Evolutsion o‘zgarishlarning tiplari
Mavzular
Divergent evolutsiya
Divergent evolutsiya. Divergensiya (lotincha divergantia – ajralish) – evolutsion jarayonning yangi sistematik guruhlar hosil bo‘lishiga asoslangan eng umumiy turi. Divergensiya – har xil yashash sharoitlariga moslashish natijasida ajdod tur belgilarining tarqalishidir. Divergensiya tufayli yangi muhit sharoitlariga moslanishlar kengayadi. Bu jarayon natijasida tip sinflarga, sinf turkumlarga, turkum oilalarga, oila avlodlarga, avlod turlarga ajraladi. Ajdod tur tarqalgan hududlarda ekologik sharoitning har xil bo‘lishi divergensiyaga olib keluvchi omil hisoblanadi.
Evolutsiya daraxti va sutemizuvchilar
Divergensiya jarayoni tarmoqlangan shoxli evolutsiya daraxti ko‘rinishida tasvirlanadi. Bu divergent evolutsiya timsolidir: umumiy ajdoddan ikki yoki undan ortiq formalar, o‘z navbatida, ulardan ko‘pgina turlar va avlodlar kelib chiqqan. Divergensiya deyarli hamma vaqt yangi hayotiy sharoitlarga moslanishlarning ortib borishini ifoda etadi. Oziq turi, yashash muhitining xilma-xilligi tufayli sutemizuvchilar sinfining hasharotxo‘rlar, oztishlilar, qo‘lqanotlilar, kemiruvchilar, yirtqichlar, juft tuyoqlilar, toq tuyoqlilar, kurakoyoqlilar, kitsimonlar kabi turkumlar kelib chiqqan. Bu turkumlarning har biri o‘z navbatida morfologik, ekologik, etologik, genetik, fiziologik xususiyatlari bilan farqlanadigan kenja turkumlar va oilalarni o‘z ichiga oladi. Sutemizuvchilar har xil turkumlarga mansub organizmlardagi o‘zaro o‘xshashlik ularning ajdodi bir ekanligiga, ular o‘rtasidagi farq har xil sharoitga moslashganligiga dalildir.
Divergensiya misollari
Galapogoss orollarida morfofiziologik xususiyatlari jihatdan farqlanadigan vyuroklarning bitta ajdod turlardan kelib chiqqanligi divergensiyaga misol bo‘ladi (114-rasm).

Divergensiya hodisasini o‘simliklarning shakli o‘zgargan vegetativ organlarida ham ko‘rish mumkin. Masalan, no‘xatning gajaklari, kaktus va zirkning tikanlari, bargning shakl o‘zgarishi natijasidir.
Evolutsiya jarayonida turlar orasidagi farq kuchaysa ham, biroq ularning anatomik-fiziologik tuzilishidagi umumiylik saqlana borgan.
Masalan, Arktikada yashovchi oq ayiq o‘rmonda hayot kechiruvchi qo‘ng‘ir ayiq yoki tog‘li o‘rmonlarda tarqalgan qora ayiqdan vazni, rangi bilan farq qilsa-da, ular ayiqsimonlar oilasining vakillari hisoblanadi.
Divergensiya sabablari
Divergensiya asosan mutatsion jarayon, alohidalanish, populatsiya to‘lqinlari, tabiiy tanlanish ta’sirida ro‘y bergan.
Divergensiya tur paydo bo‘lishining yo‘llaridan biri bo‘lib, bunda populatsiyalar evolutsiyaning boshlang‘ich omillari ta’siri natijasida ajdod turdan sezilarli darajada farq qiladigan belgilarni to‘playdi va saqlaydi, oqibatda tur ajralib, yangi turlarni hosil qiladi.
Parallel evolutsiya
Parallel evolutsiya (grekcha – parallelos – «yonma-yon boruvchi») – bir-biriga qarindosh bo‘lgan organizmlar guruhlarida bir yo‘nalishda o‘xshash belgilar paydo bo‘lishi bilan ifodalanadigan evolutsion o‘zgarish. Masalan, sut emizuvchi kitsimonlar va kurakoyoqlilar bir-biridan mustaqil holda suv muhitiga o‘tishgan va ularda suv muhitiga moslanishlar – kurakoyoqlar paydo bo‘lgan. Afrika va Janubiy Amerika qit’alarida tarqalgan sutemizuvchilar tana tuzilishida o‘xshashlikni ko‘rish mumkin (115-rasm).

Parallelizm bir-biriga genetik yaqin turlarda belgilarning o‘xshashligi, gomologik tuzilmalarning mustaqil holda o‘zgarishlari natijasida yuzaga keladigan evolutsiyadir. Har xil turlarning bir xil genlarida o‘xshash mutatsiyalar paydo bo‘lishi parallelizmga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday hodisani N. I. Vavilovning irsiy o‘zgaruvchanlikning gomologik qatorlari qonuni tavsiflab beradi. Mazkur qonunga muvofiq, bir-biriga qarindosh turlar irsiy o‘zgaruvchanlikning o‘xshash qatorlari bilan ta’riflanadi. Shuning uchun o‘xshash belgilar bir-biriga qarindosh turlarda mustaqil – parallel holda hosil bo‘ladi.
Konvergent evolutsiya
Konvergent evolutsiya – kelib chiqishi jihatidan uzoq guruhlar (kenja sinf, sinf, tip) organizmlarning o‘xshash belgilarga ega bo‘lishi bilan ifodalanadigan evolutsion o‘zgarish xili. Evolutsion o‘zgarishlarning bunday xili qarindosh bo‘lmagan turlarning o‘xshash tashqi muhit ta’siriga moslanishlari natijasi hisoblanadi. Konvergent o‘zgarishlar aynan bir xil tashqi muhit omillari bilan bevosita bog‘langan organlarda yuz beradi.
Xaltali va yo‘ldoshli sutemizuvchilar o‘xshash hayot tarziga ega bo‘lganliklari natijasida bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan holda ularning tuzilishida o‘xshash qirralari paydo bo‘lgan. Konvergent o‘xshashlik sistematik jihatdan bir-biridan ancha uzoq turgan guruhlarda ham kuzatiladi. Qushlar va kapalaklarda qanoti bo‘ladi, lekin bu organlarning kelib chiqishi turlichadir.
Birinchi holatda – bu o‘zgargan oldingi oyoqlar, ikkinchisida – xitin o‘simta.
Konvergensiya misollari
Konvergensiya bir-biriga qarindosh bo‘lmagan guruhlarning o‘xshash yo‘nalishda evolutsion rivojlanishi va ularning bir xil yashash muhitiga moslashishi natijasida o‘xshash belgilarga ega bo‘lishidir. Konvergent rivojlanishga akulalar (birlamchi suv hayvonlari), ixtiozavrlar va kitsimonlar (ikkilamchi suv hayvonlari) tana shaklining o‘xshashligini misol qilib keltirish mumkin (116-rasm). Ammo umurtqalilarning bu guruhlari teri qoplami, kalla suyagi, muskullari, qon aylanish, nafas olish va boshqa organlar sistemalarining tuzilishi bilan bir-biridan farq qiladi.

Tayanch so‘zlar: divergensiya, konvergensiya, parallelizm.
Bilimingizni sinang
Har xil yashash sharoitlariga moslashish natijasida ajdod tur belgilarining tarqalishi qanday ataladi?
- Atavizm
- Divergensiya
- Parallelizm
- Konvergensiya
To‘g‘ri javob: Divergensiya. Bu divergensiya (lotincha – ajralish) ta’rifi.
Arktikadagi oq ayiq, o‘rmondagi qo‘ng‘ir ayiq va tog‘li o‘rmonlardagi qora ayiq vazni va rangi bilan farq qilsa-da, qaysi oilaning vakillari hisoblanadi?
- Itsimonlar
- Mushuksimonlar
- Suvsarsimonlar
- Ayiqsimonlar
To‘g‘ri javob: Ayiqsimonlar. Turlar orasidagi farq kuchaysa ham tuzilishdagi umumiylik saqlanadi: uchalasi ayiqsimonlar oilasiga kiradi.
Divergensiyaning asosiy sabablari qaysi javobda to‘g‘ri berilgan?
- Modifikatsiya, sun’iy tanlash, ontogenez, qarindosh juftlashuv
- Mutatsion jarayon, alohidalanish, populatsiya to‘lqinlari, tabiiy tanlanish
- Modifikatsiya, alohidalanish, gametogenez, ihtiyoriy tanlash
- Mutatsiya, ontogenez, filogenez, sun’iy tanlash
To‘g‘ri javob: Mutatsion jarayon, alohidalanish, populatsiya to‘lqinlari, tabiiy tanlanish. Divergensiya asosan mutatsion jarayon, alohidalanish, populatsiya to‘lqinlari va tabiiy tanlanish ta’sirida ro‘y bergan.
Sutemizuvchilar sinfidan hasharotxo‘rlar, kemiruvchilar kabi turkumlar kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo‘lgan?
- Hujayra tuzilishining o‘zgarishi
- Oziq turi va yashash muhitining xilma-xilligi
- Ajdod turning butunlay yo‘qolib ketishi
- Faqat bir xil oziq turi va yagona yashash muhiti
To‘g‘ri javob: Oziq turi va yashash muhitining xilma-xilligi. Oziq turi va yashash muhitining xilma-xilligi divergensiya orqali turli turkumlarni keltirib chiqargan.
Sutemizuvchilarning turli turkumlaridagi o‘xshashlik va farq nimani ko‘rsatadi?
- O‘xshashlik ajdodi bir ekanini, farq har xil sharoitga moslashganini
- O‘xshashlik har xil sharoitga moslashganini, farq ajdodi bir ekanini
- Ikkala holat ham ajdodi bir ekanini
- Ikkala holat ham sharoit har xil ekanini
To‘g‘ri javob: O‘xshashlik ajdodi bir ekanini, farq har xil sharoitga moslashganini. O‘xshashlik umumiy ajdoddan, farq esa turli sharoitga moslashishdan kelib chiqadi.
Qarindosh bo‘lmagan turlarda o‘xshash belgilar paydo bo‘lishiga (konvergensiyaga) nima sabab bo‘ladi?
- O‘xshash tashqi muhit ta’siriga moslanish
- Bir xil genlarda o‘xshash mutatsiyalar paydo bo‘lishi
- Umumiy ajdodning mavjudligi
- Ajdod tur arealining kengayishi
To‘g‘ri javob: O‘xshash tashqi muhit ta’siriga moslanish. Konvergensiya qarindosh bo‘lmagan turlarning o‘xshash tashqi muhitga moslanishi natijasidir.
Parallelizmga qanday hodisa sabab bo‘ladi?
- Qarindosh bo‘lmagan turlarning o‘xshash muhitga moslanishi
- Tur arealining bo‘linib ketishi
- Ajdod turning har xil muhitga tarqalishi
- Har xil turlarning bir xil genlarida o‘xshash mutatsiyalar paydo bo‘lishi
To‘g‘ri javob: Har xil turlarning bir xil genlarida o‘xshash mutatsiyalar paydo bo‘lishi. Har xil turlarning bir xil genlarida o‘xshash mutatsiyalar paydo bo‘lishi parallelizmga sabab bo‘ladi.
Qushlar va kapalaklar qanotlarining kelib chiqishi qanday?
- Qushlarda xitin o‘simta, kapalaklarda o‘zgargan oldingi oyoq
- Ikkalasida ham xitin o‘simta
- Ikkalasida ham o‘zgargan oldingi oyoq
- Qushlarda o‘zgargan oldingi oyoq, kapalaklarda xitin o‘simta
To‘g‘ri javob: Qushlarda o‘zgargan oldingi oyoq, kapalaklarda xitin o‘simta. Qush qanoti o‘zgargan oldingi oyoq, kapalak qanoti esa xitin o‘simta; ularning kelib chiqishi turlicha.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash