Hayotning molekula darajasi va uning o‘ziga xos jihatlari
Mavzular
Molekula darajasining mohiyati
Ma’lumki, tirik organizmlar yaxlit sistema bo‘lib, ular organlar sistemasidan, organlar sistemasi esa, organlardan, organlar to‘qimalardan, to‘qimalar esa hujayralardan tuzilgan. Shu sababli, hujayra tirik organizmlarning tuzilish, ko‘payish va funksional birligi sanaladi. Tirik organizmlarga xos bo‘lgan hayotiy jarayonlar aynan hujayralarda sodir bo‘ladi. Hujayra va uning organoidlarida boradigan hayotiy jarayonlar uning tarkibiga kiradigan organik birikmalarga bog‘liq bo‘ladi. Mazkur organik birikmalarning molekula darajasida o‘rganilishi hujayra, to‘qima, organ, organlar sistemasi va organizmda sodir bo‘ladigan jarayonlarda ularning biologik ahamiyatini tushunish imkonini beradi (2-rasm).

Nimani o‘rganadi
Hayotning molekula darajasi Yerda hayotning paydo bo‘lishi va rivojlanishining birlamchi asosi sifatida o‘rganilishi, shuningdek, tiriklikning keyingi darajalari bo‘lgan hujayra, to‘qima, organ, organizm, populatsiya va tur, biogeosenoz, biosfera bilan o‘zaro aloqadorlik va uzviylikni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Hayotni molekula darajasida o‘rganishning mohiyati tirik organizm hujayralarida uchraydigan biologik molekulalar, ya’ni organik birikmalar: uglevodlar, oqsillar, nuklein kislotalar, lipidlarning tuzilishi va ularning biologik ahamiyatini aniqlash sanaladi.
Molekula darajasida muhim biologik birikmalar (uglevodlar, oqsillar, nuklein kislotalar, lipidlar)ning tirik organizmlarning o‘sishi, rivojlanishi, irsiy axborotni saqlashi va avloddan avlodga o‘tkazishi, modda va energiya almashinuvida tutgan o‘rni o‘rganiladi.
Tadqiqot yondashuvi
Tirik organizmlarni o‘rganishda dastlab organik birikmalar, ular ishtirokida boradigan reaksiyalar, fizik-kimyoviy jarayonlarga e’tibor qaratiladi. Mazkur jarayonlar aniqlangandan so‘ng, tirik organizmlarda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlarning mohiyatini tushunish mumkin.
Shuni qayd etish kerakki, makromolekulalarning tuzilishi va xususiyatlarini bilish, ularni laboratoriya sharoitida o‘rganish biomolekulalar haqida to‘liq tasavvurni hosil qilmaydi. Hayotning molekular darajasini o‘rganishda kimyo, fizika, informatika, matematika fanlarining kashfiyotlari va qonunlaridan foydalaniladi.
Hujayradan ajratib olingan makromolekulalar biologik mohiyatini yo‘qotib, faqat fizikaviy va kimyoviy xususiyatlarga ega bo‘ladi. Tirik materiyaning molekula darajasi qator biologik molekulalar – DNK, RNK, ATF, oqsillar, uglevodlar, lipidlar va boshqa murakkab birikmalar bilan birgalikda muayyan funksiyalarni bajaradigan majmualarini o‘rganadi.
Oqsil va makromolekulalar tuzilishi
Yirik molekulali organik moddalar o‘zaro bog‘liq tarkibiy qismlarga ega. Masalan, oqsillarning monomeri aminokislotalar bo‘lib, ular i-RNKda kodlangan irsiy axborot asosida belgilangan tartibda peptid bog‘lari orqali bog‘lanadi va oqsilning birlamchi strukturasi shakllanadi. Ribosomadan ajralgan oqsillar keyinchalik vodorod bog‘lari hisobiga ikkilamchi, oltingugurt bog‘lari orqali uchlamchi strukturaga ega bo‘ladi va muayyan vazifa (ferment, gormon)ni bajaradigan oqsil molekulasiga aylanadi.
Xuddi shuningdek, turli monomerlar tuzilishi bo‘yicha har xil, lekin makromolekula tarkibida bir-biri bilan kimyoviy bog‘lar orqali birlashib, muayyan vazifalarni bajaruvchi yaxlit molekula (nuklein kislota, oqsil)larga aylanadi. Makromolekulalar tarkibida asosiy kimyoviy element sifatida uglerodning ishtiroki ularning tuzilishida umumiylik bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Uglerodning maxsus fizik-kimyoviy xususiyatlari hisobiga yirik, murakkab va xilma-xil organik birikmalar yuzaga keladi.
Makromolekulalar vazifalari
Makromolekulalarning noyob tuzilish xususiyati ularning bajaradigan biologik vazifalari bilan tavsiflanadi. Masalan, nuklein kislota molekulalari irsiy axborotni saqlash, irsiyatni keyingi avlodga o‘tkazish vazifasini bajaradi.
Lipidlar hujayraning biologik membranasi, hujayra organoidlarining tuzilishida ishtirok etadi. Oqsillar hujayrada sodir bo‘ladigan barcha biokimyoviy jarayonlarni boshqarish va katalizator sifatida mazkur jarayonni jadal borishida ishtirok etadi. Fotosintez jarayonida quyoshning yorug‘lik energiyasi kimyoviy bog‘lar energiyasiga aylanishi natijasida uglevodlar hosil bo‘ladi va u barcha biologik molekulalarning tuzilishida birlamchi asos bo‘lib xizmat qiladi.
Fotosintez va ATF
Hayotni molekula darajada o‘rganishning ahamiyati. Hayotni molekula darajada o‘rganishda asosiy e’tibor Yerda hayotning paydo bo‘lishi va rivojlanishi, tirik organizmlarning yashashi uchun qulay muhitning vujudga kelishiga zamin yaratadigan fotosintez jarayoniga qaratiladi. Quyosh nuri ta’sirida xlorofill ishtirokida anorganik moddalardan organik moddalarning sintezlanishi fotosintez jarayoni ekanligi sizga ma’lum. Fotosintez jarayonida quyoshning yorug‘lik energiyasi organik birikmalarning tarkibidagi kimyoviy bog‘lar energiyasi shaklida jamlanadi. Mazkur organik birikmalarning parchalanishi natijasida hosil bo‘lgan energiya hisobiga barcha tirik organizmlarning yagona va universal energiya manbayi makroergik bog‘larga ega ATF (adenozintrifosfat) sintezlanadi. ATF barcha tirik organizmlar, ayniqsa, geterotrof organizmlar uchun asosiy energiya manbayi bo‘lib xizmat qiladi.
Fotosintezning ahamiyati va elementlar
Fotosintez jarayonining mukammal o‘rganilishi kelgusida sayyoramizda hayotning saqlanib qolishi, ekologik muammolarning oldini olish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini orttirish omillarini aniqlash imkonini beradi.
Hayotning molekula darajasida o‘rganiladigan muammolardan biri organik molekulalar tarkibiga kiradigan kimyoviy elementlar, ya’ni makro va mikroelementlarning tirik organizmlar tuzilishi va ularda boradigan biologik jarayonlarda ishtirokini aniqlash sanaladi. Organik birikmalar tarkibidagi makro va mikroelementlar ular bilan birikkan holda biologik tizim shaklida muayyan vazifalarni bajaradi. Masalan, xlorofill tarkibida magniy, gemoglobin tarkibida temir mavjud. Mazkur kimyoviy elementlar yetarli bo‘lgan taqdirda makromolekulalar o‘z vazifalarini to‘liq bajara oladi.
Molekula darajasining roli
Biosferada hayot molekula darajasining asosiy roli quyosh energiyasini o‘zlashtirish, organik birikmalarni sintezlash, irsiy axborotni kodlash va uzatish, avlodlar o‘rtasida irsiy axborotning uzviyligi va barqarorligi, fizik-kimyoviy jarayonlarning tartibli o‘tishini ta’minlashdan iborat.
Hayotning molekula darajasida yuksak darajada tartiblangan biokimyoviy jarayonlar: oqsillar biosintezi (ribosomada), glikoliz (sitoplazmada), nafas olish (mitoxondriyada), fotosintez (xloroplastda) sodir bo‘lishi biologik tizimda hayot nafaqat hujayra darajasida, balki molekula darajasida o‘rganilishini taqozo etadi. Hayotning molekula darajasida o‘rganilishi lozim bo‘lgan juda ko‘p ilmiy muammolar o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda.
Bilimingizni sinang
Aminokislotalar oqsilning birlamchi strukturasini hosil qilishda qaysi bog‘lar orqali bog‘lanadi?
- Peptid bog‘lari
- Vodorod bog‘lari
- Makroergik bog‘lar
- Oltingugurt bog‘lari
To‘g‘ri javob: Peptid bog‘lari. Aminokislotalar peptid bog‘lari orqali bog‘lanib birlamchi strukturani hosil qiladi.
Barcha tirik organizmlarning yagona va universal energiya manbayi bo‘lgan, makroergik bog‘larga ega modda qaysi?
- Gemoglobin
- Xlorofill
- ATF
- i-RNK
To‘g‘ri javob: ATF. Universal energiya manbayi makroergik bog‘li ATF (adenozintrifosfat)dir.
ATF barcha tirik organizmlar uchun, ayniqsa qaysi organizmlar uchun asosiy energiya manbayi bo‘lib xizmat qiladi?
- Faqat viruslar uchun
- Geterotrof organizmlar uchun
- Faqat suv muhitidagi organizmlar uchun
- Faqat xlorofilli o‘simliklar uchun
To‘g‘ri javob: Geterotrof organizmlar uchun. ATF ayniqsa geterotrof organizmlar uchun asosiy energiya manbayidir.
Hujayradan ajratib olingan makromolekulalar qanday o‘zgarishga uchraydi?
- Biologik mohiyatini to‘liq saqlab qoladi
- Biologik mohiyatini yo‘qotib, faqat fizik va kimyoviy xususiyatlarga ega bo‘ladi
- Faqat irsiy axborotni saqlash xususiyatiga ega bo‘ladi
- Yangi biologik vazifalarni bajara boshlaydi
To‘g‘ri javob: Biologik mohiyatini yo‘qotib, faqat fizik va kimyoviy xususiyatlarga ega bo‘ladi. Hujayradan ajratilgan makromolekulalar biologik mohiyatini yo‘qotadi.
Fotosintezda yorug‘lik energiyasi kimyoviy bog‘lar energiyasiga aylanishi natijasida qaysi birikmalar hosil bo‘ladi?
- Lipidlar
- Nuklein kislotalar
- Oqsillar
- Uglevodlar
To‘g‘ri javob: Uglevodlar. Fotosintezda uglevodlar hosil bo‘ladi va ular barcha biomolekulalar tuzilishida birlamchi asos bo‘ladi.
Quyosh nuri ta’sirida xlorofill ishtirokida anorganik moddalardan organik moddalar sintezlanishi qanday ataladi?
- Oqsillar biosintezi
- Nafas olish
- Glikoliz
- Fotosintez
To‘g‘ri javob: Fotosintez. Bu jarayon fotosintez deyiladi.
Tirik organizmlarning tuzilish, ko‘payish va funksional birligi hisoblangan tuzilma qaysi?
- Organ
- Hujayra
- To‘qima
- Molekula
To‘g‘ri javob: Hujayra. Hujayra tirik organizmlarning tuzilish, ko‘payish va funksional birligidir.
Fotosintez jarayonining mukammal o‘rganilishi nimaga imkon beradi?
- Geterotrof organizmlarni avtotrofga aylantirishga
- Hujayra membranasi tuzilishini o‘zgartirishga
- Qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini orttirish omillarini aniqlashga
- Oqsillarning uchlamchi strukturasini yo‘q qilishga
To‘g‘ri javob: Qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini orttirish omillarini aniqlashga. Fotosintezni o‘rganish hayotning saqlanishi, ekologik muammolar oldini olish va hosildorlikni oshirish omillarini aniqlashga imkon beradi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash