Biologiyaning o‘rganish usullari
Mavzular
Kuzatish usuli
Tirik organizmlarni o‘rganish uchun turli usullardan foydalaniladi. Ulardan asosiylari to‘rt xil.
1. Kuzatish usuli – eng qadimgi usul. Tekshirayotgan odam sezgi organlari (ko‘rish, eshitish, his qilish) yordamida, tabiiy holatga ta’sir etmagan holda ma’lumot to‘playdi. Masalan, biror qush haqida ma’lumot to‘plash uchun uning uyasi oldida kuzatish olib boriladi (7-rasm, a). Hozirgi kunda videokamera qo‘yish yoki chip ulash orqali kuzatishni osonlashtirish mumkin.
Taqqoslash usuli
2. Taqqoslash usuli to‘plangan ma’lumot asosida ikkita organizm o‘zaro solishtiriladi. Ular o‘rtasidagi o‘xshashlik hamda farqlar aniqlanadi. Masalan: ikki xil hayvon turi solishtirilganda, ularning tirik organizm ekanligi, kislorod bilan nafas olishi o‘xshash, lekin tashqi tuzilishi, yashash joyi va oziqlanishi farq qiladi (7-rasm, b).

Tarixiy usul
3. Tarixiy usul – qadimda mavjud bo‘lgan organizmlar hozirda yashayotganlari bilan solishtiriladi. Ulardagi farqni bilish orqali tirik organizmlarda qaysi darajada o‘zgarishlar sodir bo‘lganligi aniqlanadi. Masalan, paleontologlarning fikricha, otlar qadimda tulkidek keladigan yirtqich hayvonlar bo‘lgan. Keyinchalik oyoqlari uzunlashib, tuyoqlar bilan himoyalangan, tez yuguradigan va o‘t bilan oziqlanadigan jonzotga aylangan (8-rasm, a).
Tajriba usuli
4. Tajriba usuli – organizmlar uchun qulay bo‘lgan muhit yaratib beriladi, shu muhitda ularning o‘sishi va rivojlanishi, organizmning tashqi muhit ta’sirida o‘zgarishi o‘rganiladi. Masalan, oq gulli o‘simliklarni turli rangdagi bo‘yoq eritmasiga solib, 2 soatdan so‘ng gul rangining o‘zgarishi tajribada kuzatiladi (8-rasm, b).

Biologiyani o‘rganish usullarini birgalikda qo‘llab, tirik organizm haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.
Bilimingizni sinang
Tirik organizmlarni o‘rganishning eng qadimgi usuli qaysi?
- Taqqoslash usuli
- Tarixiy usul
- Kuzatish usuli
- Tajriba usuli
To‘g‘ri javob: Kuzatish usuli. Kuzatish usuli eng qadimgi usul hisoblanadi.
Paleontologlarning fikricha, otlarning qadimgi ajdodlari qanday hayvonlar bo‘lgan?
- Tulkidek keladigan yirtqich hayvonlar
- Suvda yashovchi yirtqich hayvonlar
- Qo‘ylarga o‘xshash o‘txo‘r hayvonlar
- Hozirgi otga o‘xshash tuyoqli o‘txo‘r hayvonlar
To‘g‘ri javob: Tulkidek keladigan yirtqich hayvonlar. Otlar qadimda tulkidek yirtqich bo‘lgan, keyin oyoqlari uzunlashib o‘txo‘rga aylangan.
Tarixiy usulda qadimgi organizmlar hozirgilari bilan solishtirilishidan maqsad nima?
- Organizmlarda qaysi darajada o‘zgarishlar sodir bo‘lganini aniqlash
- Organizmlar uchun sun’iy muhit yaratish
- Organizmlarning sezgi organlarini o‘rganish
- Ikki tur yashash joyini taqqoslash
To‘g‘ri javob: Organizmlarda qaysi darajada o‘zgarishlar sodir bo‘lganini aniqlash. Farqni bilish orqali organizmlarda qanchalik o‘zgarish sodir bo‘lgani aniqlanadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Taqqoslash usulida ikki organizm solishtirilib, o‘xshashlik va farqlar aniqlanadi; II. Kuzatish usulida sezgi organlari yordamida ma’lumot to‘planadi; III. Tarixiy usulda organizmlar uchun qulay muhit yaratib beriladi.
- Faqat II
- I va II
- II va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: tarixiy usulda qadimgi va hozirgi organizmlar solishtiriladi.
Usulni misol bilan moslang: 1) kuzatish; 2) taqqoslash; 3) tajriba. a) qush uyasi oldida ma’lumot to‘plash; b) ikki hayvon turining tashqi tuzilishi, yashash joyi va oziqlanishini solishtirish; c) oq gulli o‘simlikni bo‘yoq eritmasiga solib, gul rangi o‘zgarishini kuzatish.
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-a, 2-c, 3-b
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-a, 2-b, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-a, 2-b, 3-c. Uya oldida kuzatish — kuzatish; turlarni solishtirish — taqqoslash; bo‘yoq eritmasi — tajriba.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash