Yo‘sinlar bo‘limi
Mavzular
Yo‘sinlarning umumiy belgilari
Yo‘sinlarning Yer yuzida 20 000 dan ortiq turi uchraydi. Ular asosan sernam tuproqlarda o‘sishga moslashgan.
Barcha yuksak o‘simliklar kabi ko‘payishi jinsiy va jinssiz bo‘g‘inlarning gallanishi bilan amalga oshadi. Yuksak o‘simliklar hayotida jinssiz (*sporofit*) va jinsiy (*gametofit*) bo‘g‘inlar gallanadi. Yo‘sinlar hayotida boshqa yuksak o‘simliklardan farq qilib, *jinsiy bo‘g‘in ustunlik qiladi*.
Kelib chiqishi va tuzilishi
Yo‘sinlar yuksak o‘simliklarning eng qadimiy va juda sodda tuzilgan vakillari bo‘lib, olimlarning taxminicha, suvo‘tlardan kelib chiqqan. Ularning bo‘yi 4–5 mm dan 40 sm gacha boradi. Ayrimlarining tanasi, xuddi suvo‘tlarning tanasiga o‘xshash, bargsimon tallomdan iborat. Ko‘pchilik yo‘sinlar poya-bargli o‘simliklardir, lekin ularning ildizi bo‘lmaydi, ular tuproqqa *rizoidlar* orqali birikib turadi.
Ildizi va o‘tkazuvchi sistemalari yo‘qligi bilan yo‘sinlar boshqa yuksak o‘simliklardan farq qiladi va taraqqiyot bo‘yicha ulardan keyinda turadi.
Jinsiy a’zolar va funariya
Yo‘sinlar sporalar bilan ko‘payadi. Ularning jinsiy a’zolari tuban o‘simliklardan farq qilib, ko‘p hujayrali bo‘ladi. Erkaklik jinsiy a’zosi *anteridiy*, urg‘ochilik jinsiy a’zosi esa *arxegoniy* deb ataladi. Yo‘sinlarning urug‘lanishi suvda, harakatchan spermatozoidlar orqali amalga oshadi.
Poyabargli yo‘sinlar tabiatda juda keng tarqalgan bo‘lib, tundrada, botqoqliklar va zax yerlarda yer yuzini butunlay qoplab oladi. Bunga misol qilib O‘rta Osiyo tekisliklarida keng tarqalgan *funariya* yo‘sinini olish mumkin (85-rasm).


Funariya yo‘sinining tuzilishi
Funariya yo‘sini bo‘yi 1–3 sm keladigan bir uyli o‘simlik. Bu o‘simliklarning och yashil rangli gilamchalarga o‘xshash maysalarini erta bahorda ariq bo‘ylarida, zax bosgan devorlarda, hovlilarning oftob kam tushadigan yerlarida, daraxt po‘stloqlarida ko‘rish mumkin.
Funariya yo‘sinining poyasi ingichka, ketma-ket o‘rnashgan bargchalar bilan qoplangan. Poyaning tubi tuproq ichiga rizoidlar chiqarib, poyani tuproqqa biriktiradi.
Funariyaning barglari asosan bir qavat hujayralardan tashkil topgan. Ularning hujayralarida xlorofill donachalari bor. Bu barglarda yorug‘da karbonat angidrid gazi, suv va mineral tuzlardan kraxmal va boshqa organik moddalar hosil bo‘ladi.
Funariyaning urug‘lanishi
Funariya yo‘sinining ko‘payish usuli ancha murakkab. Novdalarining uchida barglar orasida jinsiy a’zolari yetiladi. Anteridiylarda ko‘p miqdorda ikki xivchinli harakatchan jinsiy hujayralar – spermatozoidlar hosil bo‘ladi.
Urg‘ochilik jinsiy a’zolari – arxegoniylar kolba shaklida bo‘ladi. Har bir arxegoniyda bittadan tuxum hujayra hosil bo‘ladi.
Bahorgi yog‘ingarchilik paytida yo‘sinlarning ustini suv bosib, anteridiy va arxegoniylarning uchi ochiladi. Spermatozoidlar anteridiydan suvga chiqadi, xivchinlari orqali harakat qilib, arxegoniylar ichiga kiradi va ularning ichidagi tuxum hujayra bilan qo‘shilib, zigota hosil qiladi.
Sporofit va gametofit rivoji
Oradan ozgina vaqt o‘tgach, zigota o‘sib, *sporofit*ni hosil qiladi. U sporangiyband va uning uchida joylashgan sporalar hosil qiladigan ko‘sakcha – sporangiydan iborat. Sporalar yetilgandan so‘ng to‘kiladi va tarqaladi.
Sporadan jinsiy bo‘g‘in – *gametofit* rivojlanadi. Nam tuproqqa tushgan spora o‘sib, ko‘p hujayrali, shoxlangan, ingichka yashil iplarni beradi. Ip shoxlarida kurtaklar paydo bo‘ladi. Har bir kurtakdan esa yangi poya-bargli funariya yo‘sini o‘sib chiqadi (86-rasm).

Shunday qilib, zigotadan jinssiz bo‘g‘in rivojlanadi. U sporangiy bandi, sporangiy va uning ichidagi sporalardan iborat.
Yo‘sinlar yuksak o‘simliklarning tubani hisoblanadi.
Bilimingizni sinang
Yo‘sinlar hayotida boshqa yuksak o‘simliklardan farqli ravishda qaysi bo‘g‘in ustunlik qiladi?
- Murtak bo‘g‘ini
- Jinssiz bo‘g‘in (sporofit)
- Jinsiy bo‘g‘in (gametofit)
- Zigota bo‘g‘ini
To‘g‘ri javob: Jinsiy bo‘g‘in (gametofit). Yo‘sinlarda boshqa yuksak o‘simliklardan farqli, jinsiy bo‘g‘in ustunlik qiladi.
Funariya yo‘sinida poyaning tubidan tuproq ichiga chiqib, poyani tuproqqa biriktirib turadigan tuzilmalar qaysilar?
- Ildiz tuklari
- Ildizpoya
- Rizoidlar
- Sporangiy bandlari
To‘g‘ri javob: Rizoidlar. Funariyaning poya tubi tuproq ichiga rizoidlar chiqarib, poyani tuproqqa biriktiradi.
Funariya yo‘sinining har bir arxegoniyida nechta tuxum hujayra hosil bo‘ladi?
- To‘rtta
- Bitta
- Ikkita
- Ko‘p miqdorda
To‘g‘ri javob: Bitta. Arxegoniylar kolba shaklida bo‘lib, har birida bittadan tuxum hujayra hosil bo‘ladi.
Yo‘sinlarda urug‘lanish uchun suv zarur, chunki:
- spora faqat suvda unadi
- tuxum hujayra shamol yordamida tarqaladi
- anteridiy faqat suv ostida hosil bo‘ladi
- spermatozoidlar xivchinlari orqali suvda harakat qilib arxegoniyga yetadi
To‘g‘ri javob: spermatozoidlar xivchinlari orqali suvda harakat qilib arxegoniyga yetadi. Urug‘lanish suvda, harakatchan spermatozoidlar orqali amalga oshadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Ko‘pchilik yo‘sinlar poya-bargli, lekin ildizsiz o‘simliklardir; II. Yo‘sinlarning jinsiy a’zolari ko‘p hujayrali bo‘ladi; III. Yo‘sinlarda o‘tkazuvchi sistemalar yaxshi rivojlangan.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: yo‘sinlarda ildiz ham, o‘tkazuvchi sistemalar ham yo‘q.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Funariya barglari ko‘p qavat hujayralardan tashkil topgan; II. Funariya barglari hujayralarida xlorofill donachalari bor; III. Funariya bo‘yi 1–3 sm keladigan bir uyli o‘simlik.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: II va III. I noto‘g‘ri: funariya barglari asosan bir qavat hujayralardan iborat.
Funariya tuzilmalarini ularning xususiyati bilan moslang: 1) Anteridiy; 2) Arxegoniy; 3) Sporangiy; a) kolba shaklida, tuxum hujayra hosil bo‘ladi; b) sporalar hosil qiladigan ko‘sakcha; c) spermatozoidlar hosil bo‘ladigan a’zo.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-c, 2-b, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Anteridiyda spermatozoidlar, arxegoniyda tuxum hujayra hosil bo‘ladi; sporangiy sporalar hosil qiladi.
Funariyaning rivojlanish bosqichlarini to‘g‘ri ketma-ketlikda joylashtiring: 1) spora; 2) zigota; 3) gametofit (yashil iplardan o‘sgan yo‘sin); 4) sporofit.
- 2-1-4-3
- 2-4-1-3
- 4-2-3-1
- 1-2-4-3
To‘g‘ri javob: 2-4-1-3. Zigotadan sporofit o‘sadi, u sporalar hosil qiladi, sporadan esa gametofit rivojlanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash