XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 38-§.

O‘simliklar sistematikasi haqida tushuncha

Mavzular

Sistematika nima

O‘simliklarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi belgilarning o‘xshashlik darajasiga qarab o‘simliklar dunyosini ma’lum tartib – sistema (tizim)ga solish o‘simliklar sistematikasi deb ataladi. O‘simliklar sistematikasi botanika fanining asosiy qismi bo‘lib, unda o‘simliklar kelib chiqishi, o‘xshashlik darajasi va tarixiy rivojlanishiga qarab guruhlar – sistematik birliklarga bo‘linadi.

O‘simliklar sistematikasida quyidagi sistematik birliklar qabul qilingan: tur, turkum, oila, sinf (ajdod), bo‘lim va o‘simliklar dunyosi.

Tur va turkum

O‘simliklar sistematikasidagi eng kichik birlik turdir.

Tur – hamma organlari bir-biriga o‘xshash, ma’lum maydonda uchraydigan o‘simliklarni o‘z ichiga oladi. Masalan, sariq do‘lanani olaylik. U bitta tur. Lekin tog‘larda bu turga kiradigan o‘simlik tuplari keng tarqalgan. Ular guli, mevasi, bargi va boshqa belgilari bilan juda o‘xshash. Shuning uchun ular bir turga kiradi.

Turkum – bir-biriga yaqin turlardan tashkil topgan.

Binar nomenklatura

79-rasm. O‘simliklar sistematikasidagi birliklar sxemasi: o‘simliklar dunyosi – bo‘lim – sinf – oila – turkum – tur.
79-rasm. O‘simliklar sistematikasidagi birliklar sxemasi: o‘simliklar dunyosi – bo‘lim – sinf – oila – turkum – tur.

Fanda o‘simliklarni qo‘shaloq (ikki) nom bilan – tur va turkumning nomlari bilan atash (binar nomenklatura) qabul qilingan. Turni ikki nom bilan atashni birinchi bo‘lib shved tabiatshunosi Karl Linney (1707–1778) fanga kiritgan. Masalan, sarimsoq piyoz yoki anzur piyozdagi sarimsoq va anzur so‘zlari turga tegishli, piyoz so‘zi esa turkumga tegishli nom bo‘lib, bu shu turlarning piyoz turkumiga oid ekanligini bildiradi.

Fanda har bir turning mahalliy nomlaridan tashqari yana ilmiy, ya’ni «lotincha» nomi ham bor. Istalgan o‘simlikning ilmiy nomini maxsus kitoblar (floradan yoki o‘simliklar aniqlagichi)dan topish mumkin.

Oila va sinf

Bir-biriga yaqin turkumlar qo‘shilib oilani tashkil qiladi. Masalan, bodom, olma, o‘rik, na’matak, do‘lana kabi turkumlar birlashib, ra’nodoshlar oilasini tashkil etadi (79-rasm).

Ayrim belgilari bilan bir-biriga juda o‘xshagan va kelib chiqishi jihatidan yaqin bo‘lgan oilalar birlashib, sinfni tashkil qiladi. Masalan, bir urug‘pallali o‘simliklardan tashkil topgan loladoshlar, bug‘doydoshlar (boshoqdoshlar), chuchmomadoshlar kabi oilalar to‘planib, bir urug‘pallali o‘simliklar sinfini hosil qiladi. Ikki urug‘pallali o‘simliklardan tashkil topgan ra’nodoshlar, ituzumdoshlar, gulxayridoshlar kabi oilalar birlashib, ikki urug‘pallali o‘simliklar sinfini tashkil qiladi.

Bo‘lim va o‘simliklar dunyosi

Bir urug‘pallalilar va ikki urug‘pallalilar sinfiga oid o‘simliklarning hammasi ham gulli o‘simliklar bo‘lganligi uchun bu ikkala sinf qo‘shilib, gulli o‘simliklar yoki yopiq urug‘li o‘simliklar bo‘limini vujudga keltiradi.

O‘simliklar dunyosi esa o‘simliklar sistematikasidagi eng katta sistematik birlik bo‘lib, yopiq urug‘li o‘simliklar, ochiq urug‘li o‘simliklar, qirqquloqtoifa, yo‘sintoifa, yashil suvo‘tlar va hokazo bo‘limlarni o‘z ichiga oladi.

Sistematik birliklarning ketma-ketligini g‘o‘za misolida ko‘rishingiz mumkin.

Bilimingizni sinang

O‘simliklar sistematikasidagi sistematik birliklar ichida eng kichigi qaysi?
  1. Sinf (ajdod)
  2. Oila
  3. Tur
  4. Turkum

To‘g‘ri javob: Tur. Sistematikada eng kichik birlik – tur; turkum, oila, sinf undan keyingi, kattaroq birliklardir.

Turni ikki nom bilan atash (binar nomenklatura)ni birinchi bo‘lib fanga kim kiritgan?
  1. Fransuz olimi Jan Batist Lamark
  2. Ingliz olimi Charlz Darvin
  3. Shved tabiatshunosi Karl Linney
  4. Rus olimi Kliment Timiryazev

To‘g‘ri javob: Shved tabiatshunosi Karl Linney. Binar nomenklaturani birinchi bo‘lib shved tabiatshunosi Karl Linney (1707–1778) fanga kiritgan.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Oilani bir-biriga yaqin turkumlar tashkil etadi; II. Sinf bir-biriga yaqin turlardan tashkil topadi; III. O‘simliklar dunyosi sistematikadagi eng katta birlikdir.
  1. I va II
  2. I va III
  3. II va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: sinfni yaqin turlar emas, kelib chiqishi yaqin oilalar tashkil qiladi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Bodom, olma, o‘rik, na’matak, do‘lana turkumlari gulxayridoshlar oilasini tashkil etadi; II. Loladoshlar va bug‘doydoshlar bir urug‘pallalilar sinfiga kiradi; III. Ra’nodoshlar va ituzumdoshlar ikki urug‘pallalilar sinfiga kiradi.
  1. I va II
  2. I va III
  3. II va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: II va III. I noto‘g‘ri: bu turkumlar gulxayridoshlar emas, ra’nodoshlar oilasini tashkil etadi.

G‘o‘za misolida sistematik birliklarni ularning nomlari bilan moslang: 1) Bo‘lim; 2) Oila; 3) Turkum; a) G‘o‘za; b) Gulxayridoshlar; c) Gulli o‘simliklar (magnoliya toifa).
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-c, 3-a
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. G‘o‘za: bo‘lim – gulli o‘simliklar, oila – gulxayridoshlar, turkum – g‘o‘za.

Sistematik birliklarni eng kichigidan eng kattasiga qarab ketma-ketlikda joylashtiring: 1) oila; 2) tur; 3) sinf (ajdod); 4) turkum.
  1. 2-1-4-3
  2. 2-4-1-3
  3. 4-2-1-3
  4. 2-4-3-1

To‘g‘ri javob: 2-4-1-3. Tartib kichikdan kattaga: tur, turkum, oila, sinf.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘simliklarga ekologik omillarning ta’siriKeyingi →Suvo‘tlar. Bir hujayrali yashil suvo‘tlar