XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 28-§.

O‘simliklarning nafas olishi, oziqlanishi. O‘simliklarda moddalar almashinuvi

Mavzular

Nafas olish va oziqlanish farqi

Yashil barglar hujayrasida fotosintez jarayonida organik moddalar hosil bo‘lishi bilan bir qatorda, nafas olish jarayoni ham boradi. Demak, o‘simliklarning boshqa organlari qatori barglari ham nafas oladi. Bunda ular ko‘pchilik tirik organizmlar kabi havodan kislorod olib, karbonat angidrid gazini ajratib chiqaradi.

O‘simliklarning nafas olish jarayoni uning oziqlanishidan keskin farq qiladi. Nafas olishda barglarda organik moddalar hosil bo‘lmay, aksincha, ular parchalanadi. Yana bir muhim farqi, nafas olish uchun yorug‘lik talab etilmaydi. O‘simliklar kecha-kunduz uzluksiz nafas oladi. Kunduzi barglar hujayrasida organik moddalarning hosil bo‘lishi va hujayralarning nafas olish jarayoni bir vaqtda o‘tadi. Lekin bu jarayonlarning har ikkalasi ham bizga sezilmaydi.

Nafas olish tajribasi

O‘tgan darslarda barglar hujayrasida organik moddalar hosil bo‘lishida kislorod ajralib chiqishini aytgan edik. O‘simliklar ana shu oziq moddalar hosil qilish jarayonida ajratib chiqargan kislorodning bir qismidan o‘zi nafas olishda foydalanadi va karbonat angidrid gazi ajratib chiqaradi. O‘simliklarning nafas olishini tajriba qilib ko‘rish mumkin.

Buning uchun og‘zi shisha plastinka bilan mahkam berkiladigan ikkita shisha stakan oling va ularga yangi kesib olingan bargli novdalarni soling. Har ikkala stakan ichiga yonib turgan cho‘pni tushiring, cho‘plar o‘chmaydi, demak, stakan ichidagi havoda kislorod bor. Har ikkala stakanning og‘zini shisha plastinka bilan zich berkiting. Stakanlarning birini yorug‘lik yaxshi tushib turadigan joyga, ikkinchisini esa qorong‘i joyga qo‘ying. Bir necha soatdan keyin unga yonib turgan cho‘pni tushirib, har qaysi stakan ichidagi havoning tarkibini tekshiring. Tajribalardan xulosa chiqaring va yozib oling (61-rasm).

61-rasm. O‘simlikning nafas olishini ko‘rsatuvchi tajriba (a – yorug‘da, b – qorong‘ida)
61-rasm. O‘simlikning nafas olishini ko‘rsatuvchi tajriba (a – yorug‘da, b – qorong‘ida)

Butun o‘simlik nafas oladi

O‘simlik — bir butun organizm. Uning hamma tirik hujayralari nafas oladi va o‘sib rivojlanadi (62—63-rasmlar).

62-rasm. Fotosintez va bargning nafas olishi: karbonat angidrid, kislorod
62-rasm. Fotosintez va bargning nafas olishi: karbonat angidrid, kislorod
63-rasm. O‘simlikning barcha organlari nafas olishini ko‘rsatuvchi tajriba: novda, ildizmeva, urug‘
63-rasm. O‘simlikning barcha organlari nafas olishini ko‘rsatuvchi tajriba: novda, ildizmeva, urug‘

O‘simliklar yashash uchun tashqi muhitdan zarur moddalarni va energiyani o‘zlashtiradilar. Bu moddalar o‘simlik hujayralarida o‘zgarishlarga uchraydi va o‘simlik tanasi qurilishida ishtirok etuvchi moddalarga aylanadi. O‘simlik organizmini qurishga sarflanadigan moddalarni hosil qilish uchun energiya zarur. Energiya yana o‘simlik hujayralarining o‘sishi, bo‘linishi uchun ham sarflanadi.

Fotosintez va nafas olishning bog‘liqligi

Yashil o‘simliklar avtotrof organizmlar sifatida yorug‘lik energiyasini yutib, uni organik moddalarni hosil qilishga sarflaydi. Fotosintez jarayonida karbonat angidrid va suv ishtirokida yorug‘lik energiyasi hisobiga shakar hosil bo‘ladi. U esa, o‘z navbatida, o‘simlik to‘qimalarida kraxmal, kletchatkaga aylanadi yoki oqsillar, yog‘lar, vitaminlar hosil bo‘lishiga sarf bo‘ladi. Bu moddalar esa o‘simlik hujayralari va to‘qimalarining qurilishi uchun zarur.

O‘simlikning nafas olish jarayonida esa organik moddalar anorganik moddalar — suv va karbonat angidridgacha parchalanadi. Natijada o‘simlikning hayotiy faoliyati uchun zarur energiya ajraladi. Demak, fotosintez va nafas olish jarayonlari bir-biri bilan bog‘liq jarayonlardir.

Moddalar almashinuvi

O‘simlik to‘qimalarida kechadigan modda va energiyaning bunday o‘zgarishi moddalar almashinuvi deyiladi. Moddalar almashinuvi barcha tirik organizmlar kabi o‘simliklarning ham muhim xususiyatlaridan biridir.

Bilimingizni sinang

Barglarda nafas olish jarayoni fotosintezdan qaysi belgilari bilan farq qiladi?
  1. Organik moddalar hosil bo‘ladi va yorug‘lik talab etilmaydi
  2. Organik moddalar parchalanadi va yorug‘lik talab etilmaydi
  3. Organik moddalar parchalanadi va yorug‘lik talab etiladi
  4. Organik moddalar hosil bo‘ladi va yorug‘lik talab etiladi

To‘g‘ri javob: Organik moddalar parchalanadi va yorug‘lik talab etilmaydi. Nafas olishda organik moddalar parchalanadi va yorug‘lik shart emas.

Nafas olish jarayonida o‘simliklar qaysi gazni olib, qaysi gazni ajratib chiqaradi?
  1. Kislorod olib, karbonat angidrid ajratadi
  2. Azot olib, kislorod ajratadi
  3. Kislorod olib, azot ajratadi
  4. Karbonat angidrid olib, kislorod ajratadi

To‘g‘ri javob: Kislorod olib, karbonat angidrid ajratadi. Barglar ko‘pchilik tirik organizmlar kabi kislorod olib, karbonat angidrid ajratadi.

O‘simliklar qaysi vaqtda nafas oladi?
  1. Kecha-kunduz uzluksiz
  2. Faqat kechasi, qorong‘ida
  3. Faqat kunduzi, yorug‘lik tushganda
  4. Faqat ob-havo issiq bo‘lganda

To‘g‘ri javob: Kecha-kunduz uzluksiz. O‘simliklar kecha-kunduz uzluksiz nafas oladi.

Yangi kesilgan bargli novdalar solingan stakanga yonib turgan cho‘p tushirilganda cho‘pning o‘chmasligi nimani bildiradi?
  1. Stakan ichidagi havoda kislorod borligini
  2. Stakan ichidagi havoda karbonat angidrid ko‘pligini
  3. Novdalar nafas olmayotganini
  4. Stakan ichida azot yo‘qligini

To‘g‘ri javob: Stakan ichidagi havoda kislorod borligini. Cho‘p o‘chmasa, stakan havosida kislorod bor.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Yashil o‘simliklar avtotrof organizmlar sifatida yorug‘lik energiyasini yutib, uni organik moddalar hosil qilishga sarflaydi. II. Nafas olishda organik moddalar suv va karbonat angidridgacha parchalanadi. III. Nafas olish natijasida hayotiy faoliyat uchun zarur energiya yutiladi.
  1. I va III
  2. II va III
  3. I, II va III
  4. I va II

To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: nafas olishda energiya yutilmaydi, aksincha ajraladi.

Fotosintezda hosil bo‘lgan shakar o‘simlik to‘qimalarida qaysi moddalarga aylanishi mumkin?
  1. Kraxmal, kletchatka, oqsillar, yog‘lar va vitaminlarga
  2. Suv, karbonat angidrid va mineral tuzlarga
  3. Kislorod, suv va ammiakka
  4. Kul, mineral tuzlar va azotga

To‘g‘ri javob: Kraxmal, kletchatka, oqsillar, yog‘lar va vitaminlarga. Shakar kraxmal, kletchatkaga aylanadi yoki oqsil, yog‘, vitaminlar hosil bo‘lishiga sarflanadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBarglarda organik moddalarning hosil bo‘lishiKeyingi →O‘simliklarning suv bug‘latishi