Ildizning ichki tuzilishi
Mavzular
Ildiz tukchalari
Ildizning ichki qismi ancha murakkab tuzilgan. Uni mikroskopda ko‘rish uchun maxsus preparat tayyorlanadi. Buning uchun ildiz bo‘laklaridan ko‘ndalangiga yupqa parrak kesib olinib, buyum oynasidagi suv tomchisiga yoki glitseringa qo‘yiladi. So‘ngra unga rang beriladi va ustiga qoplagich oyna yopib qo‘yiladi. Mikroskopda ildizning sirtqi qismi hujayralardan tuzilganligini va shu hujayralarning ayrimlaridan ildiz tukchalari chiqqanligini ko‘rish mumkin (17-rasm).

Har bir ildiz tukchasi bitta uzun hujayradan tashkil topgan. Bu hujayra esa yupqa qobiq, sitoplazma va yirik yadrodan tashkil topgan. Ildiz ana shu tukchalari orqali tuproqdan suv va unda erigan oziq moddalarni shimib oladi. Ildiz tukchalarining faoliyati 10–12 kun davom etadi. Keyin ildizning uchidagi shimuvchi qismidan yangi ildiz tukchalari o‘sib chiqadi. Bu jarayon o‘simliklarda uzluksiz davom etadi. Natijada ildiz tukchalari tuproqning ichkari qatlamlariga kirib boradi va o‘simlikni suv va mineral tuz bilan ta’minlab turadi.
Ildiz po‘sti va markaziy qism
Ildizning po‘sti o‘ziga xos hujayralardan tashkil topgan. Po‘st hujayralari tirik, yumaloq va yupqa qobiqli bo‘ladi. Hujayralar orasida havo bilan to‘lgan bo‘shliqlar bo‘lib, ildizdagi hujayralar ana shu havo bilan nafas oladi. Ko‘ndalangiga kesilgan ildizning o‘rta qismida qalin devorli yirik teshikchalar ko‘rinadi. Bu teshikchalar o‘rta (markaziy) qismdagi naychalardan iborat (18-rasm).

Ildiz qismlari: bo‘linish va o‘sish
Yosh ildizni bo‘ylamasiga kesmasini ko‘rib chiqamiz. Ildizning uchki qismida hosil qiluvchi to‘qima hujayralaridan iborat bo‘linuvchi qism joylashgan. Bu hujayralar tinmay bo‘linib turadi. Bo‘linish qismini tashqi tomondan ildiz qinchasi himoya qiladi. Bo‘linish qismidan yuqorida o‘suvchi qism joylashgan. Bu qismda hujayralar bo‘linmaydi, balki o‘sib, ma’lum funksiyani bajarishga ixtisoslashadi.
So‘ruvchi va o‘tkazuvchi qism
O‘sish qismidan yuqorida so‘ruvchi qism joylashgan bo‘lib, bu qismda ildiz tukchalari hosil bo‘ladi. Ildiz tukchalari ildizni qoplovchi hujayralardan hosil bo‘ladi. Ildiz tukchalari orqali tuproqdan suv va unda erigan mineral moddalar shimiladi. So‘ruvchi qismdan yuqorida o‘tkazuvchi qism joylashgan. Bu qismdagi o‘tkazuvchi to‘qima hujayralari orqali suv va unda erigan mineral moddalar yuqoriga – poyaga ko‘tariladi, poya va barglarda hosil bo‘lgan organik moddalar esa ildizga o‘tadi (19-rasm). Makkajo‘xorining ildizi poyadan atrofga 2 m, bosh piyozniki 60–70 sm gacha yoyiladi. Makkajo‘xorining 1 mm² so‘rish qismida 700 ta ildiz tukchalari bo‘ladi.

Ildizning o‘sishi
Ildizning o‘sishi. O‘simliklar turiga va o‘sish muhitiga qarab, ildizlar turlicha tezlikda o‘sadi. Masalan, g‘o‘za nihollarining ildizi bir kecha-kunduzda 2–3 sm o‘sadi. Bunda o‘sish ildiz uchidagi hujayralarning bo‘linishi hisobiga sodir bo‘ladi.
Yantoq bor joyda suv bor, deyishadi. Haqiqatan ham, uning ildizi yerga 30 m gacha chuqur kirib boradi va yerosti suvlaridan foydalanadi.
Ildizlar bo‘linish qismidagi hujayralarning bo‘linib ko‘payishi hisobiga bo‘yiga o‘sadi.
Ildizning nafas olishi
O‘simliklarning boshqa organlari singari ildizi ham nafas oladi. Tuproqdagi havo tirik hujayralarga kirib boradi. O‘simliklar ildizi yetarli darajada havo olishi uchun urug‘ yumshoq yerga ekiladi. Hosil yetilguncha yer bir necha marta yumshatiladi. G‘o‘za, sabzavot va poliz ekinlarini chopiq qilishning sababi ham shunda.
Qatqaloq tuproqda havo kam bo‘ladi. Shuning uchun barcha daraxt va butalarning tagini vaqti-vaqti bilan yumshatib turish tavsiya etiladi.
Chilpish va qo‘shimcha ildizlar
Ildizning uchki qismi shikastlansa, uning bo‘yiga o‘sishi to‘xtaydi va yon ildizlarning hosil bo‘lishi kuchayadi. Natijada ildiz tizimi tuproqning unumdor yuza qismida yon tomonga baquvvat bo‘lib o‘sa boshlaydi. O‘simliklarning bu xususiyatidan dehqonchilikda foydalaniladi. Dehqonlar pomidor, karam, bulg‘or qalampiri kabi o‘simliklardan mo‘l hosil olishda o‘simliklarni urug‘dan o‘stirib, keyin boshqa joyga ko‘chirib o‘tqazishdan avval ildizning uchki qismini chilpib tashlaydilar (20-rasm. A – chilpish. B – tuproq tortilganda qo‘shimcha ildiz hosil bo‘lishi).

Bilimingizni sinang
Ildiz tukchasi qanday tuzilgan?
- Ikki hujayra: yupqa qobiq va yadrosiz sitoplazma
- Ko‘p hujayrali tuzilma: qalin qobiq va mayda yadrolar
- Bitta uzun hujayra: yupqa qobiq, sitoplazma va yirik yadro
- Bitta hujayra: qalin qobiq, quyuq sitoplazma va mayda yadro
To‘g‘ri javob: Bitta uzun hujayra: yupqa qobiq, sitoplazma va yirik yadro. Ildiz tukchasi yupqa qobiq, sitoplazma va yirik yadroli bitta uzun hujayradir.
Ildiz tukchalarining faoliyati necha kun davom etadi?
- 10–12 kun
- 6 oy
- 30–40 kun
- 2–3 kun
To‘g‘ri javob: 10–12 kun. Ildiz tukchalari 10–12 kun ishlaydi, so‘ng uchidagi so‘ruvchi qismdan yangilari o‘sib chiqadi.
Yosh ildizning bo‘linuvchi qismini tashqi tomondan qaysi tuzilma himoya qiladi?
- Kutikula
- Ildiz qinchasi
- Ildiz tukchasi
- Po‘kak qavati
To‘g‘ri javob: Ildiz qinchasi. Bo‘linish qismini tashqi tomondan ildiz qinchasi himoya qiladi.
Makkajo‘xorining so‘rish qismida 1 mm² maydonda nechta ildiz tukchasi bo‘ladi?
- 700 ta
- 7000 ta
- 300 ta
- 70 ta
To‘g‘ri javob: 700 ta. Makkajo‘xorining 1 mm² so‘rish qismida 700 ta ildiz tukchasi bo‘ladi.
Yantoq ildizi yerga qancha chuqurlikkacha kirib boradi va yerosti suvlaridan foydalanadi?
- 60–70 sm gacha
- 10 m gacha
- 30 m gacha
- 3 m gacha
To‘g‘ri javob: 30 m gacha. Yantoq ildizi yerga 30 m gacha chuqur kirib, yerosti suvlaridan foydalanadi.
Nima uchun urug‘ yumshoq yerga ekiladi va hosil yetilguncha yer bir necha marta yumshatiladi?
- Ildizlarning bo‘yiga o‘sishi to‘xtashi uchun
- Ildiz yetarli darajada havo olishi uchun
- Ildiz tukchalari tuproqqa chuqurroq kirishi uchun
- Tuproqdagi suv tezroq bug‘lanishi uchun
To‘g‘ri javob: Ildiz yetarli darajada havo olishi uchun. Ildiz ham nafas oladi, shuning uchun unga yetarli havo kirishi uchun tuproq yumshatiladi.
Pomidor, karam ko‘chatlarining ildiz uchi chilpilganda ildiz tizimida qanday o‘zgarish yuz beradi?
- Yon ildizlar hosil bo‘lishi to‘xtaydi
- Bo‘yiga o‘sish to‘xtab, yon ildizlar hosil bo‘lishi kuchayadi
- Ildiz tukchalari faoliyati 10–12 kundan oshadi
- Asosiy ildiz yanada chuqurroq o‘sadi
To‘g‘ri javob: Bo‘yiga o‘sish to‘xtab, yon ildizlar hosil bo‘lishi kuchayadi. Uchki qism shikastlansa, ildiz bo‘yiga o‘smaydi va yon ildizlar kuchli rivojlanib, tizim yon tomonga o‘sadi.
Ildizning bo‘linuvchi va o‘suvchi qismi hujayralari qaysi javobda to‘g‘ri taqqoslangan?
- Ikkalasida ham hujayralar tinmay bo‘linadi
- Bo‘linuvchi qismda hujayralar tinmay bo‘linadi, o‘suvchi qismda o‘sib ixtisoslashadi
- Ikkalasida ham hujayralar bo‘linmaydi, faqat ixtisoslashadi
- Bo‘linuvchi qismda hujayralar o‘sib ixtisoslashadi, o‘suvchi qismda tinmay bo‘linadi
To‘g‘ri javob: Bo‘linuvchi qismda hujayralar tinmay bo‘linadi, o‘suvchi qismda o‘sib ixtisoslashadi. Bo‘linuvchi qism hujayralari bo‘linadi, o‘suvchi qismda esa bo‘linmay o‘sadi va ixtisoslashadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash