XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 27-§.

Barglarda organik moddalarning hosil bo‘lishi

Mavzular

Organik moddalar qayerda hosil bo‘ladi

O‘simliklar, ayniqsa, urug‘lar tarkibida (uning turiga qarab) har xil miqdorda suv, mineral tuzlar va organik moddalar (kraxmal, shakar, moy va oqsil moddalar) bo‘ladi. Bu organik moddalar o‘simliklarning qaysi qismida qanday hosil bo‘ladi, degan savol tug‘iladi. Olimlar ko‘pgina tajribalar asosida organik moddalar barg eti hujayralarida va o‘simliklarning boshqa yashil organlari hujayralarida hosil bo‘lishini aniqlashgan.

Fotosintez tushunchasi

O‘simliklarda quyosh nuri ta’sirida va xlorofill donachalari ishtirokida anorganik moddalardan organik moddalar hosil bo‘lishi va havoga kislorod ajralib chiqish jarayoni fotosintez deyiladi. Fotosintez — yunoncha so‘z bo‘lib, «fotos» — yorug‘lik va «sintez» — qo‘shish, birlashtirish degan ma’noni anglatadi.

Ijodiy faoliyatining asosiy qismini yashil o‘simliklardagi fotosintez jarayonini o‘rganishga bag‘ishlagan va fanga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan rus olimi A. Timiryazevdir. U o‘zining «Quyosh, hayot va xlorofill» nomli kitobida fotosintez jarayonini asoslab bergan.

Fotosintez jarayoni

O‘simliklar suv va unda erigan mineral modda (tuz)larni tuproqdan ildiz tukchalari orqali so‘rib olishi sizlarga ma’lum. Suv va unda erigan mineral moddalar ildiz bosim kuchi ostida dastlab ildiz tukchalariga, ulardan ildiz naychalariga sizib o‘tadi, so‘ngra poyaga, va nihoyat, barg tomirlaridagi naychalar orqali barglarga o‘tadi. Barg hujayralariga suv bilan bir vaqtda og‘izchalar orqali havodan karbonat angidrid gazi kiradi. Barg eti hujayralaridagi xlorofill donachalari ishtirokida va yorug‘lik ta’sirida organik moddalar hosil bo‘ladi (58-rasm).

58-rasm. Barglarda organik moddalarning hosil bo‘lishi (yorug‘lik, suv bug‘i, karbonat angidrid, kislorod, suvda erigan organik moddalar, suv va unda erigan organik moddalar)
58-rasm. Barglarda organik moddalarning hosil bo‘lishi (yorug‘lik, suv bug‘i, karbonat angidrid, kislorod, suvda erigan organik moddalar, suv va unda erigan organik moddalar)

Hosil bo‘ladigan moddalar

Bu jarayonda xlorofill donachalarida karbonat angidrid suv bilan birikadi. Natijada, dastlab shakar, so‘ngra kraxmal hosil bo‘ladi. Karbonat angidrid suv bilan birikkanda, shakardan tashqari yana erkin kislorod gazi ajralib, og‘izchalar orqali havoga chiqadi. O‘simliklar hujayrasida faqat shakar va kraxmal emas, balki boshqa oziq moddalar ham to‘planadi. O‘simliklarda organik moddalarning hosil bo‘lishi juda murakkab jarayon hisoblanadi (59-rasm).

59-rasm. Fotosintez sxemasi: karbonat angidrid va suv → xlorofill (yorug‘likda) → organik moddalar va kislorod
59-rasm. Fotosintez sxemasi: karbonat angidrid va suv → xlorofill (yorug‘likda) → organik moddalar va kislorod

Kraxmal hosil bo‘lishi tajribasi

Xlorofill donachalari ishtirokida hosil bo‘lgan organik moddalar suvda eriydi. Ular barg eti hujayralaridan tomirlarning elaksimon naylariga o‘tadi va ular orqali hamma organlarga — gul, urug‘, meva va ildizga tarqaladi. O‘simlik organlarining hujayralari shu organik moddalardan oziqlanadi. Ortiqcha organik moddalar urug‘, meva, ildiz va boshqa organlarning g‘amlovchi to‘qimalarida to‘planadi.

60-rasm. Barglarda kraxmal hosil bo‘lishini ifodalovchi tajriba: yorug‘lik, spirt, yod eritmasi
60-rasm. Barglarda kraxmal hosil bo‘lishini ifodalovchi tajriba: yorug‘lik, spirt, yod eritmasi
60-rasm (davomi). Spirt va yod eritmasi solingan idishlardagi barglar (yorug‘lik)
60-rasm (davomi). Spirt va yod eritmasi solingan idishlardagi barglar (yorug‘lik)

Hosildorlik va yorug‘lik

O‘simliklarga yorug‘lik, harorat, suv, mineral tuzlar va karbonat angidrid gazi qancha yetarli bo‘lsa, organik moddalar shuncha ko‘p hosil bo‘ladi. Ularda organik moddalar qancha ko‘p bo‘lsa, hosili shuncha mo‘l bo‘ladi. O‘simliklardagi mazkur qonuniyatga amal qilinsa, ulardan yuqori hosil olish mumkin. Ana shuni yaxshi bilgan dehqonlar issiqxonalarda zarur sharoitni sun’iy ravishda yaratib, yuqori hosil yetishtirmoqdalar. Hatto qish oylarida ham issiqxonalarda elektr nuri orqali qo‘shimcha yorug‘lik, harorat va mineral tuzlar berib, sabzavot, poliz ekinlari va har xil gullarni o‘stirmoqdalar. Demak, har qanday o‘simlikni ekkanda uning yorug‘likka bo‘lgan talabini inobatga olish zarur.

Bilimingizni sinang

Olimlarning tajribalariga ko‘ra, organik moddalar o‘simliklarning qaysi qismlarida hosil bo‘ladi?
  1. Lubning elaksimon naylarida
  2. Barg eti hujayralarida va boshqa yashil organlar hujayralarida
  3. Urug‘ va mevaning g‘amlovchi to‘qimalarida
  4. Ildiz tukchalari va yog‘ochlikda

To‘g‘ri javob: Barg eti hujayralarida va boshqa yashil organlar hujayralarida. Organik moddalar barg eti va boshqa yashil organlar hujayralarida hosil bo‘ladi.

Quyosh nuri ta’sirida xlorofill donachalari ishtirokida anorganik moddalardan organik moddalar hosil bo‘lishi va havoga kislorod ajralib chiqishi qanday jarayon deyiladi?
  1. Suv bug‘latish
  2. Nafas olish
  3. Xazonrezgilik
  4. Fotosintez

To‘g‘ri javob: Fotosintez. Bu jarayon fotosintez deyiladi.

Fotosintez so‘zining yunoncha «fotos» va «sintez» qismlari qanday ma’noni bildiradi?
  1. Kislorod va nafas olish
  2. Quyosh va bo‘linish
  3. Havo va parchalanish
  4. Yorug‘lik va qo‘shish, birlashtirish

To‘g‘ri javob: Yorug‘lik va qo‘shish, birlashtirish. «Fotos» — yorug‘lik, «sintez» — qo‘shish, birlashtirish.

Rus olimi A. Timiryazev fotosintez jarayonini qaysi nomli kitobida asoslab bergan?
  1. «Yorug‘lik va o‘simlik hayoti»
  2. «Xlorofill va kislorod»
  3. «Yashil barg sirlari»
  4. «Quyosh, hayot va xlorofill»

To‘g‘ri javob: «Quyosh, hayot va xlorofill». Timiryazev fotosintezni «Quyosh, hayot va xlorofill» kitobida asoslagan.

Suv va unda erigan mineral moddalar o‘tadigan yo‘lni ketma-ketlikda joylashtiring: 1) poya; 2) barg tomirlaridagi naychalar; 3) ildiz tukchalari; 4) ildiz naychalari.
  1. 3-4-2-1
  2. 3-1-4-2
  3. 3-4-1-2
  4. 4-3-1-2

To‘g‘ri javob: 3-4-1-2. Avval ildiz tukchalari, keyin ildiz naychalari, so‘ng poya va barg tomirlaridagi naychalar.

Fotosintez uchun zarur karbonat angidrid gazi barg hujayralariga qaysi tuzilmalar orqali kiradi?
  1. Po‘kak qavati
  2. Og‘izchalar
  3. Ildiz tukchalari
  4. Elaksimon naylar

To‘g‘ri javob: Og‘izchalar. Karbonat angidrid gazi havodan barg og‘izchalari orqali kiradi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Xlorofill donachalarida karbonat angidrid suv bilan birikib, dastlab shakar, so‘ngra kraxmal hosil bo‘ladi. II. Fotosintezda ajraladigan erkin kislorod og‘izchalar orqali havoga chiqadi. III. Hosil bo‘lgan organik moddalar suvda erimaydi.
  1. II va III
  2. I va III
  3. I, II va III
  4. I va II

To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: xlorofill ishtirokida hosil bo‘lgan organik moddalar suvda eriydi.

Fotosintezda hosil bo‘lgan ortiqcha organik moddalar o‘simlikda qayerda to‘planadi?
  1. Yog‘ochlikning o‘tkazuvchi naylarida
  2. Og‘izchalarda va barg bandida
  3. Urug‘, meva, ildiz va boshqa organlarning g‘amlovchi to‘qimalarida
  4. Faqat barg eti hujayralarida

To‘g‘ri javob: Urug‘, meva, ildiz va boshqa organlarning g‘amlovchi to‘qimalarida. Ortiqcha organik moddalar organlarning g‘amlovchi to‘qimalarida to‘planadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiPoyada oziq moddalarning harakatlanishiKeyingi →O‘simliklarning nafas olishi, oziqlanishi. O‘simliklarda moddalar almashinuvi