XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Vijdon erkinligi» qonuni · 25–29-m.

Diniy tashkilotning faoliyatini to‘xtatib turish va tugatish

Moddalar

25-modda. Diniy tashkilotning faoliyatini to‘xtatib turish

Diniy tashkilotning faoliyati, u O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlarini buzgan taqdirda, sud tomonidan to‘xtatib turilishi mumkin.

Diniy tashkilot tomonidan qonunchilik hujjatlari talablari buzilgan, shuningdek tashkilotning o‘z ustav maqsadlariga zid harakatlar sodir etilgan taqdirda, prokuratura organlari yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mazkur qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnomani ushbu diniy tashkilotning rahbar organlariga kiritadi hamda bu qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatini belgilaydi. Agar bu qoidabuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, diniy tashkilot faoliyati prokuratura organlarining yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning taqdimnomasi asosida sud qarori bilan olti oygacha bo‘lgan muddatga to‘xtatib turiladi.

Favqulodda holat joriy etilgan taqdirda diniy tashkilotning faoliyatini to‘xtatib turish tartibi qonunda belgilanadi.

26-modda. Diniy tashkilotning faoliyatini to‘xtatib turish oqibatlari

Diniy tashkilotning faoliyati sudning qarorida belgilangan muddatga to‘xtatib turilgan taqdirda, uning xayriya fondlari muassisi sifatidagi huquqlari ham to‘xtatib turiladi, unga tadbirlar tashkil etish, bank omonatlaridan foydalanish taqiqlanadi, bundan xo‘jalik faoliyati, mehnat shartnomalari bo‘yicha xarajatlar, o‘z harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash va jarimalar to‘lashga doir xarajatlar mustasno.

Agar diniy tashkilot faoliyatini to‘xtatib turishning sud tomonidan belgilangan muddati davomida uning faoliyati to‘xtatilishi uchun asos bo‘lib xizmat qilgan qoidabuzarliklar bartaraf etilsa, mazkur muddat tugaganidan keyin diniy tashkilot o‘z faoliyatini qaytadan boshlashi mumkin.

Diniy tashkilot ko‘rsatilgan qoidabuzarlikni bartaraf etmagan taqdirda, uning faoliyatini to‘xtatib turish to‘g‘risida sudga taqdimnoma kiritgan organ mazkur diniy tashkilotni tugatish haqida sudga taqdimnoma kiritishi mumkin.

27-modda. Diniy tashkilotni tugatish tartibi

Diniy tashkilotni tugatish qonunchilikka va diniy tashkilotning ustaviga asosan amalga oshiriladi.

Diniy tashkilotni tugatish diniy tashkilotning vakolatli rahbar organi qaroriga binoan ixtiyoriy ravishda yoki ushbu Qonun 26-moddasining uchinchi qismiga muvofiq sud tartibida amalga oshiriladi.

Diniy tashkilotni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan diniy tashkilotning rahbar organi yoki sud tugatuvchini — tugatish komissiyasini yoki jismoniy shaxsni tayinlaydi, diniy tashkilotni tugatish muddatini belgilaydi.

Tugatish komissiyasi tarkibiga, qoida tariqasida, tegishli yuridik, iqtisodiy ma’lumotga ega va (yoki) buxgalteriya sohasida amaliy tajribaga ega bo‘lgan shaxslar kiritiladi.

Diniy tashkilotning rahbar organi tomonidan diniy tashkilotni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, tugatuvchi haqidagi ma’lumotlar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga diniy tashkilotni tugatish to‘g‘risida rahbar organ qabul qilgan qarorning elektron ko‘chirma nusxasi ilova qilingan holda uch ish kuni ichida elektron tizim orqali taqdim etiladi.

Diniy tashkilot sud tomonidan tugatilgan taqdirda, tugatuvchi sudning qarorini elektron tizim orqali olganidan keyin qarorning elektron ko‘chirma nusxasini ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga uch ish kuni ichida taqdim etadi.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tugatuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni va diniy tashkilotni tugatish haqidagi rahbar organning qarorini olganidan keyin ikki ish kuni ichida reyestrga diniy tashkilotning tugatish jarayonida ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritadi hamda bu haqda diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan joydagi soliq organlarini va statistika organlarini, ko‘chmas mulkka va avtotransportga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlarni, shuningdek sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishni ta’minlash bo‘yicha organlarni elektron tizim orqali xabardor qiladi.

28-modda. Reyestrga diniy tashkilot tugatilganligi to‘g‘risida yozuv kiritish

Reyestrga diniy tashkilot tugatilganligi to‘g‘risida yozuv kiritish uchun tugatuvchi bu haqda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga elektron tizim orqali elektron murojaat yuboradi.

Elektron murojaatga quyidagi hujjatlarning ko‘chirma nusxalari ilova qilinadi:

diniy tashkilot tugatilganligi to‘g‘risida davriy bosma nashrda berilgan e’lonning;

belgilangan tartibda tasdiqlangan tugatish balansining;

diniy tashkilotning barcha hisobvaraqlari yopilganligi to‘g‘risida xizmat ko‘rsatuvchi banklar ma’lumotnomalarining;

kreditorlarning talablari to‘liq qanoatlantirilganidan keyin qolgan mol-mulk tasarruf etilganligi faktini tasdiqlovchi hujjatlarning;

muhrlar va shtamplar yo‘q qilinganligi haqidagi dalolatnomaning;

litsenziyalar va ruxsatnomalarning (mavjud bo‘lgan taqdirda);

soliq organlarining soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risidagi xulosasining;

sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish bo‘yicha organning diniy tashkilot qarzdor sifatida ishtirok etayotgan, ijro etilmagan ijro hujjati mavjud emasligi haqidagi xabarnomasi;

diniy tashkilot hujjatlarining davlat arxiviga topshirilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomaning.

Bunda hujjatlarning asl nusxalari ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga ikki ish kuni ichida taqdim etiladi.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tugatuvchining elektron murojaati olinganidan keyin reyestrga diniy tashkilot tugatilganligi to‘g‘risida besh ish kuni ichida yozuv kiritadi.

28-modda. Reyestrga diniy tashkilot tugatilganligi to‘g‘risida yozuv kiritish (davomi)

Agar hujjatlarning to‘liq ro‘yxati taqdim etilmagan yoki ular lozim tartibda rasmiylashtirilmagan bo‘lsa, shuningdek taqdim etilgan hujjatlarda atayin noto‘g‘ri axborot mavjudligi aniqlangan bo‘lsa, reyestrga yozuv kiritilishi rad etilishi mumkin.

Reyestrga yozuv kiritish rad etilgan taqdirda, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tugatuvchiga rad etish asoslarini ko‘rsatgan holda elektron tizim orqali bildirishnoma yuboradi.

Reyestrga yozuv kiritish haqidagi qaror ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ rahbarining xulosasi tarzida qabul qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ diniy tashkilot tugatilganligi to‘g‘risida reyestrga yozuv kiritilganidan keyin ikki ish kuni ichida:

diniy tashkilot tugatilganligi to‘g‘risida tugatuvchini, soliq organlarini va statistika organlarini elektron tizim orqali xabardor qiladi;

diniy tashkilotga berilgan litsenziyalar va ruxsatnomalarni (mavjud bo‘lgan taqdirda) ularni bergan organlarga topshiradi.

Diniy tashkilot reyestrga diniy tashkilot tugatilganligi to‘g‘risidagi yozuv kiritilgan paytdan e’tiboran tugatilgan deb hisoblanadi.

29-modda. O‘z faoliyatini tugatgan diniy tashkilotning mol-mulkini tasarruf etish

Diniy tashkilotga unga foydalanib turish uchun berilgan mol-mulk uning faoliyati tugatilganidan keyin avvalgi egasiga qaytariladi.

Diniy tashkilotning faoliyati tugatilganda uning tasarrufidagi mol-mulkka egalik qilish uning ustaviga va qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Kreditorlarning da’volari bo‘yicha undirish qaratilishi mumkin bo‘lmagan, ibodat qilish uchun mo‘ljallangan mol-mulkning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Huquqiy vorislar mavjud bo‘lmaganda mol-mulk davlat mulkiga o‘tadi.

Bilimingizni sinang

Qoidabuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, diniy tashkilot faoliyati sud qarori bilan eng ko‘pi bilan qancha muddatga to‘xtatib turiladi?
  1. Olti oygacha
  2. Bir yilgacha
  3. Uch oygacha
  4. Ikki oygacha

To‘g‘ri javob: Olti oygacha. Prokuratura yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ taqdimnomasi asosida sud qarori bilan faoliyat olti oygacha muddatga to‘xtatib turiladi.

Diniy tashkilot Konstitutsiya, Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlarini buzgan taqdirda uning faoliyatini kim to‘xtatib turishi mumkin?
  1. Sud
  2. Hokim
  3. Din ishlari qo‘mitasi raisi
  4. Mahalla yig‘ini

To‘g‘ri javob: Sud. 25-moddaga ko‘ra, diniy tashkilot faoliyati sud tomonidan to‘xtatib turilishi mumkin.

Diniy tashkilot qonunchilik talablarini buzdi. Qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnomani tashkilot rahbar organlariga kim kiritadi?
  1. Sud organlari yoki Prezident Administratsiyasi xodimlari
  2. Soliq organlari yoki mahalliy hokimlik organlari
  3. Prokuratura organlari yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ
  4. Ichki ishlar organlari yoki Davlat xavfsizlik xizmati

To‘g‘ri javob: Prokuratura organlari yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ. 25-moddaga ko‘ra, taqdimnomani prokuratura organlari yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ kiritadi.

Taqdimnomada belgilangan muddatda qoidabuzarliklar bartaraf etilmasa, diniy tashkilot faoliyati sud qarori bilan qancha muddatga to‘xtatib turilishi mumkin?
  1. Uch kungacha
  2. Besh yilgacha
  3. Olti oygacha
  4. Doimiy ravishda

To‘g‘ri javob: Olti oygacha. 25-moddaga ko‘ra, faoliyat sud qarori bilan olti oygacha bo‘lgan muddatga to‘xtatib turiladi.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ diniy tashkilotga qoidabuzarliklarni bartaraf etish haqida taqdimnoma kiritdi va muddat belgiladi. Tashkilot muddatda hech narsa qilmadi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Tashkilot avtomatik ravishda tugatilgan hisoblanadi va mol-mulki darhol davlat daromadiga o‘tkaziladi
  2. Organ tashkilot rahbarini o‘z qarori bilan jinoiy javobgarlikka tortadi va faoliyatni bir yilga to‘xtatadi
  3. Organ sudga taqdimnoma kiritib, faoliyatni sud qarori bilan olti oygacha to‘xtatib turishni so‘rashi mumkin
  4. Hech qanday oqibat bo‘lmaydi, organ faqat takroriy taqdimnoma kiritib, muddatni cheksiz uzaytirishi mumkin

To‘g‘ri javob: Organ sudga taqdimnoma kiritib, faoliyatni sud qarori bilan olti oygacha to‘xtatib turishni so‘rashi mumkin. 25-moddaga ko‘ra, muddatda bartaraf etilmasa, faoliyat taqdimnoma asosida sud qarori bilan olti oygacha to‘xtatib turiladi.

Faoliyati sud qarori bilan to‘xtatib turilgan diniy tashkilotga nimalar taqiqlanadi?
  1. Faqat ibodat qilish
  2. Faqat soliq to‘lash
  3. Faqat mehnat shartnomalari bo‘yicha ish haqi to‘lash
  4. Tadbirlar tashkil etish va bank omonatlaridan foydalanish

To‘g‘ri javob: Tadbirlar tashkil etish va bank omonatlaridan foydalanish. 26-moddaga ko‘ra, faoliyat to‘xtatilganda tashkilotga tadbirlar tashkil etish va bank omonatlaridan foydalanish taqiqlanadi.

Diniy tashkilot faoliyati sud tomonidan to‘xtatib turildi. Tashkilot xodimlarga mehnat shartnomalari bo‘yicha ish haqi to‘lashi mumkinmi?
  1. Yo‘q, to‘xtatib turish davrida barcha xarajatlar, jumladan ish haqi to‘lovlari ham taqiqlanadi
  2. Ha, ammo faqat bank omonatlaridan va faqat jarimalarni to‘lash uchun xarajatlar qilinishi mumkin
  3. Yo‘q, faqat jarimalar va davlat boji to‘lovlari taqiqdan mustasno hisoblanadi
  4. Ha, xo‘jalik faoliyati va mehnat shartnomalari bo‘yicha xarajatlar taqiqdan mustasno

To‘g‘ri javob: Ha, xo‘jalik faoliyati va mehnat shartnomalari bo‘yicha xarajatlar taqiqdan mustasno. 26-moddaga ko‘ra, xo‘jalik faoliyati va mehnat shartnomalari bo‘yicha xarajatlar taqiqdan mustasno.

To‘xtatib turish muddati davomida diniy tashkilot qoidabuzarliklarni bartaraf etdi. Muddat tugagach nima bo‘ladi?
  1. Tashkilot yangidan ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘ladi
  2. Tashkilot sudning alohida qarori bilan tugatiladi
  3. Tashkilotning mol-mulki davlat mulkiga o‘tkaziladi
  4. Tashkilot o‘z faoliyatini qaytadan boshlashi mumkin

To‘g‘ri javob: Tashkilot o‘z faoliyatini qaytadan boshlashi mumkin. 26-moddaga ko‘ra, qoidabuzarliklar bartaraf etilsa, muddat tugaganidan keyin tashkilot faoliyatini qaytadan boshlashi mumkin.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiDiniy tashkilotni ro‘yxatdan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi (2/2)Keyingi →Yakunlovchi qoidalar