Meva va urug‘larning tarqalishi
Mavzular
Tarqalish usullari. Avtoxo‘rlar
O‘simliklarning turi qancha ko‘p bo‘lsa, ularning mevasi va urug‘i ham shuncha xilma-xil bo‘ladi. Shunga ko‘ra, ular tabiatda va madaniy sharoitda turli xil yo‘llar bilan tarqaladi. Tabiatda o‘simliklar million yillar davomida shamol, hayvonlar, qushlar, hasharotlar, suv yordamida va boshqa usullar bilan tarqalib ko‘payishga moslashgan.
Meva va urug‘larning tarqalishi, ko‘p jihatdan, ularning tuzilishi (morfologiyasi)ga bog‘liq. Meva va urug‘larini o‘z kuchi bilan tarqatadigan o‘simliklarga avtoxo‘r o‘simliklar deyiladi. Bunga xina, ko‘pchilik dukkakli o‘simliklar, burchoq, itqovun (o‘qotar bodring), yorongul kabilar misol bo‘ladi. Bularning urug‘i mevasi, ichki bosim, pallalarining chatnashi yoki buralishi hisobiga tashqariga otilib chiqadi.
Shamol yordamida tarqalish
Shamol yordamida tarqaladigan o‘simliklarning mevalari nihoyatda yengil bo‘ladi. Ayrim turlarning mevalari bir necha, hatto 50 va undan ham ortiq kilometrgacha uchib boradi. Masalan, terak, tol, qoqio‘t, qo‘g‘a kabi mevalarning uchida joylashgan bir tutam popuk (tuk)lar hisobiga uchadi. Qayrag‘och, shumtol, saksovul, cherkez, boyalish, baliqko‘z, zarang, rovoch, jud kabilarda meva atrofini o‘rab olgan qanotchalar orqali shamolda bir yerdan ikkinchi yerga tarqalib o‘tadi.
Suv yordamida tarqalish
Meva va urug‘larning tarqalishida suv katta rol o‘ynaydi. Ayrim o‘simliklarning mevalari suv o‘tkazmaydigan qobiqqa ega bo‘lganligi tufayli suv (dengiz, daryo, ko‘l va ariqlar)da uzoq masofalarga, hatto bir necha kun mobaynida qalqib borish yo‘li bilan tarqaladi. Bularga nilufar, g‘umay, kurmak, machin, qo‘ypechak, zarpechak, zubturum, qurttana kabilar kiradi.
Hayvonlar va odam yordamida
Aksariyat o‘simliklarning mevalaridagi moslamalari (gajagi, tikani, shirasi, hidi) orqali hayvonlar, qushlar, hasharotlar yordamida tarqaladi. Shuni ham aytish kerakki, hayvonlar iste’mol qiladigan o‘simliklarning soni qancha ko‘p bo‘lsa, ularning meva va urug‘lari shuncha keng tarqaladi. Hayvonlar meva va urug‘larni iste’mol qilib, chiqindilari orqali ham uzoq yerlarga olib borib tashlaydi. Qushlar ham seret shirali mevalarni yutib, hazm bo‘lmaydigan danak va urug‘larini uzoq masofalarga tarqatadi.
Meva va urug‘larni yer yuzi bo‘ylab tarqatishda odamga teng keladigan omil yo‘q desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki odamlar meva yoki urug‘ni uzoq o‘lka, davlat va qit’alarga turli usullar bilan olib o‘tishi mumkin. Masalan: o‘tmishda Xorazmdan Amerikaga yantoq urug‘i beda urug‘iga qo‘shilib borib qolgan.
Bilimingizni sinang
Quyidagi o‘simliklardan qaysi biri meva va urug‘ini o‘z kuchi bilan tarqatadi?
- Xina
- Qayrag‘och
- Terak
- Nilufar
To‘g‘ri javob: Xina. Xina avtoxo‘r o‘simlik: urug‘i ichki bosim va pallalarning chatnashi hisobiga otilib chiqadi.
O‘tmishda Xorazmdan Amerikaga beda urug‘iga qo‘shilib borib qolgan o‘simlik urug‘i qaysi?
- Terak
- G‘o‘za
- Yantoq
- Zarpechak
To‘g‘ri javob: Yantoq. Odam omili tufayli yantoq urug‘i beda urug‘iga qo‘shilib Xorazmdan Amerikaga borib qolgan.
Nima sababdan ayrim o‘simliklarning mevalari suvda bir necha kun qalqib, uzoq masofalarga tarqalishi mumkin?
- Suv o‘tkazmaydigan qobiqqa ega
- Ichki bosim bilan otilib chiqadi
- Uchida bir tutam popuki bor
- Tikanli va yopishqoq bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Suv o‘tkazmaydigan qobiqqa ega. Suv o‘tkazmaydigan qobiq mevani cho‘ktirmaydi, shuning uchun u suvda uzoq masofalarga qalqib boradi.
Terak va qayrag‘och mevalarining shamolda tarqalish moslamalarini taqqoslang. Qaysi javob to‘g‘ri?
- Terakda uchidagi popuklar, qayrag‘ochda atrofidagi qanotchalar
- Terakda atrofidagi qanotchalar, qayrag‘ochda uchidagi popuklar
- Ikkalasi ham ichki bosim bilan otilib tarqaladi
- Ikkalasida ham uchidagi popuklar bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Terakda uchidagi popuklar, qayrag‘ochda atrofidagi qanotchalar. Terak mevasi uchidagi popuklar hisobiga, qayrag‘och mevasi atrofidagi qanotchalar orqali tarqaladi.
O‘simlikni tarqalish usuli bilan moslang: 1) nilufar; 2) xina; 3) qayrag‘och. a) mevasidagi qanotchalar orqali shamolda; b) o‘z kuchi bilan, ichki bosim hisobiga otilib; c) suvda qalqib borish orqali.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-b, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Nilufar mevasi suvda qalqib, xina ichki bosim bilan otilib, qayrag‘och qanotchalari bilan shamolda tarqaladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash