Mevalar
Mavzular
Meva va uning turlari
Gulli (yopiq urug‘li) o‘simliklarda urug‘lanishdan keyin meva hosil bo‘ladi. Meva, asosan, urug‘chi tugunchasidan hosil bo‘ladi.
Mevaning hosil bo‘lishida urug‘chidan tashqari, gulning boshqa qismlari ham ishtirok etadi. Masalan, gulqo‘rg‘on, gulo‘rni va boshqalar.
Mevalar, asosan, ikki xil bo‘ladi: 1. Agar u tugunchaning o‘zidan hosil bo‘lsa, chin meva (o‘rik, olcha, shaftoli, olxo‘ri, gilos) deyiladi. 2. Agar mevaning shakllanishida tugunchadan tashqari gulning boshqa qismlari ham ishtirok etsa, bunday mevalar soxta meva (olma, nok, behi) deyiladi.
Ho‘l va quruq mevalar
Meva, birinchidan, urug‘ pishib yetilguncha uni tashqi ta’sirdan himoyalab turadi. Ikkinchidan, urug‘ning tarqalishiga yordam beradi. Mevalarning oraliq qismi seret va qalin bo‘lsa, bunday mevalar ho‘l meva deyiladi (o‘rik, shaftoli, olcha) (51-rasm). Agar oraliq qismi yupqa, etsiz, quruq bo‘lsa, bunday mevalar quruq meva deyiladi. Masalan, no‘xat, mosh, loviya, bug‘doy, makkajo‘xori mevalari.
Ho‘l mevalar orasida ko‘p urug‘li rezavor mevalar juda ko‘p. Ularga shirinligi bilan ajralib turadigan yuzlab uzum navlari, pomidor, qoraqat, ituzum kabilar kiradi.
Qovoq, tarvuz, qovun, handalak, tomoshaqovoq va bodringning eti rezavor mevalarnikiga qaraganda qalin va usti qattiq po‘st bilan o‘ralgan, shuning uchun ular qovoq mevalarga kiradi.
Danakli va olma mevalar
Bog‘larimizdan keng o‘rin olgan va qattiq danagi, sersuv eti hamda shu danak ichida joylashgan bittadan (ba’zan ikkitadan) mag‘zi bilan ajralib turadigan ho‘l mevalar: o‘rik, olxo‘ri, olcha, gilos kabilar danakli mevalardir. Bular inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan foydali moddalarga va darmondorilarga boy bo‘ladi. Olma, nok, behi kabi o‘simliklarning mevasi olma meva deb yuritiladi.

Quruq mevalar: don va chatnaydiganlar
Quruq mevalar chatnaydigan va chatnamaydiganlarga bo‘linadi. Chatnamaydigan mevalarga bir urug‘li don meva kiradi. Don mevali o‘simliklarga bug‘doy, arpa, suli, makkajo‘xori kabilar misol bo‘ladi. Chatnaydigan mevalarga qo‘zoq, qo‘zoqcha, dukkak, ko‘sak mevalar kiradi. Bularning mevasi pishgach chokidan ochiladi (chatnaydi). Masalan, mosh, loviya, turp, rediska, jag‘-jag‘ va boshqalar.
Ko‘sak mevalar bir nechta mevabargdan tashkil topgan. Urug‘ pishgandan keyin chokidan ochiladi. G‘o‘za, lola, bangidevona, mingdevona, chuchmoma va boychechakning mevasi ko‘p urug‘li ko‘sak meva hisoblanadi (52-rasm).

Dukkak, qo‘zoq va qo‘zoqcha mevalar
No‘xat, mosh, loviya, burchoq va oq akatsiya dukkak mevali o‘simliklardir. Dukkak meva bitta mevabargdan hosil bo‘lib, pishgach mevapallasi yon tomonidagi chokidan ochiladi. Urug‘lari mevapallaga birikib turadi.
Qo‘zoq meva (karam, qurttana, rediska, turp) ikkita mevabargdan hosil bo‘ladi, pishgach ikkita pallaga ajraladi. Pallalar orasida yupqa to‘siq bo‘lib, unga urug‘lar birikadi. Qo‘zoqcha meva tuzilishi bilan qo‘zoq mevaga o‘xshaydi, faqat bo‘yi kaltaroq bo‘ladi.
Pista, yong‘oq va qanotchali mevalar
Ayrim (zarang, qayrag‘och va shumtolga o‘xshash) manzarali daraxtlarning mevasi qanotchali bo‘ladi. Shuning uchun ular qanotchali meva deyiladi (53-rasm).

Bahorda terakning urug‘chi tuplari mevasi pishgan vaqtda xuddi ajralib chiqqan paxta bilan o‘ralgandek tuyuladi va uchib yuradi. Aslida esa bir tutam tuklari yordamida mevasi uchib tarqaladi.
Mevalarning ahamiyati
Mevalarning tabiatdagi va odamlar hayotidagi ahamiyati. Mevalar, birinchi navbatda, o‘simliklarning ko‘payishi, tarqalishi va nasl qoldirishi uchun kerak. Yovvoyi holda o‘sadigan o‘simliklarning mevasidan tabiatdagi barcha tirik mavjudotlar oziqlanadi. Ayrim mevalar yerga to‘kilib, chirib, yerni organik moddalarga boyitadi.
Odamlar hayotini esa mevasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Mevalar bevosita tabiiyligicha iste’mol qilinadi. Ulardan oziq-ovqat va qandolatchilik sanoatida har xil mahsulotlar tayyorlanadi. Mevalardan olinadigan moylardan xalq xo‘jaligining turli sohalari (oziq-ovqat, texnika, og‘ir sanoat, atir-upa)da foydalaniladi.
Juda qadim zamonlardan odamlar o‘simliklarning yovvoyi, keyinchalik esa madaniy navlarini ekib, har xil maqsadlarda foydalanib kelishgan. Masalan, mevasidan oziq-ovqat sifatida (olma, yong‘oq, o‘rik, uzum, bug‘doy, mosh, loviya, tariq, qo‘noq, no‘xat) va dori-darmon tayyorlashda (marmarak, zubturum, na’matak) foydalanishgan.
Non, yog‘ va ziravorlar
Kundalik turmushimizda iste’mol qiladigan nonimiz bug‘doy unidan tayyorlanishi, yog‘imiz g‘o‘za chigiti, kungaboqar pistasi va zaytun mag‘zidan olinishi hammamizga ma’lum. Shuning uchun ham ularni asrab-avaylash lozim.
Har qanday taomni tayyorlashda, albatta, ziravor o‘simliklarning mevasi ishlatiladi. O‘zbekistonda eng ko‘p tarqalgan ziravorlarga zira, alqor, kashnich, sedana va murch kiradi.
Bilimingizni sinang
Gulli o‘simliklarda meva, asosan, urug‘chining qaysi qismidan hosil bo‘ladi?
- Changdonidan
- Ustunchasidan
- Tugunchasidan
- Tumshuqchasidan
To‘g‘ri javob: Tugunchasidan. Meva asosan urug‘chi tugunchasidan hosil bo‘ladi.
Olma va o‘rik mevalari hosil bo‘lishiga ko‘ra qanday farqlanadi?
- O‘rik tugunchadan tashqari gulning boshqa qismlari ishtirokida, olma faqat tugunchadan hosil bo‘ladi
- Olma tugunchadan tashqari gulning boshqa qismlari ishtirokida, o‘rik faqat tugunchadan hosil bo‘ladi
- Ikkalasi ham tugunchadan tashqari gulning boshqa qismlari ishtirokida hosil bo‘ladi
- Ikkalasi ham faqat tugunchaning o‘zidan hosil bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Olma tugunchadan tashqari gulning boshqa qismlari ishtirokida, o‘rik faqat tugunchadan hosil bo‘ladi. O‘rik chin meva (faqat tuguncha), olma soxta meva (tugunchadan tashqari gulning boshqa qismlari ham ishtirok etadi).
O‘simlikni mevasining turi bilan moslang: 1) no‘xat; 2) bug‘doy; 3) g‘o‘za. a) don meva; b) dukkak meva; c) ko‘sak meva
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-b, 2-c, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. No‘xat mevasi dukkak, bug‘doy mevasi don, g‘o‘za mevasi ko‘sak.
Oraliq qismi seret va qalin bo‘lgan mevalar qanday ataladi va ularga qaysilar misol bo‘ladi?
- Quruq meva: no‘xat, mosh, loviya
- Quruq meva: o‘rik, shaftoli, olcha
- Ho‘l meva: o‘rik, shaftoli, olcha
- Ho‘l meva: bug‘doy, arpa, suli
To‘g‘ri javob: Ho‘l meva: o‘rik, shaftoli, olcha. Oraliq qismi seret va qalin mevalar ho‘l meva (o‘rik, shaftoli, olcha), yupqa va quruq bo‘lsa quruq meva.
Qattiq danagi va ichida mag‘zi bo‘lgan sersuv ho‘l mevalarga qaysi o‘simliklar kiradi?
- No‘xat, mosh, loviya, bodring
- O‘rik, olxo‘ri, olcha, gilos
- Uzum, pomidor, qoraqat, tarvuz
- Olma, nok, behi, qovun
To‘g‘ri javob: O‘rik, olxo‘ri, olcha, gilos. O‘rik, olxo‘ri, olcha, gilos danakli mevalar; olma, nok, behi olma meva deyiladi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Chatnaydigan mevalarga don meva kiradi; II. Ko‘sak mevalar bir nechta mevabargdan tashkil topgan; III. Qo‘zoq meva ikkita mevabargdan hosil bo‘ladi.
- Faqat II
- I va III
- II va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: II va III. II va III to‘g‘ri; don meva chatnamaydigan quruq mevadir.
Dukkak va qo‘zoq mevalar mevabarglari soni va urug‘larning birikishi bo‘yicha qanday farqlanadi?
- Dukkak bitta, qo‘zoq ikkita mevabargdan hosil bo‘ladi; qo‘zoqda urug‘lar to‘siqqa birikadi
- Dukkak ikkita, qo‘zoq bitta mevabargdan hosil bo‘ladi; qo‘zoqda urug‘lar to‘siqqa birikadi
- Ikkalasi ham ikkita mevabargdan hosil bo‘lib, urug‘lari mevapallaga birikadi
- Ikkalasi ham bitta mevabargdan hosil bo‘ladi; qo‘zoqda urug‘lar to‘siqqa birikadi
To‘g‘ri javob: Dukkak bitta, qo‘zoq ikkita mevabargdan hosil bo‘ladi; qo‘zoqda urug‘lar to‘siqqa birikadi. Dukkak bitta mevabargdan, qo‘zoq ikkita mevabargdan hosil bo‘ladi; qo‘zoqda urug‘lar pallalar orasidagi to‘siqqa birikadi.
Mevasidan dori-darmon tayyorlashda foydalanilgan o‘simliklar qaysi qatorda berilgan?
- Bug‘doy, mosh, loviya, tariq
- Olma, yong‘oq, o‘rik, uzum
- Marmarak, zubturum, na’matak
- Zira, alqor, kashnich, murch
To‘g‘ri javob: Marmarak, zubturum, na’matak. Marmarak, zubturum va na’matak mevasi dori-darmon tayyorlashda ishlatilgan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash