XotirAI logotipiXotirAI
🧬 10-sinf · Biologiya · 54-§.

Paleozoy erasidagi hayot

Mavzular

Kembriy davri

Paleozoy erasi 340 mln yil davom etgan.

Kembriy davrida iqlim mo‘tadil bo‘lib, o‘simlik va hayvonlar dengizda tarqalgan. Ularning ba’zilari o‘troq, ba’zilari suv oqimi bilan harakatlangan. Paleozoy erasida hayvonot dunyosi xilma-xil bo‘lgan va nihoyatda tez rivojlanganligi sababli, kembriy davridayoq, hayvonlarning barcha tiplari mavjud bo‘lgan.

Ikki pallali, qorinoyoqli, boshoyoqli molluskalar, halqali chuvalchanglar, trilobitlar keng tarqalgan va faol harakatlangan. Umurtqali hayvonlarning dastlabki vakillari – qalqondor baliqlar paydo bo‘lgan, ularda jag‘ bo‘lmagan. Qalqondorlar hozirgi davrda yashayotgan to‘garakog‘izlilar – minogalar va miksinalarning olis ajdodi hisoblanadi.

Ordovik va Silur

Ordovik davrida dengizlar sathi ortib, unda yashil, qo‘ng‘ir, qizil suvo‘tlari, boshoyoqli, qorinoyoqli molluskalarning xilma-xilligi ortdi. Korall riflarining hosil bo‘lishi avj oldi. Bulutlar hamda ba’zi ikki pallali molluskalarning turli-tumanligi kamaydi.

Silur davrida tog‘ hosil bo‘lish jarayonlari kuchayib, quruqlik sathi ortdi. Iqlim nisbatan quruq bo‘lgan. Qirg‘oq yaqinidagi suvlarda tarqalgan ko‘p hujayrali yashil suvo‘tlarining ba’zilari yashash uchun kurash, tabiiy tanlanish tufayli quruqlikka chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Tuproq dastlabki quruqlikdagi o‘simliklar psilofitlarning tarqalishiga imkon bergan.

Silurda quruqlikdagi hayot

Tuproqda organik birikmalarning to‘planishi keyinchalik zamburug‘lar paydo bo‘lishi uchun imkon yaratgan. Boshoyoqli molluskalar nihoyatda ko‘paygan. Silur davrida atmosfera havosi bilan nafas oladigan dastlabki quruqlikda yashovchi bo‘g‘imoyoqlilar paydo bo‘lgan.

Markaziy Osiyoda kuchli vulqonli jarayonlar ro‘y bergan. Iqlim iliq bo‘lgan. Zarafshon tog‘ tizmalarida kovakichli hayvonlar bilan past bo‘yli psilofitlarning toshga tushgan tasviri topilgan.

Devon davri

Devon davrida dengizlar sathi kamayib, quruqlik ortishi yanada davom etgan. Iqlim mo‘tadil bo‘lgan. Quruqlikning ko‘pgina qismi dasht, yarim dashtga aylangan. Dengizlarda tog‘ayli baliqlar rivojlanib, «qalqondor» baliqlarning yashash uchun kurashda kamaya borishi ro‘y bergan. So‘ngra suyakli baliqlar kelib chiqqan.

Sayoz havzalarda ikki yoqlama nafas oluvchi baliqlar, panjaqanotli baliqlar rivojlangan. Bu davrda baland bo‘lib o‘suvchi qirqquloqlar, qirqbo‘g‘imlar, plaunlardan dastlabki o‘rmonlar hosil bo‘lgan. Bo‘g‘imoyoqli hayvonlarning ayrim guruhlaridan ko‘poyoqlar va dastlabki hasharotlar rivojlangan.

Devon davrining o‘rtalariga kelib suv hamda quruqlikda yashovchilarning dastlabki turlari vujudga kelgan.

Toshko‘mir davri

Toshko‘mir davrida iqlim nam, havoda karbonat angidrid ko‘p bo‘lgan. Quruqlikdagi pasttekisliklarda botqoqli yerlar ko‘p uchragan. Ulardan balandligi 40 m ga yetadigan qirqquloqlar, qirqbo‘g‘imlar, plaunlar o‘sgan. Bulardan tashqari ochiq urug‘li o‘simliklar paydo bo‘lgan.

Daraxtsimon o‘simliklarning yoppasiga halok bo‘lishi o‘sha joylarda keyinchalik ko‘mir qatlami hosil bo‘lishiga olib kelgan. Suv hamda quruqlikda yashovchilarning dastlabki vakillari hisoblangan stegotsefallar nihoyatda ko‘p va xilma-xil bo‘lgan. Uchuvchi hasharot – suvaraklar, ninachilar rivojlangan.

Perm davri

Perm davrining boshlariga kelib iqlim birmuncha quruq va sovuq bo‘lgan. Bunday sharoitda suvda hamda quruqlikda yashovchilarning anchagina qismi qirilib ketgan.

Yashash uchun kurash, tabiiy tanlanish suvda hamda quruqlikda yashovchilarning ma’lum guruhining o‘zgarishiga sabab bo‘lgan. Keyin ulardan sudralib yuruvchilar sinfining vakillari kelib chiqqan.

Bilimingizni sinang

Paleozoy erasi necha million yil davom etgan?
  1. 70 mln yil
  2. 175 mln yil
  3. 900 mln yil
  4. 340 mln yil

To‘g‘ri javob: 340 mln yil. Paleozoy erasining davomiyligi 340 mln yil.

Nima sababdan kembriy davridayoq hayvonlarning barcha tiplari mavjud bo‘lgan?
  1. Dengizlar sathining kamayishi tiplar sonini oshirgan
  2. Quruqlikka chiqish hayvonlar tiplarining ko‘payishini tezlashtirgan
  3. Iqlim keskin sovuq bo‘lgani uchun yangi tiplar paydo bo‘lgan
  4. Hayvonot dunyosi xilma-xil bo‘lib, nihoyatda tez rivojlangan

To‘g‘ri javob: Hayvonot dunyosi xilma-xil bo‘lib, nihoyatda tez rivojlangan. Paleozoyda hayvonot dunyosi xilma-xil va juda tez rivojlangani sababli kembriyda barcha tiplar bo‘lgan.

Kembriy davrida paydo bo‘lgan, jag‘i bo‘lmagan qaysi umurtqali hayvonlar minogalar va miksinalarning olis ajdodi hisoblanadi?
  1. Tog‘ayli baliqlar
  2. Suyakli baliqlar
  3. Qalqondor baliqlar
  4. Panjaqanotli baliqlar

To‘g‘ri javob: Qalqondor baliqlar. Qalqondorlar – umurtqalilarning dastlabki vakillari, jag‘siz bo‘lib, to‘garakog‘izlilarning ajdodi hisoblanadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Silur davrida tog‘ hosil bo‘lish jarayonlari kuchayib, quruqlik sathi ortgan; II. Dastlabki quruqlik o‘simliklari psilofitlar bo‘lgan; III. Silurda dastlabki quruqlikdagi bo‘g‘imoyoqlilar suv bilan nafas olgan.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: quruqlikdagi dastlabki bo‘g‘imoyoqlilar atmosfera havosi bilan nafas olgan.

Silur davrida zamburug‘lar paydo bo‘lishi uchun nima imkon yaratgan?
  1. Korall riflarining hosil bo‘lishi
  2. Iqlimning keskin sovishi
  3. Dengizlarda boshoyoqli molluskalarning ko‘payishi
  4. Tuproqda organik birikmalarning to‘planishi

To‘g‘ri javob: Tuproqda organik birikmalarning to‘planishi. Tuproqda organik birikmalar to‘planishi zamburug‘lar paydo bo‘lishiga sharoit yaratgan.

Markaziy Osiyoda, Zarafshon tog‘ tizmalarida toshga tushgan qaysi tasvirlar topilgan?
  1. Ninachilar bilan qirqbo‘g‘imlar
  2. Stegotsefallar bilan qirqquloqlar
  3. Trilobitlar bilan qalqondor baliqlar
  4. Kovakichli hayvonlar bilan past bo‘yli psilofitlar

To‘g‘ri javob: Kovakichli hayvonlar bilan past bo‘yli psilofitlar. Zarafshon tog‘ tizmalarida silur davriga oid kovakichlilar va past bo‘yli psilofitlarning toshga tushgan tasviri topilgan.

Davrlarni ularda ro‘y bergan hodisalar bilan moslang: 1) ordovik; 2) devon; 3) toshko‘mir; a) ko‘mir qatlami hosil bo‘lishiga olib kelgan daraxtsimon o‘simliklarning halok bo‘lishi; b) korall riflarining hosil bo‘lishi; c) suyakli baliqlarning kelib chiqishi.
  1. 1-b, 2-c, 3-a
  2. 1-a, 2-b, 3-c
  3. 1-c, 2-b, 3-a
  4. 1-b, 2-a, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Ordovikda korall riflari avj oldi, devonda suyakli baliqlar kelib chiqdi, toshko‘mirda ko‘mir qatlami hosil bo‘ldi.

Devon davrida baland bo‘lib o‘suvchi qaysi o‘simliklardan dastlabki o‘rmonlar hosil bo‘lgan?
  1. Qirqquloqlar, qirqbo‘g‘imlar va plaunlar
  2. Psilofitlar va zamburug‘lar
  3. Ochiq urug‘li o‘simliklar
  4. Yopiq urug‘li o‘simliklar

To‘g‘ri javob: Qirqquloqlar, qirqbo‘g‘imlar va plaunlar. Devonda qirqquloq, qirqbo‘g‘im va plaunlardan dastlabki o‘rmonlar hosil bo‘lgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiArxey, proterozoy eralaridagi hayotKeyingi →Mezozoy, kaynazoy eralaridagi hayot