XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 36-§.

O‘simlik – yaxlit organizm

Mavzular

Umumiylik: hujayra, to‘qima, organ

Yer yuzidagi yashil o‘simliklar qancha ko‘p va xilma-xil bo‘lmasin, ular orasida juda katta umumiylik va o‘xshashlik bor. Bu umumiylik, birinchi navbatda, o‘simlik organlarining hujayralardan tuzilganligidir.

O‘simliklarda tuzilishi o‘xshash va muayyan bir xil vazifani bajaradigan hujayralar yig‘ilib, to‘qima hosil qiladi. O‘simliklar esa organlardan tashkil topgan. Ildiz, poya, barg, gul va mevalar uning asosiy organlari hisoblanadi.

Organlarning bog‘liqligi

O‘simliklarning organlari bir-biri bilan mustahkam bog‘langan. Agar bir organ ishdan chiqsa, qolganlarining ham faoliyati buziladi.

O‘simlik tirik organizm, u oziqlanadi, nafas oladi, o‘sadi, gullab, meva beradi, ko‘payadi. Bir organda hosil bo‘lgan moddalar boshqa organlarga o‘tib, ularning o‘sishi va rivojlanishi uchun sarflanadi. Masalan, bargda fotosintez jarayonida hosil bo‘lgan oziq moddalardan o‘simliklarning boshqa barcha organlari foydalanadi. Yoki ildiz orqali tuproqdan olinadigan suv va unda erigan mineral moddalar o‘simliklarning har bir hujayrasigacha yetib boradi.

G‘o‘za misolida

Organlardagi umumiylikni ifodalash uchun g‘o‘za misolida ayrim organlarning ishi bilan tanishib chiqamiz.

G‘o‘za o‘qildiz tizimli o‘simlik. U ildiz tizimi orqali suv va unda erigan mineral tuzlarni tinimsiz shimib oladi va poyaga uzatadi. Poya esa, o‘z navbatida, uni naychalari orqali barglarga o‘tkazadi. Barglarda (fotosintez jarayonida) o‘simlikning o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur organik moddalar hosil bo‘ladi.

Organlar o‘rtasidagi bog‘liqlik kurtak, g‘uncha va mevalar misolida yanada yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ularning bir holatdan ikkinchisiga o‘tishida ildiz bilan barg juda muhim rol o‘ynaydi. G‘o‘za shonalagandan keyin pastki qismidan yuqoriga qarab gullay boshlaydi. Oldin ochilgan gullarda hosil bo‘lgan ko‘saklar boshqalariga qaraganda ertaroq yetiladi. Qolgan ko‘saklarni ham o‘simlik, o‘z navbatida, oziq moddalar bilan ta’minlab turadi.

Kuz kelib, o‘simlikning barglari to‘kilib yoki sovuq urib ketmaguncha uning hamma organlari o‘zaro bog‘liq holda o‘sadi va rivojlanadi.

Tashqi muhit va moslashish

O‘simliklar dunyosini tashqi muhit, ayniqsa, u o‘sib turgan joysiz tasavvur etib bo‘lmaydi. O‘simlikning o‘sishi va rivojlanishi uchun tuproq, suv, yorug‘lik, harorat, kislorod nihoyatda zarur. Yorug‘liksiz bargda organik moddalar hosil bo‘lmasligi sizga ma’lum.

Tog‘lardagi archalar hech qachon cho‘lda jazirama qumlarda saksovullar bilan yonma-yon o‘smaydi. Saksovulning ildizi shu qadar mustahkamki, ular ozuqa va namlik qidirib, hatto 0,5–1 m li gips qatlamlarini teshib o‘tadi. Yantoqning ildizi esa 25–30 m gacha chuqurlikka tushib, o‘zini yerosti suvi bilan ta’minlaydi.

Bilimingizni sinang

Tuzilishi o‘xshash va muayyan bir xil vazifani bajaradigan hujayralar yig‘ilib nimani hosil qiladi?
  1. Organizmni
  2. Organoidni
  3. To‘qimani
  4. Organni

To‘g‘ri javob: To‘qimani. Tuzilishi o‘xshash va bir xil vazifani bajaradigan hujayralar to‘qima hosil qiladi.

Nima uchun o‘simlikning bir organi ishdan chiqsa, qolgan organlarining faoliyati ham buziladi?
  1. Barcha organlar faqat ildizdan ozuqa oladi
  2. Har bir organ mustaqil ishlaydi va boshqasiga bog‘liq emas
  3. Organlar o‘zaro mustahkam bog‘langan, moddalar bir organdan boshqasiga o‘tadi
  4. Organlar faqat bir xil to‘qimadan tuzilgan

To‘g‘ri javob: Organlar o‘zaro mustahkam bog‘langan, moddalar bir organdan boshqasiga o‘tadi. Organlar bir-biri bilan mustahkam bog‘langan, bir organda hosil bo‘lgan moddalar boshqalarining o‘sishiga sarflanadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. G‘o‘za o‘qildiz tizimli o‘simlik; II. G‘o‘za shonalagandan keyin yuqoridan pastga qarab gullay boshlaydi; III. Oldin ochilgan gullarda hosil bo‘lgan ko‘saklar boshqalariga qaraganda ertaroq yetiladi.
  1. II va III
  2. I va II
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: g‘o‘za shonalagandan keyin pastki qismidan yuqoriga qarab gullaydi.

Tuzilish darajalarini oddiydan murakkabga qarab joylashtiring: 1) organ; 2) to‘qima; 3) hujayra; 4) o‘simlik organizmi.
  1. 2-3-1-4
  2. 3-1-2-4
  3. 3-2-4-1
  4. 3-2-1-4

To‘g‘ri javob: 3-2-1-4. Hujayralar to‘qimani, to‘qimalar organni, organlar esa butun o‘simlikni tashkil etadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiUrug‘larning unib chiqishiKeyingi →O‘simliklarga ekologik omillarning ta’siri