Sun’iy ekosistemalar
Mavzular
Sun’iy ekosistemalar
Sun’iy ekosistemalar – bu antropogen ekosistemalardir. Tarixiy rivojlanish davomida inson tabiatni o‘z maqsadlari yo‘lida o‘zgartirib borgan. Insonlarning xo‘jalik maqsadlari tabiiy ekosistemalarni antropogen ekosistemalarga qisman almashishiga olib kelgan – urbanoekosistema, agroekosistema, ular insonning xohishlariga ko‘ra yaratiladi, saqlanadi, boshqariladi. Sun’iy ekosistemalar o‘zini o‘zi boshqarmaydi, o‘zini o‘zi tiklay olmaydi va insonning ta’sirisiz uzoq vaqt mavjud bo‘la olmaydi.
Ular faqatgina quyosh energiyasidan foydalanibgina qolmay, inson tomonidan beriladigan qo‘shimcha energiya manbalaridan ham foydalanadi. Akvarium, gul o‘tkazilgan tuvaklar sun’iy ekosistemalarning kichik modellaridir.
Urbanoekosistema tarkibi
Urbanoekosistema – (urbanoekosistema lotinchada «urbs» – shahar) inson tomonidan sun’iy yaratilgan va boshqariladigan ekosistema sanaladi. U insonlar ma’lum bir joyni manzilgohga aylantirishi natijasida paydo bo‘ladi. Bunday ekosistemalarga shaharlar, shaharchalar, qishloqlar misol bo‘ladi.
Urbanoekosistemalar tarkibiga tabiiy komponentlar (yorug‘lik, havo, suv, tuproq, o‘simlik, hayvon, zamburug‘, mikroorganizmlar) va inson tomonidan yaratilgan komponentlar (sanoat korxonalari, arxitektura qurilish obyektlari, transport, dam olish oromgohlari va yashash joylari) kiradi.
Inson omilining ta’siri
Inson tomonidan yaratilgan ikkinchi komponent shahar ekosistemasining biotik va abiotik qismlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘pgina yirik shaharlarda havo tarkibida sanoat va avtotransport vositalari chiqindilari, hayvon, o‘simlik turlari sonining kamayishiga sabab bo‘luvchi karbonat angidrid va is gazi miqdori ortgan. Shahar muhitiga antennalar va elektr uzatish tarmoqlari hamda transport vositalari tomonidan keltirib chiqariladigan turli shovqinlar ta’sir ko‘rsatmoqda. Ular yovvoyi hayvonlarni cho‘chitadi, insonlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shahar florasi va faunasi
Shaharlarda o‘stiriladigan o‘simliklar orasida tuproq tarkibida namlik yetishmasligiga va sho‘rlangan tuproqda o‘sish xususiyatiga ega bo‘lgan (terak, soxta kashtan, shumtol, akatsiya, gledichiya va boshqalar), havo tarkibidagi karbonat angidridni o‘zlashtiradigan va havoga kislorod bilan birga kasallik keltirib chiqaruvchi bakteriyalarni nobud qiladigan fitonsidlar ishlab chiqaradigan o‘simliklar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shahar hududida o‘sadigan o‘simliklarning asosiy vazifasi organik modda hosil qilish emas, balki havo tarkibini me’yorida ushlab turishdir. Ular o‘zida chang va turli xil zararli kimyoviy mahsulotlarni ushlab qoladi va tabiiy tozalovchi vazifasini bajaradi.
Urbanoekosistemada tarqalgan hayvonlar orasida qushlar (kaptar, chumchuq, qaldirg‘och va boshqalar), kemiruvchilar (kalamush, sichqon, olmaxonlar), hasharotlar (qandalalar, suvaraklar, asalarilar va boshqalar) uchraydi.
Shahar ekosistemasini ekologizatsiya
Shahar ekosistemasini boshqaruvchi ekologik ixtisoslashgan tashkilotlarning bugungi kundagi vazifasi sanoat korxonalarining ishlab chiqarish texnologiyasini, kommunal va transport sohalarini ekologizatsiyalashtirish hisoblanadi. Energiya sarfini kamaytirish borasida ham bir qancha muammolar o‘z yechimini topib bormoqda. Energiya olishda quyosh batareyalaridan va energiyani nisbatan kamroq sarflaydigan yoritish uskunalaridan foydalanilmoqda. Shu bilan birga suv sarfini kamaytirish, oqova suvlarni tozalash, chiqindilarni kamaytirish va qayta ishlash kabi muammolar mavjud.
Agroekosistema (agrosenoz)
Agroekosistemalar (yunoncha – «agros» – dala) insonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi faoliyati natijasida yuzaga keladigan sun’iy ekosistemalardir. Bularga dalalar, bog‘lar, tokzorlar, tomorqalar misol bo‘ladi. Agroekosistemalar agrosenozlar deb ham ataladi. Agrosenoz – bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olishda foydalaniladigan sun’iy biogeotsenozlardir. Ular doimiy ravishda insonlar tomonidan boshqariladi, ular bir yoki bir necha hayvon zotlari va o‘simlik navlarining yuqori hosildorligi bilan ta’riflanadi (33-rasm).

Urbanoekosistemadan farq qilib, agroekosistemalarning asosiy qismini avtotrof organizmlar – o‘simliklar tashkil etadi.
Agroekosistemalar faqatgina quyosh energiyasidan foydalanadigan tabiiy ekosistemalardan farq qiladi. Bu ekosistemalarda o‘g‘itlash va sug‘orish ishlari amalga oshiriladi. Agroekosistemalar kerakli mahsulotlarni yetishtirib beradi, mazkur mahsulotlarni tovarga aylantiradi va iqtisodiyot rivojiga zamin tayyorlaydi.
Agroekosistema elementlari
Agroekosistemaning asosiy elementlari quyidagilar hisoblanadi: madaniy o‘simliklar, begona o‘tlar, mikroorganizmlar (masalan, azot to‘plovchi bakteriyalar), yuksak o‘simliklar bilan mikoriza hosil qiladigan zamburug‘lar, tuproqda erkin yashovchi zamburug‘lar, bakteriyalar, suvo‘tlari, tuproqda yashovchi umurtqasiz va umurtqali hayvonlar (34-rasm).

Agroekosistemalarning hosildorligini oshirish uchun ko‘p miqdorda yoqilg‘i, kimyoviy moddalar, texnikadan foydalanish uchun energiya sarflanadi.
Monokultura va barqarorlik
Ba’zan sarflanayotgan energiya miqdori yetishtirilayotgan mahsulot miqdoridan ortib ketadi. Bu esa iqtisodiy tanglik holatida agroekosistemalarning rentabelligini tushirib yuboradi. Sun’iy yaratilgan ekosistemalar inson tomonidan doimiy nazoratni talab etadi. Faqat ayrim turdan iborat maxsus ekosistemadan (masalan, g‘o‘zadan) vaqtinchalik iqtisodiy foyda olish mumkin. Ammo juda katta maydonlardagi g‘o‘za monokulturasi tuproq strukturasining buzilishiga, uning sho‘rlanishiga, zararkunandalarning ko‘payishiga va natijada ekosistemaning buzilishiga olib keladi. Almashlab ekishni qo‘llash, ekologik jamoaga qo‘shimcha tarkibiy qismlarni, masalan, biologik kurashda ishtirok etadigan organizmlar – entomofag (hasharotxo‘r), changlantiruvchi asalarilarni qo‘shish, ekologik sistemaning stabillashuviga yordam beradi.
Yaylov va agrosenoz samaradorligi
Cho‘l, o‘tloq, dasht kabi yaylov sifatida foydalaniladigan tabiiy ekosistemalarning mahsuldorligini oshirish uchun serhosil o‘tlar ekish, o‘g‘itlash va tuproqni sun’iy sug‘orish usullaridan foydalanish mumkin. Agrosenozlarning iqtisodiy samaradorligini yanada oshirish uchun ekinlarga ishlov berishning zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish, yangi o‘simlik navlari va ularning duragaylarini yaratishda genetik injeneriya va biotexnologiya usullaridan foydalanish zarur.
Kosmik ekosistemalar
Kosmik ekosistemalar. Uzoq safarga mo‘ljallangan kosmik kema ham kichik antropogen ekosistema hisoblanadi. Hozirgi paytda barcha kosmik kemalar hayot uchun zarur bo‘ladigan zaxiralar bilan ta’minlangan. Ularda suv va havoning regeneratsiyasi fizik-kimyoviy usullar yordamida amalga oshadi. Kosmik kemalar hayot uchun zarur barcha abiotik komponentlarni qayta hosil qiluvchi va ularni qayta ishlovchi sistemalar bilan jihozlanadi. Quyida tabiiy va sun’iy ekosistemalarning qiyosiy tavsifi berilgan (3-jadval).
Qiyosiy tavsif: 1-qism
3-jadval. Tabiiy va sun’iy ekosistemalarning qiyosiy tavsifi
- Kelib chiqishi – Tabiiy: biosferaning evolutsiya jarayonida shakllangan birlamchi tabiiy elementar birligi; Sun’iy: biosferaning inson tomonidan shakllantirilgan ikkilamchi sun’iy tarkibiy qismi
- Harakatlantiruvchi kuch – Tabiiy: evolutsiyada tabiiy tanlanish asosiy harakatlantiruvchi kuch; Sun’iy: tabiiy tanlanish kuchi inson tomonidan susaytirilgan, asosiy yo‘nalish sun’iy tanlash
- Tuzilishi – Tabiiy: ko‘plab hayvon va o‘simlik turlaridan tarkib topgan, bir necha turlarga mansub populatsiyalar hukmronlik qiladigan murakkab biologik sistema; Sun’iy: bir o‘simlik yoki hayvon turi populatsiyalari hukmronlik qiladigan soddalashgan ekosistema
- Barqarorlik – Tabiiy: fitosenozning ekologik xilma-xilligi, o‘z-o‘zini boshqarishi ekosistemaning dinamik muvozanatini ta’minlaydi; Sun’iy: biomassasi tarkibi, mahsuldorlikning turg‘unligi doimiy emas
Qiyosiy tavsif: 2-qism
- Mahsulot – Tabiiy: birlamchi mahsulot konsumentlar yoki redutsentlar tomonidan iste’mol qilinadi va davriy aylanishda ishtirok etadi; Sun’iy: mahsulotning ma’lum qismi inson ehtiyojlarini qondirish maqsadida ekosistemadan chiqarib yuboriladi
- Energiya – Tabiiy: quyosh energiyasini qabul qiladi, o‘zgartiradi, to‘playdi; Sun’iy: faqatgina quyosh energiyasidan emas, inson tomonidan beriladigan qo‘shimcha energiyadan ham foydalanadi
- Tuproq – Tabiiy: unumdor tuproqning hosil bo‘lishini ta’minlaydi; Sun’iy: tuproqning unumdorligini pasaytiradi
- Suv – Tabiiy: suvni sekin-asta sarflaydi va tozalaydi; Sun’iy: suvni sarflaydi, ifloslantiradi
- O‘zini boshqarish – Tabiiy: o‘zini o‘zi boshqarish va tiklash xususiyatiga ega; Sun’iy: doimiyligini saqlash va tiklash uchun ko‘p kuch sarflanadi
Bilimingizni sinang
Sun’iy ekosistemalar nima uchun insonning ta’sirisiz uzoq vaqt mavjud bo‘la olmaydi?
- Turlarning xilma-xilligi juda yuqori bo‘ladi
- Tabiiy tanlanish juda kuchli ta’sir qiladi
- Faqat quyosh energiyasidan foydalanadi
- O‘zini o‘zi boshqarmaydi va o‘zini o‘zi tiklay olmaydi
To‘g‘ri javob: O‘zini o‘zi boshqarmaydi va o‘zini o‘zi tiklay olmaydi. Sun’iy ekosistemalar o‘zini o‘zi boshqarmaydi va tiklay olmaydi, shuning uchun inson ta’sirisiz uzoq mavjud bo‘la olmaydi.
Quyidagilardan qaysi biri sun’iy ekosistemalarning kichik modeli hisoblanadi?
- Qirg‘oq to‘qayi
- Akvarium
- Botqoqlik
- Ko‘l
To‘g‘ri javob: Akvarium. Akvarium va gul o‘tkazilgan tuvaklar sun’iy ekosistemalarning kichik modellaridir.
«Urbanoekosistema» atamasidagi «urbs» so‘zi lotinchada nimani anglatadi?
- Shahar
- Suv
- Dala
- Qishloq
To‘g‘ri javob: Shahar. Lotincha «urbs» – shahar.
Ekosistemalarni ularga misollar bilan moslang: 1) Urbanoekosistema; 2) Agroekosistema; 3) Kosmik ekosistema. a) kosmik kema; b) shaharcha va qishloqlar; c) dala va tokzorlar.
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Urbanoekosistemaga shahar va qishloqlar, agroekosistemaga dala va tokzorlar, kosmik ekosistemaga kosmik kema misol.
Quyidagilardan qaysilari urbanoekosistemadagi inson tomonidan yaratilgan komponentlarga kiradi?
- Zamburug‘lar va mikroorganizmlar
- Tuproq, o‘simlik va hayvon
- Sanoat korxonalari, transport va yashash joylari
- Yorug‘lik, havo va suv
To‘g‘ri javob: Sanoat korxonalari, transport va yashash joylari. Sanoat korxonalari, transport, yashash joylari inson yaratgan komponentlar; qolganlari tabiiy komponentlar.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Yorug‘lik, havo, suv va tuproq urbanoekosistemaning tabiiy komponentlaridir; II. Sanoat korxonalari va transport urbanoekosistemaning tabiiy komponentlariga kiradi; III. Dam olish oromgohlari inson tomonidan yaratilgan komponentlarga kiradi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va III. Sanoat korxonalari va transport inson yaratgan komponentlar, shuning uchun II noto‘g‘ri.
Yirik shaharlar havosida karbonat angidrid va is gazi miqdori ortishiga asosan nima sabab bo‘lgan?
- Quyosh batareyalaridan foydalanish
- O‘rmonlar maydonining ko‘payishi
- Dengiz suvining bug‘lanishi
- Sanoat va avtotransport vositalari chiqindilari
To‘g‘ri javob: Sanoat va avtotransport vositalari chiqindilari. Sanoat va avtotransport chiqindilari havoda karbonat angidrid va is gazi miqdorini oshirgan.
Antennalar, elektr uzatish tarmoqlari va transport keltirib chiqaradigan shovqin shahar muhitiga qanday ta’sir qiladi?
- Yovvoyi hayvonlarni cho‘chitadi, inson salomatligiga zarar yetkazadi
- Inson salomatligiga foydali ta’sir qiladi
- Yovvoyi hayvonlarni shaharga jalb qiladi
- O‘simliklar o‘sishini tezlashtiradi
To‘g‘ri javob: Yovvoyi hayvonlarni cho‘chitadi, inson salomatligiga zarar yetkazadi. Shovqin yovvoyi hayvonlarni cho‘chitadi va inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash