XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 40-§.

Ko‘p hujayrali yashil suvo‘tlar

Mavzular

Ko‘p hujayrali suvo‘tlar

Chuchuk suvlarda yashaydigan ko‘p hujayrali suvo‘tlarning ko‘pchiligi oddiy yoki shoxlanib ketgan iplar shaklida bo‘ladi. Ularga xos belgilardan biri o‘sish davrida hujayralarining to‘xtovsiz bo‘linib turishi natijasida qattananing doim o‘sib kattalashib borishidir. Bularga ulotriks, spirogira, kladofora va xara kabi suvo‘tlar misol bo‘ladi.

Ulotriksning tuzilishi

Daryo va soylarimizda ko‘p uchraydigan belbog‘li ulotriks suv betiga yaqin joylashgan suv tagidagi toshlar, yog‘ochlar va boshqa narsalarga yopishib o‘sadi (82-rasm).

Ulotriks tanasi ipsimon tallomdan iborat bo‘lib, zanjirsimon tizilgan bir xil hujayralardan tashkil topgan. U shoxlamaydi. Uning suv tagidagi narsalarga birikkan hujayrasi rizoid deb ataladi. Boshqa hujayralari yashil, qisqa silindr shaklida bo‘lib, bir qator joylashgan. Har bir hujayraning qobig‘i, sitoplazmasi, mag‘zi va o‘rtasida belbog‘ ko‘rinishidagi xromatoforasi bor.

82-rasm. Ulotriks: A. 1 – ulotriks hujayralari; B. Ulotriksning jinssiz ko‘payishi: 1 – zoosporalar; 2 – yosh ulotriks.
82-rasm. Ulotriks: A. 1 – ulotriks hujayralari; B. Ulotriksning jinssiz ko‘payishi: 1 – zoosporalar; 2 – yosh ulotriks.
82-rasm. Ulotriks: D. Ulotriksning jinsiy ko‘payishi: 1 – izogametalar; 2 – izogametalarning qo‘shilishi; 3 – zigota; 4 – yosh ulotrikslar.
82-rasm. Ulotriks: D. Ulotriksning jinsiy ko‘payishi: 1 – izogametalar; 2 – izogametalarning qo‘shilishi; 3 – zigota; 4 – yosh ulotrikslar.

Ulotriksning jinssiz ko‘payishi

Ulotriks jinssiz va jinsiy yo‘l bilan ko‘payadi. Jinssiz ko‘payishida ulotriks hujayrasi 4 yoki 8 ta hujayrachalarga bo‘linadi. Yosh hujayrachalar ona hujayra qobig‘ini yorib, suvga chiqadi. Ular 4 dona xivchini yordamida suvda suza boshlaydi. Bu hujayralar zoosporalar deb ataladi.

Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, zoosporalar harakatdan to‘xtab, suv tagidagi narsalarga yopishadi va ko‘ndalangiga ikkiga bo‘linadi. Pastki qismida rizoid hosil bo‘ladi; ustki qismi esa xromatoforli bo‘lib, suvo‘tning vegetativ hujayrasini hosil qiladi. Vegetativ hujayraning o‘sib, ko‘p marta ko‘ndalangiga bo‘linishi natijasida ulotriksning ipi hosil bo‘ladi.

Ulotriksning jinsiy ko‘payishi

Ulotriksning jinsiy ko‘payishida teng kattalikdagi ikki xivchinli izogametalar hosil bo‘ladi. Ular suvda suzib yuradi, bir-birlari bilan juft-juft bo‘lib qo‘shilib, zigota hosil qiladi. Zigota qalin po‘st bilan qoplanadi va tinim davri tugagach to‘rtta hujayraga bo‘linadi. To‘rtta hujayraning hammasi o‘sib, ulotriksning yangi ipiga aylanadi.

Spirogira va kladofora

Hovuzlarda, zovurlarda va sekin oqadigan suvlarda ko‘p uchraydigan suvo‘tlardan yana biri spirogiradir (83-rasm).

83-rasm. Spirogira: 1 – yadro; 2 – sitoplazma; 3 – xromatofor; 4 – vakuol.
83-rasm. Spirogira: 1 – yadro; 2 – sitoplazma; 3 – xromatofor; 4 – vakuol.

Spirogira iplari shoxlanmagan va yirik silindrsimon hujayralardan tuzilgan bo‘lib, hech narsaga yopishmay, suvda erkin holda qalqib turadi.

O‘zbekistonning daryo, ko‘l va suv omborlarida yashil suvo‘tlardan kladoforani ko‘p uchratish mumkin. U yirik, tallomi shoxlangan suvo‘t, uning bo‘yi ba’zan 1 m ga yetadi.

Xara va akademik Muzaffarov

Ariq, hovuz, ko‘l va sholipoyalarda keng tarqalgan begona o‘t – xara ham ko‘p hujayrali suvo‘tlar qatoriga kiradi. Uning bo‘yi 30–60 sm uzunlikdagi sershox o‘simlik.

O‘zbekistondagi suvo‘tlarni o‘rganishda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi A. M. Muzaffarovning xizmatlari katta. U O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekiston suv havzalaridagi suvo‘tlarni o‘rganib, ulardan xalq xo‘jaligida foydalanish yo‘llarini ko‘rsatib berdi.

Bilimingizni sinang

Ulotriksning suv tagidagi narsalarga birikkan hujayrasi nima deb ataladi?
  1. Rizoid
  2. Zoospora
  3. Xromatofor
  4. Izogameta

To‘g‘ri javob: Rizoid. Ulotriksning suv tagidagi narsalarga birikkan hujayrasi rizoid deyiladi.

Kladofora suvo‘tining tallomi qanday va bo‘yi ba’zan qancha bo‘ladi?
  1. Shoxlangan, bo‘yi 1 m gacha
  2. Shoxlanmagan, bo‘yi 30–60 sm gacha
  3. Shoxlangan, bo‘yi 6–12 m gacha
  4. Shoxlanmagan, bo‘yi 10–15 sm gacha

To‘g‘ri javob: Shoxlangan, bo‘yi 1 m gacha. Kladofora – yirik, tallomi shoxlangan suvo‘t, bo‘yi ba’zan 1 m ga yetadi.

O‘zbekiston suv havzalaridagi suvo‘tlarni o‘rganib, ulardan xalq xo‘jaligida foydalanish yo‘llarini ko‘rsatgan akademik kim?
  1. K. A. Timiryazev
  2. N. I. Vavilov
  3. I. I. Mechnikov
  4. A. M. Muzaffarov

To‘g‘ri javob: A. M. Muzaffarov. O‘zbekiston suvo‘tlarini o‘rganishda akademik A. M. Muzaffarovning xizmatlari katta.

Ulotriksning jinssiz ko‘payishida hosil bo‘lgan zoosporalar suvda qanday suzadi?
  1. Tanasining ko‘ndalang qisqarishi bilan
  2. Ikkita xivchin yordamida
  3. To‘rtta xivchin yordamida
  4. Rizoidlari yordamida

To‘g‘ri javob: To‘rtta xivchin yordamida. Zoosporalar 4 dona xivchin yordamida suvda suzadi.

Ulotriks va spirogirani yashash tarziga ko‘ra taqqoslang. Qaysi javob to‘g‘ri?
  1. Spirogira suv tagidagi narsalarga yopishadi, ulotriks esa suvda erkin qalqib turadi
  2. Ikkalasi ham hech narsaga yopishmay, suvda erkin qalqib turadi
  3. Ikkalasi ham suv tagidagi toshlarga yopishib o‘sadi
  4. Ulotriks suv tagidagi narsalarga yopishadi, spirogira esa suvda erkin qalqib turadi

To‘g‘ri javob: Ulotriks suv tagidagi narsalarga yopishadi, spirogira esa suvda erkin qalqib turadi. Ulotriks suv tagidagi narsalarga yopishadi; spirogira hech narsaga yopishmay, suvda erkin holda qalqib turadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Ulotriksning jinsiy ko‘payishida teng kattalikdagi ikki xivchinli izogametalar hosil bo‘ladi; II. Zigota tinim davri tugagach ikkita hujayraga bo‘linadi; III. Ulotriks zoosporalari 4 ta xivchinga ega.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: zigota tinim davridan so‘ng to‘rtta hujayraga bo‘linadi.

Ulotriksning jinssiz ko‘payish bosqichlarini to‘g‘ri ketma-ketlikda joylashtiring: 1) zoospora harakatdan to‘xtab, suv tagidagi narsaga yopishadi; 2) hujayrachalar ona qobig‘ini yorib suvga chiqadi va suzadi; 3) ulotriks hujayrasi 4 yoki 8 hujayrachaga bo‘linadi; 4) pastki qismida rizoid hosil bo‘ladi.
  1. 2-3-1-4
  2. 3-1-2-4
  3. 3-2-1-4
  4. 1-3-2-4

To‘g‘ri javob: 3-2-1-4. Avval hujayra bo‘linadi, zoosporalar suvga chiqib suzadi, so‘ng yopishadi va rizoid hosil bo‘ladi.

Rasmda 4 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. izogametalarning qo‘shilishi
  2. izogametalar
  3. yosh ulotrikslar
  4. zigota

To‘g‘ri javob: yosh ulotrikslar. 82-rasm. Ulotriks: D. Ulotriksning jinsiy ko‘payishi: 1 – izogametalar; 2 – izogametalarning qo‘shilishi; 3 – zigota; 4 – yosh ulotrikslar.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSuvo‘tlar. Bir hujayrali yashil suvo‘tlarKeyingi →Qo‘ng‘ir va qizil suvo‘tlar bo‘limlari