Urug‘larning unib chiqishi
Mavzular
Unish sharti: suv
Urug‘lar biologik xossasiga ko‘ra turli muddatda yetiladi va turli sharoitda unib chiqadi. Urug‘ning unib chiqish xususiyati ba’zi o‘simliklarda bir yil saqlansa, boshqalarida 10–100 yil ham saqlanishi mumkin.
Har bir urug‘ning unib chiqishi uchun ma’lum sharoit zarur. Aks holda u unmaydi. Birinchi navbatda, ular ma’lum muddatli tinim davrini o‘tishi zarur. Urug‘lar suvni o‘ziga shimib olib, bo‘rta boshlaydi va katta bosim ostida o‘sadi. Ana shu bosim kuchi ostida urug‘lar po‘stini yorib yuboradi.
Suv faqat urug‘larning bo‘rtishi uchun emas, balki rivojlanayotgan maysalarning oziqlanishi uchun ham zarur, chunki unda urug‘dagi oziq moddalar eriydi, kraxmal shakarga aylanadi. Bug‘doy maysasidan tayyorlanadigan sumalakning shirin bo‘lishiga sabab ham ana shunda.
Havo, chuqurlik, harorat
Urug‘larning unishi uchun havo ham juda zarur. Urug‘lar tez va bir tekis unib chiqishi uchun tuproq yumshoq, o‘rtacha namlikda bo‘lishi kerak. Urug‘lar o‘lchamiga qarab turlicha chuqurlikda ekiladi. Ularning unib chiqish harorati har xil.
Odatda, yirik urug‘lar maydalariga qaraganda chuqurroq ekiladi, chunki yirik urug‘da oziq moddalari ko‘p bo‘ladi. Maysalar shu oziq hisobiga tuproq yuzasiga oson unib chiqadi.
Urug‘ning unib chiqishi uchun zarur omillardan yana biri haroratdir. Turli o‘simliklar urug‘i unib chiqishi uchun turli xil haroratni talab qiladi (76-rasm).

O‘rik, shaftoli, bodom kabi o‘simliklarning danagi qattiq bo‘lgani uchun sekin unadi, ularning danagi kuzda ekiladi.
Nish va uning oziqlanishi
Nish – urug‘dan endigina o‘sib chiqqan kalta va nozik o‘simta. Bobodehqonlarimiz una boshlagan urug‘ga «urug‘ nish urdi» deb, bejiz aytmaganlar. Nishning o‘sishi uchun oziq moddalar zarur. Bu moddalar nishga urug‘pallalar va endospermdan o‘tadi. Oziq moddalar hujayra sitoplazmasiga faqat suvda erigandan keyin o‘ta oladi. Turli jarayonlar natijasida o‘zgargan organik moddalar suvda erib, murtakka o‘tadi. Natijada murtak qismlarining hujayralari oziqlanadi.
Urug‘da oziq moddalar qancha ko‘p bo‘lsa, nish shuncha yaxshi rivojlanadi. Demak, oziq moddalari ko‘p bo‘lgan yirik urug‘lardan baquvvat, mo‘l hosil beradigan o‘simliklar yetiladi. Urug‘larni saralab ekishning mohiyati ham ana shunda.
Maysaga aylanish
O‘sish davomida nishda o‘simlikning organlari shakllana boshlaydi. Uning yosh ildizchasi tuproq ichkarisiga kirib boradi. Kurtakli poyachasi esa tuproq yuziga o‘sib chiqadi. Ikki urug‘pallali o‘simliklarning urug‘palla barglari shakllanadi. Urug‘palla barglari yer yuziga chiqqandan so‘ng yashil rangga kiradi va kunlar o‘tishi bilan undagi oziq moddalar kamayib boradi. Natijada ular yupqalashadi, bujmayadi va sarg‘ayib to‘kilib ketadi. Nish o‘sib, asta-sekin maysaga aylanadi. Maysalar fotosintez jarayonida hosil bo‘lgan moddalardan oziqlana boshlaydi.
Ikki urug‘pallali o‘simliklarning nishi ikkita urug‘palla bargi bilan yer yuzasiga chiqadi (77-rasm).

Bir urug‘pallali o‘simliklar
Bir urug‘pallali o‘simliklardan bug‘doy, arpa, makkajo‘xorining urug‘idan nish o‘sib chiqishi bilan endospermada to‘plangan oziq moddalar tugaydi va u bo‘sh xaltachaga o‘xshab tuproq orasida qolib ketadi (78-rasm).
Bilimingizni sinang
Urug‘dan endigina o‘sib chiqqan kalta va nozik o‘simta nima deyiladi?
- Murtak
- Urug‘palla
- Maysa
- Nish
To‘g‘ri javob: Nish. Urug‘dan endigina o‘sib chiqqan kalta va nozik o‘simta nish deyiladi.
Urug‘ning unib chiqish xususiyati ba’zi o‘simliklarda bir yil saqlansa, boshqalarida necha yilgacha saqlanishi mumkin?
- 10–100 yil
- 500 yildan ortiq
- 2–5 yil
- 150–200 yil
To‘g‘ri javob: 10–100 yil. Ayrim o‘simliklar urug‘ining unuvchanligi 10–100 yil ham saqlanadi.
Danagi qattiq bo‘lgani uchun sekin unadigan va kuzda ekiladigan o‘simliklar qaysilar?
- Bug‘doy, arpa, makkajo‘xori
- Kartoshka, batat, shoyigul
- O‘rik, shaftoli, bodom
- Lola, nargis, boychechak
To‘g‘ri javob: O‘rik, shaftoli, bodom. O‘rik, shaftoli va bodom danagi qattiq, shuning uchun sekin unadi va kuzda ekiladi.
Nima uchun yirik urug‘lar maydalariga qaraganda odatda chuqurroq ekiladi?
- Yirik urug‘ yorug‘likni yaxshi ko‘radi
- Oziq moddasi ko‘p bo‘lib, maysa shu hisobiga yuzaga chiqadi
- Yirik urug‘lar suvni kam talab qiladi
- Yirik urug‘ning po‘sti juda qalin bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Oziq moddasi ko‘p bo‘lib, maysa shu hisobiga yuzaga chiqadi. Yirik urug‘da oziq moddalari ko‘p, maysa shu oziq hisobiga chuqurdan ham tuproq yuzasiga chiqa oladi.
Bug‘doy maysasidan tayyorlanadigan sumalak nima uchun shirin bo‘ladi?
- Oqsil yog‘ga aylanadi
- Yog‘ kraxmalga aylanadi
- Shakar kraxmalga aylanadi
- Kraxmal shakarga aylanadi
To‘g‘ri javob: Kraxmal shakarga aylanadi. Suv ishtirokida urug‘dagi oziq moddalar eriydi va kraxmal shakarga aylanadi, shuning uchun sumalak shirin.
Unayotgan urug‘ning po‘sti nima ta’sirida yorilib ketadi?
- Tuproq mikroorganizmlari ta’sirida
- Yorug‘lik nuri ta’sirida
- Havo oqimi ta’sirida
- Suvni shimib bo‘rtgan urug‘ning katta bosimi ta’sirida
To‘g‘ri javob: Suvni shimib bo‘rtgan urug‘ning katta bosimi ta’sirida. Urug‘ suvni shimib bo‘rtadi, hosil bo‘lgan katta bosim po‘stni yorib yuboradi.
Nish va maysaning oziqlanish manbalarini taqqoslang. Qaysi javob to‘g‘ri?
- Ikkalasi ham faqat tuproqdagi organik moddalardan oziqlanadi
- Nish fotosintez moddalaridan, maysa urug‘pallalardagi oziqdan oziqlanadi
- Ikkalasi ham faqat endospermdagi oziqdan foydalanadi
- Nish urug‘palla va endospermdagi oziqdan, maysa fotosintez moddalaridan oziqlanadi
To‘g‘ri javob: Nish urug‘palla va endospermdagi oziqdan, maysa fotosintez moddalaridan oziqlanadi. Nish urug‘pallalar va endospermdagi oziqdan, maysa esa o‘zi fotosintezda hosil qilgan moddalardan oziqlanadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Urug‘lar ma’lum muddatli tinim davrini o‘tishi zarur; II. Oziq moddalar hujayra sitoplazmasiga faqat suvda erigandan keyin o‘ta oladi; III. Yirik urug‘lar maydalariga qaraganda sayozroq ekiladi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: yirik urug‘lar maydalariga qaraganda chuqurroq ekiladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash