Zamburug‘lar dunyosi
Mavzular
Zamburug‘larning tuzilishi
Zamburug‘larning tuzilishi. Zamburug‘larni mikologiya fani o‘rganadi. Zamburug‘lar ilgari o‘simliklar dunyosiga kiritilar edi. Olimlar zamburug‘ turlarini chuqur o‘rganish natijasida ularni alohida olam sifatida ajratishgan. Zamburug‘lar bakteriyalardan farq qilib, eukariot organizm hisoblanadi. Zamburug‘lar o‘simliklar kabi erkin harakatlana olmaydi, hayvonlarga o‘xshab geterotrof oziqlanadi. Zamburug‘lar yashashi uchun ozuqa, harorat va namlik yetarli bo‘lishi kerak, yorug‘lik bo‘lishi shart emas.
Achitqi zamburug‘i
Zamburug‘ turlari: 1) achitqi zamburug‘i – ovalsimon, bir hujayrali bo‘lib, ulardan non yopishda foydalaniladi. Taxtakachlab, zichlangan ko‘rinishda yoki quritilib, havosi so‘rib olingan paketchalarda xamirturush ko‘rinishida savdoga chiqariladi. Xamirturush shakarli iliq suvga solinsa, achitqi zamburug‘lari kurtaklanib ko‘payadi. Xamir tayyorlash jarayonida achitqi qo‘shilsa, ma’lum vaqtdan keyin xamir ko‘tarilib, oshadi. Oshma xamirdan tayyorlangan un mahsulotlari yumshoq va g‘ovak bo‘ladi (22-rasm).

Mog‘or zamburug‘i
2) mog‘or zamburug‘i – agar non bir necha kun selofan paket ichida qolib ketsa, mog‘or bosadi. Atrofimizdagi havoda mog‘or zamburug‘ining sporalari doimiy uchib yuradi. Non ochiq holda turganda uning yuzasiga sporalar o‘tiradi, selofan paketcha ichiga joylaganimizda mog‘or zamburug‘i uchun qulay sharoit tug‘iladi. Sporadan mog‘or zamburug‘ining tanasi rivojlanadi. Sporalar yetilgach, sporangiy yashil yoki qoramtir rangga kiradi (23-rasm). Sporangiy yorilib, ichidagi minglab sporalarni atrofga sochadi. Mog‘or zamburug‘i nonning sifatini buzadi, undan ajralgan toksinlar odamning zaharlanishiga olib kelishi mumkin. Lekin ayrim mog‘or zamburug‘i turlaridan bakteriyalarga qarshi dori – antibiotik olish mumkin.

Qalpoqchali zamburug‘lar
3) qalpoqchali zamburug‘lar ko‘proq ozuqa sifatida foydalaniladi. Iste’mol qilsa bo‘ladigan zamburug‘larga qo‘zidumba (shampinion), oq qo‘ziqorin va boshqalar kiradi (24-rasm). Ularni taom tayyorlashdan oldin 5–7 daqiqa qaynatib, suvini to‘kib yuborish kerak. Chunki zamburug‘lar qaynatilganda tarkibidagi zaharli moddalar suvga chiqib ketadi. Zaharli turlariga qizil muxomor, sariq soxta qo‘ziqorinlar kiradi. Ularni iste’mol qilgan odam zaharlanishi mumkin (25-rasm).


Parazit zamburug‘lar
4) parazit zamburug‘larga qorakuya, zang zamburug‘i, Vertitsillium zamburug‘lari kiradi. Qorakuya zamburug‘i boshoqdoshlar oilasi vakillarining boshog‘ida parazitlik qilib, qora kukun hosil qiladi (26-rasm, a). Kasallangan o‘simlik doni puch bo‘lib qoladi. Vilt kasalligini Vertitsillium zamburug‘i keltirib chiqaradi. Bu zamburug‘ o‘simlikning o‘tkazuvchi qismida parazitlik qilib, barglari va poyasining so‘lib qolishiga olib keladi. Zang zamburug‘i – o‘simlikda zangga o‘xshash dog‘ hosil qiladi. Agar parazit zamburug‘larga qarshi o‘z vaqtida kurash olib borilmasa, tez tarqalib, o‘simliklarni nobud qiladi (26-rasm, b).

Zamburug‘larning ahamiyati
Bakteriyalarda bo‘lgani kabi zamburug‘larning ham foydali va zararli turlari mavjud. Odamlar foydali zamburug‘lardan ko‘proq oziq-ovqat sanoatida foydalanadilar. Ular zararli zamburug‘larga qarshi kurashish usullarini ishlab chiqib, o‘simliklarni himoya qiladilar.
Bilimingizni sinang
Zamburug‘larni o‘rganadigan fan qanday ataladi?
- Botanika
- Mikologiya
- Mikrobiologiya
- Zoologiya
To‘g‘ri javob: Mikologiya. Zamburug‘larni mikologiya fani o‘rganadi.
Zamburug‘lar yashashi uchun nimalar yetarli bo‘lishi kerak va nima shart emas?
- Ozuqa, yorug‘lik va namlik kerak; harorat shart emas
- Ozuqa, harorat va yorug‘lik kerak; namlik shart emas
- Ozuqa, harorat va namlik kerak; yorug‘lik shart emas
- Harorat, namlik va yorug‘lik kerak; ozuqa shart emas
To‘g‘ri javob: Ozuqa, harorat va namlik kerak; yorug‘lik shart emas. Zamburug‘larga ozuqa, harorat va namlik kerak, yorug‘lik shart emas.
Xamirturush shakarli iliq suvga solinsa, achitqi zamburug‘lari qanday usulda ko‘payadi?
- Kurtaklanib
- Gifalar bo‘laklarga bo‘linishi orqali
- Sporangiy yorilib, sporalar sochilishi orqali
- Zigota hosil qilish orqali
To‘g‘ri javob: Kurtaklanib. Achitqi zamburug‘lari shakarli iliq suvda kurtaklanib ko‘payadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Achitqi zamburug‘i ovalsimon, bir hujayrali; II. Oshma xamirdan tayyorlangan un mahsulotlari qattiq va zich bo‘ladi; III. Mog‘or zamburug‘ining sporalari havoda doimiy uchib yuradi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: oshma xamirdan tayyorlangan mahsulotlar yumshoq va g‘ovak bo‘ladi.
Zamburug‘ turini uning ahamiyati bilan moslang: 1) achitqi zamburug‘i; 2) mog‘or zamburug‘i; 3) qalpoqchali zamburug‘lar. a) ko‘proq ozuqa sifatida ishlatiladi; b) ayrim turlaridan antibiotik olinadi; c) non yopishda foydalaniladi.
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Achitqi non yopishda, mog‘or turlaridan antibiotik, qalpoqchali zamburug‘lar ozuqa sifatida ishlatiladi.
Nima uchun iste’mol qilinadigan qalpoqchali zamburug‘larni taomdan oldin qaynatib, suvini to‘kib yuborish kerak?
- Qaynatilganda zaharli moddalar suvga chiqib ketadi
- Qaynatilganda zamburug‘ gifalari yo‘qolib, ta’mi o‘zgaradi
- Qaynatilganda zamburug‘ tarkibida antibiotik to‘planadi
- Qaynatilganda zamburug‘ning sporalari hosil bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Qaynatilganda zaharli moddalar suvga chiqib ketadi. Qaynatilganda tarkibidagi zaharli moddalar suvga chiqib ketadi, shuning uchun suvi to‘kiladi.
Parazit zamburug‘ni o‘simlikka ta’siri bilan moslang: 1) qorakuya; 2) Vertitsillium zamburug‘i; 3) zang zamburug‘i. a) o‘simlikda zangga o‘xshash dog‘ hosil qiladi; b) boshoqda qora kukun hosil qilib, donni puch qiladi; c) o‘tkazuvchi qismida parazitlik qilib, so‘lishga olib keladi.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Qorakuya boshoqda qora kukun hosil qiladi, Vertitsillium so‘lishga, zang zamburug‘i dog‘ hosil bo‘lishiga olib keladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash