XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 23-§.

Inson ekologiyasi

Mavzular

Inson ekologiyasi fani

Inson hayotini tabiatsiz va tashqi muhit omillarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Inson bilan tashqi muhit o‘rtasida doimo moddalar va energiya almashinuvi bo‘lib turadi. 1920-yillarda inson bilan tashqi muhit o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganuvchi inson ekologiyasi – antropoekologiya fani paydo bo‘ldi.

Inson ekologiyasi fani antropoekologik sistemalarning kelib chiqishi, yashashi va rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganadi.

Antropoekologiya ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy bilim sohasi bo‘lib, insonning normal hayotiy faoliyati uchun turli ehtiyojlarni qondirish va turmush darajasini orttirish uchun tavsiyalar ishlab chiqadi.

Antropoekologik sistemalar

Antropoekologik sistemalar – muhit bilan dinamik muvozanatda bo‘lgan va shu munosabat orqali o‘z ehtiyojlarini qondiradigan insonlar jamoasidir. Antropoekologik sistemalarning tabiiy ekosistemalardan asosiy farqi uning tarkibida inson jamoasining mavjudligidir. Ma’lum hududda yashaydigan insonlar jamoasining faolligi ularning atrof-muhitga ko‘rsatadigan ta’sir darajasi bilan aniqlanadi. Rivojlanayotgan jamoa aholi sonining ko‘payib borishi bilan birga oziq-ovqat mahsulotlari, xomashyo, suv resurslari, chiqindilarni qayta ishlashga bo‘lgan ehtiyojlari ham ortib borishi bilan ta’riflanadi. Bu esa o‘z navbatida insonning tabiiy muhitga bo‘lgan ta’sirini kuchaytiradi, biotik va abiotik omillardan foydalanishni jadallashtiradi.

Inson – ekologik omil (1)

Inson ekologik omillarning ta’sir obyekti bo‘lishi bilan birga o‘zi ham muhitga ta’sir qiladi. Insonning ekologik omil sifatida o‘ziga xosligi quyidagilardan iborat:

1. Inson tabiatga maqsadli va ongli ta’sir ko‘rsatadi. Tabiatni o‘z ehtiyojlariga moslashtiradi va uning ustidan hukmronlik qiladi. Natijada insonning imkoniyatlari juda kengaydi, u sayyoraning har qanday ekologik bo‘shliqlarini egallay olish qudratiga ega.

2. Har qanday biologik tur cheklangan energetik resursga ega. Shuning uchun ularning tabiatga ta’sir etish imkoniyati sezilarli emas. Inson tabiatga kuchli ta’sir qiladi.

Inson – ekologik omil (2)

Yashil o‘simliklar quyosh energiyasidan foydalansa, boshqa organizmlar esa o‘zidan avvalgi oziq darajasining organik moddalari energiyasidan foydalanadi. Inson faoliyati jarayonida juda kuchli energiya manbalarini (yadro va termoyadro reaksiyalari) yaratadi va undan foydalanadi.

3. Insonning ekologik omil sifatida o‘ziga xosligi uning faoliyati faol, ijodiy xarakterda ekanligidir. Inson o‘z atrofida sun’iy muhit yarata olishi ham uni boshqa ekologik omillardan ajratib turadi.

Inson ekologiyasini o‘rganishda muhit biogeografik xususiyatlarining insonlar populatsiyasining biologik o‘zgaruvchanligiga ta’siri, antropoekologik sistemalarda insonning salomatligi masalasi katta ahamiyatga ega.

Salomatlikka ta’sir etuvchi omillar

Antropoekologiya fani antropoekologik sistemalarning shakllanishi, yashash va rivojlanish qonuniyatlari, shuningdek, insonning sog‘lom turmush tarzi me’yorlari, salomatligiga ta’sir etadigan (fizik, kimyoviy, biologik, ijtimoiy) omillarni keng miqyosda o‘rganadi.

Inson salomatligiga ta’sir etadigan fizik omillarga havo harorati, namligi, bosimi, quyosh radiatsiyasi, yorug‘lik, elektromagnit kuchlanishi va maydoni, shovqin misol bo‘ladi.

Kimyoviy, biologik va ijtimoiy omillar

Inson salomatligiga ta’sir etadigan kimyoviy omillarga tuproq, suv, turli toksinlar, oziq-ovqat mahsulotlarida tuz konsentratsiyasi va kislotalilikning yuqori bo‘lishi, dori-darmonlar, neft mahsulotlari, atmosfera havosida zaharli gaz miqdorining ortishi, biologik omillarga esa kasallik tug‘diruvchi omillar ekto va endoparazitlar, zaharli o‘simliklar, zararkunanda hasharotlarning ta’sirini kiritish mumkin.

Ijtimoiy omillar inson hayotida muhim o‘rin tutib, yashash joyining hajmi va qulayligi, oiladagi ijtimoiy muhit, oziq-ovqat miqdori, mehnat va dam olishning to‘g‘ri tashkil etilishi misol bo‘ladi.

Inson va tabiat o‘zaro ta’siri

Antropoekologik sistemalarda inson va tabiiy muhit o‘rtasidagi o‘zaro ta’siri quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:

1. Inson tabiiy boylik va ne’matlardan foydalanishi orqali rivojlanadi, shuningdek, jamoaning biologik va ijtimoiy ko‘rsatkichlari o‘zgaradi.

2. Inson tabiat qonunlarini o‘rganib, o‘z ehtiyojlarini qondirish maqsadida atrof-muhitni ongli ravishda o‘zgartiradi.

Tabiatda yashaydigan har bir tur individining energetik manbalari cheklangan. Inson o‘z tafakkuri bilan energetik manbalarni ko‘paytirish maqsadida issiqlik, elektr va atom stansiyalarini qurish, quyosh energiyasidan foydalanish natijasida o‘zining hayot faoliyati va turmush darajasini yaxshilash borasida samarali ishlarni amalga oshirgan.

Inson tabiiy resurslardan foydalanish barobarida, o‘zi uchun zarur bo‘lgan sun’iy muhitni yarata olishi bilan boshqa organizmlar va ekologik omillardan farqlanadi.

Inson omilining tabiatga ta’siri

Inson bir tomondan ekologik omillar ta’siri ostida yashasa, ikkinchi tomondan o‘zi ham ekologik omil sifatida tashqi muhitga o‘z ta’sirini o‘tkazadi va ijodiy faoliyatga egaligi bilan xarakterlanadi. Ekologik omil sifatida insonning tabiatga ta’siri ongli, ma’lum maqsadga yo‘naltirilgan bo‘ladi. U mehnat faoliyati davomida o‘z atrofida sun’iy yashash muhitini barpo etadi. Tabiiy ekosistemalar o‘rnini inson omili tufayli sun’iy ekosistemalar egallaydi. Insonning xo‘jalik faoliyati iqlim, atmosfera va suv havzalarining fizik holati va kimyoviy tarkibini, tuproq strukturasi va boshqalarni o‘zgartirishi bilan amalga oshiriladi.

Ovqat – asosiy omil

Inson uchun tashqi muhitning asosiy omillaridan biri ovqatdir. Ovqat tufayli organizmda sarflanadigan energiya o‘rni to‘ldiriladi, hujayra va organizmning plastik almashinuvi ta’minlanadi. Inson uchun bir kechakunduz davomida kamida 2500 kkal energiya zarur, bu energiya asosan uglevodlar, yog‘lar va oqsillar hisobiga to‘ldiriladi. Yengil hazm bo‘ladigan hayvon, qush va baliq mahsulotlari oqsilning asosiy manbalari hisoblanadi. Ovqat sifatli va kaloriyaga boy bo‘lishi, unda oqsil, yog‘ va uglevodlardan tashqari vitaminlar (ayniqsa, odam organizmida sintezlanmaydigan vitaminlar) yetarli bo‘lishi lozim. Organizm uchun fermentlarni faollashtiruvchi oqsillar va biologik faol moddalarning tarkibiy qismiga kiruvchi minerallar (Na, K, Ca, Mn, C, S, P va boshqalar) ham zarur.

Ovqat yetishmasligi va yod

To‘yib ovqat yemaslik yoki ovqatning tarkibida zarur moddalar yetishmasligi organizmning fiziologik holatining buzilishiga sabab bo‘ladi. Masalan, ovqat tarkibida oqsil va vitaminlar yetishmasligi o‘sish va rivojlanishning susayishiga sabab bo‘ladi. Okeanlardan uzoqlashgan kontinental hududlarda, masalan, Markaziy Osiyoda, tashqi muhitda, ovqat tarkibida ham yod yetishmaydi. Natijada qalqonsimon bezning faoliyati buziladi. Bunday buzilishlarning oldini olish uchun osh tuzining tarkibiga albatta yod qo‘shilishi lozim.

Adaptiv tiplar

Insonlarning ekologik muhitga moslanishlari. Adaptiv tiplar. Tabiiy va sun’iy muhit omillari insonga doimo ta’sir ko‘rsatadi. Sayyoraning turli joylarida insonga turli xil tabiiy omillar ta’sir ko‘rsatadi. Inson rivojlanishi davomida Yer kurrasi aholisining ekologik moslashuvi natijasida insonlarning adaptiv (moslashgan) tiplari kelib chiqqan. Adaptiv tip – ma’lum muhit sharoitiga moslanishni ta’minlovchi morfologik, fiziologik, biokimyoviy belgilar majmuasining rivojlanishini belgilovchi reaksiya normasidir. Reaksiya normasi qancha keng bo‘lsa, moslanishlar ham shuncha yaxshi bo‘ladi. Bu moslanishlar o‘zgaruvchanlikka bog‘liq.

Adaptiv tiplar irqlarga bog‘liq emas. Ularga xos belgilar embrional rivojlanish davridayoq namoyon bo‘la boshlaydi. Har xil iqlimli hududlarda yashovchi xalqlarning ovqatlanishida ham farq mavjud. Shu tufayli ularning hazm fermentlari sintezi, ajratilishida o‘ziga xos moslanishlar mavjud.

Arktik va tropik tiplar

Arktik adaptiv tip. Sovuq iqlim va ko‘proq hayvon mahsulotlari bilan oziqlanish sharoitida shakllanadi. Arktika xalqlari orasida ham o‘simliklar tarkibidagi C vitaminini kam iste’mol qilishga moslanish xususiyati rivojlangan. Arktik adaptiv tipning xarakterli belgilariga: tananing suyak-muskul sistemasining yaxshi rivojlanganligi, ko‘krak qafasining kengligi, gaz almashinuvining jadalligi, qonda lipid va oqsilning, gemoglobin va xolesterin miqdorining ko‘pligi, lipidlarning yaxshi oksidlanishi, energiya almashinuvining kuchliligi va termoregulatsiyaning yaxshi rivojlanganligi ham kiradi.

Tropik adaptiv tip. Mazkur adaptiv tip issiq va nam iqlim, oziq ratsionida hayvon oqsili nisbatan kam sharoitda shakllanadi. Oziq-ovqat mahsulotlari asosan o‘simliklardan tayyorlangan bo‘lib, uglevodlarga boy. Belgilari: mushak massasining kamligi, oyoq-qo‘llarning uzunligi, ko‘p ter ajratish, ko‘krak qafasi torligi, ter bezlarining ko‘p bo‘lishi, qonda xolesterin miqdorining kamligi bilan xarakterlanadi.

Tog‘ va cho‘l tiplari

Tog‘ adaptiv tipi – atmosfera bosimi past, kislorodning miqdori kam, gipoksiya, sovuq sharoitda shakllanadi. Xarakterli xususiyatlari: asosiy moddalar almashinuvi jadal kechadi, ko‘krak qafasi keng, naysimon suyaklar uzun, eritrotsitlar soni, gemoglobin miqdori yuqori bo‘ladi.

Cho‘l-sahro adaptiv tipi – quyosh radiatsiyasi o‘ta kuchli, jazirama, quruq, kontinental iqlim sharoitlarida shakllanadi. Xarakterli xususiyatlari quyidagilar: issiqlik ajratilishi yuqori, ter bezlari yaxshi rivojlangan, suvni ko‘p iste’mol qiladi.

Markaziy Osiyo hududida yashovchi ko‘pchilik aholi shu adaptiv tipga kiradi.

Adaptiv tiplarning shakllanishi

Shunday qilib, tarixiy rivojlanish jarayonida insoniyat ekologik omillar ta’sirida ixtisoslashib, bir-biridan ayrim belgilar bilan farq qiluvchi adaptiv (moslashgan) tiplarga ajralgan. Adaptiv tiplar irqiy mansubligidan qat’i nazar, turning genofondi bilan belgilanuvchi moslashish mexanizmlari asosida, muayyan ekologik muhitga moslashish natijasida shakllangan.

Antropogen ekosistemalar va moddiy muhit

Antropogen ekosistemalar, ularning inson salomatligiga ta’siri. Eng muhim hozirgi zamon antropogen ekosistemalariga shaharlar, qishloqlar, transport kommunikatsiyalari kiradi. Insonning hayot muhiti, ya’ni inson yashayotgan sharoit boshqa tirik organizmlar muhitiga qaraganda ancha kengroqdir. Chunki Yer yuzida yashaydigan organizmlar uchun kerakli tashqi muhit omillaridan tashqari inson muhitiga insonning o‘zi tomonidan yaratilgan moddiy va ijtimoiy muhit ham kiradi. Ular bir-birlari bilan o‘zaro munosabatda bo‘lgan yagona murakkab sistemani tashkil qiladi. Kishilar tomonidan yaratilgan moddiy muhitga quyidagilar kiradi:

1. Kishilar tomonidan o‘zgartirilgan tabiat: cho‘llarni o‘zlashtirish, o‘rmonlar tashkil qilish, daryolar yordamida suv omborlari qurish va boshqalar.

Sun’iy elementlar va ularning ta’siri

2. Sun’iy elementlar: binolar, inshootlar qurish, shovqinlar, elektromagnit maydonlari, radioaktiv nurlar, zaharli moddalar ishlab chiqarishda ishlatiladigan har xil materiallar, mahsulotlar. Hozirgi kunda Yer shari aholisining yarmiga yaqini shaharlarda joylashgan. Transport, sanoat korxonalarining rivojlanishi va shunga o‘xshash boshqa omillar insonning eng muhim sifat ko‘rsatkichlaridan biri – salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Atmosfera, suv, oziq-ovqatlarning sanoat, transport chiqindilari bilan ifloslanishi, elektromagnit maydonlari, shovqinlar, havoning ifloslanishi, ortiqcha axborot oqimlari, ovqatning yetishmasligi, zararli odatlarning paydo bo‘lishi kishilar sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, turli xil kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Shahar va qishloq ekosistemalari

Shahar aholisining zichligi yuqumli kasalliklarning keng tarqalishi uchun sharoit yaratadi. Havoning ifloslanganligi natijasida Yer yuzasiga ultrabinafsha nurlarning ancha miqdori yetib kelmaydi. Yorug‘likning yetarli bo‘lmasligi natijasida D vitamini yetishmasligi rivojlanadi. Shu sababli ko‘pchilik shahar aholisi o‘zlarining dam olish vaqtlarini tabiatda, tabiiy sharoitda o‘tkazishga harakat qilishadi.

Qishloq ekologik sistemalari o‘z xususiyatlari jihatidan shahar ekosistemasidan ancha farq qiladi. Qishloqlarda hayvon va o‘simlik turlarining xilma-xilligi kuzatiladi. Hayvonlar orqali yuqadigan yuqumli va parazit organizmlar orqali vujudga keladigan kasalliklar qishloqlarda ko‘proq uchraydi. Qishloq xo‘jaligida pestitsidlar, gerbitsidlar va boshqa kimyoviy moddalarning ko‘p ishlatilishi qishloq aholisining sog‘ligiga zararli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Bilimingizni sinang

Inson bilan tashqi muhit o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganuvchi antropoekologiya fani qaysi yillarda paydo bo‘lgan?
  1. 1970-yillarda
  2. 1820-yillarda
  3. 1920-yillarda
  4. 1870-yillarda

To‘g‘ri javob: 1920-yillarda. Inson ekologiyasi – antropoekologiya fani 1920-yillarda paydo bo‘lgan.

Antropoekologik sistemalarning tabiiy ekosistemalardan asosiy farqi nimada?
  1. Uning tarkibida inson jamoasi mavjud
  2. U doimo dinamik muvozanatdan tashqarida bo‘ladi
  3. Unda moddalar almashinuvi sodir bo‘lmaydi
  4. Unda produtsentlar va redutsentlar bo‘lmaydi

To‘g‘ri javob: Uning tarkibida inson jamoasi mavjud. Asosiy farq antropoekologik sistema tarkibida inson jamoasining mavjudligidir.

Boshqa biologik turlarning tabiatga ta’sir etish imkoniyati nima uchun sezilarli emas?
  1. Ular quyosh energiyasidan umuman foydalana olmaydi
  2. Ular yadro reaksiyalaridan foydalana olmaydigan darajada ko‘p
  3. Ularning faoliyati faqat fotosintezga bog‘liq
  4. Har bir tur cheklangan energetik resursga ega

To‘g‘ri javob: Har bir tur cheklangan energetik resursga ega. Har qanday biologik tur cheklangan energetik resursga ega, shuning uchun tabiatga ta’siri kichik.

Inson uchun bir kechakunduz davomida kamida qancha energiya zarur?
  1. 2500 kkal
  2. 2000 kkal
  3. 3500 kkal
  4. 1500 kkal

To‘g‘ri javob: 2500 kkal. Inson uchun bir kechakunduzda kamida 2500 kkal energiya zarur.

Oqsilning asosiy manbalari sifatida qaysi mahsulotlar hisoblanadi?
  1. Yengil hazm bo‘ladigan hayvon, qush va baliq mahsulotlari
  2. Non, guruch va makaron mahsulotlari
  3. Sabzavot, meva va osh tuzi
  4. O‘simlik moylari va shakar

To‘g‘ri javob: Yengil hazm bo‘ladigan hayvon, qush va baliq mahsulotlari. Oqsilning asosiy manbalari – yengil hazm bo‘ladigan hayvon, qush va baliq mahsulotlari.

Ovqat tarkibida oqsil va vitaminlar yetishmasligi organizmda nimaga sabab bo‘ladi?
  1. Ter ajralishining kuchayishiga
  2. Gemoglobin miqdorining oshishiga
  3. Qalqonsimon bez faoliyati buzilishiga
  4. O‘sish va rivojlanishning susayishiga

To‘g‘ri javob: O‘sish va rivojlanishning susayishiga. Oqsil va vitaminlar yetishmasligi o‘sish va rivojlanishni susaytiradi.

Adaptiv tip nimani anglatadi?
  1. Tabiiy ekosistemaning dinamik muvozanat holati
  2. Morfologik, fiziologik, biokimyoviy belgilar majmuasining rivojlanishini belgilovchi reaksiya normasi
  3. Faqat morfologik belgilarni belgilovchi genetik kod
  4. Irqiy belgilar majmuasini belgilovchi mutatsiya darajasi

To‘g‘ri javob: Morfologik, fiziologik, biokimyoviy belgilar majmuasining rivojlanishini belgilovchi reaksiya normasi. Adaptiv tip – muhitga moslanishni ta’minlovchi morfologik, fiziologik, biokimyoviy belgilar majmuasini belgilovchi reaksiya normasi.

Adaptiv tiplarga xos belgilar qachon namoyon bo‘la boshlaydi?
  1. Embrional rivojlanish davridayoq
  2. Balog‘at yoshida
  3. Maktab yoshida
  4. Qarilik davrida

To‘g‘ri javob: Embrional rivojlanish davridayoq. Adaptiv tiplarga xos belgilar embrional rivojlanish davridayoq namoyon bo‘la boshlaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBiogeotsenozlarning barqarorligiKeyingi →Biosfera darajasining xususiyatlari