XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 6-§.

O‘simlik to‘qimalari

Mavzular

To‘qima va organ tushunchasi

O‘tgan darslarda siz xilma-xil hujayralar bilan batafsil tanishdingiz. Tuzilishi va vazifasi o‘xshash bo‘lgan hujayralar yig‘indisiga to‘qima deyiladi. O‘simlikning har bir organi bir necha xil to‘qimadan iborat. O‘simliklarning bir yoki bir nechta vazifani bajaruvchi qismi organ deyiladi (13-rasm).

13-rasm. Hujayra → to‘qima → organ → organizm
13-rasm. Hujayra → to‘qima → organ → organizm

«To‘qima» tushunchasini birinchi bo‘lib 1682-yilda N. Gryu «O‘simliklar anatomiyasi» nomli kitobida fanga kiritgan edi. To‘qimalar joylashishi va bajaradigan vazifasiga ko‘ra xilma-xil bo‘ladi (14-rasm).

To‘qima turlari va meristema

Qator belgi va xususiyatlariga qarab o‘simliklarda quyidagi to‘qimalar bo‘ladi: hosil qiluvchi to‘qima, qoplovchi to‘qima, asosiy to‘qima, ajratuvchi to‘qima, o‘tkazuvchi to‘qima, mexanik to‘qima.

Hosil qiluvchi to‘qima (meristema). Hosil qiluvchi to‘qima hujayralari yirik yadroli, yupqa nozik po‘stli, ichi quyuq sitoplazma bilan to‘lgan, tirik hujayralar yig‘indisidan iborat bo‘lib, tez-tez bo‘linish xususiyatiga ega bo‘ladi. Hosil qiluvchi to‘qimadan vujudga kelgan hujayralar avval o‘sadi, so‘ngra ma’lum shaklga kirib, muayyan vazifani bajaruvchi doimiy to‘qimani hosil qiladi.

Uchki va yon hosil qiluvchi to‘qima

Hosil qiluvchi to‘qimalar novda va ildizlarning uchki qismlarida joylashgan. Uchki hosil qiluvchi to‘qima kurtakning o‘sish konusi va ildizning bo‘linuvchi zonalarida joylashgan bo‘lib, o‘simlikning bo‘yiga o‘sishini ta’minlaydi. Hosil qiluvchi to‘qima novda va ildizning ichki qismida ham bo‘ladi. Ular yon hosil qiluvchi to‘qima deb ataladi. Bu to‘qima hujayralari poya va ildizda halqa shaklida joylashadi hamda o‘simlik organlarining eniga o‘sishini, ya’ni yo‘g‘onlashuvini ta’minlaydi.

14-rasm. To‘qimalar: Hosil qiluvchi to‘qima (o‘sish konusi, bo‘linish zonasi); Floema (elaksimon nay, lub parenximasi, lub tolasi, yo‘ldosh hujayra)
14-rasm. To‘qimalar: Hosil qiluvchi to‘qima (o‘sish konusi, bo‘linish zonasi); Floema (elaksimon nay, lub parenximasi, lub tolasi, yo‘ldosh hujayra)
14-rasm. To‘qimalar: Ksilema (o‘tkazuvchi nay, yog‘ochlik parenximasi, yog‘ochlik tolasi); Epiderma (epiderma hujayralari, tukcha, og‘izcha, loviyasimon hujayralar, xloroplast)
14-rasm. To‘qimalar: Ksilema (o‘tkazuvchi nay, yog‘ochlik parenximasi, yog‘ochlik tolasi); Epiderma (epiderma hujayralari, tukcha, og‘izcha, loviyasimon hujayralar, xloroplast)

Poya va ildizning po‘stlog‘i (floema) va yog‘ochligi (ksilema) orasida joylashgan yon hosil qiluvchi to‘qima – kambiy hisobiga o‘simlik poyasi va ildizi eniga o‘sadi. Hosil qiluvchi hujayralardan o‘simlikning asosiy, qoplovchi, o‘tkazuvchi, mexanik va boshqa to‘qimalari hosil bo‘ladi.

Asosiy to‘qima

Asosiy to‘qima. Asosiy to‘qima hujayralari qoplovchi, mexanik, o‘tkazuvchi to‘qima hujayralari oralig‘ida joylashadi. Bajaradigan funksiyasiga ko‘ra asosiy to‘qima bir necha xil bo‘ladi: assimilatsion to‘qima (xlorenxima), jamg‘aruvchi to‘qima (organik moddalarni, suv va havoni jamg‘aruvchi). Bu hujayralar fotosintez qilish xususiyatiga ega. Assimilatsion to‘qima hujayralari yashil barglarda, novdalarda bo‘ladi. Jamg‘aruvchi to‘qima hujayralari parenxima hujayralaridan iborat bo‘lib, ularda uglevod, oqsil va boshqa moddalar to‘planadi. Bu to‘qima daraxtlarning tanasida, ildizpoya, ildizmeva, tugunaklar, piyozbosh, mevalar va urug‘larda yaxshi rivojlangan. Cho‘llarda o‘suvchi ayrim o‘simliklar poyasi va bargida (masalan, kaktuslar tanasida) suv to‘plovchi parenxima hujayralari mavjud.

Qoplovchi to‘qima

Qoplovchi to‘qimalar o‘simlikning barcha organlarini tashqi tomondan qoplab turadi. Qoplovchi to‘qima o‘simlik organlarini himoya qilish funksiyasini bajaradi. Bu to‘qima 3 ga bo‘linadi: epiderma, periderma va po‘stloq. Epiderma barg va yosh novdalarni qoplab turadi. Bu to‘qima bir qavat zich joylashgan shaffof hujayralardan tashkil topgan. Epiderma to‘qimasi tashqi tomondan kutikula yoki mum bilan qoplanadi, bu suv bug‘lanishini kamaytiruvchi moslanishdir. Barg va yashil poyalar epidermasida og‘izchalar bo‘lib, ular gaz almashinuvi va suv bug‘latishda ishtirok etadi.

Periderma va po‘kak

Ko‘p yillik o‘simliklarning poya va ildizlarida epiderma ikkilamchi qoplovchi to‘qima – periderma bilan almashinadi. Periderma po‘kak va boshqa hujayralardan tarkib topgan. Po‘kak o‘lik hujayralardan iborat bo‘lib, uning qobig‘iga maxsus yog‘simon modda (suberin) shimilgan. Shuning uchun po‘kak o‘zidan suv va gazlarni o‘tkazmaydi. Uning asosiy vazifasi o‘simlikni yozda yuqori haroratdan, qishda sovuqdan va kasallik tug‘diruvchi mikroorganizmlardan saqlashdan iborat. Po‘kak hujayralari orasida yasmiqchalar shakllanadi. Daraxt va butalarning tanasi va ildizida har yili po‘kak to‘qimasining yangi qavati shakllanadi. Natijada po‘stloq qavati hosil bo‘ladi. Po‘stloq hujayralari cho‘zilish xususiyatiga ega bo‘lmaganligi sababli, daraxt va butalar tanasi yo‘g‘onlashgan sari po‘stloqda yoriqlar paydo bo‘ladi.

O‘tkazuvchi to‘qima

O‘tkazuvchi to‘qima. Bu to‘qima o‘simlik tanasida moddalarning harakatlanishini ta’minlaydi. Bu jarayon poya va ildizning o‘tkazuvchi to‘qimalari – ksilema va floema naylari orqali sodir bo‘ladi. Ksilemada o‘lik hujayralardan iborat o‘tkazuvchi naylar va traxeidlar bo‘lib, ular orqali suv va unda erigan mineral tuzlar ildizdan o‘simlikning barcha organlariga harakatlanadi. Floemada tirik hujayralardan iborat elaksimon naylar bo‘lib, ular orqali barglarda fotosintez jarayonida hosil bo‘lgan organik moddalar o‘simlikning boshqa organlariga yetkaziladi. Elaksimon nay hujayralari yadroga ega emas, ularning yonida yo‘ldosh hujayralar bor.

Mexanik va ajratuvchi to‘qima

Mexanik to‘qima o‘simlik organlariga mexanik mustahkamlik (tayanch) beruvchi to‘qima hisoblanadi. Mexanik to‘qimaning quyidagi turlari mavjud:

Ajratuvchi to‘qima. O‘simliklarda kechadigan hayotiy jarayonlarda turli moddalar hosil bo‘ladi. Ajratuvchi to‘qima hujayralari efir moylari, kauchuk, nektar va smola, fitonsid va boshqa moddalarni ajratib chiqaradi.

Bilimingizni sinang

«To‘qima» tushunchasini fanga birinchi bo‘lib kim va qaysi yilda kiritgan?
  1. N. Gryu, 1682-yil
  2. N. Gryu, 1665-yil
  3. R. Guk, 1665-yil
  4. R. Guk, 1682-yil

To‘g‘ri javob: N. Gryu, 1682-yil. To‘qima tushunchasini 1682-yilda N. Gryu «O‘simliklar anatomiyasi» kitobida kiritgan.

Uchki hosil qiluvchi to‘qima qayerda joylashgan va o‘simlikning qanday o‘sishini ta’minlaydi?
  1. Epiderma ostida; eniga o‘sishini
  2. Po‘stloq va yog‘ochlik orasida; bo‘yiga o‘sishini
  3. O‘sish konusi va ildizning bo‘linuvchi zonasida; bo‘yiga o‘sishini
  4. Kambiyda; eniga o‘sishini

To‘g‘ri javob: O‘sish konusi va ildizning bo‘linuvchi zonasida; bo‘yiga o‘sishini. Uchki meristema kurtakning o‘sish konusi va ildizning bo‘linuvchi zonasida bo‘lib, bo‘yiga o‘sishni ta’minlaydi.

Yon hosil qiluvchi to‘qima – kambiy poya va ildizning qaysi qismlari orasida joylashgan?
  1. Floema va ksilema orasida
  2. Ksilema va o‘zak orasida
  3. Po‘kak va epiderma orasida
  4. Epiderma va floema orasida

To‘g‘ri javob: Floema va ksilema orasida. Kambiy po‘stloq (floema) va yog‘ochlik (ksilema) orasida joylashib, poya va ildizning eniga o‘sishini ta’minlaydi.

Po‘kak hujayralari qobig‘iga shimilgan, suv va gazlarni o‘tkazmaslikni ta’minlovchi yog‘simon modda qaysi?
  1. Suberin
  2. Fitonsid
  3. Smola
  4. Kauchuk

To‘g‘ri javob: Suberin. Po‘kak o‘lik hujayralarining qobig‘iga yog‘simon modda – suberin shimilgan.

Po‘kak nima uchun o‘zidan suv va gazlarni o‘tkazmaydi?
  1. Tashqi tomondan kutikula bilan qoplangani uchun
  2. Hujayralari orasida havo bilan to‘lgan bo‘shliqlar bo‘lgani uchun
  3. Tirik, yupqa qobiqli hujayralardan tuzilgani uchun
  4. Qobig‘iga suberin shimilgan o‘lik hujayralardan tuzilgani uchun

To‘g‘ri javob: Qobig‘iga suberin shimilgan o‘lik hujayralardan tuzilgani uchun. Po‘kak o‘lik hujayralardan iborat va qobig‘iga suberin shimilgan, shuning uchun suv va gazni o‘tkazmaydi.

Daraxt tanasi yo‘g‘onlashgan sari po‘stloqda nima uchun yoriqlar paydo bo‘ladi?
  1. Yasmiqchalar kengayib ketgani uchun
  2. Po‘stloq hujayralari cho‘zilish xususiyatiga ega emasligi uchun
  3. Po‘stloq hujayralari tez bo‘linib ketgani uchun
  4. Kambiy po‘stloq tomon bo‘linmagani uchun

To‘g‘ri javob: Po‘stloq hujayralari cho‘zilish xususiyatiga ega emasligi uchun. Po‘stloq hujayralari cho‘zilmaydi, shuning uchun tana yo‘g‘onlashganda po‘stloq yorilib ketadi.

Epidermaning tashqi tomondan kutikula yoki mum bilan qoplanishi qanday ahamiyatga ega?
  1. Suv bug‘lanishini kamaytiradi
  2. Organik moddalarni jamg‘aradi
  3. Gaz almashinuvini kuchaytiradi
  4. Yorug‘likni ko‘proq yutishga yordam beradi

To‘g‘ri javob: Suv bug‘lanishini kamaytiradi. Kutikula yoki mum suv bug‘lanishini kamaytiruvchi moslanishdir.

Yon hosil qiluvchi to‘qima hujayralari poya va ildizda halqa shaklida joylashib, qanday vazifani bajaradi?
  1. Organlarning eniga o‘sishini, ya’ni yo‘g‘onlashuvini ta’minlaydi
  2. Organik moddalarni jamg‘aradi
  3. Organlarning bo‘yiga o‘sishini ta’minlaydi
  4. Gaz almashinuvini boshqaradi

To‘g‘ri javob: Organlarning eniga o‘sishini, ya’ni yo‘g‘onlashuvini ta’minlaydi. Yon meristema organlarning eniga o‘sishini, ya’ni yo‘g‘onlashuvini ta’minlaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiHujayralarning hayotiy faoliyatiKeyingi →Ildiz turlari va tizimlari