XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 33-§.

Inson biosfera omili sifatida

Mavzular

Inson ta’sirining kuchayishi

Kishilik jamiyatining tabiatga nisbatan tubdan o‘zgartiruvchi ta’siri muqarrar hisoblanadi. Aholi sonining o‘sishi, biosferada mavjud bo‘lgan moddalar va energiyadan xo‘jalik maqsadlarida foydalanishning tobora ortib borishi, undagi aloqa va bog‘liqlik umumiy tuzilmasini qayta qurish natijasida jamiyatning biosferaga ta’siri muntazam ravishda kuchayib bormoqda. Inson faoliyati sayyoraning qiyofasini tobora kuchliroq o‘zgartirmoqda. Aholi sonining ortishi bilan insonning tabiatga nisbatan bo‘lgan ta’sirining kuchayishi bir vaqtda sodir bo‘lmoqda. Agar XVIII asr boshlarida Yer aholisi taxminan 600 mln kishidan iborat bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi paytda u 7,5 mlrd dan oshib ketdi.

Insonning biosferaga ta’sir qilish usullari. Jamiyat va tabiatning o‘zaro hamkorligi, tabiatdagi modda va energiyadan foydalanish, ko‘p sonli turlarning yo‘qolishi, tabiiy tizimlarning va butun boshli landshaftlarning keskin o‘zgarishi, ko‘p miqdordagi chiqindilarni atrof-muhitga chiqarib tashlanishi bilan namoyon bo‘ladi.

Tarixiy o‘zgarishlar

Tarixiy taraqqiyot davomida insonlar Yerning moddiy jihatdan eng boy, qulay hududlariga ko‘chib o‘tgan va shu hududda mavjud bo‘lgan tabiiy biogeotsenozni tubdan o‘zgartirgan, shaharlar barpo etgan, sanoat obyektlarini va qishloq xo‘jaligi maydonlarini yaratgan. Bu bilan ular ekotizimning qashshoqlashishi, yuzaga kelgan tabiiy majmualarning buzilishi va tirik organizmlar yashaydigan muhitlarining o‘zgarishiga sabab bo‘lgan. Inson faoliyati natijasida suv, havo, tuproq ishlab chiqarish chiqindilari bilan ifloslanmoqda, o‘rmonlar kesib tashlanmoqda, yovvoyi hayvonlar qirilib ketmoqda, tabiiy biogeotsenozlar buzilmoqda. Buning natijasida biosferada moddalarning davriy aylanishi uzilib qolmoqda. Yerdagi ko‘plab geokimyoviy jarayonlarning kechishi o‘zgarmoqda.

Ifloslanish va bioxilma-xillik

Biosfera ekotizimida atrof-muhitni radioaktiv yog‘inlar, ishlab chiqarishning gazsimon chiqindilari, yoqilg‘i mahsulotlari, turli-tuman kimyoviy moddalar bilan ifloslanishi natijasida keskin ziddiyatli vaziyat yuzaga keldi. Sun’iy organik moddalar (masalan, polietilen, plastmassa buyumlar)ning ko‘pchiligini, hatto zamburug‘lar va bakteriyalar yordamida biogen tarzda qayta ishlab bo‘lmaydi. Chunki ular biologik almashinuvga jalb etilmaydi, balki biosferada to‘planadi.

Biosferada uni barqaror holatda saqlashga yordam beradigan biologik xilma-xillik qisqarmoqda. Bugungi kunda turlarning yo‘q bo‘lib ketish sur’ati oldingi davrga nisbatan bir necha baravar yuqori ko‘rsatkichga ega. Yo‘qolib ketish arafasida turgan turlarning soni ortib bormoqda.

Tabiiy boyliklar turlari

Kishilik jamiyatining yashash muhitiga ta’siri natijalariga ko‘ra ijobiy va salbiy bo‘lishi mumkin. Insonlarning tabiatga salbiy ta’sir qilishi oqibatida mineral xomashyo, tuproq, suv zaxiralari ko‘rinishidagi tabiiy boyliklarni – tabiat zaxiralarini isrof qilish, atrof-muhitni ifloslantirish, turlarni qirib tashlash, biogeotsenozlardagi oziq zanjirini buzish yuzaga kelgan.

Bugun tabiatdagi boyliklardan oqilona foydalanish zaruriyati vujudga keldi. Ekologiya, tabiatni muhofaza qilish masalasida tabiiy boyliklarni tiklanmaydigan va tiklanadigan boyliklarga ajratish qabul qilingan.

Birinchi guruhga zaxiralari cheklangan foydali qazilmalar kiradi. Tiklanadigan tabiiy boyliklarning o‘zgarishini o‘rmon misolida kuzatish mumkin. Hozirgi kunda quruqlikning uchdan bir qismidan kamrog‘i o‘rmon bilan qoplangan (Antarktidadan tashqari). Biosfera evolutsiyasining dastlabki bosqichlarida bu ko‘rsatkich 70% dan kam bo‘lmagan.

O‘rmonlar kesilishi oqibatlari

O‘rmonlarni yo‘q qilish, birinchi navbatda, sayyoraning suv rejimini keskin ravishda buzadi. Tuproq strukturasining yuqori qatlamlarining o‘zgarishi hisobiga suv ushlanib qolmaydi. Yer yuzining o‘rmonsiz joylari suvni to‘plash va ushlab turishga qodir yumshoq, chirindilarga boy tuproq qatlamidan mahrum bo‘ladi. Yerosti suvlarining zaxiralari kamayadi, daryolar sayozlashadi. Ularning osti loyqa bilan qoplanadi, bu esa o‘z navbatida, baliqlarning uvildiriq sochish joylarining yo‘qolishiga va ular sonining qisqarishiga olib keladi. Tuproqning unumdor qatlamini qor erishidan hosil bo‘lgan suvlar va yomg‘irning shiddatli oqimlari ta’sirida yuvib ketadi, o‘rmon to‘sib qolmaydigan shamollar ta’sirida esa nuraydi. Natijada tuproq yemirilishi yuzaga keladi.

O‘rmon va hayot, havo

O‘rmonlarni kesish bilan ularda yashovchi qushlar, hayvonlar, hasharotlar nobud bo‘ladi. Natijada qishloq xo‘jaligi zararkunandalari hech qanday qarshiliklarsiz ko‘payishni boshlaydi. O‘rmon havoni changlardan tozalaydi, xususan, u radioaktiv yog‘inlarni ushlab qoladi va ularning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaydi, ya’ni o‘rmonlarni kesish havoning o‘zini o‘zi tozalash kabi vazifalarni bajara olmaydi.

Orol dengizi muammosi

Shu tarzda yerdan noto‘g‘ri foydalanish tufayli, tuproq yemirilishi oqibatida insoniyat dehqonchilik uchun deyarli yaroqsiz holga kelib qolgan juda keng hududlarni yo‘qotdi. Shunga o‘xshash vaziyat O‘rta Osiyo mintaqasida ham Amudaryo va Sirdaryo suvlarining katta qismi paxta va sholi maydonlariga yo‘naltirilgan paytdan boshlab paydo bo‘ldi. Natijada Orol dengizining ko‘lami tez toraya boshladi, uning sho‘rlanish darajasi keskin oshib ketdi. Uning yuzasidan suvning bug‘lanish darajasi kamaydi, mintaqadagi iqlim esa ancha quruqlashdi. U yerda va unga tutash hududlarda yashaydigan hayvon va o‘simlik turlarining katta qismi yo‘q bo‘lib ketdi.

Issiqxona ta’siri

Hozirgi kunning jiddiy muammolaridan biri – birinchi navbatda, sanoat korxonalari tomonidan karbonat angidrid gazi atmosferaga ko‘p miqdorda chiqarib tashlanmoqda, uning katta qismini o‘simliklar tomonidan fotosintez jarayoniga jalb etilib bo‘lmasligi tufayli sayyora iqlimining asta-sekin isishi yuz bermoqda. Oqibatda bu gaz atmosferaning yuqori qatlamlarida to‘planmoqda va issiqxona deb nomlanuvchi ta’sirni vujudga keltirib, tabiiy issiqlik almashinuviga to‘sqinlik qilmoqda. Shu bilan birga atmosfera va Yer yuzasining yuqori qatlamlarida harorat uzluksiz oshib bormoqda. Bu Arktika va Antarktika muzliklarining erishiga olib keladi va qutb doirasiga yaqin ekologik tizimlarning buzilishi yuz beradi. Dunyo okeani sathining ko‘tarilishi taxmin qilinmoqda.

Ifloslantiruvchi omillar

Sanoat chiqindilari, radioaktiv moddalar, qishloq xo‘jaligi ekinlari zararkunandalari bilan kurashish uchun qo‘llaniladigan kimyoviy dori vositalari tabiiy muhitni ifloslantirmoqda. Insonlarning biosferaga salbiy ta’siri jumlasiga hayvonlarni tartibsiz ovlash, suvo‘tlarini yig‘ish, sanoat, transport va qishloq xo‘jaligi chiqindilarini chiqarib tashlash natijasida suv, havo, tuproq kimyoviy tarkibining o‘zgarishi kiradi. Shu bilan birga nafaqat Yerdagi yovvoyi o‘simlik va hayvonlar soni kamayadi, balki ularning tabiiy yashash muhitlari yo‘qoladi.

Tabiatdan oqilona foydalanish

Insonning tabiatni o‘zgartiradigan mehnat va ijodiy faoliyati aholining hozirgi va kelajakdagi farovonligiga zamin yaratadi.

Insoniyat tabiatga ta’sir qilishning kuchli omillariga ega, tabiatga ilmiy asoslangan holda ta’sir ko‘rsatish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish natijasida ijobiy natijaga erishish mumkin.

Tabiatdan oqilona foydalanish – insonning atrof-muhit bilan o‘zaro munosabatlari tabiiy boyliklarni oqilona o‘zlashtirish, o‘z faoliyatining salbiy oqibatlari oldini olish, madaniy landshaftlarni yaratish, kamchiqindi va chiqindisiz texnologiyalarni qo‘llash, qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashishning biologik usullarini tatbiq etish, ekologik toza yoqilg‘i turlarini yaratish, tabiiy xomashyoni qazib olish va qayta ishlash texnologiyasini takomillashtirishni nazarda tutadi. Shuningdek, shamol, quyosh energiyasi, to‘lqin energiyasi, daryo oqimi energiyasi kabi ekologik jihatdan toza va tiklanadigan energiya manbalari, o‘simliklar mahsulotlaridan bioyoqilg‘i olish va undan foydalanish – tabiatdan oqilona foydalanish yo‘llaridan biri sanaladi.

Kamchiqindili texnologiyalar – qayta ishlanayotgan xomashyo va chiqindilardan imkon qadar to‘liq foydalanishni ta’minlaydigan ishlab chiqarish jarayoni hisoblanadi. Mazkur texnologiya asosida moddalar atrofmuhitga nisbatan zararsiz holatda qaytadi.

Tabiiy boyliklardan ilmiy asoslangan holda, oqilona foydalanish ijobiy natijaga erishish imkonini beradi.

Bilimingizni sinang

XVIII asr boshlarida Yer aholisi taxminan qancha kishidan iborat bo‘lgan?
  1. Taxminan 60 mln
  2. Taxminan 1 mlrd
  3. Taxminan 7,5 mlrd
  4. Taxminan 600 mln

To‘g‘ri javob: Taxminan 600 mln. XVIII asr boshlarida aholi taxminan 600 mln bo‘lgan, hozir 7,5 mlrd dan oshgan.

Zaxiralari cheklangan foydali qazilmalar tabiiy boyliklarning qaysi guruhiga kiradi?
  1. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari
  2. Tiklanadigan boyliklar
  3. Biogen boyliklar
  4. Tiklanmaydigan boyliklar

To‘g‘ri javob: Tiklanmaydigan boyliklar. Foydali qazilmalar tiklanmaydigan (birinchi) guruhga kiradi.

Tiklanadigan tabiiy boyliklarning o‘zgarishini qaysi misolda kuzatish mumkin?
  1. Foydali qazilmalarda
  2. O‘rmonda
  3. Mineral xomashyoda
  4. Neft zaxiralarida

To‘g‘ri javob: O‘rmonda. Tiklanadigan boyliklar o‘zgarishi o‘rmon misolida kuzatiladi.

Biosfera evolutsiyasining dastlabki bosqichlarida quruqlikning qancha qismi o‘rmon bilan qoplangan bo‘lgan?
  1. 50% ga yaqin qismi
  2. 30% ga yaqin qismi
  3. 70% dan kam bo‘lmagan qismi
  4. 10% dan kam qismi

To‘g‘ri javob: 70% dan kam bo‘lmagan qismi. Dastlabki bosqichlarda o‘rmon qoplami 70% dan kam bo‘lmagan, hozir uchdan bir qismidan kam.

Orol dengizi ko‘lami toraygach uning sho‘rlanish darajasi va mintaqa iqlimi qanday o‘zgargan?
  1. Sho‘rlanish keskin oshgan, bug‘lanish ko‘paygan
  2. Sho‘rlanish keskin oshgan, iqlim quruqlashgan
  3. Sho‘rlanish o‘zgarmagan, iqlim isigan
  4. Sho‘rlanish kamaygan, iqlim namlashgan

To‘g‘ri javob: Sho‘rlanish keskin oshgan, iqlim quruqlashgan. Sho‘rlanish keskin oshgan, bug‘lanish kamaygan, iqlim ancha quruqlashgan.

Sanoat korxonalari atmosferaga ko‘p miqdorda chiqarayotgan qaysi gaz issiqxona ta’sirini vujudga keltirmoqda?
  1. Kislorod
  2. Argon
  3. Azot
  4. Karbonat angidrid

To‘g‘ri javob: Karbonat angidrid. Issiqxona ta’sirini asosan karbonat angidrid gazi vujudga keltiradi.

Kamchiqindili texnologiyalar qanday ishlab chiqarish jarayoni hisoblanadi?
  1. Faqat chiqindilarni yer ostiga ko‘mishga asoslangan jarayon
  2. Chiqindilarni to‘plab, atrof-muhitga chiqarib yuboruvchi jarayon
  3. Xomashyo va chiqindilardan imkon qadar to‘liq foydalanishni ta’minlovchi jarayon
  4. Xomashyoning bir qismini chiqindiga aylantiruvchi jarayon

To‘g‘ri javob: Xomashyo va chiqindilardan imkon qadar to‘liq foydalanishni ta’minlovchi jarayon. Kamchiqindili texnologiya xomashyo va chiqindilardan imkon qadar to‘liq foydalanishni ta’minlaydi.

Quyidagilardan qaysi biri ekologik toza va tiklanadigan energiya manbai hisoblanadi?
  1. Ko‘mir
  2. Mazut
  3. To‘lqin energiyasi
  4. Neft

To‘g‘ri javob: To‘lqin energiyasi. Shamol, quyosh, to‘lqin va daryo oqimi energiyasi tiklanadigan toza energiya manbalaridir.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBiosfera evolutsiyasi. NoogenezKeyingi →O‘simlik va hayvonot olamini muhofaza qilish