Urug‘
Mavzular
Urug‘ va ikki urug‘pallali o‘simliklar
Urug‘ — urug‘li o‘simliklarning ko‘payish organi. U murtak, endosperm va po‘stdan iborat.
Har bir o‘simlikning urug‘i o‘ziga xos tuzilgan. O‘simliklar urug‘pallasi soniga qarab bir va ikki urug‘pallali o‘simliklarga bo‘linadi.
Ikki urug‘pallali o‘simliklar urug‘ining murtagi ikki urug‘pallali bo‘ladi. Murtak ildizcha, poyacha, kurtakcha va ikkita urug‘pallabargdan tashkil topgan. Urug‘i ikkita urug‘pallaga ega bo‘lgan o‘simliklar ikki urug‘pallali o‘simliklar deyiladi.
G‘o‘za chigiti
G‘o‘za chigit (urug‘)i ustidan qalin yog‘ochsimon qobiq bilan o‘ralgan. Bu qobiq hujayralarida juda uzun tuklar, ya’ni tolalar joylashgan. Yog‘ochsimon qobiq ostida oq va yupqa po‘st, uning ostida esa qat-qat bo‘lib joylashgan ikki urug‘pallali murtak o‘rnashgan (54-rasm).

Ikki urug‘pallali o‘simliklar urug‘lari yer yuziga ikkita urug‘palla bargi bilan chiqadi.
Bir urug‘pallali o‘simliklar: bug‘doy
Bir urug‘pallali o‘simliklarning urug‘i ikki urug‘pallali o‘simliklarnikidan keskin farq qiladi. Bir urug‘pallali o‘simliklarning urug‘i urug‘ po‘sti, murtak (boshlang‘ich ildizcha, poyacha, kurtakcha va bitta urug‘palla), endospermdan tashkil topgan. Ularga bug‘doy, arpa, suli, makkajo‘xori kabi o‘simliklar kiradi.
Yer yuzida eng ko‘p tarqalgan bir urug‘pallali o‘simliklardan biri bug‘doydir. Bug‘doyning urug‘ (don)i cho‘ziq shaklda. Uning sirti yupqa sariq po‘st bilan qoplangan. Bu po‘st qo‘shilib o‘sgan ikkita qobiqdan iborat. Tashqisi meva qobig‘i, ichkisi esa urug‘ po‘sti hisoblanadi. Bug‘doy, arpa, javdar, suli, sholi, makkajo‘xori kabi o‘simliklarning urug‘i don deb yuritiladi. Urug‘ning aksariyat qismi endosperm — oziq moddalar to‘plamini tashkil etuvchi hujayralardan iborat.
Urug‘ning tarkibi
Urug‘ning tarkibi. O‘simliklarning turiga qarab urug‘ning tarkibi har xil bo‘ladi. Urug‘ tashqaridan quruq bo‘lib ko‘rinishiga qaramay, uning tarkibida oz miqdorda suv bo‘ladi. Buni bilish uchun probirkaga bug‘doy yoki boshqa o‘simlik urug‘idan solib, uni alanga ustida tutib qizdiring. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, probirka devorida hosil bo‘lgan suv tomchilarini ko‘rish mumkin.
Agar urug‘ni qizdirish davom ettirilsa, u tutay boshlaydi, kuygan hid taraladi, urug‘ qorayib, yorilib-yorilib ketadi. Bunda urug‘ning asosiy qismini tashkil etgan organik moddalar kuyadi. Urug‘ asta-sekin kuyib, probirka ostida kul qoladi. Bu kul mineral moddalardan iborat.
Organik moddalar: kraxmal, oqsil, moy
Urug‘lar tarkibidagi organik moddalar turli birikmalar shaklida bo‘ladi. Bularga kraxmal, oqsil va moylar kiradi.
Bug‘doy, makkajo‘xori va boshqa donli o‘simliklar urug‘ida kraxmal nihoyatda ko‘p bo‘ladi. Loviya, mosh va no‘xatda oqsil ko‘p uchraydi. Yong‘oq, bodom, o‘rik, shaftoli va yeryong‘oq mag‘zida, kungaboqar pistasi va g‘o‘za chigitida moy ko‘p bo‘ladi. Urug‘lar tarkibidagi oziq moddalar urug‘palla va endospermada saqlanadi.
Bug‘doy urug‘i endospermasining yupqa kesigiga mikroskopda qaralsa, u hujayralardan tashkil topganligini ko‘rish mumkin. Bu hujayralarda kraxmal va ko‘p sonli oqsil donachalari bo‘ladi. Ayrim urug‘lar tarkibida efir moylari (zira, shivitda) va zaharli moddalar (mastak, achchiq bodom, shaftoli va kampirchoponda) saqlanadi.
Bilimingizni sinang
Urug‘li o‘simliklarning ko‘payish organi bo‘lgan urug‘ qaysi asosiy qismlardan iborat?
- Murtak, endosperm va po‘st
- Murtak, tuguncha va changchi
- Po‘st, mevaqobiq va urug‘palla
- Ildizcha, poyacha va kurtakcha
To‘g‘ri javob: Murtak, endosperm va po‘st. Urug‘ uch qismdan: murtak, endosperm va po‘stdan tashkil topgan.
G‘o‘za chigitining ustki yog‘ochsimon qobig‘i hujayralarida nima joylashgan?
- Kraxmal donachalari
- Juda uzun tuklar, ya’ni tolalar
- Oqsil donachalari
- Moy tomchilari
To‘g‘ri javob: Juda uzun tuklar, ya’ni tolalar. G‘o‘za chigitining yog‘ochsimon qobig‘i hujayralarida uzun tuklar — tolalar bo‘ladi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Bug‘doy, arpa, suli va makkajo‘xori bir urug‘pallali o‘simliklarga kiradi. II. Ikki urug‘pallali o‘simliklar urug‘lari yer yuziga ikkita urug‘palla bargi bilan chiqadi. III. Bug‘doy urug‘ining aksariyat qismini murtak tashkil etadi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: bug‘doy urug‘ining aksariyat qismi murtak emas, endospermdan iborat.
Urug‘ni undagi ko‘p to‘planadigan modda bilan moslang: 1) bug‘doy; 2) no‘xat; 3) g‘o‘za chigiti. a) moy; b) kraxmal; c) oqsil.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Bug‘doyda kraxmal, no‘xatda oqsil, g‘o‘za chigitida moy ko‘p bo‘ladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash