XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 39-§.

Suvo‘tlar. Bir hujayrali yashil suvo‘tlar

Mavzular

Suvo‘tlar – tuban o‘simliklar

Suvo‘tlar (tuban) ancha sodda tuzilgan o‘simliklar bo‘lib, ularning tanasi ildiz, poya va barglarga bo‘linmagan. Suvo‘tlar orasida bir hujayrali va ko‘p hujayralilari ham bor. Tuban o‘simliklar tanasi qattana yoki tallom (ildiz, poya va bargga bo‘linmagan tana) deb ataladi.

Tuban o‘simliklarni suvo‘tlar tashkil etadi. Suvo‘tlar, asosan, suvda yashaydigan, hujayralarida xlorofill donachalarini saqlaydigan va yorug‘lik ta’sirida organik moddalar hosil qiladigan tuban o‘simliklar.

Suvo‘t turlari va tarqalishi

Hozirgi vaqtda suvo‘tlarning fanga ma’lum bo‘lgan turlari 30 000 ga yaqin bo‘lib, ular orasida ko‘k-yashil, sarg‘ish-yashil, yashil, qo‘ng‘ir, qizil va sariq suvo‘tlar bor. Bu suvo‘tlarning hujayralarida xlorofilldan tashqari yana har xil rang beradigan pigmentlar bor.

Suvo‘tlarning suvdan tashqarida – zax tuproqlarda, sernam sharoitda o‘suvchi daraxtlar po‘stlog‘ida, to‘nkalarda, daryo yoqasidagi toshlar ustida o‘suvchi turlari ham uchraydi.

Suvo‘tlar orasida oddiy ko‘z bilan deyarli ko‘rib bo‘lmaydigan, bir hujayrali turlari bilan bir qatorda tanasi bir necha metr keladigan ko‘p hujayrali turlari ham bor.

Gullab qolgan suv va xlorella

Bir hujayrali suvo‘tlar juda mayda – oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan organizmlardir. Lekin ularning to‘plamlarini oddiy ko‘z bilan ko‘rish mumkin. Yozda ariq, hovuzda uzoq turib qolgan ko‘lmak suvlar yashil rangga kirib qoladi. Bunday suvni «gullab qolgan suv» deyishadi. Aslida yashil g‘ubor ham, suvning yashil rangi ham to‘planib qolgan bir hujayrali suvo‘tlardir.

Agar «gullab qolgan suv»ning bir tomchisini buyum oynasiga tomizib, mikroskop ostida qaralsa, bu suvda bir talay mayda tirik xlorelladoshlar oilasiga mansub bir hujayrali yashil suvo‘t – oddiy xlorellani ko‘rish mumkin (80-rasm).

Xlorellaning tuzilishi

Bu hujayraning usti yupqa va mustahkam qobiq bilan o‘ralgan. Ichida boshqa o‘simliklar hujayrasida bo‘lgani kabi, sitoplazma bilan yadro bor. Hujayrada sitoplazma va yadrodan tashqari xlorofill bilan yashil rangga bo‘yalgan xromatofor ham joylashgan.

80-rasm. Xlorella: 1 – hujayra qobig‘i; 2 – sitoplazma; 3 – yadro; 4 – xromatofor.
80-rasm. Xlorella: 1 – hujayra qobig‘i; 2 – sitoplazma; 3 – yadro; 4 – xromatofor.

Xromatofor yuksak o‘simliklar bargidagi xloroplast vazifasini bajaradi. Yorug‘lik ta’sirida unda suv va karbonat angidriddan kraxmal, oqsil va boshqa organik moddalar hosil bo‘ladi, suvga esa kislorod ajralib chiqadi. Xlorella suvni ham, unda erigan karbonat angidrid va mineral tuzlarni ham po‘sti orqali shimib oladi.

Xlorellaning ko‘payishi

Xlorella jinssiz – hujayrasining bo‘linishi yo‘li bilan ko‘payadi. Bunda ona hujayra ichidagi tirik qism 4 yoki 8 teng bo‘lakka bo‘linadi va bu bo‘laklarning har biri alohida qobiq bilan o‘ralib, mayda hujayrachalarga aylanadi. Ular suvga chiqadi va har biri o‘sib mustaqil yashovchi xlorellaga aylanadi.

Xlorella juda tez ko‘payadi. Bir kecha-kunduz yashagan har bir yosh hujayra ham bo‘lina boshlaydi. Bitta xlorella avlodi bir oy ichida ko‘payib, bir necha millionga yetishi mumkin.

Kuz kelishi bilan xlorella qalin, zich qobiqqa o‘ralib, sporaga aylanadi va shu holda qishlaydi. Bahor kelib, qulay sharoit tug‘ilgach, spora shaklida qishlagan hujayraning oddiy bo‘linishi natijasida bir necha xlorella hosil bo‘ladi. Ular hujayra qobig‘ini yorib chiqadi va mustaqil hayot kechira boshlaydi.

Xlamidomonada

81-rasm. Xlamidomonada: 1 – qobig‘i; 2 – yadro; 3 – ko‘zcha; 4 – xivchin; 5 – qisqaruvchi vakuola; 6 – xromatofor.
81-rasm. Xlamidomonada: 1 – qobig‘i; 2 – yadro; 3 – ko‘zcha; 4 – xivchin; 5 – qisqaruvchi vakuola; 6 – xromatofor.

Xlamidomonadadoshlar oilasiga mansub bir hujayrali yana bir suvo‘t – xlamidomonadadir (81-rasm). U ko‘pincha iflos va azotli birikmalarga boy suv havzalarida uchraydi, ba’zan akvarium devorlarida ham o‘sadi.

Bilimingizni sinang

Hozirgi vaqtda fanga ma’lum suvo‘t turlarining soni taxminan qancha?
  1. 3 000 ga yaqin
  2. 3 000 000 ga yaqin
  3. 30 000 ga yaqin
  4. 300 000 ga yaqin

To‘g‘ri javob: 30 000 ga yaqin. Suvo‘tlarning fanga ma’lum turlari 30 000 ga yaqin.

Yozda ariq va hovuzlarda uzoq turib qolgan ko‘lmak suvning yashil rangga kirishiga («gullab qolgan suv») nima sabab bo‘ladi?
  1. Suv betidagi yuksak o‘simliklarning barglari
  2. To‘planib qolgan bir hujayrali suvo‘tlar
  3. Suvda erigan mis tuzlarining ko‘pligi
  4. Suvda ko‘payib ketgan bakteriyalar

To‘g‘ri javob: To‘planib qolgan bir hujayrali suvo‘tlar. Suvning yashil rangi ham, yashil g‘ubor ham to‘planib qolgan bir hujayrali suvo‘tlardir.

Xlorella hujayrasidagi xromatofor qanday vazifani bajaradi?
  1. Hujayrani tashqi ta’sirlardan himoya qiladi
  2. Suvni va mineral tuzlarni po‘st orqali shimadi
  3. Hujayraning bo‘linishini boshqaradi
  4. Yorug‘likda suv va karbonat angidriddan organik moddalar hosil qiladi

To‘g‘ri javob: Yorug‘likda suv va karbonat angidriddan organik moddalar hosil qiladi. Xromatofor xloroplast vazifasini bajaradi: yorug‘likda kraxmal, oqsil hosil qiladi va kislorod ajratadi.

Xlorella qishning noqulay sharoitini qanday o‘tkazadi?
  1. Qalin, zich qobiqqa o‘ralib, sporaga aylanadi
  2. Ona hujayra ichida 8 ta gametaga bo‘linadi
  3. Mayda hujayrachalarga bo‘linib, suvda harakatlanadi
  4. Suv tagiga cho‘kib, zoosporaga aylanadi

To‘g‘ri javob: Qalin, zich qobiqqa o‘ralib, sporaga aylanadi. Kuzda xlorella qalin, zich qobiqqa o‘ralib sporaga aylanadi va shu holda qishlaydi.

Xlorellaning yozgi va kuzgi hayot holatini taqqoslang. Qaysi javob to‘g‘ri?
  1. Yozda sporaga aylanadi, kuzda hujayra bo‘linishi bilan ko‘payadi
  2. Yozda ham, kuzda ham faqat sporalar orqali ko‘payadi
  3. Yozda hujayra bo‘linishi bilan ko‘payadi, kuzda qalin qobiqli sporaga aylanadi
  4. Yozda jinsiy yo‘l bilan, kuzda vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi

To‘g‘ri javob: Yozda hujayra bo‘linishi bilan ko‘payadi, kuzda qalin qobiqli sporaga aylanadi. Xlorella odatda hujayra bo‘linishi bilan ko‘payadi, kuzda esa qalin qobiqli sporaga aylanib qishlaydi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Xlorella jinssiz yo‘l bilan ko‘payadi; II. Ona hujayra ichidagi tirik qism 4 yoki 8 teng bo‘lakka bo‘linadi; III. Xlorella suvni va mineral tuzlarni ildizlari orqali shimib oladi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: xlorella suvni, karbonat angidrid va mineral tuzlarni po‘sti orqali shimadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Suvo‘tlar hujayralarida xlorofilldan tashqari rang beruvchi boshqa pigmentlar ham bor; II. Suvo‘tlar faqat suvda yashaydi, suvdan tashqarida uchramaydi; III. Suvo‘tlar orasida tanasi bir necha metr keladigan ko‘p hujayrali turlari ham bor.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: suvo‘tlar zax tuproqda, daraxt po‘stlog‘ida, toshlar ustida ham o‘sadi.

Tushuncha va ta’rifni moslang: 1) Tallom; 2) Gullab qolgan suv; 3) Xromatofor; a) ildiz, poya va bargga bo‘linmagan tana; b) yozda ko‘lmak suvning bir hujayrali suvo‘tlardan yashil tusga kirishi; c) xlorofillli, xloroplast vazifasini bajaruvchi tuzilma.
  1. 1-a, 2-c, 3-b
  2. 1-a, 2-b, 3-c
  3. 1-b, 2-a, 3-c
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-a, 2-b, 3-c. Tallom – bo‘linmagan tana; gullab qolgan suv – suvo‘tlar ko‘payishidan yashil suv; xromatofor – xloroplast vazifasini bajaradi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘simliklar sistematikasi haqida tushunchaKeyingi →Ko‘p hujayrali yashil suvo‘tlar