Kurtak
Mavzular
Kurtak va uning xillari
Kurtak – bu boshlang‘ich poya. Kurtaklar ikki xil bo‘ladi: generativ kurtak va vegetativ kurtak. Vegetativ kurtak o‘simliklarning boshlang‘ich bargli novdasidir. Generativ kurtak esa boshlang‘ich to‘pgul yoki guldir. Har qanday novda kurtakdan hosil bo‘ladi.
Kurtaklarning joylashishi
Terak, chinor, soxta kashtan, nastarin kabilarning kurtagi yirik; tut, tol, qayrag‘och, o‘rik, olma va boshqalarning kurtagi nisbatan mayda bo‘ladi. Ana shunday kurtaklarga qarab o‘simliklar turini aniqlash mumkin.
Kurtaklar novdada ketma-ket, qarama-qarshi, halqa hosil qilib joylashadi. Novdaning uchida joylashgan kurtaklar uchki kurtak, barg qo‘ltig‘ida joylashganlari yon kurtak deb ataladi. Shuningdek, qo‘shimcha kurtaklar (ildizda, bargda) ham bo‘ladi.
Terak kurtagining tuzilishi
Terakning kurtaklari novdada ketma-ket joylashadi, eng uchidagi kurtak yirik, pastdagilari maydaroq bo‘ladi. Terakning kurtaklari tashqi tomondan pishiq qobiq (tangacha barg) bilan o‘ralgan. Bu qobiq ularni, ayniqsa, qishning qattiq sovug‘idan, kasallik tug‘diruvchi bakteriya, zamburug‘lardan saqlaydi.
Kurtaklar uzunasiga kesib qaralsa, qobig‘i ostida joylashgan boshlang‘ich poyani va zich bo‘lib joylashgan boshlang‘ich barglarni ko‘rish mumkin (24-rasm).

Kurtakning uyg‘onishi
Kurtaklar qishki tinim davridan o‘tgach o‘sa boshlaydi. Tajribadan shu narsa ma’lumki, kech kuzda barglar to‘kilgandan keyin daraxt va butalarning shoxlaridan kesib olib suvga solib qo‘yilsa, kurtaklar ko‘p vaqtgacha bo‘rtmay turaveradi. Agar shoxchalar yanvarning ikkinchi yarmi va fevralda suvga solib qo‘yilsa, kurtaklari tez o‘sa boshlaydi.
Kurtaklarning bo‘rtib, yangi barg yoki gul chiqarishi ma’lum bir vaqt ichida o‘tadi. Bu davr faza deyiladi.
Erta bahorda o‘rik, shaftoli, bodom kabi o‘simliklarda dastlab generativ so‘ngra vegetativ kurtaklari yoziladi.
Bilimingizni sinang
Novdada barg qo‘ltig‘ida joylashgan kurtaklar qanday ataladi?
- Qo‘shimcha kurtak
- Tangacha kurtak
- Uchki kurtak
- Yon kurtak
To‘g‘ri javob: Yon kurtak. Barg qo‘ltig‘idagi kurtaklar yon kurtak, novda uchidagilar uchki kurtak deyiladi.
Terak kurtagini o‘rab turgan pishiq qobiq (tangacha barg) qanday vazifani bajaradi?
- Fotosintez uchun yorug‘lik yutadi
- Kurtakka suv va mineral tuzlarni o‘tkazadi
- Qishki sovuqdan, bakteriya va zamburug‘lardan saqlaydi
- Boshlang‘ich barglarni oziq moddalar bilan ta’minlaydi
To‘g‘ri javob: Qishki sovuqdan, bakteriya va zamburug‘lardan saqlaydi. Tangacha barglar kurtakni qishki sovuqdan va kasallik tug‘diruvchi mikroorganizmlardan himoya qiladi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Terak kurtaklari novdada ketma-ket joylashadi, eng uchidagisi yirik; II. Tut, tol, olma kurtaklari yirik bo‘ladi; III. Qo‘shimcha kurtaklar ildizda va bargda ham bo‘ladi.
- I va II
- II va III
- I va III
- Faqat I
To‘g‘ri javob: I va III. Tut, tol, olma kurtaklari nisbatan mayda, shuning uchun II noto‘g‘ri.
Daraxt shoxchalarini qaysi davrda kesib suvga solib qo‘ysa, kurtaklari tez o‘sa boshlaydi?
- Kech kuzda, barglar to‘kilgandan keyin
- Noyabr oxirida
- Dekabr boshida
- Yanvarning ikkinchi yarmi va fevralda
To‘g‘ri javob: Yanvarning ikkinchi yarmi va fevralda. Kech kuzda solingan shoxchalar kurtagi bo‘rtmaydi; yanvar oxiri–fevralda esa tez o‘sadi.
Erta bahorda o‘rik, shaftoli, bodomda kurtaklar qanday tartibda yoziladi?
- Dastlab generativ, so‘ngra vegetativ
- Faqat yon kurtaklar yoziladi
- Dastlab vegetativ, so‘ngra generativ
- Ikkala turi bir vaqtda
To‘g‘ri javob: Dastlab generativ, so‘ngra vegetativ. Bu o‘simliklarda avval generativ, keyin vegetativ kurtaklar yoziladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash