‘ra, ustav talablari tashkilotning o‘zi va ta’sischilari uchun majburiydir.

Markaziy boshqaruv organiga ega bo‘lgan diniy tashkilot o‘z ustavini ro‘yxatga topshirmoqchi. Qonunga ko‘ra qaysi talab bajarilishi shart?
  1. Ustav faqat hududiy hokim bilan oldindan kelishilgan bo‘lishi kerak
  2. Ustav hech qanday organ bilan kelishilishi talab etilmaydi, faqat tasdiqlanadi
  3. Ustav ushbu markaziy boshqaruv organlari bilan kelishilgan bo‘lishi kerak
  4. Ustav faqat sud tomonidan oldindan ko‘rib chiqilgan bo‘lishi kerak

To‘g‘ri javob: Ustav ushbu markaziy boshqaruv organlari bilan kelishilgan bo‘lishi kerak. 14-moddaga ko‘ra, markaziy boshqaruv organlariga ega diniy tashkilotlar ustavlari ushbu organlar bilan kelishilgan bo‘lishi kerak.

Diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda davlat xizmatlari qanday ko‘rsatiladi?
  1. Faqat qog‘oz ariza shaxsan topshirilishi orqali
  2. Hokimliklarning pochta xizmati orqali yuborish
  3. Adliya organlarining elektron tizimi orqali
  4. Faqat telefon qo‘ng‘irog‘i va xabarlar orqali

To‘g‘ri javob: Adliya organlarining elektron tizimi orqali. 15-moddaga ko‘ra, xizmatlar adliya organlarining elektron tizimi orqali ko‘rsatiladi.

Elektron tizimga kirish qanday amalga oshiriladi?
  1. Elektron raqamli imzo yoki shaxsni identifikatsiyalash imkonini beruvchi boshqa usullar orqali
  2. Faqat pasport nusxasi hamda muhr bosilgan ko‘rsatma xatini yuborish yoki taqdim etish orqali
  3. Faqat telefon qo‘ng‘irog‘i orqali tasdiqlash kodini olish va operatorga og‘zaki murojaat qilish orqali
  4. Faqat tashkilot rahbarining qo‘lyozma imzosi qo‘yilgan va notarial tasdiqlangan ariza orqali

To‘g‘ri javob: Elektron raqamli imzo yoki shaxsni identifikatsiyalash imkonini beruvchi boshqa usullar orqali. 15-moddaga ko‘ra, tizimga kirish elektron raqamli imzo yoki boshqa identifikatsiya usullari orqali amalga oshiriladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiDiniy tashkilot tashkil etish, uning huquq va majburiyatlari. Diniy tashkilotlar faoliyatining qo‘shimcha kafolatlariKeyingi →Diniy tashkilotni ro‘yxatdan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi (2/2)