Gulli oʻsimliklar bilan umumiy tanishish
Mavzular
Gulli oʻsimliklar va ularning organlari
Yer yuzida gulli oʻsimliklarning 250 mingdan ortiq turi ma'lum. Bu oʻsimliklar oʻziga xos belgilari bilan bir-biridan farq qiladi.
Gulli oʻsimliklarning hammasi ham oʻz hayoti davomida gullab meva tugadi. Ular ildiz, poya, barg, gul, mevadan tashkil topgan boʻladi (2-rasm).

Oʻsimliklar dunyosining ajoyibotlari
Har bir oʻsimlik turining oʻziga xos ajoyib xossalari bor. Oʻsimliklarning xilma-xilligini aks ettiruvchi misollar juda koʻp. Bularga Seyshel orolidagi oʻn yillar mobaynida pishib yetiladigan, ogʻirligi 25 kg ga yetadigan seyshel palmasi yongʻoqlari, tanasida 200 l gacha suv saqlaydigan Meksika kaktuslari, Kanar orollarida 6000 yilgacha umr koʻradigan ajdar daraxtlari, Sumatra orolidagi diametri 1 m ga yetadigan rafleziya kabi ulkan gullar misol boʻladi.
Oʻzbekiston oʻsimliklari
Bunday ajoyibotlar oʻlkamizdagi oʻsimliklar orasida ham koʻplab topiladi. Masalan, jazirama issiqqa bardosh berib, qum uyumlarida oʻsadigan, barglari arang koʻrinadigan saksovul va qandim, poyasi suv tagida boʻlib, guli suv yuzasida ochiladigan nilufar, hasharotlar bilan oziqlanadigan suv qaroqchisi, tabiat koʻrki boʻlgan qizil lola, koʻzagul, sallagul, chinnigul va jumagul (xolmon)lar, noyob mevali oʻsimliklardan pista, bodom, safsanlar, tabobatda koʻp ishlatiladigan chakanda, isiriq, na'matak, suvqalampir va boshqalar oʻsimliklar dunyosining ajoyib vakillaridir.
Moslashish va ikki xil organlar
Gulli oʻsimliklarning xilma-xilligi ekologik sharoitning oʻzgarishi bilan bogʻliq. Ular million yillar mobaynida oʻzgarib, yangi muhitga, sharoitga moslasha borgan. Sharoit oʻzgarishi bilan oʻsimliklarda yangi muhitga xos belgilar paydo boʻlgan va bu belgilar vaqt oʻtishi bilan sekin-asta mustahkamlangan (irsiylashgan). Natijada maxsus sharoitlarga moslashgan yangi oʻsimliklar (turlar, turkumlar, oilalar) paydo boʻlgan. Yangi sharoitga moslasha olmagan oʻsimliklar yoʻqolib ketgan.
Oʻsimliklar tashqi muhit sharoitiga moslashib, asta-sekin murakkablashib borib, ularda ikki xil organlar paydo boʻlgan.
- Vegetativ organlar – lotincha «vegetatio» soʻzidan olingan boʻlib, oʻsish, rivojlanish degan ma'noni bildiradi. Oʻsimliklarning ildizi, poyasi vegetativ organlardir.
- Generativ organlar – lotincha «generate» soʻzidan olingan boʻlib, yaratmoq, tuzmoq degan ma'noni bildiradi. Generativ organlarga gul, meva va urugʻ kiradi.
Bilimingizni sinang
Yer yuzida gulli oʻsimliklarning nechadan ortiq turi ma'lum?
- 25 mingdan
- 250 mingdan
- 100 mingdan
- 500 mingdan
To‘g‘ri javob: 250 mingdan. Gulli oʻsimliklarning 250 mingdan ortiq turi ma'lum.
Seyshel orolida oʻn yillar mobaynida pishib yetiladigan, ogʻirligi 25 kg ga yetadigan yongʻoqlar qaysi oʻsimlikka xos?
- Rafleziyaga
- Meksika kaktusiga
- Ajdar daraxtiga
- Seyshel palmasiga
To‘g‘ri javob: Seyshel palmasiga. 25 kg gacha yongʻoqlar seyshel palmasiga xos.
Oʻsimliklarni ularning xususiyati bilan moslang: 1) Meksika kaktuslari; 2) Kanar orollaridagi ajdar daraxtlari; 3) Sumatradagi rafleziya. a) 6000 yilgacha umr koʻradi; b) tanasida 200 l gacha suv saqlaydi; c) guli diametri 1 m ga yetadi.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Kaktus – 200 l suv, ajdar daraxti – 6000 yil, rafleziya – diametri 1 m gul.
Quyidagi hukmlardan qaysilari toʻgʻri? I. «Vegetativ» soʻzi lotincha «vegetatio» soʻzidan olingan. II. «Generativ» soʻzi lotincha «generate» – yaratmoq, tuzmoq ma'nosini bildiradi. III. Urugʻ vegetativ organlarga kiradi.
- I va III
- II va III
- Faqat III
- I va II
To‘g‘ri javob: I va II. III notoʻgʻri: urugʻ generativ organ.
Poyasi suv tagida boʻlib, guli suv yuzasida ochiladigan oʻsimlik qaysi?
- Qandim
- Nilufar
- Saksovul
- Suv qaroqchisi
To‘g‘ri javob: Nilufar. Poyasi suv tagida, guli suv yuzasida ochiladigan oʻsimlik nilufardir.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash