Novda tizimining shakllanishi
Mavzular
Oʻsish konusi
Toʻqima mavzusini oʻrganganingizda oʻsimliklarning oʻsish nuqtasida joylashgan hosil qiluvchi toʻqima hujayralari doim boʻlinib oʻsimlikning oʻsishini ta’minlashini bilib olgansiz.
Novda uning uchida joylashgan uchki kurtakdagi oʻsish konusi hujayralarning boʻlinishi hisobiga oʻsadi va uzayadi. Agar poya uchidagi kurtakning boshlangʻich barglari yulib tashlansa, oʻsish konusini koʻrish mumkin.
Oʻsish konusining yupqa kesimi mikroskopda qaralsa, u yupqa qobiqli hujayralardan tashkil topganini koʻrish mumkin.
Poyaning boʻyiga oʻsishi
Oʻsish konusining hujayralari doim boʻlinib turadi. Natijada hujayralar soni asta-sekin koʻpaya boradi va poyaning uchki qismi boʻyiga oʻsadi. Oʻsimliklar murtagining boshlangʻich poyasidan asosiy poya oʻsib chiqadi va undan yon novdalar hosil boʻladi. Yon novdalarning uchki qismida ham oʻsish konusiga ega uchki kurtak boʻladi. Ular hujayralarining boʻlinishi hisobiga yon novdalar ham boʻyiga oʻsadi (25-rasm).
Poyaning oʻsuvchi qismidagi hujayralar oziq moddalarga qancha boy boʻlsa, ular shuncha tez boʻlinadi va tez oʻsadi. Shuning uchun ham bahorda quyosh nuri ta’sirida havo isishi bilan oʻsimliklar tez oʻsa boshlaydi.
Poya uchini chilpish
Poyaning oʻsishi uning uchki oʻsish nuqtasiga bogʻliq. Agar poyaning uchi kesib (chilpib) tashlansa, u oʻsishdan toʻxtaydi, ya’ni oʻsimlik boʻyiga oʻsmaydi. Bu hol yosh yon novdalarning koʻplab oʻsib chiqishiga sharoit yaratadi. Natijada poya juda shoxlab ketadi. Poyaning bu xossasidan oʻsimlikshunoslikda, ayniqsa, bogʻdorchilikda oʻsimliklarga maqsadga muvofiq shakl berishda va ulardan moʻl hosil olishda foydalaniladi (26-rasm).

Oʻsish tezligi
Oʻsimliklar turiga va oʻsish sharoitiga qarab har xil tezlikda oʻsadi. Masalan, togʻlarda keng tarqalgan archa sekin oʻsadi. Besh yoshli archaning boʻyi 10–15 sm ga yetadi. Aksincha, tok kabi ilashib oʻsuvchi oʻsimliklar bir yozning oʻzida 10 m gacha oʻsadi.
Oʻzbekistonda tez oʻsadigan daraxtlarga tol, terak, chinor, yongʻoq, gilos kabi oʻsimliklar kiradi. Sekin oʻsadigan daraxtlarga nok, doʻlana, qatrongʻi, pista va boshqalar kiradi.
Poyaning eniga oʻsishi
Poyaning eniga oʻsishi. Oʻsimliklar poyasi hayoti davomida boʻyiga oʻsgani singari, eniga ham oʻsadi, yoʻgʻonlashadi. Bahor kelib, oʻsimliklarda shira harakati boshlanishi bilan oziq moddalar barcha organlar qatori kambiyga ham yetib boradi. Oziq moddalar va suv bilan ta’minlangan kambiy hujayralari boʻlina boshlaydi.
Har bir hujayra uzunasiga ikkiga boʻlinadi. Yosh hujayralar oʻsib yetilgach, ularning har biri yana ikkiga boʻlinadi. Boʻlinishi shu tariqa davom etaveradi. Boʻlingan hujayralarning koʻp qismi kambiydan ichki tomonga qarab oʻsib, yogʻochlik hujayralariga aylanadi. Qolgan qismi esa kambiydan tashqariga qarab oʻsadi va lub hujayralariga aylanadi. Shuning uchun yogʻochlik lubga qaraganda yoʻgʻon boʻladi.
Yillik halqalar
Bahorda kambiyga suv va oziq moddalar koʻp borganidan uning boʻlingan hujayralari yirik boʻladi. Yoz kelib, kunlar isishi bilan kambiyga boradigan oziq moddalar va suv kamaya boradi, natijada boʻlinadigan hujayralar maydalashadi. Kuzga borib, kambiy hujayralari boʻlinishdan toʻxtaydi, kelgusi yil bahorda yana boʻlina boshlaydi.
Shunday qilib, har yili bahordan kuzgacha yangi yogʻochlik qavat halqasi hosil boʻladi va u oldingi yillari hosil boʻlgan yogʻochlikni tashqi tomondan oʻrab oladi (27-rasm).

Bilimingizni sinang
Novdaning boʻyiga oʻsishi qaysi tuzilma hujayralarining boʻlinishi hisobiga sodir boʻladi?
- Poʻst parenximasi
- Yon kurtak qoʻltigʻidagi kambiy
- Uchki kurtakdagi oʻsish konusi
- Oʻzak
To‘g‘ri javob: Uchki kurtakdagi oʻsish konusi. Novda uchki kurtakdagi oʻsish konusi hujayralarining boʻlinishi hisobiga oʻsadi va uzayadi.
Oʻsimlik murtagining boshlangʻich poyasidan nima oʻsib chiqadi va undan nima hosil boʻladi?
- Yon novda; undan asosiy poya
- Asosiy poya; undan qoʻshimcha ildizlar
- Asosiy poya; undan yon novdalar
- Asosiy ildiz; undan yon ildizlar
To‘g‘ri javob: Asosiy poya; undan yon novdalar. Murtakning boshlangʻich poyasidan asosiy poya oʻsib chiqadi, undan yon novdalar hosil boʻladi.
Nima uchun bahorda havo isishi bilan oʻsimliklar tez oʻsa boshlaydi?
- Oʻsuvchi qism hujayralari oziq moddalarga boy boʻlib, tez boʻlina boshlaydi
- Oʻsish konusi hujayralari qalin qobiq hosil qiladi
- Barcha hujayralar oʻlik holatga oʻtadi
- Kambiy hujayralari boʻlinishdan toʻxtaydi
To‘g‘ri javob: Oʻsuvchi qism hujayralari oziq moddalarga boy boʻlib, tez boʻlina boshlaydi. Oʻsuvchi qism hujayralari oziq moddalarga qancha boy boʻlsa, shuncha tez boʻlinadi va oʻsadi.
Poya uchi chilpib tashlansa, oʻsimlikda nima sodir boʻladi?
- Poya faqat eniga oʻsishdan toʻxtaydi
- Poya yanada tez boʻyiga oʻsadi
- Boʻyiga oʻsish toʻxtab, koʻplab yosh yon novdalar chiqadi
- Yon novdalar hosil boʻlishi butunlay toʻxtaydi
To‘g‘ri javob: Boʻyiga oʻsish toʻxtab, koʻplab yosh yon novdalar chiqadi. Poya uchi chilpilsa boʻyiga oʻsishi toʻxtab, yon novdalar koʻp chiqadi va poya shoxlab ketadi.
Qaysi javobda faqat Oʻzbekistonda tez oʻsadigan daraxtlar keltirilgan?
- Terak, qatrongʻi, gilos
- Tol, nok, chinor
- Nok, doʻlana, pista
- Tol, terak, chinor
To‘g‘ri javob: Tol, terak, chinor. Tol, terak, chinor tez oʻsadi; nok, doʻlana, qatrongʻi, pista esa sekin oʻsadi.
Nima uchun yogʻochlik lubga qaraganda yoʻgʻon boʻladi?
- Boʻlingan hujayralarning koʻp qismi ichki tomonga oʻsib, yogʻochlikka aylanadi
- Lub hujayralari yogʻochlikdan koʻra tez boʻlinadi
- Kambiy hujayralarining koʻp qismi tashqariga oʻsib, lubga aylanadi
- Kambiy hujayralari faqat lub hosil qiladi
To‘g‘ri javob: Boʻlingan hujayralarning koʻp qismi ichki tomonga oʻsib, yogʻochlikka aylanadi. Kambiy boʻlingan hujayralarining koʻp qismi ichkariga oʻsib yogʻochlikka aylanadi, shuning uchun u yoʻgʻon.
Kambiy hujayralari bahorda qachon va nima ta’sirida boʻlina boshlaydi?
- Qishda oziq moddalar toʻplanganda
- Kuzda barglar toʻkilganda
- Shira harakati boshlanib, ularga oziq moddalar va suv yetib borganda
- Yoz oʻrtasida suv kamayganda
To‘g‘ri javob: Shira harakati boshlanib, ularga oziq moddalar va suv yetib borganda. Bahorda shira harakati boshlanib, kambiyga oziq moddalar va suv yetgach, uning hujayralari boʻlinadi.
Kambiy faoliyatini yil davomida joylashtiring: 1) boʻlinishdan toʻxtaydi; 2) yirik hujayralar hosil qiladi; 3) maydaroq hujayralar hosil qiladi; 4) kelgusi bahorda yana boʻlina boshlaydi.
- 2-1-3-4
- 3-2-1-4
- 2-3-1-4
- 2-3-4-1
To‘g‘ri javob: 2-3-1-4. Bahorda yirik, yozda maydaroq hujayralar hosil boʻladi, kuzda boʻlinish toʻxtaydi, kelgusi bahorda davom etadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash