XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 19-§.

Shakli oʻzgargan novdalar

Mavzular

Yerosti novdalarning ahamiyati

Shakli oʻzgargan novdalar yerosti va yerusti shakli oʻzgargan novdalarga boʻlinadi. Shakli oʻzgargan yerosti novdalariga esa piyozbosh, tugunak, ildizpoya kiradi (37-rasm).

Shakli oʻzgargan yerosti novdalar muhim biologik ahamiyatga ega. Ular oʻsimliklarni noqulay tashqi muhitdan saqlaydi, oʻzida koʻp miqdorda oziq moddalar toʻplaydi va ularning vegetativ yoʻl bilan koʻpayishi uchun xizmat qiladi.

Oʻsimliklar bargida boradigan murakkab biologik jarayonlar natijasida organik (oziq) moddalar hosil boʻladi va ular turli organlarda toʻplanadi. Bu moddalar oʻsimliklarning oʻsishi va rivojlanishi uchun sarflanadi.

Piyozbosh

Tuproq orasida piyoz hosil qiladigan oʻsimliklar piyozboshli oʻsimlik deyiladi.

Bosh piyozning piyozini hammamiz yaxshi bilamiz. U kurtak singari, tashqi tomondan quruq qobiq bilan oʻralgan. Bu qobiq uni yozda issiqdan va qishda sovuqdan saqlaydi. Agar u uzunasiga kesib qaralsa, tubida qisqargan kalta poyacha borligini koʻrish mumkin. Piyozning tubidagi kalta poyacha asosidan pastga qarab mayda qoʻshimcha ildizlar hosil boʻladi. Yuqorida esa sersuv qobiqlar (shakli oʻzgargan barglar), kurtaklarni koʻrish mumkin.

37-rasm. Shakli oʻzgargan yerosti novdalari: 2 – piyozbosh (quruq qobiqlar, sersuv qobiqlar, tubi – kalta poyasi, qoʻshimcha ildizlar).
37-rasm. Shakli oʻzgargan yerosti novdalari: 2 – piyozbosh (quruq qobiqlar, sersuv qobiqlar, tubi – kalta poyasi, qoʻshimcha ildizlar).

Piyozning ana shu sersuv barglari shakli oʻzgargan barglar boʻlib, ularning hujayralarida oziq moddalar toʻplanadi. Vaqt oʻtishi bilan kurtakdan barglar, gulpoya oʻsib chiqadi. Gulpoya uchida toʻpgul hosil boʻladi. Demak, piyozbosh shakli oʻzgargan yerosti novdadir.

Tugunak va kartoshka

Tugunak va ildizpoyalar ham oʻsimliklarning shakli oʻzgargan yerosti novdasidir. Tugunakli oʻsimliklarga hammamizga tanish boʻlgan kartoshka, topinambur kabilar kiradi. Ulardan eng koʻp tarqalgani kartoshka bilan tanishamiz.

Kartoshkaning tugunaklari uning yerosti poyasidan hosil boʻladi. U, asosan, yumaloq shaklda boʻlib, oʻzida koʻp miqdorda oziq moddalar (ayniqsa, kraxmal) saqlaydi, ichki tuzilishi jihatidan novdaga oʻxshaydi. Tugunaklaridagi chuqurchalarda – koʻzchalarida kurtaklar joylashganligi bilan boshqa yer osti novdalardan farq qiladi.

37-rasm. Shakli oʻzgargan yerosti novdalari: 3 – tugunak (asosi, uchki kurtak, yon kurtak).
37-rasm. Shakli oʻzgargan yerosti novdalari: 3 – tugunak (asosi, uchki kurtak, yon kurtak).

Tugunaklar issiq, sernam sharoitda tez koʻkara boshlaydi. Tugunakdagi kurtaklardan yangi novda oʻsib chiqadi. Kurtaklarning koʻp qismi tugunakning uchiga yaqinroq joylashadi. Shuning uchun kartoshka, odatda, uchki kurtaklardan oʻsa boshlaydi. Agar kartoshka tugunagi kesib koʻrilsa, uning ichki tuzilishi poyanikidan farq qilmasligini koʻrish mumkin.

Tugunakda kraxmal

Kartoshka tugunagida kraxmal borligini aniqlash uchun kesilgan tugunakka bir tomchi kuchsiz yod eritmasi tomizilsa, u asta-sekin koʻkaradi. Kraxmal boshqa oʻsimlikdagi singari barglarda hosil boʻlib, oʻsha yerda shakarga aylanadi va poʻstloqning elaksimon naychalari orqali tugunakka keladi. Bu yerda u qaytadan kraxmalga aylanadi va toʻplanadi.

Ildizpoya

Ildizpoya. Ildizpoyalarda qoʻshimcha ildiz, shakli oʻzgargan barg va qoʻshimcha kurtaklar boʻladi. Bu kurtaklardan qulay sharoitda yangi yerusti poya oʻsib chiqadi (37-rasm).

37-rasm. Shakli oʻzgargan yerosti novdalari: 1 – ildizpoya (boʻgʻim, uchki kurtak, qoʻshimcha ildizlar).
37-rasm. Shakli oʻzgargan yerosti novdalari: 1 – ildizpoya (boʻgʻim, uchki kurtak, qoʻshimcha ildizlar).

Ildizpoyali oʻsimliklarga esa gʻumay, qamish, ajriq, yalpiz, gulsafsar va shirinmiyaga oʻxshash turlar kiradi. Ildizpoyali oʻsimliklardan gʻumay bilan tanishamiz. U koʻp yillik yoʻgʻon ildizpoyali oʻt. Gʻumay sugʻoriladigan ekinlarga katta zarar keltiradigan oʻsimliklardan hisoblanadi.

Ildizpoya oʻsimlikning vegetativ koʻpayishi uchun xizmat qiladi. Ildizpoyalarda ham koʻp miqdorda oziq moddalar toʻplanadi. Shuni ham aytish kerakki, ildizpoyada novdaga xos qoʻshimcha ildizlar, shakli oʻzgargan barg va kurtaklar boʻladi. Demak, tugunak va ildizpoya yerosti novdalari shaklining oʻzgarishidan hosil boʻladi.

Yerusti novdalar

Oʻsimliklarda shakli oʻzgargan yerusti novdalari ham mavjud. Shakli oʻzgargan yerusti novdalariga jingalak, gajak va tikan misol boʻladi (38-rasm).

38-rasm. Shakli oʻzgargan yerusti novdalari: 2 – bodring gajaklari.
38-rasm. Shakli oʻzgargan yerusti novdalari: 2 – bodring gajaklari.
38-rasm. Shakli oʻzgargan yerusti novdalari: 3 – doʻlana tikanlari.
38-rasm. Shakli oʻzgargan yerusti novdalari: 3 – doʻlana tikanlari.

Bargning metamorfozi

Bargning shakl oʻzgarishi – metamorfozi. Koʻpchilik yuksak oʻsimliklarda barg oʻz tashqi koʻrinishini oʻzgartirib boshqa fiziologik funksiyani bajarishga moslashgan. Ba'zi oʻsimliklarning barglari oʻz shaklini oʻzgartirib tikanga aylangan. Masalan, kaktus, zirk kabi oʻsimlik barglari himoya vazifasini bajaradi.

Ilashib oʻsuvchi oʻsimliklarda barglar jingalaklarga aylangan. Jingalagi bor (noʻxat, loviya) oʻsimliklar boshqa oʻsimliklarga ilashib bargga yorugʻlik tushishini va poyani tutib turishni ta'minlaydi (39-rasm).

39-rasm. Shakli oʻzgargan barglar. Gajaklar: 1 – noʻxat. Tikanlar: 2 – akatsiya; 3 – zirk.
39-rasm. Shakli oʻzgargan barglar. Gajaklar: 1 – noʻxat. Tikanlar: 2 – akatsiya; 3 – zirk.

Piyozbosh, karam, aloe barglari etli boʻlib, oʻzida zaxira ozuqa moddalarni saqlaydi.

Bilimingizni sinang

Shakli oʻzgargan yerosti novdalar oʻsimlik hayotida qanday biologik ahamiyatga ega?
  1. Noqulay muhitdan saqlaydi, oziq toʻplaydi, vegetativ koʻpayishga xizmat qiladi
  2. Himoya qiladi, boshqa oʻsimliklarga ilashadi, urugʻ tarqalishiga xizmat qiladi
  3. Suv bugʻlatadi, oziq moddalarni tashiydi, changlanishga xizmat qiladi
  4. Quyosh nurini yutadi, fotosintez qiladi, urugʻli koʻpayishga xizmat qiladi

To‘g‘ri javob: Noqulay muhitdan saqlaydi, oziq toʻplaydi, vegetativ koʻpayishga xizmat qiladi. Yerosti novdalar oʻsimlikni noqulay muhitdan saqlaydi, oziq toʻplaydi va vegetativ koʻpayishda qatnashadi.

Piyozbosh qismlarini ularning xususiyati bilan moslang: 1) tubidagi kalta poyacha; 2) sersuv qobiqlar; 3) tashqi quruq qobiq. a) oziq moddalar toʻplanadigan, shakli oʻzgargan barglar; b) yozda issiqdan, qishda sovuqdan saqlaydi; c) asosidan pastga mayda qoʻshimcha ildizlar hosil qiladi
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-c, 2-a, 3-b
  3. 1-b, 2-c, 3-a
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Kalta poyacha asosidan qoʻshimcha ildizlar chiqadi, sersuv qobiqlar oziq toʻplaydi, quruq qobiq himoya qiladi.

Kartoshka tugunagi boshqa yerosti novdalardan nimasi bilan farq qiladi?
  1. Chuqurchalarida – koʻzchalarida kurtaklar joylashganligi bilan
  2. Tarkibida oziq moddalar toʻplanmasligi bilan
  3. Ichki tuzilishi poyaga umuman oʻxshamasligi bilan
  4. Qoʻshimcha ildizlar va shakli oʻzgargan barglari borligi bilan

To‘g‘ri javob: Chuqurchalarida – koʻzchalarida kurtaklar joylashganligi bilan. Kartoshka tugunagining koʻzchalarida kurtaklar joylashgan; bu uni boshqa yerosti novdalardan ajratadi.

Kartoshka tugunagi nima uchun, odatda, uchki kurtaklardan oʻsa boshlaydi?
  1. Kurtaklarning koʻp qismi tugunak uchiga yaqin joylashgani uchun
  2. Kurtaklar faqat tugunak uchida hosil boʻlgani uchun
  3. Uchki kurtaklarga koʻproq quyosh nuri tushgani uchun
  4. Uchki kurtaklar boshqalaridan kattaroq boʻlgani uchun

To‘g‘ri javob: Kurtaklarning koʻp qismi tugunak uchiga yaqin joylashgani uchun. Kurtaklarning koʻp qismi tugunakning uchiga yaqin boʻlgani sababli oʻsish uchki kurtaklardan boshlanadi.

Kesilgan kartoshka tugunagiga bir tomchi kuchsiz yod eritmasi tomizilsa, nima kuzatiladi?
  1. U asta-sekin qizaradi
  2. U asta-sekin koʻkaradi
  3. U asta-sekin sargʻayadi
  4. Hech qanday oʻzgarish boʻlmaydi

To‘g‘ri javob: U asta-sekin koʻkaradi. Yod kraxmal bilan koʻk rang beradi, shuning uchun tugunak koʻkaradi.

Kraxmalning kartoshka tugunagida toʻplanish yoʻlini ketma-ketlikda joylashtiring: 1) barglarda hosil boʻladi; 2) shakarga aylanadi; 3) elaksimon naychalar orqali tugunakka keladi; 4) tugunakda qaytadan kraxmalga aylanib toʻplanadi
  1. 1-3-2-4
  2. 2-1-3-4
  3. 1-2-3-4
  4. 1-2-4-3

To‘g‘ri javob: 1-2-3-4. Kraxmal bargda hosil boʻlib shakarga aylanadi, elaksimon naychalar bilan tugunakka keladi va u yerda yana kraxmalga aylanadi.

Quyidagi oʻsimliklarning qaysi guruhi ildizpoyali oʻsimliklarga kiradi?
  1. Gʻumay, qamish, ajriq, gulsafsar
  2. Kaktus, zirk, noʻxat, loviya
  3. Piyoz, kartoshka, gʻumay, kaktus
  4. Kartoshka, topinambur, piyoz, karam

To‘g‘ri javob: Gʻumay, qamish, ajriq, gulsafsar. Gʻumay, qamish, ajriq, gulsafsar ildizpoyali oʻsimliklar; kartoshka va topinambur tugunakli.

Quyidagi hukmlardan qaysilari toʻgʻri? I. Ildizpoyada novdaga xos qoʻshimcha ildizlar, shakli oʻzgargan barg va kurtaklar boʻladi; II. Kartoshka tugunaklari uning yerusti poyasidan hosil boʻladi; III. Ildizpoya oʻsimlikning vegetativ koʻpayishi uchun xizmat qiladi.
  1. Faqat II
  2. I va II
  3. II va III
  4. I va III

To‘g‘ri javob: I va III. I va III toʻgʻri; kartoshka tugunagi yerosti poyasidan hosil boʻladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBarglarning ichki tuzilishiKeyingi →Gul – oʻsimliklarning generativ koʻpayish organi