XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 41-§.

Qo‘ng‘ir va qizil suvo‘tlar bo‘limlari

Mavzular

Dengiz suvo‘tlarining xususiyati

Dengiz suvo‘tlarining bo‘yi bir necha santimetrdan 60–70 m gacha boradi. Ular suv tagidagi loy, qum, tosh va boshqa narsalarga yopishib o‘sadi.

Dengiz suvo‘tlari chuchuk suv suvo‘tlaridan xromatoforida xlorofilldan tashqari yana karotin (sariq), ksantofil (zarg‘aldoq) hamda qo‘ng‘ir va qizil rang beruvchi pigmentlar bo‘lishi bilan farq qiladi.

Yapon laminariyasining tuzilishi

Dengizda tarqalgan suvo‘tlarga misol qilib, laminariya turkumiga oid yapon laminariyasini keltirish mumkin (84-rasm).

84-rasm. 1 – Qo‘ng‘ir suvo‘t: yapon laminariyasi; 2 – Qizil suvo‘t: porfira; 3 – Yashil suvo‘t: ulva.
84-rasm. 1 – Qo‘ng‘ir suvo‘t: yapon laminariyasi; 2 – Qizil suvo‘t: porfira; 3 – Yashil suvo‘t: ulva.

Yapon laminariyasi yirik o‘simlik bo‘lib, tanasining yuqori qismi uzun tasmasimon, bo‘yi 6–12 m, eni 10–75 sm keladi. Pastki qismi esa kalta silindrsimon yoki novsimon.

Yashash joyi va ko‘payishi

Yapon laminariyasi dengiz qirg‘og‘idan boshlab, to 25–35 m chuqurlikkacha bo‘lgan va suvning doimo harakatlanib turadigan yerlarida o‘sadi. U, ayniqsa, Yapon dengizining shimoliy qismida keng tarqalgan.

Yapon laminariyasi jinssiz (zoosporalar orqali) va jinsiy yo‘llar bilan ko‘payadi.

Yapon laminariyasi tanasida ko‘p miqdorda darmondorilar, shakar va boshqa moddalar to‘planadi. Shuning uchun ham odamlar unga «Dengiz karami» deb nom qo‘yishgan.

Dengiz suvo‘tlarining ahamiyati

Laminariyadan tashqari qizil suvo‘t – nemalion va yashil suvo‘t – ulva kabi dengiz suvo‘tlari ovqatga ishlatiladi.

Norvegiya, Islandiya, Shotlandiya, Irlandiya va Angliya kabi mamlakatlarda uy hayvonlari suvo‘tlar bilan boqiladi, chunki ular o‘zlarining kimyoviy tarkibi jihatidan yaxshi sifatli xashakdan qolishmaydi.

Sanoatda dengiz suvo‘tlaridan yod va brom olinadi. Qizil suvo‘tlarga mansub filloforadan agar-agar olinadi.

Agar-agar oziq-ovqat sanoatida marmelad va muzqaymoq tayyorlashda ko‘p ishlatiladi. Bundan tashqari, agar-agar laboratoriyalarda bakteriyalar va zamburug‘lar kabi organizmlarni o‘stirish uchun oziq sifatida ham qo‘llaniladi.

Bilimingizni sinang

Yapon laminariyasi tanasining yuqori qismi uzun tasmasimon bo‘lib, bo‘yi qancha keladi?
  1. 1–2 m
  2. 60–70 m
  3. 25–35 m
  4. 6–12 m

To‘g‘ri javob: 6–12 m. Yapon laminariyasi tanasining yuqori qismi tasmasimon, bo‘yi 6–12 m, eni 10–75 sm.

Norvegiya, Islandiya va Shotlandiya kabi mamlakatlarda uy hayvonlari nima uchun suvo‘tlar bilan boqiladi?
  1. Suvo‘tlar quruq o‘tdan arzonroq va yengilroq quriydi
  2. Suvo‘tlar hayvonlar uchun dori vazifasini o‘taydi
  3. Suvo‘tlar yodga juda boy bo‘lgani uchun
  4. Kimyoviy tarkibi jihatidan yaxshi sifatli xashakdan qolishmaydi

To‘g‘ri javob: Kimyoviy tarkibi jihatidan yaxshi sifatli xashakdan qolishmaydi. Suvo‘tlarning kimyoviy tarkibi yaxshi sifatli xashakdan qolishmaydi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Qizil suvo‘tlarga mansub filloforadan agar-agar olinadi; II. Sanoatda dengiz suvo‘tlaridan yod va brom olinadi; III. Nemalion – ovqatga ishlatiladigan yashil suvo‘t.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: nemalion qizil suvo‘t, ulva esa yashil suvo‘t.

Dengiz suvo‘tlarini ularning xususiyati bilan moslang: 1) Nemalion; 2) Ulva; 3) Fillofora; a) agar-agar olinadigan qizil suvo‘t; b) ovqatga ishlatiladigan yashil suvo‘t; c) ovqatga ishlatiladigan qizil suvo‘t.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-c, 3-a
  3. 1-c, 2-b, 3-a
  4. 1-b, 2-a, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Nemalion – ovqatbop qizil suvo‘t, ulva – ovqatbop yashil suvo‘t, fillofora – agar-agar manbai.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiKo‘p hujayrali yashil suvo‘tlarKeyingi →Yo‘sinlar bo‘limi