Barglarning ichki tuzilishi
Mavzular
Barg poʻsti
Barglar ham, oʻsimliklarning boshqa organlari kabi hujayralardan tuzilgan. Birorta oʻsimlikning yangi bargidan koʻndalangiga yupqa kesib olib, buyum oynasidagi bir tomchi suvga joylanadi, soʻngra ustidan qoplagich oyna yopib, mikroskopda koʻriladi (36-rasm).

Barg yaprogʻining ustki va ostki tomoni poʻst bilan qoplangan. Uning hujayralari bir-biriga zich yondashgan. Barg poʻstining deyarli hamma hujayralari shaffof boʻlib, ular orqali yorugʻlik barg ichiga oʻtadi. Poʻst bargning ichki qatlamlarini shikastlanishdan va qurib qolishdan saqlaydi.
Barg ogʻizchalari
Barg poʻstida yana loviyasimon juft hujayralar boʻlib, ularda sitoplazma va yadrodan tashqari, yashil tusdagi plastidalar ham boʻladi. Ular barg ogʻizchalari hujayralari deyiladi. Ogʻizchalar barglarning faqat ostki tomonida emas, balki ustki tomonida ham boʻladi.
Barg eti hujayralari
Barglarning ustki va ostki tomonidagi poʻsti oraligʻida barg eti hujayralari joylashgan. Ular qobiq hamda sitoplazma, yadro, xlorofill donachalaridan tashkil topgan. Barg eti hujayralari bir necha qavat boʻlib joylashgan. Ustki poʻst tagidagi qavat ustunchalarga oʻxshash choʻziq hujayralardan tashkil topgan. Uning ostida ovalsimon va yumaloq shakldagi hujayralar joylashgan.
Barg tomirlari
Bargning koʻndalang kesmasida tomirlarni koʻrish mumkin. Ular ichida qalin devorli oʻlik hujayralardan tashkil topgan oʻtkazuvchi naylar joylashgan. Shuningdek, tomirlarda naychalardan tashqari, choʻziq, bir-biri bilan zanjir shaklida ulangan tirik hujayralar ham bor. Bu hujayralar toʻrga oʻxshab, bir-biri bilan koʻp sonli teshikchalar orqali tutashgan elaksimon naychalarni hosil qiladi. Bulardan tashqari, tomirlarda yana poʻsti qalin, pishiq, juda uzun hujayra (tola)lar ham boʻladi. Bular bargga mustahkamlik beradi.
Bargdagi tomirlarda suv va unda erigan oziq moddalar harakatlanadi. Oʻtkazuvchi naylar, elaksimon naylar va tolalar birgalikda barg tomirining nay tolali boylamlarini hosil qiladi. Tomirlar barg etining hamma qismiga kirib boradi.
Bilimingizni sinang
Quyidagi hukmlardan qaysilari toʻgʻri? I. Ogʻizchalar barglarning ostki tomonida ham, ustki tomonida ham boʻladi; II. Barg poʻstining deyarli hamma hujayralari shaffof boʻlib, yorugʻlikni barg ichiga oʻtkazadi; III. Barg eti hujayralarida xlorofill donachalari boʻlmaydi.
- I va III
- Faqat II
- I va II
- II va III
To‘g‘ri javob: I va II. I va II matnga mos; barg eti hujayralarida xlorofill donachalari bor.
Barg eti qavatlarini bargning ustki tomonidan ostki tomoniga qarab ketma-ketlikda joylashtiring: 1) ostki poʻst; 2) ovalsimon va yumaloq hujayralar qavati; 3) ustki poʻst; 4) ustunchasimon choʻziq hujayralar qavati
- 1-2-4-3
- 3-2-4-1
- 3-4-2-1
- 4-3-2-1
To‘g‘ri javob: 3-4-2-1. Ustki poʻst tagida ustunchasimon hujayralar, ularning ostida ovalsimon va yumaloq hujayralar, eng pastda ostki poʻst joylashadi.
Barg tomiri elementlarini ularning belgisi bilan moslang: 1) oʻtkazuvchi naylar; 2) elaksimon naylar; 3) tolalar. a) tirik, zanjir shaklida ulangan hujayralar; b) qalin devorli oʻlik hujayralar; c) poʻsti qalin, juda uzun hujayralar
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Oʻtkazuvchi naylar oʻlik, elaksimon naylar tirik hujayralardan, tolalar esa poʻsti qalin uzun hujayralardan iborat.
Barg tomirining nay tolali boylamlarini qaysi elementlar birgalikda hosil qiladi?
- Oʻtkazuvchi naylar, barg eti hujayralari va poʻst
- Ogʻizcha hujayralari, elaksimon naylar va tolalar
- Oʻtkazuvchi naylar, elaksimon naylar va tolalar
- Elaksimon naylar, ustunchasimon hujayralar va tolalar
To‘g‘ri javob: Oʻtkazuvchi naylar, elaksimon naylar va tolalar. Nay tolali boylam oʻtkazuvchi naylar, elaksimon naylar va tolalardan tashkil topadi.
Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- barg eti
- oʻtkazuvchi nay tola boylamlari
- ustki va ostki poʻsti (epiderma)
- tukcha
To‘g‘ri javob: ustki va ostki poʻsti (epiderma). 36-rasm. Barglarning ichki tuzilishi: 1 – ustki va ostki poʻsti (epiderma); 2 – barg eti; 3 – oʻtkazuvchi nay tola boylamlari; 4 – ogʻizcha; 5 – tukcha.
Rasmda «barg eti» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 5
- 1
- 4
- 2
To‘g‘ri javob: 2. 36-rasm. Barglarning ichki tuzilishi: 1 – ustki va ostki poʻsti (epiderma); 2 – barg eti; 3 – oʻtkazuvchi nay tola boylamlari; 4 – ogʻizcha; 5 – tukcha.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash