XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 20-§.

Gul – oʻsimliklarning generativ koʻpayish organi

Mavzular

Gul va uning qismlari

Gul yopiq urugʻli oʻsimliklarning jinsiy koʻpayish organi boʻlib, shakli oʻzgargan novdadir. Oʻsimliklar qaysi sistematik birlikka mansubligiga qarab gullari xilma-xil boʻladi. Gul oʻsimliklar hayotida katta ahamiyatga ega. Undan meva (urugʻ) hosil boʻladi.

Gul — gul bandi, gul oʻrni, gulqoʻrgʻon (gulkosa, gultoj), changchi va urugʻchidan tashkil topgan (40-rasm).

40-rasm. Gulning tuzilishi: gultojbarg, tumshuqcha, ustuncha, changdon, changchi ipi, changchi, tuguncha, guloʻrni, gulkosachabarg, gulband, urugʻchi.
40-rasm. Gulning tuzilishi: gultojbarg, tumshuqcha, ustuncha, changdon, changchi ipi, changchi, tuguncha, guloʻrni, gulkosachabarg, gulband, urugʻchi.

Oʻsimliklarning guli novdaga bandi bilan birikib turadi va unga gulband deyiladi. Gulbandning yuqori qismida biroz kengaygan joy — guloʻrni bor, unda gulning hamma qismlari joylashadi. Gulband shakli va oʻlchami bilan bir-biridan farq qiladi. Tabiatda gulbandi rivojlanmaydigan oʻtroq gullar ham uchraydi.

Gulkosacha va gultoj

Gulkosacha — gulni tashqi tomondan oʻrab turadigan qavat. U gulkosachabarglardan tashkil topgan. Gulkosacha, koʻpincha, yashil rangda boʻladi.

Gultoj — guldagi gulkosachadan ichkarida joylashgan gulqoʻrgʻon qavati. U gultojbarglar yigʻindisidan iborat. Gultoj turli rangda boʻladi.

Changchi

Changchi — gulqoʻrgʻon ichida joylashgan muhim qismi. U ikki qismdan: changdon va changchi ipidan tashkil topgan (41-rasm).

41-rasm. Changchi: changdon, chang, changchi ipi.
41-rasm. Changchi: changdon, chang, changchi ipi.

Changchi iplari changdonni ushlab turadi va guloʻrni bilan bogʻlaydi. Oʻsimlikning turiga qarab changchilar bittadan bir nechtagacha boʻlishi mumkin. Changchi iplari alohida-alohida, qoʻshilib yoki tutam hosil qilib guloʻrniga joylashadi. Ayrim gullarda changchi iplari boʻlmaydi.

Urugʻchi

Urugʻchi — gulning oʻrtasi (markazi)da joylashgan eng muhim qismi. U tuguncha, ustuncha va tumshuqchadan iborat (42-rasm).

42-rasm. Urugʻchi: tumshuqcha, ustuncha, tuguncha, urugʻkurtak, murtak xalta.
42-rasm. Urugʻchi: tumshuqcha, ustuncha, tuguncha, urugʻkurtak, murtak xalta.

Tuguncha — urugʻchining kengaygan pastki qismi. Uning ichida urugʻkurtak joylashgan. Tugunchadan meva hosil boʻladi. Tugunchalar gulning boshqa a'zolariga nisbatan joylanishiga qarab ostki va ustki boʻladi. Tuzilishiga koʻra, tuguncha bir va koʻp uyali boʻladi.

Ustuncha — urugʻchining oʻrta qismi. U tuguncha bilan tumshuqchani birlashtirib turadi. Uning ichi gʻovak boʻladi.

Tumshuqcha — urugʻchi (ustuncha)ning eng yuqori qismi — uchi. U changlarni ushlash uchun xizmat qiladi.

Gulqoʻrgʻon turlari

Gulqoʻrgʻon — gul ochilguncha changchi va urugʻchilarni oʻrab, tashqi ta'sirdan saqlab turadi. U oddiy yoki murakkab boʻladi.

Gulqoʻrgʻon boʻlaklarining rangi, asosan, bir xil boʻlsa, u oddiy gulqoʻrgʻon deyiladi (43-rasm). Oddiy gulqoʻrgʻon yashil rangli oddiy gulkosacha yoki rangli gultojdan iborat boʻladi. Lola, chuchmoma, gulsafsarning guli oddiy gulqoʻrgʻonli boʻladi.

Agar gulqoʻrgʻon gulkosacha va gultojdan tashkil topgan boʻlsa, murakkab gulqoʻrgʻon deyiladi. Koʻpchilik oʻsimliklar (olma, olcha, nok, na'matak, gʻoʻza)ning guli murakkab gulqoʻrgʻonli boʻladi (43-rasm).

43-rasm. Oddiy gulqoʻrgʻon. Lola; Murakkab gulqoʻrgʻon. Na'matak.
43-rasm. Oddiy gulqoʻrgʻon. Lola; Murakkab gulqoʻrgʻon. Na'matak.

Qoʻshilgan va yoʻqolgan gulqoʻrgʻon

Gulqoʻrgʻon boʻlaklari qoʻshilgan yoki qoʻshilmagan gullar ham bor. Gulqoʻrgʻon boʻlaklari qoʻshilgan gullarga qoʻypechak, karnaygul, marmarak kabilarning guli misol boʻladi. Gulqoʻrgʻon boʻlaklari qoʻshilmagan (erkin) gullarga olma, nok, gʻoʻza, oʻsma, lola, boychechak va boshqa oʻsimliklarning gullari kiradi.

Tabiatda yana shunday gulli oʻsimliklar borki, ular gulining gulqoʻrgʻoni yoʻqolib ketgan yoki tangachaga aylangan. Bularga tol, terak, tut, yongʻoq kabilar kiradi.

43-rasm. Gulqoʻrgʻonsiz gul. Tol: changchili gul, urugʻchili gul.
43-rasm. Gulqoʻrgʻonsiz gul. Tol: changchili gul, urugʻchili gul.

Gul diagrammasi va formulasi

Gullarning tuzilishi bilan tanishishni osonlashtirish maqsadida gullarning diagrammasi va formulasidan foydalaniladi. Gul tuzilishining sxema bilan ifodalanishiga gul diagrammasi deyiladi.

Formulada gul qismlarining nomi shu qism nomining boshlangʻich harfi bilan, soni esa raqamlar bilan belgilanadi. Masalan, gulkosachabarglar — «Gk», gultojbarglar — «Gt», changchilar — «Ch», urugʻchilar — «U», oddiy gulqoʻrgʻon esa — «Og» harflari bilan ifodalanadi.

Halqadagi qismlar qoʻshilgan boʻlsa, ularning sonini koʻrsatuvchi raqam qavs ichida beriladi, aksincha, ular qoʻshilmagan boʻlsa, qavssiz (ochiq) yoziladi. Halqadagi qismlarning soni koʻp boʻlsa, cheksizlik belgisi «∞» qoʻyiladi. Halqada uchrashi kerak boʻlgan qism rivojlanmagan boʻlsa — 0 (nol) bilan belgilanadi. Agar gul qismlarining har biri bir emas, balki ikki halqada joylashgan boʻlsa, har qaysi halqadagi qism sonini koʻrsatuvchi raqam yozilgandan keyin + (plus) ishorasi qoʻyiladi, soʻngra keyingi halqadagi qismning soni yoziladi.

Formula misollari (jagʻ-jagʻ, olxoʻri)

Misol uchun bir nechta oʻsimlik gulining formulasi keltirildi:

1. Jagʻ-jagʻ (achambiti) gulining formulasi: Gk₄Gt₄Ch₄₊₂U₍₂₎.

Izoh. Gulkosachabarg va gultojbarglari 4 tadan, bir-biri bilan qoʻshilmagan, changchilar 6 ta boʻlib, ikki halqada (birinchisida 4 tasi, ikkinchisida 2 tasi) oʻrnashgan, urugʻchi 1 ta, lekin u ikkita urugʻchibarg (mevabarg)ning qoʻshilishidan hosil boʻlgan.

2. Olxoʻri gulining formulasi — Gk₅Gt₅Ch∞U₁.

Izoh. Gulkosachabargi va gultojbarglari 5 tadan, qoʻshilmagan, changchilari soni cheksiz, urugʻchisi esa 1 ta.

Formula misollari (lola, sachratqi)

3. Lola gulining formulasi – Og₃₊₃Ch₃₊₃U₍₃₎.

Izoh. Oddiy gulqoʻrgʻon, gultoji 6 ta, ikki halqada (har bir halqada 3 tadan) oʻrnashgan, changchilari 6 ta, ikki halqada oʻrnashgan, urugʻchisi 1 ta, 3 ta urugʻchibargning qoʻshilishidan hosil boʻlgan.

4. Sachratqi gulining formulasi — Gk₀Gt₍₅₎Ch₍₅₎U₍₂₎.

Izoh. Gulkosachabarglar rivojlanmagan, gultojbarglar 5 ta, bir-biri bilan qoʻshilgan, changchilari 5 ta, qoʻshilgan, urugʻchisi 2 ta urugʻchibargning qoʻshilishidan hosil boʻlgan.

Xulosa qilib aytganda, gul oʻsimliklarning jinsiy koʻpayish organi boʻlib, gulband, guloʻrni, gulqoʻrgʻon, changchi va urugʻchidan tashkil topgan. Gulning formulasiga qarab, oʻsimlikning qaysi oilaga kirishini ham bilish mumkin.

Bilimingizni sinang

Gul qaysi oʻsimliklarning jinsiy koʻpayish organi hisoblanadi va u nimaning oʻzgarishidan hosil boʻlgan?
  1. Ochiq urugʻli oʻsimliklarniki; shakli oʻzgargan bargdan
  2. Yopiq urugʻli oʻsimliklarniki; shakli oʻzgargan ildizdan
  3. Sporali oʻsimliklarniki; shakli oʻzgargan novdadan
  4. Yopiq urugʻli oʻsimliklarniki; shakli oʻzgargan novdadan

To‘g‘ri javob: Yopiq urugʻli oʻsimliklarniki; shakli oʻzgargan novdadan. Gul yopiq urugʻli oʻsimliklarning jinsiy koʻpayish organi boʻlib, shakli oʻzgargan novdadir.

Quyidagi qatorlardan qaysi birida gulning tarkibiy qismlari toʻgʻri sanalgan?
  1. Gul oʻrni, gulqoʻrgʻon, changchi, urugʻchi, tumshuqcha
  2. Gul bandi, gulpoya, gulqoʻrgʻon, changchi, urugʻchi
  3. Gul bandi, gul oʻrni, gulqoʻrgʻon, changchi, urugʻchi
  4. Gul bandi, gul oʻrni, gulqoʻrgʻon, changdon, meva

To‘g‘ri javob: Gul bandi, gul oʻrni, gulqoʻrgʻon, changchi, urugʻchi. Gul gul bandi, gul oʻrni, gulqoʻrgʻon, changchi va urugʻchidan tashkil topgan.

Gulbandning yuqori qismidagi biroz kengaygan joy – guloʻrni qanday vazifani bajaradi?
  1. Gulning hamma qismlari shu yerda joylashadi
  2. Changlarni ushlab qoladi
  3. Urugʻkurtakni oʻz ichiga oladi
  4. Gulni novdaga biriktirib turadi

To‘g‘ri javob: Gulning hamma qismlari shu yerda joylashadi. Guloʻrnida gulning barcha qismlari joylashadi; gulni novdaga gulband biriktiradi.

Gul qismlarini ularning tavsifi bilan moslang: 1) gulkosacha; 2) gultoj; 3) changchi ipi. a) changdonni ushlab turadi va guloʻrni bilan bogʻlaydi; b) gulkosachadan ichkarida joylashgan, turli rangda; c) gulni tashqi tomondan oʻrab turadi, koʻpincha yashil
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-c, 3-a
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Gulkosacha gulni tashqaridan oʻraydi, gultoj undan ichkarida turli rangda, changchi ipi changdonni ushlab turadi.

Urugʻchining eng yuqori qismi – tumshuqcha qanday vazifa uchun xizmat qiladi?
  1. Changlarni ushlash uchun
  2. Gulni novdaga biriktirish uchun
  3. Urugʻkurtakni saqlash uchun
  4. Tuguncha bilan ustunchani birlashtirish uchun

To‘g‘ri javob: Changlarni ushlash uchun. Tumshuqcha urugʻchi uchida joylashib, changlarni ushlab qoladi.

Urugʻchining qaysi qismi ichida urugʻkurtak joylashgan va undan meva hosil boʻladi?
  1. Tumshuqcha
  2. Changdon
  3. Ustuncha
  4. Tuguncha

To‘g‘ri javob: Tuguncha. Urugʻkurtak tuguncha ichida joylashadi va tugunchadan meva hosil boʻladi.

Lola va olma gullari gulqoʻrgʻonining turi jihatidan qanday farqlanadi?
  1. Lolada murakkab, olmada oddiy gulqoʻrgʻon
  2. Ikkalasida ham oddiy gulqoʻrgʻon
  3. Lolada oddiy, olmada murakkab gulqoʻrgʻon
  4. Ikkalasida ham murakkab gulqoʻrgʻon

To‘g‘ri javob: Lolada oddiy, olmada murakkab gulqoʻrgʻon. Lola guli oddiy gulqoʻrgʻonli, olma guli esa gulkosacha va gultojdan iborat murakkab gulqoʻrgʻonli.

Tol, terak, tut va yongʻoq gullarining gulqoʻrgʻoni qanday holatda?
  1. Oddiy, yashil rangli gulkosachadan iborat
  2. Yoʻqolib ketgan yoki tangachaga aylangan
  3. Murakkab, gulkosacha va gultojdan iborat
  4. Boʻlaklari bir-biri bilan qoʻshilib ketgan

To‘g‘ri javob: Yoʻqolib ketgan yoki tangachaga aylangan. Bu oʻsimliklar gulining gulqoʻrgʻoni yoʻqolib ketgan yoki tangachaga aylangan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiShakli oʻzgargan novdalarKeyingi →Gullarning xilma-xilligi