O‘simliklarning ko‘payishi
Mavzular
Vegetativ ko‘payish tushunchasi
Ko‘payish – tirik organizmlarning muhim xususiyati. O‘simliklarning ko‘payishi ikki xil usulda: jinssiz va jinsiy usullarda ko‘payadi. Jinssiz ko‘payish yo‘llaridan biri vegetativ ko‘payishdir. O‘simliklarning ildiz, ildizpoya, tugunak, piyozbosh, novda va bargdan ko‘payishiga vegetativ ko‘payish deyiladi.
O‘simliklarning tabiatda vegetativ ko‘payishi. Vegetativ organlar o‘simliklarning oziqlanishida katta rol o‘ynaydi. Ularning yana bir xususiyati shundaki, ayrim o‘simliklar shu organlari ishtirokida ko‘payadi.
Ildizpoya, piyozbosh, ildiz bachkisi
Respublikamizda tabiiy holda o‘sadigan o‘simliklar urug‘dan tashqari, vegetativ organlaridan ham ko‘payadi.
Siz ajriq, g‘umay, salomalaykum, bug‘doyiq kabi o‘simliklarning ildizpoyasidan ko‘payishini yaxshi bilasiz. Shuningdek, lola, boychechak, gladiolus va nargisga o‘xshash piyozboshdan ko‘payadigan o‘simliklar ham bor. Bu o‘simliklar tuproq orasida piyozboshlar hosil qiladi. Kelgusi yili ulardan yangi o‘simliklar o‘sib chiqadi.
Qoraqat, terak, na’matak, olvoli, shirinmiya, yantoq kabi o‘simliklarning ildizidagi kurtaklardan yangi novdalar hosil bo‘ladi. Bu novdalar ildiz bachkisi deyiladi. Kelgusida shu bachkilardan yangi, mustaqil o‘simliklar yetiladi.


Tabiatda vegetativ ko‘payish ahamiyati
Vegetativ yo‘l bilan ko‘payadigan bitta terak daraxti atrofida yer ostidan o‘sib chiqadigan bachkilar hisobiga o‘nlab yangi daraxt tuplari hosil bo‘ladi. Tabiatda daraxt va butalar ma’lum vaqtdan so‘ng qariydi va ularning o‘rnini bachkilardan chiqqan yangi o‘simliklar egallaydi. Shunday qilib, o‘simliklar vegetativ yo‘l bilan ko‘payishda davom etadi (67–68-rasmlar).


Tabiatda turli hodisalar bo‘lib turadi. Masalan, ba’zan yer surilishi yoki suv toshqini natijasida o‘simliklarning shox-shabbasi (masalan, tollar) sernam tuproq ostida qolib, ulardagi kurtaklardan yangi novda o‘sib chiqadi. Shunday qilib, o‘simliklar vegetativ yo‘l bilan ko‘payib, tabiatda o‘z turini saqlab qoladi. Agar ular vegetativ yo‘l bilan ko‘paymaganda edi, urug‘idan ko‘paymaydigan o‘simliklar tabiatda juda ham kamayib, hatto yo‘qolib ketgan bo‘lar edi.
Madaniy o‘simliklar: qalamcha, tugunak
Madaniy o‘simliklarning vegetativ ko‘payishi. O‘simliklarni vegetativ yo‘l bilan ko‘paytirishni odamlar juda qadim zamonlarda bilgan va hozirgacha undan foydalanib keladi. Juda ko‘p madaniy o‘simliklar ildizi, novdasi va barglaridan ko‘paytiriladi.
Masalan, anjir, anor, tok, terak, qoraqat, malina, jiyda, atirgul hamda issiqxonalarda o‘stiriladigan o‘simliklarning aksariyati qalamcha (novda)sidan ko‘paytiriladi. Tok qalamchalari kuzda tok kesish vaqtida tayyorlanadi. Ular 45–50 sm uzunlikda bo‘ladi. Tayyor qalamchalarni bog‘-bog‘ qilib nam chuqurga ko‘mib qo‘yiladi. Bahor kelishi bilan ularni olib dalalarga ekiladi. Kartoshka, batat, shoyigul tugunaklari yordamida ko‘paytiriladi (69-rasm).

Payvandlash: iskana payvand
Payvandlash deganda, bir o‘simlikning ma’lum qismini ikkinchi o‘simlikka turli usullar bilan o‘rnatish tushuniladi. Payvandlashning juda ko‘p usullari bor (kurtak, iskana payvand). Iskana payvand, asosan, erta bahorda, daraxtlarda shira harakati boshlanishidan oldin (fevral oyining oxiridan aprel oyigacha) qilinadi.
Payvand uchun maqsadga muvofiq nav (payvandust)dan yillik novdalar shira harakati boshlanmasdan oldin kesib olinib, maxsus salqin joylarda saqlanadi. Payvand qilish muddati kelishi bilan qalamchalar kattaroq yoshdagi daraxtlarning shoxlariga yoki tanasi (yoshroq tuplar)ga o‘rnatiladi. Payvand uchun olingan novdalarda 2–3 tadan kurtak qoldirilib kesiladi va pastki qismi ponaga o‘xshatib kesiladi. Payvandtag tekis arralanib, pona orqali 2 yoki 4 ga ajratiladi. Tayyor qalamchalar payvandtagdagi yoriqlarga po‘stlog‘i po‘stlog‘iga tegadigan qilib mahkam o‘rnatiladi. Shundan so‘ng ponalar olib tashlanadi va qalamcha o‘rnatilgan joyga maxsus mumsimon modda suriladi yoki mustahkam chiptalar bilan bog‘lab qo‘yiladi.
Kurtak payvand
Payvandlardan eng ko‘p tarqalgani kurtak payvanddir. Payvandlash uchun kesib olinadigan kurtakli qalamcha payvandust deyiladi. Payvand qilish uchun o‘stirilgan urug‘ko‘chat payvandtag deyiladi. Payvandlash uchun kurtaklari tinim davrida bo‘lgan bir yillik, quyoshda toblangan novdalar kesib olinadi.
Payvandlash uchun dastlab payvandtag po‘stlog‘i o‘tkir pichoq bilan «T» harfi shaklida kesiladi. Kesilgan joy po‘stlog‘i asta-sekin keriladi. Ulanadigan kurtak biroz po‘stloq va yog‘ochligi bilan birga kesib olinadi va payvandtagdagi ochilgan po‘stloq orasiga joylanadi, so‘ngra yuqoridan pastga qarab chipta bilan o‘rab bog‘lanadi. Payvand qilingan kurtaklarning tutgan-tutmaganligi 6–10 kunda bilinadi. Kurtagidan payvandlash, asosan, avgust oyida o‘tkaziladi.
Jingalak va parxish
Vegetativ yo‘l bilan ko‘payadigan o‘simliklardan yana biri qulupnaydir. U, asosan, jingalagidan ko‘payadi. Bitta asosiy tupdagi poyalarning sudralib o‘sishi hisobiga bir necha tup qulupnay hosil bo‘ladi. Asosiy tupdan o‘sib chiqqan sudraluvchi yosh novdasi jingalak deyiladi. Yozda qulay sharoitda jingalakdagi kurtaklardan barg va ildizchali kichik o‘simlik tupi rivojlanadi (70-rasm).

Bundan tashqari, ayrim o‘simliklarning tugunagi va piyozboshi kesib yoki bo‘laklarga bo‘lib ekiladi. Ba’zi madaniy o‘simliklar parxish yo‘li bilan ko‘paytiriladi (tok, atirgul, qoraqat). Bunda o‘simliklar novdasining ma’lum qismi asosiy poyadan ajratilmagan holda tuproqqa ko‘miladi. Ko‘milgan novda ildiz hosil qilgandan keyin asosiy poyadan ajratiladi.
Shunday qilib, tez va yuqori hosil olish, yaxshi sifatli navlarni saqlab qolish hamda ko‘paytirish maqsadida madaniy o‘simliklar vegetativ yo‘l bilan ko‘paytiriladi.
Bilimingizni sinang
Tok qalamchalari qachon va qanday uzunlikda tayyorlanadi?
- Yozda, 100–120 sm uzunlikda
- Kuzda tok kesish vaqtida, 10–15 sm uzunlikda
- Kuzda tok kesish vaqtida, 45–50 sm uzunlikda
- Bahorda, 45–50 sm uzunlikda
To‘g‘ri javob: Kuzda tok kesish vaqtida, 45–50 sm uzunlikda. Tok qalamchalari kuzda tok kesilganda tayyorlanadi va 45–50 sm uzunlikda bo‘ladi.
Parxish yo‘li bilan ko‘paytirishda tuproqqa ko‘milgan novda qachon asosiy poyadan ajratiladi?
- Birinchi gulini ochgandan keyin
- Tuproqqa ko‘milgan zahoti
- Ildiz hosil qilgandan keyin
- Kurtaklari uyg‘onmasdan oldin
To‘g‘ri javob: Ildiz hosil qilgandan keyin. Novda asosiy poyadan ajratilmagan holda ko‘miladi va ildiz hosil qilgandan keyingina ajratiladi.
O‘simliklar jinssiz va jinsiy usulda ko‘payadi. Vegetativ ko‘payish qaysi usulga kiradi?
- Changlanish orqali ko‘payishga
- Jinssiz ko‘payishga
- Jinsiy ko‘payishga
- Urug‘dan ko‘payishga
To‘g‘ri javob: Jinssiz ko‘payishga. Vegetativ ko‘payish jinssiz ko‘payish yo‘llaridan biridir.
Agar o‘simliklar vegetativ yo‘l bilan ko‘paymaganda edi, tabiatda qaysi o‘simliklar juda kamayib, hatto yo‘qolib ketgan bo‘lar edi?
- Urug‘idan ko‘paymaydigan o‘simliklar
- Shamol yordamida changlanadigan o‘simliklar
- Faqat bir yillik o‘tlar
- Faqat urug‘idan ko‘payadigan o‘simliklar
To‘g‘ri javob: Urug‘idan ko‘paymaydigan o‘simliklar. Urug‘idan ko‘paymaydigan o‘simliklar turini faqat vegetativ ko‘payish saqlab qoladi.
Vegetativ yo‘l bilan ko‘payadigan bitta terak daraxti atrofida yer ostidan o‘sib chiqadigan bachkilar hisobiga nima hosil bo‘ladi?
- Bitta yangi daraxt tupi
- O‘nlab yangi daraxt tuplari
- Faqat bir nechta urug‘
- Yangi daraxt tuplari hosil bo‘lmaydi
To‘g‘ri javob: O‘nlab yangi daraxt tuplari. Bachkilar tufayli bitta terakdan o‘nlab yangi daraxt tuplari paydo bo‘ladi.
Quyidagi o‘simliklardan qaysi biri ham ildiz bachkisi, ham qalamcha orqali ko‘payishi mumkin?
- Kartoshka
- Lola
- Qoraqat
- Qulupnay
To‘g‘ri javob: Qoraqat. Qoraqat ildiz bachkisidan ham, qalamchadan ham ko‘payadi; qulupnay jingalakdan, lola piyozboshdan, kartoshka tugunakdan ko‘payadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Iskana payvand fevral oyining oxiridan aprel oyigacha qilinadi; II. Payvand uchun olingan novdalarda 2–3 tadan kurtak qoldiriladi; III. Payvandtag pona orqali 3 yoki 5 ga ajratiladi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: payvandtag pona orqali 2 yoki 4 ga ajratiladi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Kurtak payvandda payvandtag po‘stlog‘i «T» harfi shaklida kesiladi; II. Payvandlash uchun kesib olinadigan kurtakli qalamcha payvandtag deyiladi; III. Payvand qilingan kurtaklarning tutgan-tutmaganligi 6–10 kunda bilinadi.
- I va II
- II va III
- Faqat III
- I va III
To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: kesib olinadigan kurtakli qalamcha payvandust, o‘stirilgan urug‘ko‘chat esa payvandtag deyiladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash