XotirAI logotipiXotirAI
🧬 5-sinf · Biologiya · 15-§.

Odam organlari sistemasi

Mavzular

Hujayradan organizmgacha

Avvalgi darslarda o‘rganganimizdek, har qanday tirik organizm hujayralardan tashkil topgan. Bir xil vazifani bajaruvchi hujayralar yig‘indisi to‘qimani hosil qiladi. Bir nechta to‘qimalar birlashib organni, organlar esa organlar sistemasini hosil qiladi. Organlar sistemasi birgalikda yaxlit organizmni hosil qiladi.

Masalan, odamda ham hujayralar yig‘indisidan iborat biriktiruvchi to‘qima, muskul va epiteliy to‘qimalari birlashib, qon tomir devorini va yurakni hosil qiladi. Yurak, kapillyarlar, vena va arteriya qon tomirlari qon aylanish sistemasini tashkil qiladi (71-rasm). Odamda quyidagi organlar sistemasi mavjud.

71-rasm. Hujayra, to‘qima, organ, organlar sistemasi.
71-rasm. Hujayra, to‘qima, organ, organlar sistemasi.

Tayanch-harakatlanish sistemasi

1. Tayanch-harakatlanish sistemasi skelet va muskullardan tashkil topgan (73-rasmga qarang, 1,4). Skelet bosh, tana, qo‘l va oyoq suyaklaridan iborat. Miya qutisi bosh miyani, ko‘krak qafasi o‘pka va yurakni himoya qiladi. Suyakning ko‘mik qismida qonning shaklli elementlari hosil bo‘ladi.

Organizm harakatini skelet muskullari amalga oshiradi. Skelet muskullari odam ixtiyoriga bog‘liq holda ishlaydi. Yelkadagi ikki boshli muskulning qisqarishi va uch boshli muskulning bo‘shashishi natijasida qo‘limizni bilakdan buka olamiz.

72-rasm. Yelka muskullarining harakati tufayli bilakni bukish va yozish.
72-rasm. Yelka muskullarining harakati tufayli bilakni bukish va yozish.

Qon aylanish sistemasi

2. Qon aylanish sistemasi. Odamda 4 kamerali yurak nasos singari butun tanaga qonni haydab beradi. Qon tomirlar 3 xil bo‘ladi: arteriya – yurakdan chiquvchi qon tomir, vena – yurakka kiruvchi qon tomir, kapillyar – to‘qimalar orasida joylashgan mayda qon tomirlar. Odamda qon aylanish sistemasi yopiq, ya’ni qon tomirlardan tashqariga chiqmaydi. Ikkita qon aylanish doirasi mavjud: katta qon aylanish doirasi va kichik qon aylanish doirasi (73-rasm, 2).

Hazm va nerv sistemasi

3. Ovqat hazm qilish sistemasi. Ovqat hazm qilish og‘iz bo‘shlig‘idan boshlanadi. Og‘iz bo‘shlig‘ida ovqatni maydalashga yordam beradigan tish, til joylashgan va so‘lak bezlarining yo‘li ochilgan. Hazm sistemasiga og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, qizilo‘ngach, oshqozon, ichak kiradi (73-rasm, 3).

4. Nerv sistemasi. Markaziy va pereferik qismga bo‘linadi. Markaziy nerv sistemasiga bosh miya va orqa miya kiradi. Bosh miya miya qutisida, orqa miya umurtqa pog‘onasi kanalida joylashgan. Bosh va orqa miyadan chiquvchi nervlar va ichki organlardagi nerv tugunlari yig‘indisi pereferik nerv sistemasini hosil qiladi. Organizmni boshqarishda nerv sistemasi katta ahamiyatga ega (73-rasm, 5).

73-rasm. Odam organlari sistemasi. 1– skelet; 2 – qon aylanish sistemasi; 3 – ovqat hazm qilish sistemasi; 4 – muskul; 5 – nerv sistemasi; 6 – nafas olish sistemasi; 7– limfa sistemasi.
73-rasm. Odam organlari sistemasi. 1– skelet; 2 – qon aylanish sistemasi; 3 – ovqat hazm qilish sistemasi; 4 – muskul; 5 – nerv sistemasi; 6 – nafas olish sistemasi; 7– limfa sistemasi.

Nafas olish sistemasi

5. Nafas olish sistemasi burun bo‘shlig‘i, halqum, traxeya, bronx, alveola va o‘pkadan iborat (73-rasm, 6). Nafas yo‘llarida havo ilib, mikroblardan tozalanib o‘tadi. O‘pka alveolalari va kapillyar orasida gazlar almashinuvi sodir bo‘ladi. Odam nafas olganda kislorod yutib, karbonat angidrid chiqaradi. O‘quvchilar ko‘pchilik bo‘lib yopiq xonada uzoq vaqt o‘tirsa, kislorod yetishmasligi tufayli boshi og‘riydi. Shu sababli, sinf xonalaridagi havo tez-tez almashtirib turiladi.

Limfa sistemasi

6. Limfa sistemasiga limfa tugunlari, limfa tomirlari, limfa suyuqligi va taloq kiradi. Ular organizmning immunitetini ta’minlashda katta ahamiyatga ega. Limfa sistemasi ochiq bo‘lib, to‘qima va organlardan boshlanadi. Limfa organizmdagi ortiqcha suyuqlik va zararli mahsulotlarni to‘qimadan olib ketadi.

Limfa suyuqligi organlar oralig‘ida joylashgan limfa tugunlaridan o‘tib filtrlanadi. Limfa tugunlari bakteriya va viruslarni ushlab qoladi va zararsizlantirib beradi. Taloqda limfa sistemasining hujayralari – limfotsitlar hosil bo‘ladi (73-rasm, 7).

Endokrin sistema

7. Endokrin sistema ichki sekretsiya bezlaridan iborat. Organizmni gumoral boshqarishda ishtirok etadi. Ichki sekretsiya bezlariga gipofiz, epifiz, qalqonsimon, ayrisimon, buyrak usti bezlari kiradi. Ular qonga ishlab chiqaradigan suyuqlik gormon deyiladi. Gormon biologik faol modda bo‘lib, juda oz miqdorda ham moddalar almashinuviga ta’sir ko‘rsatadi.

Masalan, buyrak usti bezidan ajraladigan adrenalin gormoni qo‘rquv vaqtida ko‘p ajraladi. Natijada himoya refleksi ishga tushadi. Deylik oldingizdan katta it chiqib qoldi. Yuragingiz to‘xtab qolgandek bo‘ladi, keyin birdan orqaga qaramay qochasiz, har qanday to‘siqdan ham bir zumda o‘tib ketasiz. Bunday javob reaksiyasi adrenalin gormoni hisobiga sodir bo‘ladi.

Barcha organlar sistemasi o‘z funksiyasini to‘liq bajargandagina organizm sog‘lom bo‘ladi. Biror organ yoki organlar sistemasining ishdan chiqishi qolgan organlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Bilimingizni sinang

Rasmda 7 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. nafas olish sistemasi
  2. skelet
  3. nerv sistemasi
  4. limfa sistemasi

To‘g‘ri javob: limfa sistemasi. 73-rasm. Odam organlari sistemasi. 1– skelet; 2 – qon aylanish sistemasi; 3 – ovqat hazm qilish sistemasi; 4 – muskul; 5 – nerv sistemasi; 6 – nafas olish sistemasi; 7– limfa sistemasi.

Rasmda «skelet» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 5
  2. 7
  3. 1
  4. 2

To‘g‘ri javob: 1. 73-rasm. Odam organlari sistemasi. 1– skelet; 2 – qon aylanish sistemasi; 3 – ovqat hazm qilish sistemasi; 4 – muskul; 5 – nerv sistemasi; 6 – nafas olish sistemasi; 7– limfa sistemasi.

Rasmda 6 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. qon aylanish sistemasi
  2. ovqat hazm qilish sistemasi
  3. limfa sistemasi
  4. nafas olish sistemasi

To‘g‘ri javob: nafas olish sistemasi. 73-rasm. Odam organlari sistemasi. 1– skelet; 2 – qon aylanish sistemasi; 3 – ovqat hazm qilish sistemasi; 4 – muskul; 5 – nerv sistemasi; 6 – nafas olish sistemasi; 7– limfa sistemasi.

Qon tomirni uning ta’rifi bilan moslang: 1) arteriya; 2) vena; 3) kapillyar. a) yurakka kiruvchi qon tomir; b) to‘qimalar orasidagi mayda qon tomir; c) yurakdan chiquvchi qon tomir.
  1. 1-a, 2-c, 3-b
  2. 1-c, 2-a, 3-b
  3. 1-b, 2-a, 3-c
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Arteriya yurakdan chiqadi, vena yurakka kiradi, kapillyar to‘qimalar orasida joylashgan.

Qo‘limizni bilakdan bukish uchun yelkadagi muskullar qanday ishlaydi?
  1. Ikki boshli bo‘shashadi, uch boshli qisqaradi
  2. Ikkala muskul ham bir vaqtda qisqaradi
  3. Ikki boshli qisqaradi, uch boshli bo‘shashadi
  4. Ikkala muskul ham bir vaqtda bo‘shashadi

To‘g‘ri javob: Ikki boshli qisqaradi, uch boshli bo‘shashadi. Qo‘l bukilganda ikki boshli muskul qisqaradi, uch boshli muskul bo‘shashadi.

Suyakning qaysi qismida qonning shaklli elementlari hosil bo‘ladi?
  1. Suyak usti pardasida
  2. Bo‘g‘im xaftagida
  3. Ko‘mik qismida
  4. Suyakning zich moddasida

To‘g‘ri javob: Ko‘mik qismida. Qonning shaklli elementlari suyakning ko‘mik qismida hosil bo‘ladi.

Suyak tuzilmasini vazifasi bilan moslang: 1) miya qutisi; 2) ko‘krak qafasi; 3) umurtqa pog‘onasi kanali. a) orqa miya joylashgan; b) bosh miyani himoya qiladi; c) o‘pka va yurakni himoya qiladi.
  1. 1-c, 2-b, 3-a
  2. 1-b, 2-a, 3-c
  3. 1-a, 2-c, 3-b
  4. 1-b, 2-c, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Miya qutisi bosh miyani, ko‘krak qafasi o‘pka va yurakni himoya qiladi, orqa miya umurtqa kanalida joylashgan.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Odamda yurak 4 kamerali; II. Odamda qon aylanish sistemasi ochiq; III. Odamda ikkita qon aylanish doirasi mavjud.
  1. Faqat I
  2. I va III
  3. II va III
  4. I va II

To‘g‘ri javob: I va III. Odamda qon aylanish sistemasi yopiq, qon tomirlardan tashqariga chiqmaydi; II noto‘g‘ri.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiUmurtqali hayvonlarKeyingi →Ekologik omillar