XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 5-§.

Hujayralarning hayotiy faoliyati

Mavzular

Elodeyada sitoplazma harakati

Tirik hujayralar ichidagi harakatni kuzatish hammani qiziqtiradi. Bu harakatni akvariumda o‘stirilgan elodeya o‘simligi bargida kuzatish mumkin. Elodeya barglari shaffof bo‘lgani uchun uni mikroskopda butunligicha ko‘rsa bo‘ladi. Elodeya suvda o‘sganligi uchun uning bargi mikroskopdagi suv tomchisida tabiiy sharoitda o‘sgandek tirik bo‘ladi (12-rasm). Shuning uchun uning hujayralaridagi sitoplazmaning uzluksiz harakati aniq ko‘rinadi.

12-rasm. Elodeya va uning barg hujayrasi. Belgilar: sitoplazma, hujayra qobig‘i, yadro, plastidalar, vakuol
12-rasm. Elodeya va uning barg hujayrasi. Belgilar: sitoplazma, hujayra qobig‘i, yadro, plastidalar, vakuol

Moddalarning hujayradan o‘tishi

Hujayralar qobig‘ida teshikchalar bo‘lib, sitoplazmaning harakati davomida bir hujayradagi oziq moddalar va kislorod ikkinchi hujayraga shu teshikchalar orqali o‘tadi. Bu jarayonni kuzatish uchun hujayra qobig‘i vazifasini o‘taydigan mayda (ko‘zga ko‘rinmaydigan) teshikchali kichkina sellofan xaltachaga bug‘doy unidan tayyorlangan ozgina xamir solib, og‘zi bog‘lab qo‘yiladi va stakandagi yodli suvga tushiriladi. Vaqt o‘tishi bilan xamir ko‘kish rangga kiradi. Bundan ko‘rinib turibdiki, hujayralar qobig‘i orqali ular ichiga moddalar o‘tgan.

Nafas olish va oziqlanish

O‘simliklarning har bir tirik hujayrasi nafas oladi va oziqlanadi. Bu jarayon hujayralarda quyosh nuri ta’sirida, suv va unda erigan turli moddalar hamda kislorod bo‘lgan holdagina amalga oshadi.

Tabiiyki, tashqi muhitdan hujayralar ichiga zarur moddalar qanday qilib kirishi mumkin, degan savol tug‘iladi. Hujayralar qobig‘i va sitoplazma o‘zi orqali hamma moddalarni ham o‘tkazavermaydi. Masalan, tuproqdan hujayralar ichiga suv va unda erigan moddalar kiradi.

O‘simliklar hujayrasi ichiga tashqaridan kirgan turli eritmalar qayta ishlanib, hayotiy zarur moddalarga aylanadi.

Hujayralarning o‘sishi

Hujayralarning o‘sishi va bo‘linishi. Hujayralarga xos muhim biologik xususiyatlardan biri ularning o‘sishi va bo‘linishidir.

Tabiiyki, yosh hujayralar ancha kichik bo‘lib, o‘sgan sari kattalasha boradi. Shuni aytish kerakki, har bir hujayra ma’lum o‘lchamgacha o‘sadi. Hujayralarning qobig‘i yoshiga qarab qalinlashadi. Qari hujayralarda vakuol sitoplazmaga qaraganda ko‘proq joy egallaydi. Vaqt o‘tishi bilan qari hujayralarda sitoplazma va yadro butunlay yo‘qolib, ularning o‘rnini suv yoki havo egallaydi, natijada ular nobud bo‘ladi.

Bo‘linish va o‘simlikning o‘sishi

Siz endigina urug‘dan unib chiqqan niholning vaqt o‘tishi bilan o‘sib kattalashib, turli o‘lcham va shakldagi barg, poya, kurtak, gul, meva hosil qilishini yaxshi bilasiz. Salobatli yong‘oq, chinor, terak va boshqa daraxtlarning barcha organlari hujayralarning bo‘linib ko‘payishi hisobiga vujudga kelgan.

Hujayralar bo‘linish yo‘li bilan ko‘payadi. Shuni ham aytish kerakki, hamma hujayralar ham bo‘linavermaydi. Faqat hosil qiluvchi to‘qima hujayralargina bo‘linadi. Hujayralarning bo‘linishida yadro katta rol o‘ynaydi.

Hujayra bo‘linishi bosqichlari

Bo‘linadigan hujayralarda dastlab yadro kattalashadi, so‘ng ikkiga bo‘linadi va ular maxsus parda bilan qoplanadi. Bu davrda sitoplazmada ham to‘siq paydo bo‘lib, ona hujayrani teng ikkita yosh hujayraga ajratadi. Hujayra bo‘linishi bilan undagi plastidalar ham teng ikkiga bo‘linib, yosh hujayralarga o‘tadi. Hosil bo‘lgan yosh hujayralar o‘zidagi oziq moddalar hisobiga o‘sishda davom etadi. Ular ona hujayra o‘lchamiga yetgach, yana yosh hujayralarga bo‘linadi. Shunday qilib, o‘simliklarning o‘sishi hujayralarning bo‘linib ko‘payishi va o‘sishi hisobiga boradi.

Bilimingizni sinang

Elodeya bargi hujayralarida mikroskop ostida qaysi hayotiy jarayonni aniq ko‘rish mumkin?
  1. Sitoplazmaning uzluksiz harakatini
  2. Yadro bo‘linishining tugallanishini
  3. Fotosintezda hosil bo‘lgan kislorodni
  4. Vakuolning yo‘qolishini

To‘g‘ri javob: Sitoplazmaning uzluksiz harakatini. Elodeya hujayralarida sitoplazmaning uzluksiz harakati aniq ko‘rinadi.

Nima uchun elodeya bargini mikroskopda butunligicha ko‘rish mumkin?
  1. Bargi shaffof bo‘lgani uchun
  2. Bargida xlorofill bo‘lmagani uchun
  3. Ildizi suvda bo‘lgani uchun
  4. Hujayralari yadrosiz bo‘lgani uchun

To‘g‘ri javob: Bargi shaffof bo‘lgani uchun. Elodeya barglari shaffof bo‘lgani uchun butun holida ko‘rinadi.

Sitoplazmaning harakati davomida bir hujayradagi oziq moddalar va kislorod ikkinchi hujayraga qanday o‘tadi?
  1. Plastidalar orqali
  2. Yadro orqali
  3. Hujayra qobig‘idagi teshikchalar orqali
  4. Vakuol devori orqali

To‘g‘ri javob: Hujayra qobig‘idagi teshikchalar orqali. Moddalar hujayra qobig‘idagi teshikchalar orqali o‘tadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Hujayra qobig‘i va sitoplazma barcha moddalarni to‘siqsiz o‘tkazadi. II. Tuproqdan hujayra ichiga suv va unda erigan moddalar kiradi. III. Kirgan eritmalar qayta ishlanib, hayotiy zarur moddalarga aylanadi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. Faqat II

To‘g‘ri javob: II va III. I noto‘g‘ri: qobiq va sitoplazma hamma moddalarni ham o‘tkazavermaydi.

Qari hujayralarda qaysi tarkibiy qism sitoplazmaga qaraganda ko‘proq joy egallaydi?
  1. Plastidalar
  2. Vakuol
  3. Yadro
  4. Hujayra qobig‘i

To‘g‘ri javob: Vakuol. Qari hujayralarda vakuol sitoplazmadan ko‘proq joy egallaydi.

Hujayra bo‘linishi bosqichlarini to‘g‘ri ketma-ketlikda joylashtiring: 1) sitoplazmada to‘siq paydo bo‘lib, ona hujayrani ikkiga ajratadi; 2) yadro kattalashadi; 3) yosh hujayralar o‘sishda davom etadi; 4) yadro ikkiga bo‘linadi.
  1. 2-4-1-3
  2. 2-1-4-3
  3. 4-2-1-3
  4. 2-4-3-1

To‘g‘ri javob: 2-4-1-3. Avval yadro kattalashadi va bo‘linadi, so‘ng sitoplazma to‘sig‘i hosil bo‘ladi, yosh hujayralar o‘sadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOʻsimlik hujayrasining tuzilishiKeyingi →O‘simlik to‘qimalari