Oddiy va murakkab barglar
Mavzular
Oddiy va murakkab barg
Oʻsimliklarning barglari tuzilishiga koʻra oddiy va murakkab boʻladi. Barg bandida bitta barg yaprogʻi joylashsa, bunday barg oddiy barg deyiladi. Bularga olma, nok, oʻrik, shaftoli, tut, tok, terak, yantoq, gʻoʻza, rovoch kabilarning bargi kiradi (31-rasm).

Bitta barg bandida bir nechta bargchalar bandchalari orqali joylashgan boʻlsa, bunday barglar murakkab barg deyiladi (32-rasm). Murakkab bargli oʻsimliklarga soxta kashtan, yongʻoq, naʼmatak, shirinmiya, beda, qulupnay, loviya, noʻxat, yeryongʻoq kabilar kiradi.

Yaproq shakli va qirrasi
Barglar yaprogʻining shakliga qarab yumaloq, panjasimon, tuxumsimon, ovalsimon, yuraksimon, nashtarsimon, qalami, rombsimon, uchburchaksimon va boshqa shakllarda boʻladi (33-rasm). Barglar yaprogʻining qirrasi (cheti) tekis, tishli, ikki karra tishli, arrasimon va oʻyilgan boʻlishi mumkin. Barglar oʻsimliklarning turiga qarab tukli va tuksiz boʻladi.

Oddiy va murakkab barg turlari
Oddiy barglar yaprogʻining tuzilishiga koʻra patsimon, panjasimon va uch boʻlakli qirqilgan boʻladi (34-rasm). Murakkab barglar uch bargchali, panjasimon, toq patsimon va juft patsimon barglarga boʻlinadi.

Uch bargchali murakkab barg – sebarga, beda, loviya, mosh, qulupnay kabi oʻsimliklarda, panjasimon murakkab barg esa soxta kashtanda boʻladi.
Juft va toq patsimon barglar
Bargchalar umumiy barg bandining oxirigacha qarama-qarshi joylashgan boʻlsa, bunday barglar juft patsimon barg deyiladi (yeryongʻoqda). Agar umumiy barg bandining uchi bitta barg bilan tugasa, bunday barglar toq patsimon barg deyiladi (shirinmiyada). Baʼzan toq bargchalar oʻrnida gajaklar hosil boʻladi (noʻxat va burchoqda).
Saksovul, qandim kabi ayrim oʻsimliklarning bargi juda maydalashib, qipiq shakliga kelib qolgan boʻladi. Uning bandi ham boʻlmay, uzunligi 2 mm dan oshmaydi.
Xulosa qilib aytganda, barglar oddiy va murakkab, shakli jihatidan esa turlicha boʻladi.
Bilimingizni sinang
Barg bandida bitta barg yaprogʻi joylashgan oʻsimliklarning qaysi guruhi oddiy bargli hisoblanadi?
- Yongʻoq, beda, loviya, noʻxat
- Olma, tut, terak, gʻoʻza
- Yeryongʻoq, sebarga, mosh, yongʻoq
- Soxta kashtan, shirinmiya, naʼmatak, qulupnay
To‘g‘ri javob: Olma, tut, terak, gʻoʻza. Bandida bitta yaproq boʻlgan barg oddiy barg; olma, tut, terak, gʻoʻza shular qatoriga kiradi, qolgan guruhlar murakkab bargli.
Oʻsimlikni uning barg turi bilan moslang: 1) yeryongʻoq; 2) shirinmiya; 3) soxta kashtan. a) toq patsimon murakkab; b) juft patsimon murakkab; c) panjasimon murakkab
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Yeryongʻoq juft patsimon, shirinmiya toq patsimon, soxta kashtan panjasimon murakkab bargli.
Murakkab bargli qaysi oʻsimliklarda toq bargchalar oʻrnida gajaklar hosil boʻladi?
- Noʻxat va burchoqda
- Sebarga va qulupnayda
- Yeryongʻoq va shirinmiyada
- Soxta kashtan va loviyada
To‘g‘ri javob: Noʻxat va burchoqda. Noʻxat va burchoqda toq bargchalar oʻrnida gajaklar rivojlanadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari toʻgʻri? I. Saksovul bargi qipiq shaklida, bandi boʻlmaydi, uzunligi 2 mm dan oshmaydi; II. Oddiy barglar tuzilishiga koʻra patsimon, panjasimon va uch boʻlakli qirqilgan boʻladi; III. Uch bargchali murakkab barg soxta kashtanda uchraydi.
- I va III
- II va III
- I va II
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. I va II matnga mos; soxta kashtanda uch bargchali emas, panjasimon murakkab barg boʻladi.
Oddiy va murakkab barglar tuzilishiga koʻra qanday farqlanadi?
- Oddiyda yaproq tukli, murakkabda yaproq doim tuksiz
- Oddiyda bandda bir nechta bargcha, murakkabda bandda bitta yaproq
- Oddiyda bandda bitta yaproq, murakkabda bir nechta bargcha
- Oddiyda yaproq qirrasi tekis, murakkabda har doim tishli
To‘g‘ri javob: Oddiyda bandda bitta yaproq, murakkabda bir nechta bargcha. Oddiy bargning bandida bitta yaproq, murakkab bargda esa bandchalar orqali bir nechta bargcha joylashadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash