XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 32-§.

Gullarning changlanishi

Mavzular

Changlanish va uning turlari

Changdonda yetilgan changlarning urug‘chi tumshuqchasiga tushishiga changlanish deyiladi.

Changlanish chetdan changlanish, o‘z-o‘zidan changlanish (71-rasm) va sun’iy changlanishga bo‘linadi.

71-rasm. Changlanish jarayoni: 1 – o‘zidan changlanish (changdon, urug‘chining tumshuqchasi)
71-rasm. Changlanish jarayoni: 1 – o‘zidan changlanish (changdon, urug‘chining tumshuqchasi)
71-rasm. Changlanish jarayoni: 2 – chetdan changlanish
71-rasm. Changlanish jarayoni: 2 – chetdan changlanish

Chetdan changlanish va hasharotlar

Gullarning chetdan changlanishi. Ko‘pchilik o‘simliklar gulining changi va urug‘chisi bir vaqtda yetilmaydi. Shuning uchun ham bitta guldagi chang shu guldagi tumshuqchani changlay olmaydi. Bunday holda bir gulning changi boshqa guldagi urug‘chining tumshuqchasiga tushishi kerak. Yetilib yorilgan changdondan chiqqan changning hasharotlar, shamol, suv, qushlar va o‘zga vositalar yordamida boshqa gulning tumshuqchasiga tushishiga chetdan changlanish deyiladi.

Gullar ochilgan vaqtda xushbo‘y hid taratib hasharotlarni o‘ziga jalb qiladi. Gullardan ular o‘ziga kerak bo‘lgan narsa – chang va xushbo‘y asal shirasi (nektar)ni oladi. Ular gullardagi chang va nektarni turli a’zolari (xartumi, oyoqlari, tuklari) yordamida olib o‘tadi. Yetilgan urug‘chining tumshuqchasi nam va yopishqoq bo‘lib, tushgan changni tutib qoladi (72-rasm).

72-rasm. Gul changining asalarilar yordamida guldan gulga o‘tishi
72-rasm. Gul changining asalarilar yordamida guldan gulga o‘tishi

Hasharot yordamida changlanish

Hasharotlar yordamida changlanuvchi o‘simliklarga olma, o‘rik, nok, beda, oqquray, g‘o‘za kabilar kiradi.

Mevali daraxtlar va g‘o‘za gullaganda bog‘bonlar va paxtakorlar asalari qutilarini bog‘larga va paxta dalalariga olib chiqishadi. Bundan maqsad, birinchidan, gullarni changlatib, mo‘l hosil olish bo‘lsa, ikkinchidan, yaxshi sifatli, xushbo‘y asal yetishtirishdir. Bir gramm asal yig‘ish uchun har bir asalari minglab guldan gulga qo‘nadi.

Shamol bilan changlanish

Shunday o‘simliklar borki, ularning guli faqat shamol yordamida changlanadi. Bunday o‘simliklarning gullari ko‘rimsiz, mayda va hidsiz, changi yengil va ko‘p bo‘ladi. Chang shamol yordamida bir guldan boshqa gulga o‘tsa, bunday o‘simliklar shamol yordamida changlanadigan o‘simliklar deyiladi (bug‘doy, arpa, sholi, suli, tol, terak, yong‘oq va boshqalar). Shamol yordamida changlanadigan ko‘pgina o‘simliklar (tol, terak, yong‘oq) avval gullab, keyin barg chiqaradi.

73-rasm. Makkajo‘xori gulini sun’iy changlatish
73-rasm. Makkajo‘xori gulini sun’iy changlatish

Bug‘doy shamol yordamida changlanadigan o‘simlikdir. Uning guli ikki jinsli. Bug‘doy gullari murakkab boshoqda o‘rnashgan bo‘lib, changchilari boshoqdan tashqarida osilib turadi. Shamol esgan vaqtda tebrangan changchi gullardagi changdonlar bir-biriga urilib yoriladi va ulardan chang sochiladi. Shamol yordamida bu changlar boshoqdan urug‘chi gulning tumshuqchasiga o‘tadi. Bordi-yu, shamol esmay, chang boshoqdagi hamma tumshuqchalarga tushmay qolsa, u holda siyrak donli boshoq hosil bo‘ladi va hosildorlik pasayib ketadi.

O‘z-o‘zidan va sun’iy changlanish

Gullarning o‘z-o‘zidan changlanishi. Agar bir tup o‘simlik changchisidagi chang shu guldagi urug‘chining tumshuqchasiga tushsa, bunday changlanish o‘z-o‘zidan changlanish deyiladi. Bunday changlanish changdondagi chang va urug‘chilar bir vaqtda yetilgandagina sodir bo‘ladi. O‘z-o‘zidan changlanadigan o‘simliklarda, odatda, urug‘chi changchiga nisbatan qisqaroq bo‘ladi.

Sun’iy changlatish. Agar o‘simlikning guli odamlar tomonidan changlantiriladigan bo‘lsa, uni sun’iy changlatish deyiladi. Sun’iy changlatishda yetilgan boshqa yoki shu o‘simlikning changi olinib, shu yoki boshqa o‘simlikning yetilgan guli tumshuqchasiga o‘tkaziladi. Makkajo‘xori gullari, ko‘pincha, sun’iy yo‘l bilan qo‘shimcha changlantiriladi. Buning uchun makkajo‘xori changi maxsus idishlarga yig‘ib olinadi, so‘ngra gullarning tumshuqchasiga sepiladi (73-rasm). Sun’iy changlatish usulidan hosildorlikni oshirishda va asosan yangi navlarni yaratishda foydalaniladi.

Bilimingizni sinang

Changdonda yetilgan changlarning urug‘chi tumshuqchasiga tushishi nima deyiladi?
  1. Chang naychasining o‘sishi
  2. Changlanish
  3. Qo‘sh urug‘lanish
  4. Urug‘lanish

To‘g‘ri javob: Changlanish. Changning urug‘chi tumshuqchasiga tushishi changlanish deyiladi; urug‘lanish esa jinsiy hujayralarning qo‘shilishidir.

Quyidagi o‘simliklardan qaysi biri hasharotlar yordamida changlanadi?
  1. Sholi
  2. G‘o‘za
  3. Yong‘oq
  4. Bug‘doy

To‘g‘ri javob: G‘o‘za. G‘o‘za hasharotlar changlatadigan o‘simlik; bug‘doy, yong‘oq va sholi shamol yordamida changlanadi.

Mevali daraxtlar va g‘o‘za gullaganda bog‘bonlar va paxtakorlar asalari qutilarini dalalarga nima maqsadda olib chiqishadi?
  1. Meva urug‘larini uzoq joylarga tarqatish uchun
  2. Gullarni sun’iy changlatish uchun changni yig‘ish uchun
  3. Zararkunandalarni yo‘qotish va tuproqni unumdor qilish uchun
  4. Gullarni changlatib, mo‘l hosil va sifatli asal olish uchun

To‘g‘ri javob: Gullarni changlatib, mo‘l hosil va sifatli asal olish uchun. Asalarilar gullarni changlatib hosilni oshiradi va xushbo‘y asal yetishtirishga imkon beradi.

Bug‘doyda shamol esmay, chang boshoqdagi hamma tumshuqchalarga tushmay qolsa, qanday oqibat yuz beradi?
  1. Boshoq gullamaydi
  2. Boshoq hasharotlar yordamida changlanadi
  3. Mo‘l hosilli zich boshoq hosil bo‘ladi
  4. Siyrak donli boshoq hosil bo‘lib, hosildorlik pasayadi

To‘g‘ri javob: Siyrak donli boshoq hosil bo‘lib, hosildorlik pasayadi. Changlanmagan tumshuqchalarda don tugilmaydi, shuning uchun boshoq siyrak donli bo‘lib, hosildorlik pasayadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. O‘z-o‘zidan changlanish chang va urug‘chi turli vaqtda yetilganda sodir bo‘ladi; II. O‘z-o‘zidan changlanadigan o‘simliklarda urug‘chi odatda changchidan qisqaroq bo‘ladi; III. Sun’iy changlatish hosildorlikni oshirishda va yangi navlar yaratishda qo‘llanadi.
  1. Faqat II
  2. I va II
  3. II va III
  4. I va III

To‘g‘ri javob: II va III. I noto‘g‘ri: o‘z-o‘zidan changlanish chang va urug‘chi bir vaqtda yetilgandagina sodir bo‘ladi.

Changlanish turini mohiyati bilan moslang: 1) chetdan changlanish; 2) o‘z-o‘zidan changlanish; 3) sun’iy changlatish. a) chang odamlar tomonidan tumshuqchaga o‘tkaziladi; b) chang hasharot, shamol, suv yoki qushlar yordamida boshqa gulga o‘tadi; c) chang shu guldagi tumshuqchaga tushadi.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-c, 3-a
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-b, 2-a, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Chetdan changlanishda chang boshqa gulga o‘tadi, o‘z-o‘zidan changlanishda shu gulga tushadi, sun’iy changlatishda odam o‘tkazadi.

Bug‘doyda changlanish jarayonini to‘g‘ri ketma-ketlikda joylashtiring: 1) chang boshoqdan urug‘chi gul tumshuqchasiga o‘tadi; 2) shamol esganda changchilar tebranadi; 3) changdonlar bir-biriga urilib yoriladi; 4) changdonlardan chang sochiladi.
  1. 2-4-3-1
  2. 3-2-4-1
  3. 2-3-4-1
  4. 2-3-1-4

To‘g‘ri javob: 2-3-4-1. Changchilar tebranadi, changdonlar urilib yoriladi, chang sochiladi va tumshuqchaga o‘tadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘simliklarning ko‘payishiKeyingi →Gulli o‘simliklarning jinsiy ko‘payishi. Urug‘lanish