Biogeotsenozlarning barqarorligi
Mavzular
Ekosistemalarning barqarorligi
Tabiiy ekosistemalar ma’lum qonuniyatlar asosida tarkib topadi, rivojlanadi. Ekosistemaning barqarorligi eng avvalo produtsent, konsument, redutsentlar tomonidan amalga oshiriladigan moddalar va energiya almashinuvi jarayoni va quyosh energiyasi hisobiga ta’minlanadi. Yuqorida qayd etilgan ikki omil ekosistemaning tashqi muhitning doimiy o‘zgarishlariga nisbatan barqarorligini yuzaga keltiradi. O‘zgargan ekologik omillar ta’sirida o‘zining tuzilishi va normal funksional holatini saqlay olish xususiyati ekosistemalarning barqarorligi deb ataladi. Turlarning xilma-xilligi va organizmlarning o‘zi yashaydigan muhitdagi o‘zgarishlarga ma’lum darajada moslanishlari ekosistemalar barqarorligini hamda tashqi muhit omillariga nisbatan turg‘unligini ta’minlaydi.
Turlar xilma-xilligi va barqarorlik
Ekosistemalar turg‘unligini uning tarkibiga kiradigan organizmlar o‘rtasidagi trofik aloqalarning xilma-xilligi ham belgilaydi. Turlar soni kam bo‘lgan ekosistemalar barqaror bo‘lmaydi. Biogeotsenozlarning tarkibida turlar qanchalik xilma-xil bo‘lsa, ularning turg‘unligi ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Tashqi muhit sharoitlarining o‘zgarishi avvalgi muhitga moslashgan organizmlarni qirilishiga olib keladi. Ekosistema tarkibida populatsiyalar genetik jihatdan qanchalik xilma-xil bo‘lsa, ularda tashqi muhitning o‘zgargan sharoitlariga nisbatan moslanish, yashab qolish va organizmlarni sonini tiklash uchun imkoniyat shunchalik ko‘p bo‘ladi. Populatsiyalarning o‘zini tiklab olishi uchun talab qilinadigan vaqt organizmlarning ko‘payish tezligi bilan belgilanadi.
Gomeostaz
Ekosistemalarning o‘zini o‘zi boshqarish va dinamik muvozanatni saqlash xususiyati gomeostaz deb ataladi. Ekosistema gomeostazi uning tarkibidagi turlarning soni va tarkibining doimiyligi bilan ifodalanadi. Insonning omil sifatida oziq zanjirlariga salbiy ta’siri ekosistemadagi organizmlar sonining ko‘payishi yoki kamayishiga olib keladi, natijada ekosistemaning gomeostaz holati buziladi. Tashqi muhit sharoit va turlar sonining o‘zgarishi hamda ayrim turlarning yo‘qolishi yoki yangi turlarning qo‘shilishi, biogeotsenozlar turg‘unligining buzilishiga yoki boshqasi bilan almashinishiga olib keladi.
Suksessiya tushunchasi
Biogeotsenozlarning almashinuvi. Ma’lum vaqt oralig‘ida biogeotsenozlarda o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin. Muhitdagi abiotik va biotik omillar ta’siri natijasida, ekosistema tarkibiga kiruvchi populatsiyalar soni kamayib boradi. Vujudga kelgan yangi sharoitlar ularning hayot kechirishi uchun noqulay hisoblanadi. Natijada tabiiy tanlanish tufayli bu populatsiyalar qisqarib, ular o‘rniga shu muhit sharoitiga moslashgan populatsiyalar paydo bo‘ladi. Bu esa bir biogeotsenozning turlar tarkibi bilan farq qiluvchi boshqa bir biogeotsenoz bilan almashinuviga olib keladi. Biogeotsenozlarning ma’lum vaqt davomida boshqa bir biogeotsenozlar bilan almashinish jarayoni biogeotsenozlar almashinuvi yoki suksessiya deb ataladi.
Suksessiya (lotincha «successio» – o‘rin almashish) – ma’lum hududdagi ekosistemalarning inson va tabiat omillari ta’sirida izchillik bilan boshqa ekosistemalarga almashinishi. Suksessiyalar birlamchi va ikkilamchi bo‘ladi.
Birlamchi suksessiya va klimaks
Birlamchi suksessiyalar tuproq va o‘simliklar mavjud bo‘lmagan joylarda kuzatiladi. Masalan, vulqonlar otilgan maydonlarda, qum tepaliklarda va qoyalar yuzasida sodir bo‘ladi. Ma’lum izchillikda davom etadigan jarayonlar natijasida barqaror biogeotsenozlar hosil bo‘ladi. Bir-biri bilan almashinadigan ekosistemalar suksessiya ketma-ketligi yoki biogeotsenozlar qatori deb ataladi. Bu qatordagi ekosistemalar rivojlanayotgan ekosistemaning dastlabki bosqichlari hisoblanadi.
Jamoalar va atrof-muhit bilan o‘zaro muvozanat holati ta’minlangan ekosistemalar klimaks bosqichidagi ekosistemalar deb ataladi. Klimaks bosqichigacha rivojlanish uzoq vaqt talab etadi (bir necha yuz yoki ming yillik).
Klimaksli ekosistemalar
Yetuk klimaksli ekosistemalar tashqi muhit omillariga nisbatan yuqori barqarorlikka ega. Ekosistemada qanchalik turlar soni ko‘p va ular o‘rtasidagi trofik munosabatlar murakkab bo‘lsa, ekosistema shunchalik barqaror va turg‘un bo‘ladi. Turlar soni ko‘p bo‘lgan biogeotsenozlarda konsumentlar uchun oziq resurslar turi xilma-xil bo‘ladi, bir turdagi oziqning yetishmovchiligi yoki yo‘qolishi katta xavf tug‘dirmaydi, chunki konsumentlar boshqa oziq bilan ham oziqlanadi. Bu esa individlarni soni kamaygan turlarning o‘zini qayta tiklashiga imkon yaratadi. Muhit sharoitlari o‘zgarganda ham shu usulda oziq resurslari va uning iste’molchilari o‘rtasida muvozanat saqlanadi.
Moddalar va energiyaning aylanishi to‘liq muvozanatlashgan, ya’ni bir turdagi organizmlarning hayotiy mahsulotlari boshqasi tomonidan o‘zlashtiriladigan klimaksli ekosistemalar tashqi muhitning muayyan ta’sirlariga nisbatan turg‘un va barqaror bo‘ladi. Klimaksli ekosistemalarga tayga, tundra, dasht misol bo‘ladi.
O‘rmon biogeotsenozining tiklanishi: boshlanishi
Barqaror biogeotsenozlarning bosqichma-bosqich shakllanishini o‘rmon biogeotsenozning tiklanishi misolida ko‘rish mumkin (35-rasm). Vulqon otilishi natijasida paydo bo‘lgan yalang‘och qoyalarda dastlab lishayniklar va suvo‘tlari paydo bo‘ladi. Suvning muzlashi va erishi, lishayniklar tomonidan ishlab chiqariladigan kislotalar toshlarni yemirishi tufayli tuproq qatlami hosil bo‘ladi. Lishayniklarning qoldiqlari tuproq qatlamini organik birikmalar bilan boyitadi. Keyinchalik bu yerda yo‘sinlar o‘sa boshlaydi.

O‘rmon biogeotsenozining tiklanishi: davomi
Lishayniklar va yo‘sinlar bilan bir vaqtda bu hududda hasharotlar, o‘rgimchaklar va boshqa umurtqasizlar yashay boshlaydi. Shundan so‘ng shamol yordamida bir yillik va ko‘p yillik o‘tlarning tarqalishiga imkon yaratiladi. Tuproq tarkibida qoldiq moddalar miqdori, umurtqasiz hayvonlar va shu bilan bir paytda turli xil xordalilar tipi vakillari bo‘lgan qushlar, sutemizuvchilar xilma-xilligi ham ortib boradi. Dastlab butalar, so‘ngra daraxtlar paydo bo‘ladi, hayvonot dunyosi boyib boradi. Shu yo‘l bilan o‘rmon paydo bo‘ladi. Birlamchi suksessiyada o‘simliklar asosiy rol o‘ynaydi, chunki ularning faoliyati tufayli tuproq tarkibi o‘zgaradi, mineral moddalar bilan boyib boradi.
Ikkilamchi suksessiya
Ikkilamchi suksessiya populatsiyalar o‘rtasidagi munosabatlar buzilgan hududlarda kuzatiladi.
Ikkilamchi suksessiya yong‘in, qurg‘oqchilik, o‘rmonlar kesilishi yuz bergan hududlarda populatsiyalar o‘rtasida munosabatlarning qayta tiklanishi oqibatida yuz beradi. Bunday turdagi suksessiyalarda rivojlanish birlamchi suksessiyaga nisbatan tez kechadi, chunki tuproqda o‘simliklarning yer ostki organlari, sporalar, karaxt holdagi hayvonlar saqlanib qolgan bo‘ladi. Ikkilamchi suksessiyalarning amalga oshishi ko‘pincha inson omili ta’sirida sodir bo‘lgani uchun ham ularni antropogen suksessiya deb atash ham mumkin.
Shunday qilib, suksessiyalar natijasida sayyoramizda turli darajadagi biologik xilma-xillik vujudga keladi.
Bilimingizni sinang
Ekosistemaning tashqi muhit o‘zgarishlariga nisbatan barqarorligi eng avvalo nima hisobiga ta’minlanadi?
- Faqat konsumentlar sonining ko‘pligi va yog‘ingarchilik
- Tabiiy tanlanish va suksessiyaning tez kechishi
- Insonning xo‘jalik faoliyati va sun’iy muhit yaratilishi
- Moddalar va energiya almashinuvi hamda quyosh energiyasi
To‘g‘ri javob: Moddalar va energiya almashinuvi hamda quyosh energiyasi. Barqarorlikni produtsent, konsument, redutsentlar amalga oshiradigan moddalar va energiya almashinuvi hamda quyosh energiyasi ta’minlaydi.
Ekosistemalarning o‘zini o‘zi boshqarish va dinamik muvozanatni saqlash xususiyati nima deb ataladi?
- Klimaks
- Antropogen o‘zgarish
- Gomeostaz
- Suksessiya
To‘g‘ri javob: Gomeostaz. O‘zini o‘zi boshqarish va dinamik muvozanatni saqlash xususiyati gomeostaz deyiladi.
Turlar soni ko‘p bo‘lgan biogeotsenozlarda bir turdagi oziqning yetishmovchiligi nima uchun katta xavf tug‘dirmaydi?
- Chunki populatsiyalar genetik jihatdan bir xil bo‘ladi
- Chunki produtsentlar quyosh energiyasisiz oziq hosil qiladi
- Chunki konsumentlar boshqa oziq bilan ham oziqlanadi
- Chunki redutsentlar oziq zanjirini to‘xtatib turadi
To‘g‘ri javob: Chunki konsumentlar boshqa oziq bilan ham oziqlanadi. Oziq turi xilma-xil bo‘lgani uchun konsumentlar boshqa oziqqa o‘ta oladi va soni kamaygan turlar tiklanadi.
Birlamchi suksessiya qanday joylarda kuzatiladi?
- Yong‘in bo‘lib o‘tgan o‘rmon hududlarida
- Populatsiyalar o‘rtasidagi munosabatlar buzilgan hududlarda
- O‘rmonlar kesilgan, tuproqda sporalar saqlangan joylarda
- Tuproq va o‘simliklar mavjud bo‘lmagan joylarda
To‘g‘ri javob: Tuproq va o‘simliklar mavjud bo‘lmagan joylarda. Birlamchi suksessiya tuproq va o‘simliklar bo‘lmagan joylarda, masalan vulqon maydonlarida boshlanadi.
Ikkilamchi suksessiya birlamchi suksessiyaga nisbatan nima uchun tezroq kechadi?
- Chunki tuproqda o‘simliklarning yer ostki organlari, sporalar, karaxt hayvonlar saqlanib qolgan
- Chunki bu yerda tuproq mutlaqo bo‘lmaydi
- Chunki bu yerda faqat lishayniklar yashaydi
- Chunki suksessiya faqat inson ishtirokisiz o‘tadi
To‘g‘ri javob: Chunki tuproqda o‘simliklarning yer ostki organlari, sporalar, karaxt hayvonlar saqlanib qolgan. Ikkilamchi suksessiyada tuproq saqlanadi, undagi yer ostki organlar, sporalar va karaxt hayvonlar tiklanishni tezlatadi.
Jamoalar va atrof-muhit bilan o‘zaro muvozanat holati ta’minlangan ekosistemalar qanday bosqichdagi ekosistemalar deb ataladi?
- Birlamchi suksessiya bosqichidagi
- Klimaks bosqichidagi
- Antropogen bosqichdagi
- Ikkilamchi suksessiya bosqichidagi
To‘g‘ri javob: Klimaks bosqichidagi. Jamoalar va muhit bilan muvozanatga erishgan ekosistemalar klimaks bosqichidagi hisoblanadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Turlar soni kam bo‘lgan ekosistemalar barqaror bo‘lmaydi. II. Populatsiyalarning o‘zini tiklab olishi uchun kerak bo‘ladigan vaqt organizmlarning ko‘payish tezligi bilan belgilanadi. III. Populatsiyalar genetik jihatdan qanchalik bir xil bo‘lsa, moslanish imkoniyati shunchalik ko‘p bo‘ladi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: genetik xilma-xillik qancha ko‘p bo‘lsa, moslanish imkoniyati shuncha ko‘p bo‘ladi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Ekosistema gomeostazi tarkibidagi turlar soni va tarkibining doimiyligi bilan ifodalanadi. II. Insonning oziq zanjirlariga salbiy ta’siri gomeostaz holatini buzadi. III. Suksessiya ekosistemaning o‘zini o‘zi boshqarish xususiyatidir.
- Faqat I
- I va II
- II va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: suksessiya – biogeotsenozlarning boshqalari bilan almashinish jarayoni.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash