Poyada oziq moddalarning harakatlanishi
Mavzular
Mineral moddalar harakati
Barcha tirik mavjudotlar singari o‘simliklar ham oziq moddalar bilan tirik. Shunday ekan, bu oziq moddalar poyada qanday harakat qiladi, degan savol tug‘iladi. Tarkibida mineral tuzlar bo‘lgan suv yog‘ochlik orqali ildizdan barglar tomon harakatlanadi.
Buni tajribada sinab ko‘rish mumkin. Buning uchun barg chiqargan novda yoki ochilib turgan gullardan foydalanish mumkin. Agar berilgan rangli suvga daraxtning bargli novdasini solib qo‘yib, 2—3 soatdan keyin ko‘ndalangiga va uzunasiga kesilsa, rangli suv novda bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilganligi sababli yog‘ochlik qism bo‘yalganini ko‘rish mumkin (56-rasm).


Organik moddalar harakati
Organik moddalar lubdagi elaksimon naylar bo‘ylab harakatlanadi.
Shakar suvda oson erib, lubning elaksimon naychalari orqali harakatlanib, o‘simlikning turli qismlarida to‘planadi. Shakar ayrim o‘simliklarning, masalan, sabzi va lavlagining ildizmevasida, boshqalarining esa mevasi va urug‘ida to‘planadi. Kartoshka tugunagida esa shakar kraxmalga aylanadi.
Halqa shaklida kesish tajribasi
Oziq moddalarning barglardan lubga va u orqali boshqa organlarga o‘tishini tajribada ko‘rish mumkin. Buning uchun tol yoki terakning bir xil uzunlikdagi ikkita bargli novdasidan kesib olinadi. Novdalardan birining pastki qismidan sal yuqorirog‘idagi po‘stlog‘i halqa shaklida kesib olinadi. Novdalar bir vaqtda suvga solinadi. Lekin po‘stlog‘i halqa shaklida kesilgan novdaning faqat pastki uchi suvga tushiriladi.
Oradan ikki hafta o‘tgach, nazorat uchun olingan novdaning pastki qismida ildizlar paydo bo‘ladi. Po‘stlog‘i halqa shaklida kesib olingan novdada esa ildizlar po‘stlog‘i kesilgan joyi (halqa)ning yuqorisida hosil bo‘ladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, novdaning po‘stlog‘i kesib olingan pastki qismiga oziq moddalar o‘tmas ekan (57-rasm).


Organlarning o‘zaro bog‘liqligi
Shunday qilib, suvda erigan holdagi mineral o‘tkazuvchi naylar, organik moddalar esa elaksimon naylar orqali harakatlanadi. O‘simliklarning oziqlanishida ularning barcha organlari bir-biriga bog‘liq holda ishtirok etadi. Agar ulardan birortasi qatnashmasa, oziqlanish jarayoni buziladi. Masalan, ildiz suv va unda erigan mineral tuzlarni zarur miqdorda yetkazib bermasa, barglarda organik moddalar kam hosil bo‘ladi. Aksincha, barglarda organik moddalar yetishmasa, o‘simliklarning barcha hujayra, to‘qima va organlari o‘sish va rivojlanishdan to‘xtaydi.
Oziq harakatini yo‘naltirish
O‘simlikdagi oziq moddalar harakatini o‘simlik shoxshabbasiga shakl berish va qisqartirish hisobiga kerakli tomonga yo‘naltirish mumkin. Masalan, g‘o‘zani chilpish organik moddalarni barglardan gul va mevalarga tomon yo‘naltirish imkonini beradi.
Poyaning yog‘ochlik qismi orqali suv va unda erigan mineral tuzlar, lub qavati orqali esa organik moddalar harakatlanadi.
Bilimingizni sinang
Tarkibida mineral tuzlar bo‘lgan suv poyaning qaysi qismi orqali ildizdan barglar tomon harakatlanadi?
- O‘zak
- Yog‘ochlik
- Lubning elaksimon naylari
- Po‘stloq
To‘g‘ri javob: Yog‘ochlik. Mineral tuzli suv yog‘ochlik orqali ildizdan barglarga ko‘tariladi.
Poyaning yog‘ochlik qismi va lub qavati orqali qanday moddalar harakatlanadi?
- Ikkalasi orqali ham faqat suv va mineral tuzlar
- Yog‘ochlik orqali suv va mineral tuzlar, lub orqali organik moddalar
- Ikkalasi orqali ham faqat organik moddalar
- Yog‘ochlik orqali organik moddalar, lub orqali suv va mineral tuzlar
To‘g‘ri javob: Yog‘ochlik orqali suv va mineral tuzlar, lub orqali organik moddalar. Suv va mineral tuzlar yog‘ochlik, organik moddalar esa lub orqali harakatlanadi.
Kartoshka tugunagida shakar nimaga aylanadi?
- Oqsilga
- Moyga
- Kletchatkaga
- Kraxmalga
To‘g‘ri javob: Kraxmalga. Kartoshka tugunagida shakar kraxmalga aylanadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Shakar sabzi va lavlagining ildizmevasida to‘planadi. II. Shakar suvda qiyin eriydi. III. Shakar lubning elaksimon naychalari orqali harakatlanadi.
- I va II
- II va III
- I, II va III
- I va III
To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: shakar suvda oson eriydi.
Po‘stlog‘i halqa shaklida kesib olingan novdada ildizlar halqaning yuqorisida hosil bo‘ladi. Bu nimani ko‘rsatadi?
- Oziq moddalar po‘stlog‘i kesilgan pastki qismga o‘tmasligini
- Ildizlar faqat qorong‘ida hosil bo‘lishini
- Barglarda organik moddalar hosil bo‘lmasligini
- Suv yog‘ochlik orqali yuqoriga ko‘tarilmasligini
To‘g‘ri javob: Oziq moddalar po‘stlog‘i kesilgan pastki qismga o‘tmasligini. Oziq moddalar po‘stloq (lub) orqali tushadi; halqa kesilgach pastki qismga o‘tolmaydi.
G‘o‘zani chilpish dehqonchilikda qanday maqsadga xizmat qiladi?
- Ildiz bosimini oshiradi
- Suv bug‘lanishini to‘xtatadi
- Organik moddalarni barglardan gul va mevalarga yo‘naltiradi
- Mineral tuzlarni ildizdan barglarga yo‘naltiradi
To‘g‘ri javob: Organik moddalarni barglardan gul va mevalarga yo‘naltiradi. Shoxshabbaga shakl berish orqali oziq harakatini kerakli tomonga, ya’ni gul va mevalarga yo‘naltirish mumkin.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash