Bakteriyalar dunyosi
Mavzular
Bakteriyalarni o‘rganish
Bakteriyalarning tuzilishi. Bakteriyalar ko‘zga ko‘rinmas, kichik organizmlar bo‘lib, ularni mikroskop yordamida kuzatish mumkin. Bakteriyalarni mikrobiologiya fani o‘rganadi. Mikrobiologiya laboratoriyalarida bakteriyalarni o‘rganish quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi: steril sharoitda Petri idishchasidagi oziqa muhitiga bakteriya ekib, ko‘paytiriladi. Bakteriya tez ko‘payib, ko‘zga ko‘rinadigan koloniya hosil qiladi. Keyin ulardan mikropreparat tayyorlab, mikroskopda tekshiriladi (18-rasm).

Shakli, ko‘payishi va sporasi
Tashqi tuzilishiga ko‘ra bakteriyalar quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
- sharsimon – kokk;
- tayoqchasimon – batsilla;
- buralgan – vibrion va spirilla (19-rasm).

Bakteriyalar ancha sodda tuzilgan. Ularning yadrosi bo‘lmaydi, shunga ko‘ra prokariot organizm deyiladi. Qulay sharoitda, ya’ni oziqa va harorat yetarli bo‘lganda bakteriyalar har 20–30 daqiqada bo‘linib ko‘payadi. Bakteriyalar noqulay sharoitda zichlashib, qalin qobiq bilan o‘ralib spora hosil qiladi. Bakteriya sporasi +140°C ... –253°C ga bardosh bera oladi. Bakteriya spora holida uzoq yillar saqlanib qolishi, qulay sharoit kelishi bilan hayotini davom ettirishi mumkin.
Achituvchi bakteriyalar
Bakteriya turlari. Bakteriyalarning foydali va zararli turlari mavjud. Foydali bakteriyalarga achituvchi bakteriyalar, tugunak bakteriyalar va chirituvchi bakteriyalar kiradi.
Achituvchi bakteriyalardan sut-qatiq mahsulotlari olishda, silos bostirishda, teri oshlashda, tuzlama tayyorlashda keng foydalaniladi (20-rasm). Masalan, qatiq tayyorlashda sutga tomizg‘i solinadi. Tomizg‘i – bu sut tarkibidagi uglevodlarni parchalab, sut kislotaga aylantiruvchi bakteriyalar yig‘indisi hisoblanadi. Tuzlama tayyorlashda sabzavotlar solingan idishga tuzli suv quyiladi. Sabzavotlar sirtida mavjud bo‘lgan achituvchi bakteriyalar sho‘r muhitda ko‘payib, glyukozani sut kislotaga aylantiradi va sabzavotlar chirishining oldini oladi.

Chirituvchi va tugunak bakteriyalar
Chirituvchi bakteriyalar yer yuzining sanitarlari hisoblanadi. Chunki ular o‘lik qoldiqlarini chiritib, yer yuzini tozalaydi. Ko‘milgan qoldiqlarni ham tuproqdagi chirituvchi bakteriyalar parchalab yuboradi. Ba’zan chirituvchi bakteriyalar oziq-ovqatlarni, san’at asarlarini chiritib, yaroqsiz holatga keltirishi bilan zarar keltiradi.
Tugunak bakteriyalar dukkakdoshlar oilasiga kiruvchi o‘simliklar ildizida simbioz (hamkorlikda) yashaydi. Ular atmosferadagi erkin azotni o‘zlashtirib, o‘simliklarga yetkazib beradi, o‘simliklar esa bakteriyalarni oziq moddalar bilan ta’minlaydi. Ularning hamkorligi har ikkala organizmga ham foyda keltiradi. Tuproqni azotga boyitishda bedadan keng foydalaniladi.
Parazit bakteriyalar va fitonsid
Parazit bakteriyalar tirik organizm hisobiga yashab hayot kechiradi. Parazit bakteriyalar odamda sil, vabo, o‘lat, ichburug‘, qoqshol kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi. Yuqumli kasalliklarning yoppasiga tarqalishi epidemiya deyiladi. Epidemiyaning oldini olish uchun karantin e’lon qilinadi, ya’ni odamlarning to‘planishi, bemor oldiga ko‘pchilikning kirib-chiqishi taqiqlanadi. Bemorning idish-tovoqlari, sochig‘i alohida tutiladi va bakteriyalardan tozalovchi moddalar yordamida yuviladi. Kasal bo‘lmaslik uchun gigiyena qoidalariga rioya qilish, ovqatlanishdan oldin doimo qo‘lni sovunlab yuvish zarur.
Ayrim o‘simliklar bakteriyalarga qarshi fitonsid modda ajratadi. Masalan, archa, terak o‘zidan ajratgan fitonsid modda bilan havoni zararli bakteriyalardan tozalaydi.
Bakteriyalar tabiatda katta ahamiyatga ega. Insonlar foydali bakteriyalardan amaliyotda foydalanadi, zararlilariga qarshi kurashadi.
Bilimingizni sinang
Mikrobiologiya laboratoriyasida bakteriyalarni o‘rganish bosqichlarini to‘g‘ri ketma-ketlikda joylashtiring: 1) ko‘zga ko‘rinadigan koloniya hosil bo‘lishi; 2) mikroskopda tekshirish; 3) steril sharoitda oziqa muhitiga bakteriya ekish; 4) mikropreparat tayyorlash.
- 3-1-4-2
- 3-4-1-2
- 1-3-4-2
- 3-1-2-4
To‘g‘ri javob: 3-1-4-2. Avval ekiladi, koloniya o‘sadi, so‘ng mikropreparat tayyorlanib, mikroskopda tekshiriladi.
Bakteriyalarni tashqi shakli bilan moslang: 1) sharsimon; 2) tayoqchasimon; 3) buralgan. a) batsilla; b) vibrion va spirilla; c) kokk.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Sharsimon – kokk, tayoqchasimon – batsilla, buralgan – vibrion va spirilla.
Bakteriya sporasi qanday harorat oralig‘iga bardosh bera oladi?
- +100°C dan –80°C gacha
- +200°C dan –100°C gacha
- +140°C dan –253°C gacha
- +60°C dan –20°C gacha
To‘g‘ri javob: +140°C dan –253°C gacha. Bakteriya sporasi +140°C ... –253°C ga bardosh beradi.
Bakteriyalar nima uchun prokariot organizm deyiladi?
- Ularning hujayrasi qalin qobiq bilan o‘ralgan bo‘ladi
- Ular faqat noqulay sharoitda ko‘payadi
- Ular mikroskopda ko‘rinmaydi
- Ularning hujayrasida yadro bo‘lmaydi
To‘g‘ri javob: Ularning hujayrasida yadro bo‘lmaydi. Bakteriyalarning yadrosi bo‘lmagani uchun ular prokariot hisoblanadi.
Oziqa va harorat yetarli bo‘lgan qulay sharoitda bakteriyalar necha daqiqada bir bo‘linib ko‘payadi?
- Har 2–3 daqiqada
- Har 5–10 daqiqada
- Har 20–30 daqiqada
- Har 60–90 daqiqada
To‘g‘ri javob: Har 20–30 daqiqada. Qulay sharoitda bakteriyalar har 20–30 daqiqada bo‘linadi.
Tuzlama tayyorlashda sabzavotlar nima sababdan chirib ketmaydi?
- Tuzli suv sabzavotdagi glyukozani azotga aylantiradi
- Sabzavot sirtidagi achituvchi bakteriyalar sho‘r muhitda ko‘payib, glyukozani sut kislotaga aylantiradi
- Tuz chirituvchi bakteriyalarni sut kislotaga aylantiradi
- Tugunak bakteriyalar sabzavot sirtini fitonsid bilan qoplaydi
To‘g‘ri javob: Sabzavot sirtidagi achituvchi bakteriyalar sho‘r muhitda ko‘payib, glyukozani sut kislotaga aylantiradi. Achituvchi bakteriyalar glyukozani sut kislotaga aylantirib, chirishning oldini oladi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Chirituvchi bakteriyalar yer yuzining sanitarlari hisoblanadi; II. Tugunak bakteriyalar g‘alla o‘simliklari ildizida simbioz yashaydi; III. Tuproqni azotga boyitishda bedadan keng foydalaniladi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: tugunak bakteriyalar dukkakdoshlar ildizida yashaydi.
Tugunak bakteriyalar va dukkakdosh o‘simliklarning hamkorligi nimadan iborat?
- Bakteriyalar o‘simlikka kislorod beradi, o‘simlik ularga azot beradi
- Bakteriyalar o‘simlik ildizini chiritadi, o‘simlik ularga fitonsid beradi
- Bakteriyalar o‘simlik poyasidan oziqlanadi, o‘simlik bundan zarar ko‘radi
- Bakteriyalar erkin azotni o‘zlashtirib o‘simlikka beradi, o‘simlik ularni oziq moddalar bilan ta’minlaydi
To‘g‘ri javob: Bakteriyalar erkin azotni o‘zlashtirib o‘simlikka beradi, o‘simlik ularni oziq moddalar bilan ta’minlaydi. Bakteriya azot beradi, o‘simlik oziq moddalar beradi; hamkorlik ikkalasiga foyda keltiradi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash