Poyalarning xilma-xilligi
Mavzular
Ichki tuzilishiga ko‘ra
O‘simliklarning turiga va o‘sish sharoitiga qarab poyalar turli xil bo‘ladi.
Poyalar ichki tuzilishiga ko‘ra yog‘och poya (terak, qayrag‘och) va o‘t poya (arpa, ituzum)ga bo‘linadi.
Yog‘och poyali o‘simliklardan har yili yangi kurtaklar hosil bo‘ladi. Natijada ko‘p yillik yerustki poya vujudga keladi. O‘tsimon poyalarning yerustki poyalari esa ko‘pincha bir mavsum yashaydi.
Poya o‘lchamlari
Poyalar juda kalta (piyozda) va haddan tashqari uzun bo‘lishi mumkin. Masalan, mirzaterakning balandligi 20–25 m ga yetsa, Kaliforniyadagi sekvoyadendronlarniki 110–140 m, Avstraliyadagi evkaliptlarniki 150–155 m bo‘ladi.
Shuningdek, Janubiy Osiyoning tropik o‘rmonlarida boshqa daraxtlarga chirmashib o‘sadigan Rotang palmasi poyasining uzunligi 400 m ga yetishi barchani qiziqtiradi.
O‘sish shakliga ko‘ra
Poyalar shoxlagan (olma, yong‘oq), shoxlamagan (palma) bo‘ladi. Shuningdek, poyalar o‘sishiga qarab bir necha xil bo‘ladi: tik o‘suvchi (terak, olma, qayrag‘och, bug‘doy), ko‘tarilib o‘suvchi (sebarga), o‘raluvchi (qo‘ypechak, karnaygul).
O‘raluvchi poyalarga ega bo‘lgan o‘simlik atrofdagi o‘simlik yoki bironta tayanchga o‘ralib oladi. Tok, qovoq va no‘xat o‘simliklari gajaklari yordamida ilashib o‘sadi.

Yoyilib va o‘rmalab o‘suvchi
Yoyilib yoki palak yoyib o‘suvchi o‘simliklarga qovoq, qovun, tarvuz, bodring va temirtikan kabilarni misol qilish mumkin.
O‘rmalovchi poyalar yer yuzasida qo‘shimcha ildizlar chiqarib o‘sadi. Qulupnay, g‘ozpanja kabi o‘simliklarning poyasi o‘rmalovchi poya hisoblanadi (23-rasm).
Poyalarning yo‘g‘onligi ham har xil. Bular orasida ipsimon (pechaklar)dan to aylanasining uzunligi 4–6 m (yong‘oq) va 8–10 m (chinor)gacha yetadigan salobatli xillari ham bor.
Poyalarning xilma-xil ko‘rinishlari ma’lum bir maydonda ko‘p sondagi o‘simlik turlariga o‘sish imkonini beradi.
Bilimingizni sinang
Qaysi javobda faqat yog‘och poyali o‘simliklar keltirilgan?
- Arpa va ituzum
- Qayrag‘och va ituzum
- Terak va arpa
- Terak va qayrag‘och
To‘g‘ri javob: Terak va qayrag‘och. Terak va qayrag‘och yog‘och poyali, arpa va ituzum esa o‘t poyalidir.
Kaliforniyadagi sekvoyadendronlarning balandligi qancha bo‘ladi?
- 150–155 m
- 20–25 m
- 110–140 m
- 400 m
To‘g‘ri javob: 110–140 m. Sekvoyadendronlar 110–140 m, evkaliptlar 150–155 m, mirzaterak 20–25 m ga yetadi.
Poyalarni o‘sish shakliga ko‘ra misollarga moslang: 1) o‘raluvchi poya; 2) o‘rmalovchi poya; 3) ko‘tarilib o‘suvchi poya. a) sebarga; b) qo‘ypechak; c) qulupnay.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Qo‘ypechak – o‘raluvchi, qulupnay – o‘rmalovchi, sebarga – ko‘tarilib o‘suvchi poyali.
Yog‘och poyali o‘simliklarda nima sababdan ko‘p yillik yerustki poya vujudga keladi?
- Poyasi ildizdan tashqarida o‘rmalab o‘sadi
- Har yili yangi kurtaklar hosil bo‘ladi
- Poyasi faqat bir mavsum yashaydi
- Har yili poyasi butunlay qurib, yangidan o‘sadi
To‘g‘ri javob: Har yili yangi kurtaklar hosil bo‘ladi. Yog‘och poyalilarda har yili yangi kurtaklar hosil bo‘lib, ko‘p yillik yerustki poya shakllanadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Rotang palmasi poyasining uzunligi 400 m ga yetishi mumkin; II. Palma shoxlagan poyali o‘simlik; III. Tok, qovoq va no‘xat gajaklari yordamida ilashib o‘sadi.
- I va III
- I va II
- II va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va III. Palma shoxlamagan poyali o‘simlik, shuning uchun II noto‘g‘ri.
Poyalarning xilma-xil ko‘rinishlari qanday ahamiyatga ega?
- Faqat o‘simlik bo‘yining past bo‘lishini ta’minlaydi
- Ildiz tizimining rivojlanishini cheklaydi
- Bir turning ko‘payishini to‘xtatadi
- Ma’lum maydonda ko‘p sondagi o‘simlik turlariga o‘sish imkonini beradi
To‘g‘ri javob: Ma’lum maydonda ko‘p sondagi o‘simlik turlariga o‘sish imkonini beradi. Poyalar xilma-xilligi tufayli bir maydonda ko‘p turdagi o‘simliklar o‘sa oladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash