Kuz faslida o‘simliklar hayotida ro‘y beradigan o‘zgarishlar
Mavzular
Xazonrezgilik va Oltin kuz
Kuzda o‘simliklarda sodir bo‘ladigan muhim biologik o‘zgarishlardan biri xazonrezgilikdir. Ba’zi o‘simliklarda xazonrezgilik sovuq tushmasdan oldin boshlanadi. Ayrim daraxt va butalarning barglari kuz kelishi bilan, ayrimlarniki esa birinchi sovuqdan keyin to‘kila boshlaydi. Masalan, jiyda, zarang, bodom, terak, akatsiya, tikan daraxt va aylantning barglari ancha barvaqt to‘kiladi.
Xalqimiz bu faslni «Oltin kuz» deb ataydi. Buning boisi shundaki, birinchidan, bu davrda juda ko‘p mevalar g‘arq pishadi. Ikkinchidan, ko‘pchilik daraxt va butalarning bargi qizg‘ish, sarg‘ish, qo‘ng‘ir rangga kirib, tabiatga ajoyib manzara baxsh etadi. Bir qator o‘simliklar (nastarin, atirgul, ligustrum)ning bargi uzoq vaqtgacha yashil rangini saqlaydi, hatto qish iliq kelganda bargi to‘kilmay turaveradi.
Barglar rangi nega o‘zgaradi
Kuz kelishi bilan kunlar qisqarib, quyoshdan yerga keladigan yorug‘lik kamayadi. Yorug‘lik yetishmasligi tufayli hujayralarda jiddiy fiziologik jarayonlar sodir bo‘ladi. Natijada barglarga yashil rang beruvchi xloroplastlar yemirilib, yashil barglar asta-sekin sarg‘ish, sarg‘ish-qizg‘ish, qo‘ng‘ir-qizg‘ish ranglarga kiradi.
Barglar nega to‘kiladi
Barglar nima uchun to‘kiladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta (66-rasmga qarang). Barglar bandining novdaga birikkan joyida po‘kak hosil bo‘ladi. Po‘kakning hosil bo‘lishi barglarning to‘kilishidan darak beradi. Barglarning to‘kilishida suv bug‘lanishining ham ahamiyati katta.
Birinchidan, to‘kiladigan barglar orqali bir yil davomida o‘simliklarda to‘planib yotgan keraksiz moddalar chiqarib tashlanadi, ikkinchidan, ayniqsa qishda, barglar orqali suvning bug‘lanishi to‘xtaydi. O‘simlik tinim davriga o‘tadi. Kech kuzda ildiz tuklari sovuq suvni so‘rib ololmaydi, natijada o‘simliklarning yerustki qismi suv bilan ta’minlanmay qoladi. Barglar suv bug‘latishdan to‘xtaydi. Shunday qilib, xazonrezgilik – barg to‘kish yo‘li bilan o‘simliklar qishga tayyorlanadi.

Qishdagi tinim davri
Qishda o‘simliklarda tinim davri boshlanadi, ya’ni oziq moddalar hosil bo‘lishi, hujayradagi shira harakati deyarli to‘xtaydi, nafas olish sekinlashadi. Yil bo‘yi o‘sib, barglari qishda ham saqlanib qoladigan shamshod, archa, qarag‘ay, qora qarag‘ay singari doim yashil o‘simliklar ham ko‘p uchraydi. Shamshod va archa yil davomida barglarini asta-sekin almashtirib turadi. Shu sababli ham u yashil rangini deyarli saqlab qoladi.
Bilimingizni sinang
Quyidagi daraxtlardan qaysi birining bargi kuzda ancha barvaqt to‘kiladi?
- Ligustrum
- Jiyda
- Atirgul
- Nastarin
To‘g‘ri javob: Jiyda. Jiyda, zarang, bodom, terak, akatsiya kabilarning bargi barvaqt to‘kiladi; nastarin, atirgul, ligustrum bargi yashil qoladi.
Xalqimiz kuz faslini nima uchun «Oltin kuz» deb ataydi?
- Chunki bu davrda o‘simliklar tinim davriga o‘tadi va gullaydi
- Chunki bu davrda kunlar uzayib, yorug‘lik ko‘payadi
- Chunki bu davrda ko‘p mevalar g‘arq pishadi va barglar qizg‘ish, sarg‘ish, qo‘ng‘ir tusga kiradi
- Chunki bu davrda barcha daraxtlar bargi to‘kilib bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Chunki bu davrda ko‘p mevalar g‘arq pishadi va barglar qizg‘ish, sarg‘ish, qo‘ng‘ir tusga kiradi. Mevalar g‘arq pishadi va barglar ajoyib ranglarga kiradi.
Kuzda yashil barglarning sarg‘ish va qizg‘ish tusga kirishiga nima sabab bo‘ladi?
- Suv bug‘lanishi kuchayishi
- Xloroplastlar soni ko‘payishi
- Barglar bandida po‘kak hosil bo‘lishi
- Yorug‘lik kamayishi tufayli xloroplastlar yemirilishi
To‘g‘ri javob: Yorug‘lik kamayishi tufayli xloroplastlar yemirilishi. Yorug‘lik kamayishi tufayli yashil rang beruvchi xloroplastlar yemiriladi.
Barglar bandining novdaga birikkan joyida nima hosil bo‘lishi barglarning to‘kilishidan darak beradi?
- Lub
- Yog‘ochlik
- Po‘kak
- Og‘izcha
To‘g‘ri javob: Po‘kak. Barg bandi tagida po‘kak hosil bo‘lishi barg to‘kilishidan darak beradi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. To‘kiladigan barglar orqali bir yil davomida to‘planib yotgan keraksiz moddalar chiqarib tashlanadi. II. Kech kuzda ildiz tuklari sovuq suvni so‘rib ololmaydi. III. Shamshod va archa barglarini bir yo‘la to‘kib tashlaydi.
- II va III
- I va II
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: shamshod va archa barglarini yil davomida asta-sekin almashtirib turadi.
O‘simlikni bargining kuz-qishdagi holati bilan moslang: 1) jiyda; 2) nastarin; 3) shamshod. a) bargi ancha barvaqt to‘kiladi; b) bargi uzoq vaqtgacha yashil rangini saqlaydi; c) doim yashil, barglarini asta-sekin almashtirib turadi.
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-a, 2-c, 3-b
- 1-a, 2-b, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-a, 2-b, 3-c. Jiyda barvaqt barg to‘kadi, nastarin yashil saqlaydi, shamshod esa barglarini asta-sekin almashtiradi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash