XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 33-§.

Gulli o‘simliklarning jinsiy ko‘payishi. Urug‘lanish

Mavzular

Urug‘lanish va chang tuzilishi

Changchi va urug‘chidagi jinsiy hujayralarning qo‘shilish jarayoni urug‘lanish deyiladi. Bu yangi organizm demakdir.

Shubhasiz, chang nima, u qanday tuzilgan, degan savol tug‘iladi. Bitta changdonda yuzlab va minglab chang donachalari yetiladi. Chang o‘simliklarning turiga qarab har xil shaklda va kattalikda bo‘ladi. Uni zamonaviy mikroskoplarda ko‘rish mumkin.

Har bir chang donachasi mayda-yirik ikkita hujayradan tuzilgan. Ana shu hujayralarning yirigi vegetativ hujayra, maydasi jinsiy (generativ) hujayra deb ataladi. Ularning har birida sitoplazma va yadro bo‘ladi.

Chang naychasining o‘sishi

Urug‘chi tumshuqchasiga tushgan chang o‘simliklar tomonidan tumshuqcha yuzasining notekisligi va undan ajralib chiqib turadigan yopishqoq shira orqali ushlanib qoladi. Ushlanib qolgan chang asta-sekin o‘sa boshlaydi. Uning vegetativ hujayrasi o‘sib, uzun va ingichka naycha hosil qiladi.

Generativ hujayra bo‘linib, ikkita sperma hosil qiladi. Chang naychasi tez o‘sib, urug‘chidagi tumshuqcha hamda ustuncha ichiga kiradi va tuguncha tomon o‘sadi. Chang naychalari turli tezlikda o‘sadi. Ulardan bittasi qolganlaridan o‘zib ketib, tuguncha ichidagi urug‘kurtakkacha borib yetadi.

Qo‘sh urug‘lanish

Hosil bo‘lgan ikkita sperma chang naychasi orqali urug‘kurtakka borib, ichiga kiradi. Shu vaqtning o‘zida urug‘kurtak ichida tuxum hujayra va markaziy hujayralar yetilgan bo‘ladi. Spermalardan biri tuxum hujayra bilan, ikkinchisi markaziy hujayra bilan qo‘shiladi. Bu jarayon gulli o‘simliklarda urug‘lanish (qo‘sh urug‘lanish) deb ataladi (74-rasm).

74-rasm. Gulli o‘simliklarda qo‘sh urug‘lanish jarayoni (1-qism): chang donasi, tumshuqcha, ustuncha, tuguncha, markaziy hujayra, murtak xalta, urug‘kurtak, tuxum hujayra
74-rasm. Gulli o‘simliklarda qo‘sh urug‘lanish jarayoni (1-qism): chang donasi, tumshuqcha, ustuncha, tuguncha, markaziy hujayra, murtak xalta, urug‘kurtak, tuxum hujayra
74-rasm. Gulli o‘simliklarda qo‘sh urug‘lanish jarayoni (2-qism): spermiylar, chang naychasi, spermiyning markaziy hujayra bilan qo‘shilishi, spermiyning tuxum hujayra bilan qo‘shilishi
74-rasm. Gulli o‘simliklarda qo‘sh urug‘lanish jarayoni (2-qism): spermiylar, chang naychasi, spermiyning markaziy hujayra bilan qo‘shilishi, spermiyning tuxum hujayra bilan qo‘shilishi

Urug‘ va meva hosil bo‘lishi

Urug‘kurtakning urug‘langan hujayralari ko‘p marta bo‘lina boshlaydi. Urug‘langan tuxum hujayradan murtak, urug‘langan markaziy hujayradan esa endosperm rivojlanadi. Murtak bilan endosperm birgalikda urug‘ hosil qiladi. Shunday qilib, qo‘sh urug‘lanishdan so‘ng urug‘kurtak urug‘ga aylanadi. Uning po‘stidan shu urug‘ni o‘rab turadigan po‘st, tuguncha va gulning boshqa qismlaridan esa meva hosil bo‘ladi.

Agar tugunchada faqat bitta urug‘kurtak bo‘lsa, u urug‘langandan keyin bir urug‘li meva rivojlanadi (masalan, o‘rik, olcha, gilos, shaftoli). Bordi-yu, tugunchada ko‘p urug‘kurtak bo‘lsa, u holda chang naychalari ularga ko‘plab o‘sib kiradi. Buning natijasida bir nechta urug‘li meva hosil bo‘ladi (masalan, lola va g‘o‘za).

Bilimingizni sinang

Chang donachasi ikkita hujayradan tuzilgan. Ularning yirigi va maydasi qanday ataladi?
  1. Yirigi – vegetativ, maydasi – generativ hujayra
  2. Yirigi – markaziy hujayra, maydasi – tuxum hujayra
  3. Yirigi – tuxum hujayra, maydasi – sperma
  4. Yirigi – generativ, maydasi – vegetativ hujayra

To‘g‘ri javob: Yirigi – vegetativ, maydasi – generativ hujayra. Chang donachasining yirik hujayrasi vegetativ, mayda hujayrasi jinsiy (generativ) hujayra deyiladi.

Qo‘sh urug‘lanishdan so‘ng urug‘langan markaziy hujayradan nima rivojlanadi?
  1. Urug‘ po‘sti
  2. Endosperm
  3. Murtak
  4. Tuguncha

To‘g‘ri javob: Endosperm. Urug‘langan tuxum hujayradan murtak, urug‘langan markaziy hujayradan endosperm rivojlanadi.

O‘rik va g‘o‘za mevalarini taqqoslang. Qaysi javob to‘g‘ri?
  1. Ikkalasida ham bitta urug‘kurtak va bir urug‘li meva hosil bo‘ladi
  2. Ikkalasida ham ko‘p urug‘kurtak va ko‘p urug‘li meva hosil bo‘ladi
  3. O‘rikda ko‘p urug‘kurtak – ko‘p urug‘li meva; g‘o‘zada bitta urug‘kurtak – bir urug‘li meva
  4. O‘rikda bitta urug‘kurtak – bir urug‘li meva; g‘o‘zada ko‘p urug‘kurtak – ko‘p urug‘li meva

To‘g‘ri javob: O‘rikda bitta urug‘kurtak – bir urug‘li meva; g‘o‘zada ko‘p urug‘kurtak – ko‘p urug‘li meva. Tugunchada bitta urug‘kurtak bo‘lsa bir urug‘li meva (o‘rik), ko‘p bo‘lsa ko‘p urug‘li meva (g‘o‘za) hosil bo‘ladi.

Urug‘lanishdan keyin rivojlanuvchi qismlarni moslang: 1) urug‘langan tuxum hujayra; 2) urug‘langan markaziy hujayra; 3) tuguncha va gulning boshqa qismlari. a) endosperm; b) murtak; c) meva.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-c, 3-a
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-b, 2-a, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Tuxum hujayradan murtak, markaziy hujayradan endosperm, tuguncha va gulning boshqa qismlaridan meva hosil bo‘ladi.

Chang naychasining rivojlanishini ketma-ketlikda joylashtiring: 1) naycha ustuncha ichiga kirib, tuguncha tomon o‘sadi; 2) chang tumshuqchada ushlanib qoladi; 3) vegetativ hujayra o‘sib, naycha hosil qiladi; 4) naychalardan biri urug‘kurtakkacha yetib boradi.
  1. 3-2-1-4
  2. 2-3-1-4
  3. 2-1-3-4
  4. 2-3-4-1

To‘g‘ri javob: 2-3-1-4. Chang ushlanadi, vegetativ hujayradan naycha o‘sadi, tuguncha tomon yo‘naladi va bittasi urug‘kurtakka yetadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiGullarning changlanishiKeyingi →Meva va urug‘larning tarqalishi